YASSAVIY MAJMUASI, XOJA AHMAD YASSAVIY ME’MORIY MAJMUASI — Turkiston (qadimgi Yassi) shahridagi me’moriy yodgorlik (1389-95); Qozog‘iston hududida. Dastlab Xoja Ahmad Yassaviy qabri ustida kichik maqbara qurilgan (XII a.). Keyin Amir Temur tomonidan ulkan mahobatli maqbara majmui bunyod etilgan, bino loyihasini ishlab chiqishda uning o‘zi shaxsan ishtirok etgan. Qurilishga devonning xayriya ishlari boshlig‘i Mavlono Ubaydulla Sadr bosh etib tayinlangan. Qurilish qisqa muddatda zudlik bilan boshlanib jadal qurila boshlangan, biroq Amir Temurning vafoti (1405)dan so‘ng qurilish to‘xtab qolgan. Bino oldidagi ulkan peshtoqni Buxoro hukmdori Abdullaxon II (1583-98 ) tiklashga harakat qilgan. Yassaviy maqbarasi ko‘lami jihatdan o‘sha davrlarda bunyod etilgan Bibixonim jome masjidi, Shahrisabzdagi Oqsaroy va Dor us-Siyodat majmuiga tenglashadi. Yassaviy maqbarasi janubdan shim.ga cho‘zilgan to‘rtburchak tarhli (46,5x65,5 m), peshtoq-gumbazli; mujassamot markazida jamoatxona va uning atrofida go‘rxona, masjid, katta va kichik oqsaroy, kitobxona, halimxona, quduqxona va ikki qavatli hujralar (jami 35 dan ortiq xonalar) joylashgan; majmuaning jan.-g‘arb tomonidagi yer osti chillaxonasi Yassaviy davrida paydo bo‘lgan, keyingi davrlarda qayta tuzatilgan. Majmua tashqi devorlarining qalinligi 1,8-2 m, jamoatxona devorining qalinligi 3 m. Mahobatli bino jamoatxona bilan bog‘langan 2 qavatli 8 yo‘lak (dahliz)lar bilan simmetrik tarzda 8 qismga bo‘lingan (yo‘laklardan 2 tasining boshi berk); go‘rxonaga jamoatxona bilan bog‘lanmagan alohida yo‘lak orqali kiriladi, kirish eshigi tepasidagi tosh lavhaga majmua Amir Temur buyrug‘iga binoan bunyod etilgani qayd etilgan. Majmuaning bosh tarzidagi ulkan peshtoq (kengligi 50 m, ravog‘iniki 18,2 m)ning ikki yoniga guldastalar, orqa burchaklariga ustungo‘shalar ishlangan, peshtoq orqali jamoatxonaga kiriladi, jamoatxona (bal. 37,5 m) katta gumbaz (diametri 18,2 m) bilan yopilgan; xona o‘rtasiga qirq quloqli nazir-niyoz qozoni o‘rnatilgan (usta Abdulaziz ibn Sharafiddin ishi), bu yerda haftada 2 marta kambag‘al bechoralar va musofirlarga halim tortilgan. Jamoatxona to‘ridagi go‘rxona (7,15А…7,15 m)da yashil yashma toshidan ishlangan sag‘ana (3,25А…2,2 m) bo‘lib, unda o‘yma naqshlar va kitobalar saqlangan. Go‘rxona va masjid qo‘shqavatli gumbaz bilan yopilgan: go‘rxonaning tashqi gumbazi (diametri 10 m, bal. 21 m) 52 ta qovurg‘ali bo‘lib, sirkori koshinlar bilan kitobalar bitilgan baland poygumbazga o‘rnatilgan, masjid gumbazining poygumbazida 16 ta panjarali darchalari bor, shiftidagi 6 qirrali yulduz shakli xonaga jozibadorlik baxsh etgan, ayniqsa mehrob (3,5А…2,5 m) hashamdor bezatilgan. Jamoatxona, go‘rxona, masjidning ichki devorlariga ravoqlar ishlanib, xonalar ichi kengaytirilgan, gumbaz va ravoqlar muqarnaslar bilan to‘ldirilgan. Bino ko‘lamini uning tashqi bezaklaridagi koshinkori handasiy naqsh va kitobalar ham ta’kidlaydi. Ya.m.ning tashqi devor yuzasi 3 qismga bo‘linib, poydevoriga (bal. 1,85 m) koshinkori girih naqshlar, o‘rta asosiy qismga yirik handasiy shakl-lar va yuqori hoshiya (friz) qismiga (bal. 2,62 m) kitobalar ishlangan. Go‘rxona va masjid ichkarisi hallangan rangli koshinlar bilan ziynatlangan. Bino eshiklari yog‘och o‘ymakorligida bezatilgan, metall qismlari rixtagarlik, kandakorlik usulida bajarilgan. Yassaviy maqbarasi bezaklari orasida usta Safar, Hoji Hasan Sheroziy (1397), Shams Abd ul-Vahhob Sheroziy, Izzatiddin ibn Tojiddin Isfahoniy nomlari saqlangan. Yassaviy maqbarasida Ulug‘bekning qizi Robiya Sulton begim maqbarasi bunyod etilgan (XV a.). XVI asrda Yassaviy maqbarasiga qo‘shimcha binolar qurilgan, majmuaning ayrim xonalaridan go‘rxona sifatida foydalanilgan (mas., Abulxayrxon va boshqalar dafn etilgan). XIX asrda Qo‘qon xoni tomonidan majmua atrofidagi hudud g‘isht devor bilan o‘ralib, qal’aga aylantirilgan. Yassaviy maqbarasi turli davrlarda ilmiy o‘rganilgan, ta’mirlangan, poydevori mustahkamlangan. 1975-yilda me’moriy hudud (65 ga)ni himoyalash bosh rejasi qabul qilingan. Yassaviy maqbarasi 1978-yildan muzeyga aylantirilgan.