45-bob. Sehr haqida
Olloh taolo o‘z oyati kariymasida bunday deydi: «Va lokinnash-shayotiyna kafaruu yu’llimuunan-nosas-sihra va mo unzila alal-malakayni bi-bobila horuta va moruta va mo yu’allimoni min ahadin hatto yaqulo innamo nahnu fitnatun falo takfur fayata’allamuuna minhumo mo yufarriquuna bihi baynal-mar’i va zavjihi va mo hum bi-zorriyna bihi min ahadin illo bi-iznillohi va yata’alla-muuna mo yazurruhum va lo yanfa’uhum va laqad alimuu lamani-shtarohu mo lah fi-l-oxirati mil xaloqin».
Mazmuni: «Va lekin shaytonlar kofir bo‘ldilar va odamlarga (o‘z) sehr-jodularidan hamda Bobildagi Horut va Morut ismli ikki farishtaga nozil qilingan sehr-jodudan ta’lim berur erdilar. Ul ikki farishta ersa, sehr-jodudan ta’lim olmoq talabida bo‘lgan har bir kishiga, ta’lim bermoqdin avval: «Bu ish iymoningga nuqson yetkazib, tag‘in kofir bo‘lib qolma!»—der erdilar va ular o‘z istaklari bilan ulardin eru xotinni bir-biridan judo qilg‘uvchi narsalarni o‘rganur erdilar. Holbuki, ular Ollohdan beizn hech kimga zarar yetkaza olmaslar, ular o‘zlariga zararli, nafi tegmaydirgan narsalarni o‘rganurlar. Ular aniq biladilarki, albatta kimki sehr-joduni sotib olsa, u oxiratda benasib bo‘lur». Olloh taoloning boshqa ko‘pgina oyati kariymalarida ham sehr-jodu haqida zikr qilinadi.
Oisha onamiz rivoyat qiladilar: «Baniy Zurayh qabilasiga mansub Labiyd ibn al-A’sam ismli bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni sehrlab qo‘ydi. Natijada, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga, aslida hech narsa qilmayotgan bo‘lsalar ham, nimadir qilayotgandek tuyuladigan bo‘lib qoldi. Kunlardan bir kuni yokim kechalarning birida, Janob Rasululloh mening huzurimda ekanliklarida uzundan-uzun duo o‘qidilar, so‘ng bunday dedilar: «Yo Oisha, sezdingmi? Olloh taolo men nima xususida iltijo qilgan bo‘lsam, o‘shanga ijobat qildi. Ikki kishi (Jabroil va Mikoil) kelib, ulardan biri bosh tomonimga, ikkinchisi oyoq tomonimga o‘tirdi. Ulardan biri sherigiga: «Bu odamning dardi qanday dard?» — dedi. Sherigi: «Sehrlangan»,— dedi. Yana avvalgisi: «Kim uni sehrladi?» — dedi. Sherigi: «Labiyd ibn al-A’sam»,— dedi. Yana avvalgisi: «Nima bilan?»—dedi. Sherigi: «Taroq, soch tolalari va xurmo gulining erkak urug‘kurtagi qobig‘i bilan»,— dedi. Yana avvalgisi: «O’sha qaerda?» — dedi. Sherigi: «Zarvon qudug‘ida»,— dedi». Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir qancha sahobalarini olib o‘sha joyga bordilar. Qaytib kelgach: «Yo Oisha, quduq suvi xuddi xina suviga, atrofidagi xurmo daraxtlarining tepasi esa shaytonning boshiga o‘xshab ketibdi»,— dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, quduqdan chiqarib olib tashladingizmi?» — desam, Janob Rasululloh: «Yo‘q, Olloh taolo menga shifo ato etdi, men odamlar orasida bu haqda shov-shuv bo‘lishini xohlamadim»,— dedilar. Keyin, quduqni ko‘mdirib yubordilar».