8-bob. Ko‘ylak kiyish haqida
Olloh taoloning Yusuf haqidagi hikoya xususida aytgan qavli: «Mening mana bu ko‘ylagimni olib borib, otamning yuzlariga yopinglar, ko‘r ko‘zlari ochiladi».
Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Bir kishi: «Yo Rasulalloh, haj va umra vaqtida ehrom bog‘lagan odam yana qanday kiyimlar kiymog‘i mumkin?» — deb so‘radi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ehrom bog‘lagan odam ko‘ylak ham, sirvol ham, burnus ham, mahsi ham kiymaydi. Agar (kavush singari to‘piqdan yuqori bo‘lmagan) choyoq kiyimi topmasa, mahsining qo‘njini to‘pig‘ining pastidan qirqib tashlab kiyaveradi»,— dedilar».
Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abdulloh ibn Ubay ibn Salul qabrga qo‘yilgandan so‘ng yetib keldilar. Keyin, mayyitni qabrdan chiqarmoqni buyurdilar. (Uning boshini) ikki tizzalariga qo‘yib, dam soldilar va unga o‘z ko‘ylaklarini kiydirib qo‘ydilar. Nega bunday qilganlarini Olloh biladi».
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Ubay o‘lgach, uning o‘g‘li Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, ko‘ylagingizni menga bersangiz, men u bilan otamni kafanlasam, degandim. Keyin, u kishiga gunohlarini tilab istig‘for aytsangiz!»— dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga ko‘ylaklarini berib: «Mayyit tayyor qilingach, bizga xabar ber!» — deb aytdilar. U mayyit tayyor qilingach, xabar berdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam janoza o‘qigani bordilar. Hazrat Umar Janob Rasulullohni to‘xtatib: «Munofiqlarga janoza o‘qimoqni Olloh taolo sizga man’ qilmaganmidi?!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Ular uchun istig‘for aytsang ham, aytmasang ham baribir, chunkim, garchi yetmish marta istig‘for aytganing birlan Olloh taolo ularning gunohlaridan o‘tmaydi»,— dedilar. Shu payt, «Ulardan (munofiqlardan) birortasi o‘lsa, sira ham janoza o‘qima, qabri tepasiga ham borma!» degan oyati kariyma nozil bo‘ldi. Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga janoza o‘qimadilar».