SABRON, SAVRON — Turkiston shahrining shimolida mavjud bo‘lgan qadimgi shahar va viloyat. Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, Sabron yirik turk qabilasi — o‘g‘uzlar qo‘lida bo‘lgan. Sabron X asrda kuchli chegara qal’a hisoblangan. Maqdisiyning yozishicha, u 7 qator devor bilan o‘ralgan. XI asrdan shahar bir necha asr o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, chunki Chingizxon yurishlari haqidagi asarlarda Sabron umuman tilga olinmaydi. Yoqut Hamaviy (XIII asr) ham uning ajamlar (arab bo‘lmagan xalqlar), ya’ni turkiy xalqlar shahri bo‘lganligini ta’kidlaydi. Sabron o‘g‘uzlar hududi bilan qo‘shni turkiy qabila — kimaklar (qipchoqlarning bir toifasi) yeri chegarasida joylashgan bo‘lib, baland devorlar bilan ihota qilingan. 1065-yil sabron saljuqiy sultonlardan bo‘lgan Alp Arslon tomonidan zabt etilgan. XIII asrda Jo‘ji ulusining sharqiy qismi — Oq O‘rdaga tobe bo‘lgan. Amir Temurning Oltin O‘rdaga qilgan yurishlari davrida qattiq shikastlangan.