Bismillohir rahmonir rahiymi
TUSHLAR HAQIDA
1-bob. Tush ta’biri hamda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga kelgan dastlabki vahiyning yaxshi tush tarzida nozil bo‘lgani haqida
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Dastlabki vahiy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga uyqularida chin tush tarzida nozil bo‘lgan erdi. Ul zot tong shafag‘i yanglig‘ nurafshon tushlarnigina ko‘rar erdilar. Piravardida Hiro’ g‘origa borib bir qancha tun toat-ibodat birlan mashg‘ul bo‘ladirgan bo‘lib qoldilar. Shuning uchun o‘zlari birlan yeb-ichkulik olib ketar, yeb-ichkuliklari tugasa, Xadichaning huzuriga qaytar erdilar. Xadicha ersa har safar ul zotni yeb-ichkulik birlan ta’minlar erdilar. Nogahon, ko‘rgan tushlari ro‘yobga chiqib qoldi: ul zot Hiro’ g‘orida erkanliklarida bir farishta (Hazrat Jabroil) kelib: «Iqra’!» («O’qig‘il!») — dedi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam unga: «O’qishni bilmag‘aymen», — dedilar. «Shunda, — deydilar Janob Rasululloh, — ul meni tepamdan bosib xirillatib qo‘ydi, hatto tanamda madorim qolmadi. Keyin, qo‘yib yubordida, yana «O’qig‘il!» — dedi. Men «O’qishni bilmag‘aymen!» — dedim. Ul meni ikkinchi bor tepamdan bosib xirillatib qo‘ydi, hatto tanamda madorim qolmadi. Keyin, qo‘yib yubordida, yana: «O’qig‘il!» — dedi. Men: «O’qishni bilmag‘aymen», — dedim. Ul meni uchinchi bor tepamdan bosib xirillatib qo‘ydi, hatto tanamda madorim qolmadi. Keyin, qo‘yib yubordida: «Iqra’ bismi rabbikallaziy xalaqa...», — dedi («Yaratgan rabbingning ismi birlan o‘qig‘il...» («... bilmaganini o‘rgatdi» gacha)». Shundan so‘ng, Janob Rasululloh qo‘rquvdan a’zoyi badanlari titrab-qaqshab Xadichaning huzuriga kirib keldilarda: Meni o‘rab (yashirib) qo‘yinglar, meni o‘rab qo‘yinglar!» — dedilar. Ular Janob Rasulullohni qo‘rquvlari tarqalgunicha o‘rab qo‘yishdi. So‘ng, ul zot: «Yo Xadicha, menga nima bo‘lganini bilurmisen?» — deb bo‘lgan voqeani aytib berdilarda: «Men o‘zimdan xavotir oldim», — dedilar. Xadicha: «Aslo unday ermas, aksincha, xursand bo‘lingiz, Olloh taolo haqi, Olloh taolo sizni hech vaqt sharmanda qilmag‘ay, siz qarindoshlaringiz o‘rtasida mehru oqibat rishtalarini bog‘lag‘aysiz, ularni haqiqatdan xabardor etg‘aysiz, og‘irini yengil qilg‘aysiz, mehmonnavoz bo‘lg‘aysiz, haqiqat yo‘lidagi mushkilotlarning bartaraf bo‘lmog‘iga kushoyish berg‘aysiz!» — dedi. So‘ng, Xadicha Janob Rasulullohni o‘zlarining amakivachchalari bo‘lmish Varaqa ibn Navfal ibn Asad ibn Abdullohning huzuriga olib bordilar. Ul kishi johiliyat davrida nasroniylikni qabul qilgan erdi. Arabcha xat-savodi bo‘lib, Injildan Olloh taolo nasib etgancha arab yozuvida ko‘chirib olgan erdi. O’zi keksa, ko‘zi ojiz erdi. Xadicha unga: «Ey amakimning o‘g‘li, birodaringizning o‘g‘lining gapiga quloq osingiz!» — dedi. Baraka Janob Rasulullohga: «Ey birodarimning o‘g‘li, nimalarni ko‘rdingiz, aytingiz!» — dedi. Janob Rasululloh nimaiki ko‘rgan bo‘lsalar, birma-bir bayon ayladilar. Varaqa: «Bul Nomus (Jabroil) ismli farishta bo‘lib, uni Olloh taolo Muso alayhissalomga yuborgan erdi. Koshki, men yosh bo‘lsamu, sizning islom diniga da’vat etmog‘ingizda ishtirok etsam, sizni qavmingiz o‘z orasidan quvib chiqargan vaqtda men hayot bo‘lsam!" — dedi. Janob Rasululloh hayratomuz: «Meni qavmim o‘z orasidan haydag‘aymi?» — dedilar. Varaqa: «Ha, shunday. Sizga qadar ko‘p kishilar payg‘ambarlikni da’vo qilib kelgan, ammo ularning barchasi rad etilgan. Sizga Olloh taolo muyassar etg‘usi kunlar menga ham nasib etsa, katta yordam ko‘rsatg‘aymen!" — dedi. Lekin, ko‘p o‘tmay, Varaqa vafot etdi. Janob Rasulullohga bir muncha vaqt vahiy kelmay qo‘ydi. Ul zot bundan qattiq qayg‘ura boshladilar, shul qadar iztirob chekar erdilarki, xatto ba’zan o‘zlarini tog‘ cho‘qqisidan tashlagudek holga tushar erdilar. Har safar shunday qilmoqchi bo‘lganlarida Hazrat Jabroil hozir bo‘lib: «Ey Muhammad, siz darhaqiqat Olloh taoloning rasulisiz!" — der erdilar, shunda ul zot taskin topib tog‘dan qaytib tushar erdilar. Keyin, yana vahiy kelmay qo‘ysa, tog‘ tepasiga chiqib o‘zlarini tashlamoqchi bo‘lar erdilar, shunda yana Hazrat Jabroil paydo bo‘lib, o‘shal gaplarini takrorlar erdilar».
Ibn Abbos: «Tonglarni ottirguvchi — kunduzi quyosh nuri, kechasi oy yog‘dusidur!» — deydilar.