22-bob. Vaboni daf qilishni so‘rab duo o‘qigan haqida
Oisha onamiz raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida Abu Bakr bilan Bilol isitmalab kplishdi. Men ularning huzuriga kirib: «Ey padari buzrukvor (ya’ni, otalari Abu Bakrga qarata aytyaptilar), ahvolingiz nechukdir, ey Bilol, o‘zingizni nechuk his etmakdasiz» - deb so‘radim. Abu Bakr isitma zo‘riqqanda:
«Uyimda bo‘lsaydim jon chiqar mahal,
Poyabzal ipidan yaqindir ajal», —
der erdilar. Bilol ersa, isitma bir oz pasayganda, yig‘lab:
«Taqdirim ne erur, bilmasman e voh,
Boshimga ajaldin kelurmu sipoh?
Bir kecha bo‘lsa ham, ona vodiyim,
Qo‘ynida yotsaydim, mehribon Olloh!
Qonib ichsam erdim, shaffof suvlarin,
Qaniydi, tashlasam, unga bir nigoh!»—
der erdilar. Men bu haqda Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib aytib erdim, ul kishi: «Yo Olloh, bizga Madinani Makka singari, yokim undan ham ortiqroq mahbub etg‘il! Yo Olloh, uning toshu tarozisiga baraka ato etg‘il, uni (ahlini) hamisha bardamu sog‘lom qil, mana bularning bezgagini ersa, Juhfaga ko‘chirg‘il!» — dedilar.