21-bob. Qasam haqida
Ash’as ibn Qays rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Birovni aybdor qilmoqlik uchun ikki guvoh yokim qasam darkor bo‘lur!» — deb aytdilar. Umar ibn Abdulaziz yog‘furushlarga mansub uylardan birining oldidan topilgan murda haqida o‘zi Basraga amir qilib yuborgan Adiy ibn Artotga yoza turib: «Agar murdaning egalari guvohu dalil topsalar (qotilni jazolag‘il), aks holda odamlarga zulm qilmag‘il, chunkim guvohu dalili topilmay qolgan jinoyat yuzasidan qiyomatda hukm chiqarilgaydur!» — deb amr qildi».
Bushayr ibn Yasor ta’kidlaydilarki, Sahl ibn Abu Hasma degan bir ansoriyning aytganiga qaraganda, uning qavmiga mansub bo‘lgan bir necha kishi Xaybarga birga borib, har tarafga tarqalib ketishibdi. Keyin, odamlar (yahudiylar) ularning hamrohlaridan birining o‘ligini topib olishibdi. Shunda ular o‘likni topib olganlarga: «Buni sizlar o‘ldirgandursizlar!»—deyishibdi. O’likni topib olganlar: «Uni biz o‘ldirgan ermasmiz, qotilning kim erkanligini ham bilmag‘aymiz!» — deb aytishibdi. Shul tariqa ular janjallashib Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borishibdida: «Yo Rasulalloh, biz Xaybarga birga kelgan erdik keyin bilsak hamrohlarimizdan birini o‘ldirishibdi»,— deyishibdi. Shunda Janob Rasululloh: Hissiyotga berilmay oqilona gapni gapiringizlar, uning qotili xususida guvohu dalil keltira olg‘aysizlarmi?» — debdilar. Ular: «Sizning guvohu dalilimiz yo‘qdur»,— deyishibdi. Janob Rasululloh: «Bo‘lmasam, ular (yahudiylar) qasam ichsinlar!»— debdilar. Ular: "Biz yahudiylarning qasamiga ko‘nib qaytib keta olmag‘aymiz!» — deyishibdi. Janob Rasululloh o‘ldirilgan ansoriyning xun haqini bekor qilgilari kelmay zakotga keltirilgan tuyalardan yuztasini ularga berib yuboribdilar».
Abu Kiloba rivoyat qiladilar: «Bir kuni Umar ibn Abdulaziz devonga chiqib taxtiga o‘ltirgach, odamlarga izn berib erdi, ular ichkariga kirishdi. Shunda ul odamlarga: «Qasam haqida ne degaysizlar?» — dedi. Ulardan biri «Birovni gunohkor deb qasam ichsalar, undan qasos olmoqlik haqlig‘dur, chunkim xalifalar qasamga binoan qasos olganlar!» — dedi. Umar ibn Abdulaziz menga: «Ey Abu Kiloba, bul xususda sening fikring nedur?» — deb meni ham munozaraga jalb qildi. Men: «Yo Amir al-mu’miniyn huzuringizda lashkarboshilar va arab zodagonlari hozir tururlar, aytingizchi, ana shulardan elliktasi Damashqdagi bir ojiza kishini, o‘zlari ko‘rmay turib, zino qildi deb guvohlik bersalar, uni rajm (toshbo‘ron) qildirgan bo‘lurmi erdingiz?» — dedim. Umar ibn Abdulaziz: «Yo‘q»,— dedilar. Men: «Aytingizchi, ulardan elliktasi Humsdagi bir kishini, o‘zlari ko‘rmay turib, o‘g‘rilik qildi deb guvohlik bersalar, uning qo‘lini kestirgan bo‘lurmi erdingiz?» — dedim. Umar ibn Abdulaziz «Yo‘q»,— dedilar. Men: «Olloh taolo haqi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birovni nohaq o‘ldirgan yokim uylangandan keyin zino qilgan yohud islomdan yuz o‘girib Olloh taolo va uning rasuliga qarshi urushgan uch toifa kishilarnigina o‘limga mahkum qilganlar, xolos!» — dedim. Shunda odamlar: «Anas ibn Molik Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o‘g‘irlik qilganlarning qo‘llarini kestirib, ko‘zlarini o‘ydirib, so‘ng oftobga tashlatib qo‘yganlari haqida aytib bergan ermasmi?!—deyishdi. Men: «Anas ibn Molik menga aytib bergan o‘shal hadisni sizlarga rivoyat qilayin, ul bunday degan erdi»,— dedim: «Ukl qabilasiga mansub bo‘lmish sakkiz kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelishib, musulmon bo‘ldik deb ul zotga bay’at qilishdi. So‘ng, Madina havosi ilg‘ab betob bo‘lib qolishgach, Janob Rasulullohga bul haqda nolishdi. Shunda ul zot: «Bizning tuyabonimiz birlan birga cho‘lga chiqib, tuya suti va siydigidan ichib bir davolanmag‘aymisizlar?» — dedilar. Ular rozi bo‘lib cho‘lga chiqishdida, tuya suti va siydigidan tanovul qilishib sihat topishdi. Keyin, Janob Rasulullohning tuyabonlarini o‘ldirishib, tuyalarni haydab ketishdi. Janob Rasululloh bundan xabar topib, ularning ortidan odam yubordilar. Ularni ushlab kelishgach, qo‘lu oyoqlarini kestirib, ko‘zlariga mil torttirib, so‘ng oftobga tashlatib qo‘yib erdilar, o‘lib ketishdi». Aytingizlarchi, ularning islomdan qaytib odam o‘ldirib, o‘g‘rilik qilganlaridan ham og‘irroq gunoh bormidur?!» — dedim. Shunda Anbasa ibn Sa’id «Olloh taolo haqi, bugungidek gapni sira eshitmagan erdim!» — dedi. Men unga: «Mening gapimga z’tiroz bildirurmisen?»—dedim. Ul: «Yo‘q, aksincha, risoladagi gapni qildingiz! Olloh taolo haqi, bul lashkar, modomiki uning orasida bul shayx (meni, ya’ni Abu qilobaii nazarda tutyapti) mavjud erkan, xayriyatga erishavorg‘aydur!» — dedi. Men bunday dedim: «Qasam xususida Janob Rasulullohdan qolgan bir sunnat mavjuddur: Bir kuni bir guruh ansorlar Janob Rasulullohning kirib, suhbatlashib o‘ltirib erdi, ulardan biri tashqariga chiqib ketdi. Shunda uni kimdir o‘ldirdi. Birozdan keyin, qolgan ansorlar ham uning ortidan chiqib, do‘stlarining qonga belanib yotganini ko‘rishdi. Ular Janob Rasulullohning qoshlariga qaytib borib: «Yo Rasulalloh, do‘stimiz biz birlan suhbatlashib o‘ltirib, keyin ko‘z o‘ngiyizda tashqariga chiqib ketgan erdi. Hozir chiqib qarasak qonga belanib yotibdur!» — deb aytishdi. Janob Rasululloh: «Kimni uning qotili deb gumon qilursizlar?» — dedilar. Ular: «Biz uni yahudiylar o‘ldirgan deb hisoblag‘aymiz!»— deyishdi. Janob Rasululloh odam yuborib yahudiylarni chaqirib keltirdilarda, ularga: «Manabul odamni sizlar o‘ldirdingizlarmi?» — dedilar. Yahudiylar: «Yo‘q»,— deyishdi. Janob Rasululloh ansorlarga: Yahudiylardan elliktasi do‘stingizni o‘ldirmaganmiz deb qasam ichsa, rozi bo‘lurmisizlar?» — dedilar. Ansorlar: «Bul yahudiylar barchamizni o‘ldirib, keyin tonib bemalol qasam ichaverg‘aylar!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Unday ersa, o‘zingizdan elliktangiz xun haqi to‘laymiz deb qasam icha olgaymisizlar?» — dedilar. Ular: «Biz qasam icha olmag‘aymiz!» — deyishdi. Shundan so‘ng, Janob Rasululloh o‘ldirilgan ansoriyning xun haqini o‘zlari to‘lab yubordilar. Yana bir misol: Johiliyat davrida Huzayl qabilasi bir bolani oq qilib erdi, ul borib Vathodagi bir yamanlik oilaning uyiga o‘g‘rilikka tushdi. Shunda oila a’zolaridan biri sezib qolib uni qilich birlan chopib o‘ldirdi. Keyin, Huzayl qabilasi odamlari kelib yamanlikni haj qilib turgan Hazrat Umarning huzurlariga olib borishdida: «Bul odam bizning kabiladoshimizni o‘ldirdi!», — deyishdi. Yamanlik «Bular uni allaqachon oq qilib yuborganlar!» — dedi. Hazrat Umar «Unday ersa, Huzayl qabilasidan ellik kishi uning oq qilinmaganligiga qasam ichsin!» — deb aytdilar. Ulardan qirq to‘qqiz kishi shunday deb qasam ichdi. Shul asnoda Huzayl odamlaridan biri Shomdan kelib olgan erdi, undan qasam ichmoqni iltimos qilishdi, ammo ul ming dirham berib yolg‘on qasam ichmoqdan bosh tortdi. Keyin, ular uning o‘rniga Hazrat Umarning huzurlariga boshqa bir odamii kiritishdi, ul pulni o‘ldirilganning ukasiga berib o‘zaro til biriktirdi. Aytishlariga qaraganda, o‘shal yolg‘on qasam ichgan ellik kishi yo‘lda ketayotib bir xurmozorga yaqin borganda qattiq jala quyib bergan va ular o‘shal yerdagi bir g‘orga qochib kirganda g‘or bosib qolib, o‘zaro til biriktirgan ikki kishidan bo‘lak barchasi halok bo‘lgan. Keyin, bir katta tosh dumalab tushib, ulardan biri o‘lgan, o‘ldirilgan yamanlikning ukasini ersa oyog‘i sinib, bir yildan so‘ng ul ham vafot qilgan.
Yana bir muslim Abdulmalik ibn Marvon qasamga binoan bir kishidan qasos olib,talay vaqt bul ishidan pushaymon yeb yurdi. Keyin, o‘shal qasam ichgan ellik kishining ismi devondan o‘chirilib, o‘zlari Shomga badarg‘a qilindi»