Abu Hurayra rivoyat qiladilar: "Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Iymoniga xilof ish qilgan ummatlarimdan tashqari barcha ummatlarim jannatga kirg‘aydur!» — dedilar. «Yo Rasulalloh, iymoniga xilof ish qilganlar kimdurlar?» — deyishdi. Ul zot: «Menga itoat qilganlar jannatga kirgaydur, menga osiylik qilganlar ersa, iymoniga xilof ish qilganlardur!» — dedilar». Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Bir guruh farishtalar Janob Rasululloh uxlab yotganlarida tepalariga kelishdi. Ulardan ba’zilari: «Ul uxlab yotibdur», deyishsa, ba’zilari: «Uning ko‘zi uyquda, dili ersa, uyg‘oqdur», — deyishdi. Shunda «Ul uxlab yotibdur» degan farishtalar: «Agar sizlar aytgandek ersa unda buni misol birlan tushuntirib beringizlar!»— deyishdi. «Bul shunga o‘xshaydirkim, — deyishdi ular, — bir kishi uy qurib mehmondorchilikka odamlarni taklif qilmoq uchun xabarchi yuborgay, taklifni qabul qilgan uning uyiga kirib dasturxondagi ne’matlardan tanovul qilg‘ay, taklifni qabul qilmagan ersa, uning uyiga kirmagay ham, dasturxondagi ne’matlardan tanovul qilmag‘ay ham». «Ul uxlab yotibdur» degan farishtalar: «Buni qanday tushunmoq mumkin, aytingizlar!" — deyishdi. Ular: «Mazkur uy — jannatdur, xabarchi ersa Muhammad sallallohu alayhi va sallamdur. Kimki Muhammad sallallohu alayhi va sallamga itoat etsa, Olloh taologa itoat etgaydur, kimki Muhammad sallallohu alayhi va sallamga osiylik qilsa, Olloh taologa osiylik qilg‘aydur. Muhammad sallallohu alayhi va sallam (islomga qilg‘an da’vati birlan) odamlarning qay biri kofiru, qay biri musulmon erkanligini farqlab qo‘ydi», — deyishdi».
Huzayfa ibn al-Yamon: «Ey qorilar jamoasi, to‘g‘ri yo‘ldan toymangizlar, juda chetlab ketdingizlar, o‘ngu so‘lga bir qadam qo‘ydingizmi, bas, zalolat botqog‘iga tobora botib ketavergaysizlar!" — deb aytibdirlar.
Abu Muso rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Meni va men birlan Olloh taolo yuborgan hidoyatni quyidagicha tashbih etmoq mumkindur: bir kishi bir qavmning huzuriga kelib: «Ey qavm, men hozirgina bul tomonga qo‘shin kelayotganini o‘z ko‘zim birlan ko‘rib, sizlarni xatardan ogohlantirgani keldim!)» — deydir, shunda o‘shal qavmning bir qismi itoat etib, najot topadir, ishonmay o‘z joyida qolgan qismini ersa, qo‘shin kelib qirib tashlaydir. Bular — men hidoyat olib kelganimda itoat etib menga ergashgan hamda men olib kelgan hidoyatga ishonmay menga osiylik qilgan kishilar yanglig‘durlar».
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etib, Abu Bakr xalifa bo‘lganlarida ayrim arab qavmlari islomdan qaytib qayta kofir bo‘lishdi. Shunda Hazrat Umar Abu Bakrga: «Kofirlarga qarshi qanday jang qilmoqchisiz? Axir, Janob Rasululloh: «Odamlar Lo iloha illallohu» deb aytmagunlariga qadar jang qilmoq menga buyurilgandur, kimki «Lo iloha illallohu» desa, molu jonini mendan omon saqlag‘ay, aks holda o‘ldirilib, mol-dunyosi tortib olinmog‘i haqlig‘dur. Oxirat hisob-kitobi ersa, Olloh taoloning o‘ziga havoladir», — deb aytganlar-ku!» — dedilar. Abu Bakr: «Olloh taologa qasam ichurmenkim, namoz birlan zakotni farqlagan kishiga qarshi jang qilgaymen, chunkim zakot ortiqcha mol-dunyoni halollash uchun beriladirgan haqdur. Olloh taolo haqi, hattoki Janob Rasululloh hayotlik chog‘larida Bayt ul-molga to‘lashadirgan yillik zakotni olib kelmay qo‘yishsa ham ularga qarshi jang qilg‘aymen!» — dedilar. Hazrat Umar buni eshitib: «Olloh taolo haqi, rabbimizning Abu Bakr qalbini qanchalar jangga shijoatlantirganini endi bildim!» — deb qo‘ydilar».