To'ylarimiz va chet-elda to'y  ( 80586 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 B


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:25:09

Ikkinchi bir tanishimizda o‘zgacha ahvol yuz berdi. Kuyov bo‘lmish yigit dasturxonga aroq qo‘yilmasligini talab qilibdi. Ota-bola orasida shu xususda kelishmovchilik chiqibdi. Ota o‘g‘lidan nolib: «Aroq qo‘ymasam sharmanda bo‘laman-ku, men ham to‘ylarga borib ichganman-ku», deb ezildi. Biz dedik-ki: «Birodar, o‘g‘lingizning aqliga tasanno aytmoq lozim. Siz to‘ylarga borganingizda qarzga yoki nasiyaga olib ichmagansiz-ku? Yo barchalariga «to‘yimda qaytaram ichgan ichgilimni», deb va’da qilganmisiz?» Ota-bola bahsida o‘g‘il yengib, u aytganday to‘y bo‘ldi. San’atkorlar ichkiliksiz ham to‘yni shirin tarzda o‘tkazib berishdi. Mezbonlar o‘ynab-kulib rohatlandilar. Shu mahallada, ikki ko‘cha naridagi to‘y esa fojia bilan yakunlandi. Mast yigitlarning janjali hali chimildiq ko‘rmagan do‘stlarining o‘limiga sabab bo‘ldi. Mana sizga bir vaqtda bo‘lib o‘tgan ikki to‘yning yakuni. «Badmast ulfat - davraga kulfat», deb bejiz aytmaganlar mashoyixlar. Biz aytayotgan masala boshqa millatlarda ham mavjud. Agar eslasangiz, saksoninchi yillarda ukrainaliklarning «To‘y ayblanadi», deb nomlangan kinofilmi bo‘lardi. Film o‘zbek tiliga tarjima qilingan, hozir ham televidenie orqali namoyish etib turiladi. Unda yosh futbol yulduzining o‘limiga sabab bo‘lgan restorandagi to‘y, isrofgarchilik, mast-alast yigitlarning qiliqlari ko‘rsatiladi. E’tibor beraylik: Yevropa uchun restorandagi to‘y, ichkilik odatiy narsa. Shunda ham ular bu odatga qarshi chiqyaptilar. Biz esa Yevropadan madaniyatni emas, ularning o‘zlari ham rad etayotgan yomon odatlarni olyapmiz.

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:25:17

Yevropadagi millioner oilalar ham to‘ylarida biz kabi sochib, isrof qilmaydilar. Ulardagi nikoh o‘qitish marosimining o‘zi to‘y. Eng yaqin odamlarini taklif etishadi. Bir necha soat ichida to‘y o‘tadi. Biz ulardan mana shu nikoh o‘qitish (ya’ni - ZAGS) marosimini oldik-da, o‘zimiznikiga qo‘shdik. Ana endi to‘y marosimlarimizni sanab o‘taylik: sovchilar ishni pishirsalar qiz bilan yigitning ko‘chada ko‘rishuv marosimi bo‘ladi. qiz bilan yigit avvaldan bir-birlarini bilsalar-da, sovchilarning aralashuvisiz ahdu paymon qilib qo‘ygan bo‘lsalar-da, bu marosimga keladilar. Yigit qizga qimmatbaho sovg‘a beradi. Sovg‘aning qabul qilinishi - rizolik alomati ekan. Ana undan keyin yana sovchilar boradilar va «oq o‘rash yoki patir sindirish» marosimi bo‘ladi. Keyin esa fotiha to‘yi, boshqacha aytilsa qo‘ni-qo‘shnilar, yaqinlarga ma’lum qilish maqsadida bo‘lajak kelinning uyiga tog‘oralar karvoni jo‘natiladi. Agar to‘yga qadar orada xayit bayrami bo‘lsa «yo‘qlov» deb atalmish yangi karvon yo‘lga chiqadi. Bular - to‘yning debochalari. Ba’zi joylarda «maslahat oshi» degani ham bor. Nomidan ma’lumki, yaqinlar to‘yni o‘tkazish tartibini belgilash uchun chaqiriladi. Oshdan so‘ng maslahatlar beriladi va... to‘y egasi maslahatlarga quloq ham solmaydi, o‘z bilganidan qolmaydi. Orada dasturxon sarson... Nihoyat to‘y. (Yetkizganiga shukur!) Bir kun to‘y yuboriladi (to‘y olinadi). Bir kun kuyov (yoki kelin)ning otasi ishxonasidagilarni ziyofat qiladi, yana bir kun onasi hamkasblariga dasturxon yozadi. Bir kun kelinnikida «qiz bazmi». Hozir bu marosimga kuyov jo‘ralari hamda otasi va uning yaqinlari bilan keladigan bo‘lgan. Bundan oldin yoki keyin har ikki xonadonda «xudoyi». So‘ng «sabzi to‘g‘rar» deb nomlanmish ziyofatcha. Ertasiga ertalab (yoki peshinda) osh. Keyin «ZAGS» deb ataluvchi marosim. Nikohdan o‘tilgach, yoshlar uchun biron yerda kichkina ziyofatcha. Nihoyat, hovlida yoki biron restoranda nikoh bazmi! Ertalab kelinsalom va ayollarning qaymoqxo‘rlik ziyofati. To‘y egalari nafas rostlashga ulgurmay, ertaga kutilayotgan «charlari» marosimiga tayyorlanishni boshlaydilar. Kuyov to‘ra esa o‘rtoqlariga yana bir ziyofat beradikim, buning nomini «kuyov oshi» derlar. Charlarida avvallari kelin otasinikiga to‘ydan uch kun o‘tib kelardi. Hozir tezlashuv zamonimi, to‘yning ertasigayoq keladi. Kamida 60 ayol bilan kelgan quda xotinlar kamida 6-7 xil taom bilan siylanadilar. Ayollar ketishgach, endi kuyov bo‘lmish jo‘ralari bilan keladi. (Xuddi qaynotasiga «bu yog‘ini qoyillatib qo‘ydim», deganday hisob bergani kelganga o‘xshaydi, shunday emasmi?) Izma-iz kuyovning otasi, boshqar qarindoshlari bilan kelishib «charlari» davom etadi. To‘ylar shu zaylda nihoyasiga yetgach, «tog‘anikida kelinsalom», «Amma-xolanikida kelinsalom»... kabi marosimlar boshlanadi. Bu orada Xudo farzand bersa «aqiqa» yoki «beshik to‘yi»... Xullas, so‘zni muxtasar qilsak, to‘y-to‘yga ulanadi. Donolar ta’biri bilan aytsak, «yo‘g‘onni cho‘zadigan, ingichkani uzadigan» ma’nisiz va keraksiz odatlar, rasm-rusumlar oqimi... Kezi kelganda xayit bayramidagi kelinsalom marosimlarini eslamasak bo‘lmas. Bu marosimga kelin tomon behisob tog‘oralar karvonini jo‘natadi. Uch kun davomida kelinning uyi, yasatig‘liq dasturxon atrofi gavjum bo‘ladi. Mehmonlar orasida qarindoshlar ham yetti yot begonalar ham bor. Bu marosimni fitna uyg‘otuvchi tadbir desak, yanglishmasmiz. Chunki bunga kelganlar faqat yeb-ichmaydilar, balki uyning hashami, dasturxon to‘kinligi, kelmish tog‘oralarning son-sanog‘i bilan qiziqadilar va muhokama qiladilar. Bunday muhokamalarning keraksiz gaplarga va ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi bir masala, yana bir masala televidenieda badavlat xonadonlarning uylari ko‘rsatilib, bu hol eng aziz qadriyatlar sifatida obdon tarqib qilindi. Hayriyatki, buning asl mazmuniga tushunilibdimi, endi takrorlanmayapti.

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:25:25

Biz Toshkent to‘ylarini bayon etdik. Boshqa yerlarda bulardanda battar keraksiz odatlar borkim, o‘zingiz yaxshi bilasiz. Odat yoqimsiz va zaruratsiz ekanini bilsangiz-da, uni bajarishga majbur bo‘lasiz. Nima uchun? Nahot «mahalla-ko‘y nima deydi?» degan istiholani yengib o‘tish shunchalik qiyin bo‘lsa? «To‘y qilaman, deb beli sinibdi, bechoraning», degan malomat qayda-yu, «To‘yni ixchamgina o‘tkazdi, baraka topsin», degan sharaf qayda! To‘g‘ri, oramizda og‘ziga kuchi yetmagan «og‘zi bedarvoza»lar ham bor. Ammo ularning gaplari ko‘pchilikning fikrini ifoda etmaydi. Bunaqa tuzsiz gaplarga sal qo‘polroq bo‘lsa-da: «It hurar, karvon o‘tar», deb qo‘ya qolgan ma’qulmikin...
Bizlarni shodlantiradigan narsa: bugunga kelib «sunnat to‘yi» («xatna to‘yi) deb atalmish ziyofatlar ancha kamaydi. Bunaqa to‘ylar butunlay qilinmasa yanada yaxshi. Chunki mazkur to‘y nomining o‘ziyoq nojoiz. Sunnat - payg‘ambarimiz alayhissalomning qilgan ishlari, odatlari demak. U zot hayotlik choqlarida bunaqa to‘y qilmaganlar va shunday qilinglar, deb aytmaganlar. Musulmon mamlakatlarida tug‘ruqxonada tug‘ilgan o‘g‘il bola shu yerning o‘zidayoq xatna qilinar ekan. U tomonlarda «sunnat to‘yi» degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Bu odatni bizda biron boyvachcha manmanlik yo‘sinida boshlaganu keyin o‘zgalarga majburiyatga aylanib qolgan bo‘lsa ehtimol.
Keyingi paytlarda nikoh to‘ylarida kuyov tomonning osh berishi ham kamayyapti. Afsus shuki, beli baquvvat birodarlarimiz bu zaruratsiz odatni hamon davom ettirishyapti. Men bir narsaga tushuna olmayman: erkak qudalar faqat to‘y oshida bir-birlari bilan ko‘rishadilar. Ungacha xuddi bir-birlaridan uyalganday ko‘rishmoqlikdan saqlanadilar. Axir to‘ydan oldin uchrashsalar, to‘y tartibini o‘zaro maslahat qilib olsalar yomonmi? Ikki tomonda osh bermay, birgalashib bir yerda qilinsa bo‘ladi-ku, bu marosim. Bunaqa yaxshi odat kam bo‘lsa-da, uchrab turibdi va biz buni quda bo‘lmishlarning donoligi deb hisoblab, ularni sharaflaymiz.

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:25:33

To‘y qilish jarayonida eng murakkabi xotinlarning talablarini va injiqliklarini yengib o‘tish. Muhtarama ayollarimiz, haq gapimizdan ranjimanglar, mavjud keraksiz odatlarning ixtirochilari ham, sadoqatli va o‘jar ijrochilari aynan sizlarsizlar. To‘y uchun topgan-tutganlarni yelga sovurish bo‘yicha siz jahonning mutlaq chempionlarisiz, desak, bu martabani qabul qilarsiz. Sovurib bo‘lgach, to‘ydan keyin nolishlarni boshlovchilar ham o‘zingiz. Keraksiz odatlardan voz kechish haqida gapiraverib tog‘larni eritib yuborish mumkin, ammo sizdagi johillikni yengish mumkin bo‘lmayapti. Siz uzoq tashviqotdan so‘ng biron masalada chekinishga majbur bo‘lasiz-u, o‘sha zahoti yangi bir keraksiz, ba’zan zararli odatni ixtiro qilasiz. Masalan: tugun va tog‘oralar muammosi. Ko‘p ayollar go‘yo tugundan voz kechdilar. Buning o‘rniga esa bitta tugun uchun sarflanajak mablag‘ chamalanib, to‘y egasi ayolning qo‘liga pul qistirish odati rasm bo‘ldi. Boyroq ayollarimiz dollarni oshkora ravishda uzatishga urinadilar: odamlar ko‘rib qo‘yishsin-da! Kamroq pul uzatuvchilar esa iymanadilar. Bu odat to‘y egasi uchun ortiqcha dahmaza eshigini ochdi. Endi u pul berganlarga javob tariqasida tugun o‘rniga qog‘oz xaltalarni shaylab qo‘yadi. Avval tugunlardagi narsalarni o‘zaro almashtirib qo‘ygan bo‘lsa, yandi har biriga alohida narsa solishi kerak. Agar ming kishilik oshda 500 non ishlatilsa, yuz kishilik ayollar marosimiga mingdan ortiq non olinadi.
Kelin-kuyovni kiyintirish bobida ham ayollarga bir so‘z aytmoqlik mushkul. Kuyov to‘ra zar chopon kiyib, salla o‘raydilar. Buni tushunish mumkin: go‘yo qadriyatlarimizga qaytayotgan ekanmiz. Kelinposhshani yevropacha kiyintirib, boshlariga shlyapa kiydirib qo‘yishlari-chi? Bir yerda «kelinning egniga atlas kuylak-lozim, beqasam nimcha, boshiga iroqi do‘ppi kiygizib oq ro‘mol tashlansa bo‘lmaydimi?» degan edik, «nima, bizning kelinimiz juvonmi?» degan tanbehni eshitdik va ajablandik: atlas kiyim juvonlik belgisi ekanmi? Unda kelin hali qizlik olamini tark etmay turib, to‘y bazmi ertasiga kelin salomga atlas kiyim-boshda chiqadi-ku? Istiqloldan avval, horijdagi o‘zbeklar bilan bordi-keldi qiyin bo‘lgan mahallarda eshitgan edim: vatandoshlar atlas mato topilmaguncha qizlarining to‘ylarini boshlamas ekanlar. Gap bu yerda bizning yevropacha kiyimga nisbatan injiqligimizda emas. To‘g‘ri, oq libos ham qizlarimizga yarashadi, oqlikda pokizalik ramzi ham mavjud. Lekin bu kuylak (kuyovning zar choponi ham) o‘zlariniki emas-ku? Birovdan ijaraga olinadi-ku? Nahot pokiza qizimizni necha-necha odam kiygan, oxori to‘kilgan ko‘ylakda uzatib borishdan istihola qilmaymiz. Ertasiga bu kiyimlarni taxlab iziga qaytarishdan uyalmaymiz?

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:25:43

Katta yoshdagi mo‘‘tabar odamlardan eshitgan edim: urush va undan keyingi azobli yillarda ham zamonga mos ravishda to‘ylar bo‘lib turgan. Dasturxonga bir necha turshak, jiyda qo‘yib ham to‘yni o‘tkazishgan. Jamoa xo‘jaligining yoki qishloq kengashi raisining xonasida yamoq tushmagan bitta to‘n bilan bir atlas ko‘ylak saqlanarkan. To‘y kuni kelin-kuyovga shu liboslar ijaraga berib turilarkan. U zamonda umumning kiyimi noilojlikdan olib kiyilgan. Hozir-chi?
O’tmishdagi to‘ylar haqida gapirganimizda marosimlarimiz albatta o‘shanday bo‘lishi shart, deb da’vo qilmoqchi emasmiz. To‘ylar zamonga yarasha bo‘lishi kerak. Shuning barobarinda, zamonaviy to‘y madaniyati haqida o‘ylab ko‘rishga ham majburmiz. Ayrim birodarlarimiz horijdan kelgan mehmonlarni to‘y oshiga yoki bazmiga olib borishni xush ko‘rishadi. Kamina esa bundan hijolatdaman. qarang, to‘y uchun ko‘p minglab pul sarf qilamizu madaniyatni belgilovchi arzimas narsalarga e’tibor bermaymiz. Hatto restoranlardagi to‘ylarda ham ahvol shu. Horijdagi ziyofatlarga e’tibor beraylik: xizmatchilar mehmondan doimo xabar olib turadilar, bo‘shagan idishlar darrov almashtiriladi. Hatto to‘kilgan ushoqlar ham kichik changyutar yordamida tozalab turiladi. Sochiqlar almashtiriladi. Xullas xizmat madaniyati yuksak darajada. Bizning to‘ylarimizda-chi? Ayniqsa to‘y oshlarida qo‘l yuvadigan joy yo‘q. Ba’zan yoshlar suv tutib turishadi, rahmat, ammo sochiqqa qo‘l artilaverilganidan uni siqib qaytarib berishdan o‘zga chorangiz qolmaydi. Ichkariga kirsangiz dasturxon usti yig‘ishtirilmagan. Yog‘li qoshiqlar oppoq dasturxon ustini dog‘ qilib turibdi. Burda nonlar betartib sochilgan. Yarim yeyilgan uzum boshlari ma’yus. Piyolalardagi qoldiq choylar ham to‘kilmagan. Sochiqni siqsangiz bir kambag‘alning oshiga yetgulik yog‘ sizib chiqadi... Biz bunaqa manzaraga ko‘nikib ketganmiz. Ammo xorijlik mehmon bularni ko‘rib bizning tantiligimizga tasannolar aytib ketarmikin? Yigirmata aroqni kamroq olib buning mablag‘ini pokizalik xizmatiga, to‘ychilik madaniyatini oshirishga sarf etish nahot mushkul bo‘lsa?

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:25:59

To‘y madaniyati haqida gapirganda san’atkorlarning o‘zlarini tutishlari, pul qistirish, pulni boshdan sochish kabi yaramas odatni aytmay ilojimiz yo‘q. Bu holat va raqqosalarning behayo qiliqlar qilish evaziga pul to‘plashlari bizning ma’naviy olamimiz pastligidan dalolat bermaydimi? Bir to‘yda hayratga tushganim yodimda. qo‘qon atrofidagi to‘ylardan birida raqqosaga to‘xtovsiz pul qistirayotgan kishi diqqatimizni tortdi. O’sha odam bir kun avval biz bilan suhbatlasha turib, iqtisodiy qiyinchilikdan nolib, «bolalarimga qishlik kiyim ham olib berganimcha yo‘q», degan edi. Ertasiga u odam bilan yana ko‘rishganimizda «pul qistirish o‘rniga bolalaringizga kiyim olib bersangiz bo‘lmaydimi?» desak, «to‘y egasi - tog‘am bo‘ladilar, hamma qistirganda men qarab tursam uyat emasmi?» deydi. qarang, bolasi yupun yursa uyat emas, hayosiz raqqosaning dahaniga pul qistirmasa ayb ekan. Bunisiga nima deymiz?
Sirdaryodagi bir to‘yni gapirib berishdi. To‘y egasi ikki ming dollar sarf qilib bir ashulachini olib kelibdi. O’sha kuni yomg‘ir yog‘ib yo‘llarning atalasi chiqib ketganidan ko‘pchilik to‘yga kelishga qiynalib, oxiri «o‘sha ikki mingni yo‘lni tuzatishga sarflasa savobi mo‘lroq bo‘lardi», deb ketishibdi. Bu gapda ham jon bor.
To‘ylarni batartib, chiroyli ravishda o‘tkazishda mahallaning burchi haqida ko‘p gapiramiz. Ammo, ochig‘ini aytish kerak, bugungi kunimizda to‘y qiluvchilar mahallaning fikri bilan deyarli hisoblashmaydilar. Avval to‘y kuni mahalla bilan bamaslahat belgilanardi. «Siz aytgan kuni falonchi ham belgilab qo‘ygan, siz to‘yingizni boshqa kunga ko‘chiring», deyilardi va bu maslahatga amal qilinardi. Hozir esa bitta mahallada ba’zan bir paytning o‘zida to‘rt-besh to‘y bo‘lib o‘tyapti. Odamlar qaysi to‘yga borishga hayron. Birinchi joyda osh yeb chiqilgach, ikkinchi to‘ydagi lagan to‘la oshga qo‘l ham urilmaydi. qarabsizki, yana isrof. To‘yga kelolmaganlar hijolatda, to‘y egalari esa gina-kuduratda. Ilgarilari idish-tovoq mahalladan olingani tufayli mahalla raisining to‘y egasiga so‘zi o‘tardi. Endi esa gap gapligicha qolib ketadi. Biroq, dabdabali to‘yga qurbi yetadigan birodarlarga «to‘yingizning dabdabasini sal kamaytirib, tejalishdan hosil bo‘lguvchi mablag‘ni falonchi xonadonga bersangiz savob bo‘lardi. Ular ham to‘ylarini vaqtida ko‘ngildagidek o‘tkazishib olishardi», degan maslahatga yuradiganlar ham topilyapti-ki, bu yaxshiliklari evaziga topilgan savoblar tufayli ularning to‘ylari fayzli o‘tib, farzandlari totuvlik va baxtga erishyaptilar.

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:26:15

To‘yni tartibli o‘tkazishda mahalla ko‘p ishlar qilishi mumkin. Avvallari to‘y bazmlarida badmastlik avjga chiqsa, janjal ko‘tarilsa, mahalla qariyalari bu xonadonda tortilajak oshga chiqmasdilar. Bu o‘ziga xos tanbeh, o‘ziga hos jazo turi bo‘lib, to‘ychilarga ta’siri sezilardi. Mahallaning ta’siri yo maslahat va nasihat yo‘sinida yoki qat’iy chora tarzida ham bo‘lishi mumkin. Andijon atrofidagi xo‘jaliklardan birining raisi qo‘llagan chorani ibrat sifatida keltirsak: u kishi to‘yga ayollar keladigan paytda hovlida o‘tirib olibdilar-da, tugun ko‘tarib kelayotgan ayolni to‘xtatib «tuguningni anavi chetga qo‘y», deb buyuribdilar. Ayollar raisning ixtiyoriga qarshi chiqisharmidi. Xullas, barcha tugunlar bir yerga to‘planadi. Ochib ham ko‘rilmaydi. Rais ayollarning marosimi tugaguncha to‘yxonadan ketmaydi. Ketsa nima bo‘lishi ma’lum: tugunlar odatdagiday ochiladi... To‘y tugagach, rais ayollarga tugunlaringni ola ketinglar va bundan keyin tugun qilmanglar, deb tayinlaydi. Ayollar nima ko‘tarib kelishgan bo‘lsa, uni qaytarib olib ketadilar. Bu hol o‘n-o‘n besh marotaba qaytarilgach, masala hal etiladi. Bu harakat ayrimlarga erish tuyulishi ham mumkin. U holda boshqa chorani tavsiya etib ko‘ring.
Keraksiz odatlarning paydo bo‘luvi va izsiz yo‘qoluvi siz bilan bizning ongimizga, vijdonimizga bog‘liqdir. Kibr va manmanlikdan ozgina chekinsak, olam-olam savobga erishamiz va xonadonimizning cheksiz saodatga yetmog‘ini ta’minlaymiz. Suhbatimizdan maqsad sizlarga aql o‘rgatish emas, fikrlashga taklif etmoqlikdir. So‘zlarimizni hadisi qudsiyda keltirilgan Allohning xitobi bilan yakunlashni ma’qul ko‘rdikkim, bu haqiqat yumuqlik ko‘zlarni ochar:
«Ey Odam farzandi, agar mendan uyalmasang, harna xohlasang qil!..»

Tohir Malik

Qayd etilgan


Nodi  11 Noyabr 2006, 06:32:58

ISROFGARChILIK TAShABBUSKORI KIM?

* Kelin nega xolsizlandi?
* Badavlat "œcho‘zilsa", o‘rtamiyona "œuziladi".
* Kelin-kuyovlar "œKamolot"dan ko‘mak izlayapti.


Qaynona doktorning tashxisini eshitgach, holsizlanib, eshikka suyanib, o‘ylanib qoldi. Keyingi vaqtlarda uylarni tamirlashdi, yangi rusumdagi mashina sotib olishdi. Qolaversa, dang‘illama o‘tkazilgan to‘ylarning qarzlari to‘landi. Qudalar ham ikki oyoqni bir etikka tiqib, qizlariga qo‘sha-qo‘sha sarupolar, tilla taqinchoqlar qildirishdi. To‘yni shahardagi eng nomdor restoranda o‘tkazishni talab qilishdi. Na iloj, o‘g‘li shu qizni sevgan...

Oxir-oqibat ancha qarz ko‘tarishga to‘g‘ri keldi. Xayriyat, kelinchak og‘ir-bosiq mulohazali ekan, olgan maoshini qaynonaga keltirib beradi. Ortiqcha xarajat qilmaydi, boriga ko‘nadi. O‘g‘li zavodda ishlaydi, u ham olgan maoshini onaga keltirib tutqazdi. Qarzlar to‘landi, biroq, haftalab dasturxonda go‘shtu tuxum bo‘lmasdi, homilali kelinchak esa ota-onasining xatosi uchun qiynalishi kerakdek bunga ham ko‘ndi...
— Homila xavf ostida. Birinchisi nobud bo‘lgan ekan. Mabodo, yana shunday baxtsizlik yuz bersa, keliningiz umuman bepusht qolishi mumkin.
—Eh, nahotki, shunchalik noshudmiz. Hoyu-havas, deb farzandlarimizning kelajagini, ularning yaxshi yeb-ichishini o‘ylamabmiz. Kelinimiz homilasining xavf ostida qolayotganiga uning durust, servitamin oziq-ovqat mahsulotlaridan tanovvul qilmasligi ekan-da...
bir kechada o‘tadigan hoyu-havas, deb kaltabinlik ila qizining kelajagini o‘ylagan ota-onaning qistovi bilan qudalar tomonidan olingan mashina-yu, tilla-taqinchoqlar, dori-darmonlarga sarflandi. Falonchidan nimam kam, undan oshirib qilishga qodirman, qabilida bor-budini sovurib, oqibatda shunday nochor ahvolga tushib qolganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. To‘y oqshomida to‘lib-toshgan dasturxon to‘ydan keyin hech vaqosiz qoladi, hisob. Ba’zan qand-qurs, meva-chevalar ham ko‘rinmay qoladi unda. Buning jabrini esa yuqorida aytib o‘tilganidek, ne-ne orzu-niyatlar ila ostonaga qadam qo‘ygan kelinchak tortadi, ayniqsa, homilali chog‘ida...

Kimo‘zarga o‘tayotgan to‘y-hashamlar, nafaqat, shahar va tuman markazlarida, balki, viloyatning chekka qishloqlariga ham kirib ulgurdi. Yangi mashinaning kalitini kelinchak ko‘rmasa, mashinadan tushmasin! — badavlat kishining maqtanchoqlik ila qilgan birgina harakati qishloq ahli uchun go‘yo udumga aylanib qoldi. Endi qishloqda qiz borki, uzatish chog‘ida shu rusum etagini ushlab olishgan. Kelib chiqqan nizo va kelishmovchiliklarni bartaraf qilish qishloq fuqarolar yig‘ini faollari uchun oson kechmadi.
— Qishlog‘imizda fermerlar ko‘p. Odamlar bosar-tusarini bilmay qolishdi, shekilli, bizning maslahatimizga ham bee’tibor qo‘l siltashadi. Oxiri, mahalla maslahatisiz to‘y-hashamlarni dabdabali, serxarajat o‘tkazishga qonuniy chora ko‘rish tartibini o‘rnatishga majbur bo‘ldik, — deydi Olot tuman qishloq fuqarolar yig‘ini raislaridan biri.
Ha, raisning fikrida jon bor. Har bir ishda qonun ustuvorligini ta’minlash — qat’iy tartibni o‘tkazishga qodir. Prezidentimizning "œTo‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilingach barcha marosimlar bir qadar izga tushib, aholining ko‘p qatlami to‘y-hashamlarni kamchiqim o‘tkaza boshlagan edi. Biroq, keyinchalik ayrim mahalliy hokimliklarning e’tiborsizligi bois yana to‘ylarda kimo‘zarga "œo‘sish suvrati" oshib ketdi.

Davr taqozosi esa bugungi kunda ushbu Farmonni yana qat’iy qo‘llab-quvvatlash lozimligini ko‘rsatib turibdi. Shu yuzasidan uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyat "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, "œMahalla" jamg‘armasi hamda "œMa’naviyat va ma’rifat" markazi hamkorligida aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini muntazam o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi. Buning natijasida anchagina to‘y xarajatlari ixchamlab qo‘yildi.
— Rahmat, yoshlarning bu tashabbusiga, — deydi Shofirkon tuman "œCho‘lquvar" mahallasi raisi, — mahallamizda to‘ylar anchagina izga tushib qoldi. Bizda o‘ziga to‘q oilalar ko‘p. Shy kunga qadar qarshiligimizga qaramay, ayrim to‘ylar o‘ta dabdabali, serxarajat o‘tkazilardi. Endi esa ishbilarmon tadbirkorlarimiz topgan-tutganganlarining muayyan qismini to‘y-ziyofatilarga emas, mahalla obodligiga sarflashmoqda. Yosh oilalardagi ajralishu, kelishmovchiliklarga ham chek qo‘yilyapti. Bunday targ‘ibot-tashviqot ishlari tez-tez olib borilsa, obod mahallalar soni oshib, baxtli oilalar ko‘payishi ayon ekan.
— Hozir ayni to‘y mavsumi. To‘y-hashamlarning sarfu xarajatidan qiynalishib, oila qurish arafasida turgan yigit-qizlar ko‘mak so‘rab, hatto, "Kamolot"ga ham kela boshlashdi. Mahalla bilan hamkorlikda ikki quda tomon bilan uchrashib, tuy xarajatlarini va uning marosimlarini qisman bo‘lsa-da, kamaytirishga erishdik. Shu bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishda hamkor tashkilotlar bilan mahallalarda bo‘lib davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazmoqdamiz. Peshku, G‘ijduvon, Jondor tumani va Buxoro shahri mahallalari to‘ylaridagi xarajatlar anchagina kamaydi, deya ayta olamiz. Ayrim mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va aholi qatlami say’-harakatlarimizdan xursand holda tashakkurnomalar yo‘llashmoqda. Maqsad, faoliyatimizni ko‘z-ko‘z qilish emas, balki to‘y-hashamlarning chiroyli, ortiqcha dabdabasiz o‘tkazilishiga erishayotganimizdan mamnunmiz, — deydi viloyat "œKamolot" YoIH yetakchi mutaxassisi Feruza Alimova.

To‘g‘ri, har bir ota-ona farzandining baxtini o‘ylab, yaxshi niyatlar bilan to‘y qiladi, O‘ylab ko‘ring- chi, ortiqcha dabdabagarchilik yoshlarimizni baxtli qilarmikan yoki isrofgarchilikni orzu-havas bilan almashtirish to‘g‘rimi?! Muxtasar qilib aytganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, inson faqat o‘zini o‘ylab emas, atrofdagilar bilan ham hamnafas yashamog‘i lozim. Vaholanki, hammaning ham imkoniyati bir xil emas. Shunday ekan, oqibat va insoniylik to‘ylarimizning mezoniga aylansa.

Laylo HAYITOVA,
"œTurkiston" muxbiri

Qayd etilgan


Saidhon  27 Noyabr 2006, 18:45:33

Assalomu alaykum.
Hammalaringni fikirlaringni inkor qilib bo'lmaydi,lekin hammamiz bilib turib shunday isrofgarchiliklarga yo'l qo'yamiz.U ham mayli yana "UDUMIMIZ SHUNAQA"deb qo'yamiz,kechirasizlar har yili yangi udumlar qo'shilyapti.
Singlimiz Bonuni fikirlariga qo'shilmayman,bazmli to'ylar islom dinida yo'q.Buni to'g'ri tushunishlarini hohlayman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Mart 2007, 07:38:57

To‘ylar qanday o‘tishi kerak?     

Savol: To‘y - xalqimizning eng suyukli va e'tiborli urf-odatlaridan. Islom dinimizning nikoh to‘yini o‘tkazish borasida alohida ko‘rsatmalari bormi? Shu haqda ma'lumot bersangiz.

Javob: Musulmonlar orasida dinsizlarga taqlid afsus va nadomat qo‘zg‘aydigan darajada keng tarqaldi. Xususan, bu hol to‘y va hashamlar sohasida ko‘proq yoyilgan. To‘ylar haromlarni pisand qilmaslik, aroqxo‘rlik va boshqa tubanliklar qilinadigan bir marosim bo‘lib qoldi.

Binobarin, bu o‘rinda musulmonlarga to‘ylar qanday bo‘lishi lozimligini va Rasulullohdan (s.a.v.) bu haqda vorid bo‘lgan hadisi shariflarni eslatib qo‘ymoqchimiz. To‘y ham Allohga toatning bir ko‘rinishidir. Uning roziligi va tavfiqiga sababdir.

To‘y nikohni e'lon qilish uchun, odamlar falon yigit falon qizga uylanganini bilishlari, shubha va gumon bartaraf bo‘lishi uchun yo‘lga qo‘yilgandir.

Payg‘ambarmiz alayhissalom nikohni e'lon etishni va odamlar orasida yoyishni buyurganlar. To‘ydan maqsad odamlarni taomga da'vat etishdir. Ya'ni, taom pishirib, odamlarni uni yeyishga chaqirishdir. Qo‘y so‘yib to‘y qilish fazilatdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Safiyya onamizga uylanganlarida bo‘tqa va xurmo bilan, Zaynab binti Jaxsh onamizga uylanganlarida esa qo‘y so‘yib to‘y o‘tkazganlari bir necha hadisda bayon qilingan. Payg‘ambarimiz uylanganini aytgan sahobalardan biriga: «Bir qo‘y so‘yib bo‘lsa-da, to‘y qil», deganlar.

Musulmonlar to‘ylarini halol-haromni farqlab, ma'siyatsiz holatda o‘tkazishlari vojibdir. Bu ish qiyin emas. To‘ylarimizni dinimizga muvofiq o‘tkazish bilan katta balodan, bemazagarchilik va axloqsizlik kabi to‘ylardan, bu xatarli vabodan qutulamiz.

Nikohni e'lon qilishning hikmati uni odamlarga bildirish, er-xotindan gumonni daf qilish, Alloh taoloning nikoh aqdi sababli haromni halol va halolni harom etib, insonlarga bergan ne'matini izhor etishdir. Zero, nikoh aqdi xotinni eriga halol qiladi. Xotinning onasini erga, erning otasini xotinga harom qiladi.

http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=1374&Itemid=84

Qayd etilgan