Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 330804 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 96 B


AbdulAziz  19 May 2008, 08:35:34

18-bob. Ko‘z og‘riganda surmadan davo sifatida foydalanishning joizligi haqida

Ummu Salama rivoyat qiladirlar: «Bir ayolning eri vafot qilgan erdi, ko‘p yig‘laganidan ko‘zi og‘rib qoldi. Bu haqda Janob Rasulullohga bildirgan erdik, ayolning davo sifatida surmadan foydalanishi kerakligini, aks holda ko‘zga zarar yetishini aytdilar (aslida eri o‘lgan ayolning motam davrida o‘ziga oro berishi man’ qilinadi, ammo bu yerda surmadan davo tarzida foydalanish haqida gap borayotir).

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (ayolning motam davrida o‘ziga oro berishi xususida) bunday deganlar: «Johiliya davrida birontangizning eringiz o‘lsa, eski-tuski kiyib, eng xarob uyga kirib olib motam qilar erdingiz, agar yoningizdan it o‘tib qolsa, unga tezak otib, motamingizni tugatar erdingiz. Endi bo‘lsa, (azador ayol) to‘rt oy-u o‘n kun davomida ko‘ziga surma qo‘ymasin!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:35:42

19-bob. Juzom (moxov) haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Kasallik o‘zicha yuqmaydi, tungi qushlar, jumladan boyqush falokat keltirmaydi, Safar (oyi) bexosiyat bo‘lmay, safar (sarig‘) kasalligi unga bog‘liq emas. Juzom (moxov) dardiga mubtalo bo‘lgan kimsadan arslondan qo‘rqqandek qochingiz!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:35:50

20-bob. Qo‘ziqorin suvining ko‘zga davo ekanligi xususida

Sa’id ibn Zayd: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdimki, qo‘ziqorin Ollohning ne’mati bo‘lib, uning suvi ko‘zga davo erkan»,— deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:36:02

21-bob. Bemor og‘zining bir chekkasidan dori tomdirish haqida

Ibn Abbos va Oisha raziyallohu anhumo rivoyat qiladirlar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etganlaridan keyin Abu Bakr (ul zotning) yuzlaridan o‘pdilar. Oisha onamiz bunday deydilar: «Janob Rasulullohning, xastalik vaqtlarida, og‘izlarining bir chekkasidan dori tomizgan erdik, ul kishi «Bunday qilmangizlar!» degan ma’noda ishora qildilar. Biz: «Bemor odam, odatda dori iste’mol qilmoqni yoqtirmaydi»,— deb o‘yladik. Hushlariga kelganlaridan so‘ng: «Men sizlarga og‘izga dori quymangizlar, demabmidim?!» — dedilar. Biz: «Kasal, odatda dori iste’mol qilmoqni yoqtirmaydi, deb o‘yladik»,— dedik. Janob Rasululloh: «Shu uyda turganlar orasida og‘ziga dori tomizilmagan birorta ham kishi qolmaydi. Ko‘rib turibmanki, Abbos sizlarning bu qilgan ishlaringizda ishtirok etmagan»,— dedilar».

Ummu Qays rivoyat qiladilar: «O’g‘ilchamni olib Janob Rasulullohning huzurlariga kirdim, tomog‘i og‘rib, (murtagi) yiringlab ketgan erdi. «Nega bolalaringizni qiynaysizlar? Qusti hindiydan iste’mol qildiringiz, chunkim unda yetti dardga davo mavjuddir. Jumladan (qusti hindiy) zotiljamga ham davo bo‘lib, uni bemorni yon boshiga yotqizib qo‘yib, og‘ziga quyiladi»,— dedilar. Az-Zuhriydan eshitdimki, Janob Rasululloh (qusti hindiy) davo bo‘ladigan yetti darddan ikkitasini aytib, beshtasini aytmabdilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, dardlari og‘irlashgach, tuzalgunlaricha mening uyimda yotmoqchi ekanliklarini aytib hamma xotinlaridan ijozat so‘radilar. Ular rozi bo‘lishdi. Keyin, Janob Rasululloh ikki kishi yordamida oyoqlarini zo‘r-bazo‘r bosib mening uyimga chiqdilar. Bir qo‘ltiqlaridan Abbos va ikkinchi qo‘ltiqlaridan yana bir kishi ushlab olib chiqishdi». «Oisha onamiz aytib bergan hadisni Ibn Abbosga hikoya qilib berdim,— deydilar Ubaydulloh,— u mendan: «Oisha onamiz tilga olmagan o‘sha kishining kim ekanligini bilurmisen?» — deb so‘radi. Men: «Yo‘q»,— dedim. Abbos: «U — Ali ibn Abu Tolib erdilar»,— dedi».

Oisha onamiz bunday deydilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uyga kirgach, dardlari yana ham og‘irlashdi. Shunda ul zot: «Og‘zi bog‘liq yettita meshda ustimga suv quyingiz, toki men odamlarga vasiyat qilib olay!»—deb amr qildilar. Biz Janob Rasulullohni tog‘oraga o‘tqazib, to «Bo‘ldi, yetarli!» demagunlaricha ustlaridan meshlarda suv quydik. Shundan so‘ng, Janob Rasululloh odamlar huzuriga (masjidga) chiqib, birgalikda namoz o‘qidilar va amr ma’ruf qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:36:17

22-bob. Murtak dardi (angina) haqida

Ummu Qays birinchi muhojirlardan bo‘lib, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bay’at qilgan erdi. (Bir kuni) u tomog‘i og‘rib qolgan o‘g‘lini ul zot huzurlariga olib keldi. Janob Rasululloh unga «Nechun bolalaringizni qiynab murtagini ip bilan bog‘lab qo‘yasizlar?! Bo‘ning o‘rniga qusti hindiy bilan davolaganingiz yaxshiroqdir, zotiljamni ham shu tariqa davolangiz!» -dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:36:27

23-bob. Qorni og‘rigan bemorni davolash hususida

Abu Sa’id (al-Xudriy) rivoyat qiladilar: «Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning xuzurlariga kelib: «Inimning ichi ketmoqda»,— dedi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga. «Asal ichirg‘il!» — dedilar. U borib asal ichirdi. Keyin, yana qaytib kelib: «Asal ichirsam ham bo‘lmadi»,— dedi. Janob Rasululloh: «Olloh taolo rost aytgan, iningning qorni yolg‘on so‘zlaydir»,—deb javob qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:36:39

24-bob. Ichki kasallik bo‘lmish safar (sarig‘) kasalligi safar oyiga bog‘liq emas!

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat kiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taoloning irodasisiz birovning kasali birovga (o‘zicha) yuqmaydi, boyqush falokat keltirmaydi, safar (oyi) bexosiyat bo‘lmay, safar (sarig‘) kasalligi unga bog‘liq emas»,— dedilar. Bir badaviy: «Yo Rasulalloh, tuyalarimizga nima bo‘lgan o‘zi? (Avvaliga) ular ohudek soppa-sog‘ yurishadi, keyin esa oralariga bir qo‘tir tuya kelib qo‘shildi deguncha barchasi qo‘tir bo‘lib qoladi»,— dedi. Janob Rasululloh: «Dastlabki qo‘tir bo‘lgan tuyani kim qo‘tir qilgan?» - dedilar» (ya’ni, Olloh taoloning irodasi bilan kasalga chalingan).

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:36:47

25-bob. Zotiljamning davosi haqida

Ummu Qays binti Mihsan birinchi muxojirlardan bo‘lib, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bay’at qilgan erdi. (Bir kuni) u o‘g‘lini tomog‘idagi murtagi ip bilan bog‘langan holda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib keldi. Janob Rasululloh unga: «Nega bolalaringizni (murtagini) ip bilan (bog‘lab) qiynaysizlar?! Unga hindiy (qusti hindiy) iste’mol qildiringizlar, unda yetti xil dardga, jumladan zotiljamga ham davo bordir»,— deb aytdilar.

Hammod raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Talha va Anas ibn an-Nazr zotiljamdan davolamoq maqsadida Anasning badaniga tamg‘a qizdirib bosdilar. Bu ishni Abu Talha shaxsan o‘z qo‘li bilan qildi.

Anas ibn Molik aytadilarki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ansorlarga mansub xonadonlardan birining ahliga (biror narsa) chaqqanda va quloq og‘riganda dam solishga izn beribdirlar.

Anas bunday deydilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hayotliklarida zotiljamdan davolamoq uchun tamg‘a qizdirib bosgan edim. Buni Abu Talha, Anas ibn an-Nazr va Zayd ibn Sobit ko‘rgan edi. Keyinchalik esa, Abu Talha (kasal bo‘lganimda) menga tamg‘a qizdirib bosdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:36:57

26-bob. Qon oqishini to‘xtatish uchun bo‘yrani kuydirib bosish lozimligi haqida

Saul ibn Sa’d as-So’idiy raziyallohu anhu rivoyat qildilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning boshlaridagi dubulg‘alari majaqlanib, yuzlariga qon oqib tushganda hamda tishlari singanda Ali raziyallohu anhu qalqonlarida suv keltirdilar. Fotima esa, payg‘ambar alayhissalomning yuzlaridagi qonni yuvib qo‘ydilar. Lekin, payg‘ambar alayhissalomning qonlari suvdan ham ziyoda oqayotganini ko‘rib, bir bo‘yrani quydirdilar-da, kulini jarohatlariga yopishtirib qo‘ydilar, shundan keyingina qon ketishi to‘xtadi».

Ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Isitma jahannam alangasi yangligdir, uni suv bilan o‘chiringlar!» — dedilar».

Nofi’ raziyallohu anhu aytadilar: «Abdulloh ibn Umar isitmalaganda: «Bizni bu azobdan qutqarg‘il!» — der erdi».

Asmo binti Abu Bakr, huzurlariga isitmalab qolgan biror ayolni olib kelishsa, uning haqqiga duo qilar hamda ko‘ylagi yoqasini yechib, badaniga suv purkar erdilar va: «Rasululloh sallallohu alayxi va sallam shunday qilmoqni buyurganlar»,— der erdilar.

Oisha raziyallohu anaro rivoyat qiladirlarki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Isitma — jahannam alangasi yanglig‘dir, uni suv bilan sovutinglar!»— der erkanlar.

Rofi’ ibn Hudayj: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Isitma — jahannam alangasi yanglig‘dir, uni suv bilan sovutinglar!» — deganlarini eshitganman»,— deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:37:06

27-bob. Ob-havosi yoqmagan yerdan chiqib ketish haqida

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Ukl va Urayna qabilasiga mansub bir necha kishilar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, biz chorvadorlarmiz, qishloq ahli emasmiz»,— dedilar va Madina ob-havosining yoqmaganligidan shikoyat qildilar. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir to‘da tuyalarni tuyaboni birlan ularning tasarrufiga topshirdilar-da, sahroga chiqib tuya suti va siydigidan davo tariqasida iste’mol qilmoqni buyurdilar. Ular Harrya tarafiga borgach, qayta kofir bo‘ldilar (islomdan qaytdilar) va Janob Rasulullohning tuyaboqarlarini o‘ldirib, tuyalarni haydab ketdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu haqda xabar topgach, ularning ortidan odamlarni yuborib, ko‘zlariga mil tortmoqni, qo‘llarini kesmoqni amr qildilar. Ularni Harrada o‘z hollariga tashlab kelishdi, o‘sha yerda o‘lib ketdilar».

Qayd etilgan