Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495630 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 ... 96 B


AbdulAziz  28 May 2009, 08:53:16

48-bob. Ayollarning bay’ati haqida

Uboda ibn as-Somit rivoyat qiladilar: «Biz (erkagu ayollar) bir yig‘inda o‘ltirgan erdik Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga: «Olloh taologa hech narsani shirk keltirmaslikka, o‘g‘rilik va zino qilmaslikka, bolalaringizni o‘ldirmaslikka, ko‘ra-bila turib birovga tuhmat qilmaslikka va islom buyrug‘lariga zid ish qilib gunohkor bo‘lmaslikka menga bay’at qilingizlar! Qaysi biringiz aytganlarimga vafo qilsangiz, Olloh taolodin ajru savob olg‘aysiz, qaysi biringiz aytganlarimdan birortasiga amal qilmasangizu, shul dunyoda jazolansangiz, bul siz uchun kafforat bo‘lgaydur (ya’ni, gunohingiz shul dunyoda yuvilg‘aydur) va qaysi biringiz aytganlarimdan birortasiga amal qilmasangizu, Olloh taolo bul dunyoda jazolamay gunohingizni yashirgan ersa, bul uning ishidur, xohlasa, jazolag‘ay, xohlasa, mag‘firat qilg‘ay!» — dedilar. Biz shunday deb ul zotga bay’at qildik».

Oisha raziyallohu anho rivoyat iladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Olloh taoloning «... Ollohga hech narsani shirk keltirmangizlar...» — degan oyati karimasiga amal qilib ayollar bay’atini og‘zaki (qo‘l olmay) qabul qilur erdilar. Janob Rasulullohning muborak qo‘llari o‘z ayollaridan bo‘lak birorta begona ayolning qo‘liga tegmagandur!».

Ummu Atiyya Hafsaga bunday degan erkanlar: «Biz (ayollar) Janob Rasulullohga bay’at qildik. Shunda ul zot bizga «...Ollohga hech narsani shirk keltirmangizlar..» degan oyati karimani o‘qib berdilarda, bizni mayyitga uvvos solib yig‘lamoqdin qaytardilar. Men (buni eshitib) oramizdagi bir ayolning qo‘lidan tutdimda: «Bul mening mayyitimga yig‘lab bergan erdi, endi men bul azador bo‘lganida yig‘lab bermog‘im kerak-ku?! — dedim. Janob Rasululloh hech narsa demadilar. Keyin, o‘shal ayol chiqib ketgach, men ham uyimga qaytdim». Hafsa: «Ummu Sulaym, Ummulalo, Abu Sabraning qizi va Maozning xotinidan bo‘lak ayollar o‘z bay’atiga vafo qilmadi», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:54:02

49-bob.Bay’atini buzganlar haqida

Olloh taolo: «Senga (ya’ni, payg‘ambarimizga) bay’at qilganlar Ollohga bay’at qilgan barobarida bo‘lurlar, Ollohning qo‘li ularning qo‘lidan balanddur, kimki bay’atini buzg‘aydur, o‘ziga o‘zi xiyonat qilg‘aydur va kimki ahd qilg‘on narsasiga vafo qilg‘aydur, Olloh taolo unga ajru savobini mo‘l qilg‘aydur», — deydi.

Bu yerda ham 44-bobdagi hadis takroran keltirilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:54:45

50-bob. O’z o‘rniga xalifa (o‘rinbosar) ta’yin qilib qoldirmoq haqida

Qosim ibn Muhammad rivoyat qiladilar: «Bir kuni Oisha raziyallohu anho: «Voy boshim!» — deb erdilar, Janob Rasululloh: «Agar sen o‘lib, men tirik qolsam, Olloh taolodan senga mag‘firat tilab duo qilg‘aymen!» — dedilar. Oisha onamiz: «Yo tavba, mening o‘limimii bunchalar orzu qilishingizni bilmas erdim! Xudo ko‘rsatmasin, agar o‘lib-netib qolsam, ba’zi xotinlaringiz birlan so‘nggi kuningizga qadar ayshu farog‘atda yashar erkansizda!» — dedilar. Janob Rasululloh e’tiroz bildirib: «Agar shunday deydirgan bo‘lsang, unda men o‘zim «Voy boshim!» — deb qo‘ya qolg‘aymen!» — dedilarda, quyidagi gapni aytdilar: «Men Abu Bakr birlan uning o‘g‘lini huzurimga chorlab uni o‘zimga xalifa qilib qoldirmog‘imdan avval ba’zi odamlarning shul xususda e’tirozu istaklarini bilmoqchi erdim, ammo, keyin: «Olloh taolo xohlamagan kishini mo‘minlar xalifa bo‘lmog‘ini istasachi yokim mo‘minlar xohlamagan kishini Olloh taolo xalifa bo‘lmog‘ini istasachi?» — deb o‘ylab bunday qilmadim».

Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Hazrat Umarga: O’zingizdan keyin xalifa ta’yin qilmaysizmi?» — deyishdi. Hazrat Umar: «Agar xalifa ta’yinlanadirgan bo‘lganda erdi, mendan ko‘ra yaxshiroq Abu Bakr ta’yinlangan bo‘lur erdi. O’zimdan keyin xalifa ta’yinlamayotganimning boisi shulki, Janob Rasululloh hatto mendan yaxshiroq kishini ham o‘zlaridan keyin xalifa qilib qoldirmagandurlar!» — dedilar. Odamlar Hazrat Umarga tahsinlar aytdilar. Hazrat Umar: «Dilimda umid ham qo‘rqinch mavjud bo‘lib, o‘zimga na foyda va na zarar keltirmagan holda xalifalikdan qutulib olsam, deyman, chunkim uning yukini tirikligimda ham o‘lganimda ham ko‘tara olmag‘aymen!» — dedilar».

Anas ibi Molik rivoyat qiladilar: «Men Hazrat Umarning minbarda o‘ltirib aytayotgan xutbalarining oxirini eshitib qoldim. O’shal kun Janob Rasululloh vafot etgan kunlarining ertasi erdi. Hazrat Umar kalimai shahodat aytdilar. Abu Bakr sukut saqlab quloq solib turdilar. Keyin, Hazrat Umar: "Men Janob Rasulullohning yashamoqlarini, hatto bizdan ham uzoqroq umr ko‘rmoqlarini orzu qilur erdim! Ul zot vafot etgan erkanlar, Olloh taolo sizlarga Qur’oni Karimni nur qilib yubordi, uning ila to‘g‘ri yo‘ldan ozmag‘aysizlar. Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamga hidoyat qilgan, Abu Bakr ersalar, ul zotning do‘stlari hamda birinchi bo‘lib musulmon bo‘lgan ikki kishining ikkinchisidurlar. Shuningdek bul kishi musulmonlarga rahbarlik qilmoqqa eng haqlig‘durlar. Turingizlar, bul kishiga bay’at qilingizlar!» — dedilar. Musulmonlardan bir qismi Banu So’ida ayvonida bunga qadar bay’at qilgan erdi, qolgani shu yerda minbar yonida bay’at qildi».

Zuhriy Anas ibn Molikdan naql qiladilar: «O’shal kuni Hazrat Umarning Abu Bakrga: «Minbarga chiqingiz!» — deganlarini eshitdim. Shunda ul kishi biroz to‘xtab turib. so‘ng minbarga chiqdilar. Odamlar yalpisiga ul kishiga bay’at qildilar».

Muhammad ibn Jubayr ibn Mut’im otalaridan naql qiladilar: «Bir ayol Janob Rasulullohning huzurlariga kelib nima haqdadir so‘rab erdi, ul zot keyingi safar kelmog‘ini aytdilar. Shunda ayol: «Yo Rasulalloh, keyingi safar kelsamu, siz bo‘lmasangizchi?» — dedi (ya’ni, «O’lib qolgan bo‘lsangizchi?» — demoqchi). Janob Rasululloh: «Agar meni topolmasang, Abu Bakrga uchrag‘il!» — dedilar».

Toriq ibn Shihob rivoyat qiladilar: «Sahobalar Buzoxa qabilasidan kelgan vakillarga: «Sizlar cho‘lda hech narsani o‘ylamay tuyalaringiz ortidan ergashib yuraverasizlar. Olloh bul chog‘da o‘z rasuli sallallohu alayhi va sallamning xalifasiga hamda muhojirlarga shunday bir ishlarni ko‘rsatg‘aykim, ular bunda ishtirokingiz yo‘qligini sizlarga ma’zur tutgaylar», — deb aytishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:55:31

51-bob.

Jobir ibn Sumra rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «O’n ikki kishi amir (xalifa) bo‘lg‘ay» deganlarini eshitdim. Keyin, yana bir gap aytib erdilar, eshitolmay qoldim. Otam: "Ularning barchasi Qurayshliklardan bo‘lg‘ay, deb aytdilar», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:55:54

52-bob. Islom ta’qiqlariga bo‘yin egmovchi hamda islomga shubha tug‘diruvchilarni aniqlab uylardan quvib chiqarmoq lozimligi haqida

Hazrat Umar Abu Bakrning singlisini mayyitga dod solib yig‘laganda uydan quvib chiqardilar.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bunday deb aytganlarini eshitdim: «Olloh taolo haqi, odamlarga «O’tin yig‘ingiz!» deb buyursamu, bir kishi azon aytsa, ikkinchisi imomlik qilsa, so‘ngra namozga kelmaganlarning uylariga borib o‘t qo‘ysam! Olloh taologa qasamyod qilib ayturmenkim, jamoat birlan namoz o‘qimoqqa kelmagan o‘shal odamlarning birortasi (masjidda tekinga) pishirilgan yog‘li go‘sht yokim kalla-pocha ulashilayotganini bilib qolsa, xuftonga albatta kelgan bo‘lur erdi!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:56:40

53-bob. Imom jinoyatchi va gunohkorlarning o‘zi birlan gaplashmoqlarini yokim ziyorat qilmoqlarini va shu kabilarni man’ qila oladirmi?

Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Ka’b ibn Molik rivoyat qiladilar: «Ka’b ibn Molik Tabuk g‘azotiga Janob Rasulullohdan kechikib borganida ul zot biz musulmonlarga uning birlan gaplashmog‘imizni man’ qildilar. Shunda bizni ellik kun gaplashtirmadilar (o‘zlari ham gapirmadilar. Keyin, bizga uning tavbasini Olloh taolo qabul qilganini e’lon qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 23:48:04

Bismillohir rahmonir rahiymi

TAMANNO (ORZU-ISTAK) KITOBI

1-bob. Tamanno haqidagi hadislar va shahodat (guvohlik) bermoqni tamanno qilgan kishi xususida


Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bunday deganlarini eshitdim: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, basharti (g‘azotga) mendan kech chiqmoqni yoqtirmaydirgan kishilar bo‘lmasa-yu va men ularni (g‘azotga) ko‘tara olmasam, darhol o‘zim Olloh taolo yo‘lida jang qilib o‘lsamu, yana tirilsam, keyin (yana jang qilib) o‘lsamu, yana tirilsam, keyin (yana jang qilib) o‘lsam, deb istagan bo‘lur erdim!».

Al-A’raj Abu Hurayradan naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, Olloh taolo yo‘lida jang qilib o‘lsamu, yana tirilsam, so‘ng (yana jang qilib) o‘lsamu, yana tirilsam so‘ng (yana jang qilib) o‘lsam, deb istag‘aymen!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 23:48:28

2-bob. Ezgulikni orzu qilmoq hamda Janob Rasulullohning «Agar mening Uhud tog‘icha oltinim bo‘lganda...» deb aytganlari xususida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar mening Uhud tog‘idek oltinim bo‘lganda hatto uning bir dinorini ham qarz qilib olib qolmay, uch kun o‘tmasdan barchasini beva-bechoralarga sarf qilib yuborgan bo‘lur erdim!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 23:48:48

3-bob. Janob Rasulullohning «Kelajakda ne vaziyatga tushmog‘imni oldindan bilganimda erdi, qarorimni o‘zgartirmagan bo‘lur erdim!» deb aytganlari haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kelajakda ne vaziyatta tushmog‘imni oldindan bilganimda erdi, qarorimni o‘zgartirmagan bo‘lur erdim. Makkaga qurbonlik haydab kelmay, odamlar birlan birga ehromdan chiqur erdim!» — dedilar».

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Biz Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga erdik hajga talbiya aytdik. Makkaga Zulhijja oyining to‘rtinchi kuni yetib keldik. Janob Rasululloh bizga Ka’ba birlam Safo va Marvani tavof etmog‘imizni, haj o‘rniga umra qilmog‘imizni va o‘zi birlan qurbonlik olib kelganlardan bo‘lak barchamizning ehromdan chiqmog‘imizni amr qildilar. Qarasak Janob Rasululloh va Talhadan boshqa birortamiz ham qurbonlik olib kelmagan erkanmiz. Shul payt Hazrat Ali o‘zlari birlan Yamandan qurbonlik haydab kelib qoldilarda: «Janob Rasululloh nimaga tahlil aytgan bo‘lsalar, men ham o‘shanga tahlil aytdim!» — dedilar. Shunda odamlar: «Minoga boramizmi, axir har birimizning zakarimizdan maniy tomib turibdir-ku?!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Kelajakda ne vaziyatga tushmog‘imni oldindan bilganimda erdi, qarorimii o‘zgartirmagan va Makkaga qurbonlik haydab kelmagan bo‘lur erdim, qurbonlik olib kelmaganimda erdi, men ham sizlar birlan ehromdan chiqur erdim» — dedilar. Keyin, Suroqa ibn Molik Jamrat ul-Aqabada shaytonga tosh otayotib Janob Rasulullohni ko‘rib qoldida: «Yo Rasulalloh, bul tosh otmoq udumi faqat bizlarga xosmidur?» — deb so‘radi. Janob Rasululloh: «Yo‘q, aksincha, abadiydur!?» — dedilar Oisha raziyallohu anho Makkaga hayz ko‘rgan holda kelgan erdi, Janob Rasululloh unga «Haj marosimlarini bajaravergil, ammo hayzdan poklanguninga qadar Ka’bani tavof qilmag‘il, namoz ham o‘qimagil!» — deb buyurdilar. Keyin, Oisha Bathoga kelgach, Janob Rasulullohga: «Yo Rasulalloh, sizlar bir varakayiga haj ham umra ham qildingizlar, men ersam, haj qildim, xolos!» — dedi. Janob Rasululloh Abdurrahmon ibn Abu Bakr as-siddiqa (opasi) Oisha birlan Tan’imga borib umra bilib kelmoqni amr qildilar, Oisha haj kunlari o‘tgach, Zulhijja oyida umrani ado etdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 23:49:13

4-bob. Janob Rasulullohning «Koshki, shundoq shundoq bo‘lsa!» — deganlari haqida

Oisha raziyallohu ana rivoyat qiladilar: «Tunlardan birida rasululloh sallallohu alayhi va sallam uyqulari qochib uyg‘ondilar-da, «Koshki, solih sahobalarimdan biri kelib bul kecha meni qo‘riqlasa!» — deb erdilar, zum o‘tmay tashqaridan qurol-yarog‘ ovozini eshitdik. Janob Rasululloh «Bul kimdur?» — dedilar. Tashqaridan: «Sa’dmen, yo Rasulalloh, sizni qo‘riqlagani keldim!» — deb javob qilindi. Janob Rasululloh tun bo‘yi orom olib uxladilar, hatto biz xurrak otganlarini eshitdik».

Abu Abdulloh (al-Buxoriy) Oisha onamizdan naql qiladilar: «Hazrat Bilol bunday deb tamanno qilgan erdilar:

«Taqdirim ne erur, bilmasman, e voh,
Boshimga ajaldin kelurmu sipoh?
Bir kecha bo‘lsa ham, ona vodiyim,
Qo‘ynida yotsaydim, mehribon Olloh!
Qonib ichsam erdi, shaffof suvlarin,
Qaniydi, tashlasam, unga bir nigoh!»

Qayd etilgan