17-bob. Tamg‘a qizdirib bosishni yoqtirmagan kishi haqida
Jobir ibn Abdulloh aytadirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Dori-darmonlaringizdan eng nafi tegadirgani, u ham bo‘lsa, qortiqchiga qortiq soldirish yoki o‘tda kuydirishdir, ammo men tamg‘a qizdirib bosishni xush ko‘rmayman»,— dedilar».
Imron ibn Husayn: «Faqat ko‘z tekkanda yoki chayon chiqqandagina dam soldirish mumkin»,— deb aytibdirlar. Buni eshitgan Sa’id ibn Jubayr bizga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu xususda quyidagilarni aytganlar», —dedilar: «(Olloh taolo) menga barcha ummatlarni ko‘rsatdi. Ba’zi payg‘ambarlar o‘z ummatlarini ergashtirib, ayrimlari ersa, birorta ham ummatsiz yolg‘iz o‘zlari (oldimdan) o‘tdilar. Nogahon, ko‘zimga katta bir olomon ko‘rindi. Men: «Bular kim?» — deb so‘raganimda, «Bular Muso va uning ummatlaridir» —deb aytildi. So‘ng, «Ufqqa qara!» — deb amr qilindi. Bir vaqt qarasam, ufqni to‘ldirib xalqlar kelayotir. Keyin, «Endi bu yoqqa qara!» — deb buyurildi. Shunda o‘girilib, bu yoqda ham ufqni to‘ldirib tumonat odamlar kelayotganini ko‘rdim. So‘ng, «Bular sening ummating bo‘lib, yetmish minggi savol-javobsiz to‘ppa-to‘g‘ri jannatga kiradi»,— deyildi». Janob Rasululloh ana shu gaplarni aytdilar-da, hujralariga kirib ketdilar. Sahobalar: «Biz johiliya davrida tug‘ilib, so‘ng Olloh taolo va uning rasuliga iymon keltirganmiz, biz o‘shalar qatorida bo‘lamizmi yoki islom davrida tug‘ilgan avlodlarimiz bo‘ladimi?» — deya payg‘ambarimizning hujralari tomon yurdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tashqarida bo‘layotgan g‘ala-g‘ovurni eshitib, hujralaridan chiqdilar va bunday dedilar: «Ular dam soldirmaydiganlar, irim-sirimlarga ishonmaydiganlar, badanlariga tamg‘a qizdirib bosmaydiganlar hamda Olloh taologa tavakkal qilg‘uvchilardir». Shunda Ukkosha ibn Mihsan: «Yo Rasulalloh, men o‘shalardanmanmi? — deb so‘radilar. Janob Rasululloh: «O’shalardansan» — dedilar. Boshqa bir sahoba: «Menchi?»— dedi. Payg‘ambarimiz: «Ukkosha sendan oldin so‘radi»,— deb javob qildilar.