Abituriyentlar uchun yordam: O'zbekiston tarixidan saboqlar  ( 701841 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 140 B


muxbir  26 May 2008, 16:27:17

TARXUN — Sug‘d podshosi (700-711). 707-yilda buxoroliklar va turgashlar bilan ittifoq bo‘lib, O‘rta Osiyoda arablarga qarshi kurashgan. Poykand fojiasidan keyin, Qutaybaga zarba berib, uni daf qilish maqsadida unga Buxoro hukmdori Xunukxudot va Shopurkom hokimi Vardonxudot boshliq katta harbiy kuch hamda 40 ming lashkar bilan yordamga kelgan turklar Tarob va Romitan oralig‘ida to‘planadilar. Ittifoqchilar Qutayba qo‘shinini qurshovga oladilar. Uning ahvoli nihoyatda tanglashadi. Undan xalos bo‘lish uchun Qutayba o‘ta makkorlik bilan hiyla ishlatib, Movarounnahrning viloyat hokimlari ustidan birin-ketin g‘alaba qozona boshlaydi. 709-710-yillarda Tarxun arablar bilan bitim tuzib, tovon to‘lagan, shu tufayli Sug‘d zodagonlari tomonidan taxtdan ag‘darilib, qatl etilgan.

TUG‘SHODA — Buxorxudot. Buxoro viloyatiga hokim qilib Qutayba Tug‘shodani va o‘z yaqinlaridan birini unga amir etib tayinlaydi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:27:27

UBAYDULLOH IBN ZIYOD (taxm. 649-685) — Arab xalifaligining Xurosondagi noibi (673-674); Movarounnahrni arablar tomonidan fath etilishining dastlabki bosqichida faol qatnashgan arab sarkardasi. Xalifa Muoviya farmoni bilan u 673-yil kuzida arab qo‘shiniga bosh bo‘lib, Amudaryoni birinchi bo‘lib kechib o‘tgan. So‘ngra Buxoroni qamal qilgan. Buxoro malikasi turklarni yordamga chaqirgan va ular yordamida arablarga qarshi zarbalar bergan. Biroq, oqibatda arab qo‘shini g‘olib kelib, o‘rtada sulh tuzilgan. Sulhga ko‘ra, Buxoro malikasi bir lak (bir million) dirham hajmda boj to‘lagan, shuningdek, arablar ko‘plab qurol-yarog‘lar, kiyim-kechaklar, oltin, kumush buyumlar va 4 ming buxorolik kamonchilarni o‘lja olib, Xuroson noibi qarorgohi — Marvga qaytishgan. Ubaydulloh ibn Ziyod buxorolik kamonchilarni o‘zining shaxsiy gvardiyasiga aylantirgan. Muoviya Ubaydullohni 674-yil Xurosondan chaqirtirib olib, Basra noibi etib tayinlagan, 681-yildan — Basra va Kufa noibi.

UMAR IBN ABDULAZIZ — Arab xalifasi (717-719). U hukmronligi davrida murakkab vaziyatni hisobga olib, bo‘ysundirilgan yerli xalqlar bilan kelishish siyosatini amalga oshirishga majbur bo‘ldi. U yangi yerlarni bundan buyon zabt etishni to‘xtatish hamda moliyaviy islohot o‘tkazish to‘g‘risida farmon berdi. Bunga binoan musulmon arablar bilan bir qatorda islomni yangi qabul qilgan ajamliklardan xiroj va jiz‘ya soliqlarini olish bekor qilindi. Ammo Xuroson noiblari farmonni xalifalikning moliya siyosatiga zid degan bahona bilan uni bajarishdan bosh tortadilar. Ular hatto aholi hali yuzaki musulmon, jiz‘yadan ozod qilish uchun xatnaga e‘tibor berish ham lozim degan beandishalikkacha boradilar. Biroq Movarounnahr zodagonlarining ko‘pchiligi o‘zini haqiqiy musulmon deb hisoblab, soliq to‘lamay qo‘yadi. So‘ngra xalifalik ma‘murlari bir yo‘la hammadan jiz‘ya olish haqida buyruq beradi. Natijada Movarounnahrda yoppasiga islomdan chiqish va eski dinlarga qaytish boshlanadi. Buning oqibatida mahalliy mulkdorlar bilan xalifalik vakillari o‘rtasida ziddiyat keskinlashib, butun mamlakatda xalifalikka qarshi xalq qo‘zg‘oloni ko‘tariladi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:27:34

VARDONXUDOT — Shopurkom hokimi. Poykand fojiasidan keyin, Qutayba boshliq dushmanga zarba berish maqsadida unga Sug‘d podshosi Tarxun, Buxoro hukmdori Xunukxudot boshliq katta harbiy kuch hamda 40 ming lashkar bilan yordamga kelgan turklar Tarob va Romitan oralig‘ida to‘planadilar. Ittifoqchilar Qutayba qo‘shinini qurshovga oladilar. Uning ahvoli nihoyatda tanglashadi. Undan xalos bo‘lish uchun Qutayba o‘ta makkorlik bilan hiyla ishlatib, Movarounnahrning viloyat hokimlari ustidan birin-ketin g‘alaba qozona boshlaydi.

VOLID — Arab xalifasi. U 715-yil vafot etgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:27:41

XASHVIY — Muqanna qo‘shinidagi uch lashkarboshilardan biri. Fuzayl ko‘shkidan. Girdak va Bog‘iy bilan birgalikda Narshax qal‘asini egallab olib, arablarga qattiq qarshilik ko‘rsatadilar.

XISHRIY — "œOq kiyimlilar" qo`zg`oloni rahbarlaridan biri. Narshax qal`asida arablarga qarshi bo`lgan jangda yengilib, arablar tomonidan o`ldiriladi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:27:48

XUNUKXUDOT — Poykand fojiasidan keyin, beshafqat Qutayba boshchiligidagi arab xavfli dushmaniga zarba berib, uni daf qilish maqsadida harbiy kuch bilan yordamga kelgan Buxoro hukmdori.

YAHYO ibn Asad (819-855) — Somonxudotning nabiralaridan. U Xuroson noibi Ma‘munga Rofe ibn Lays qo‘zg‘olonini bostirishda katta yordam beradi. Ma‘munga xalifalik taxtini egallashda yordam bergani uchun Shoh va Ustrushonaga noib etib tayinlanadi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:28:00

ZIYOD IBN SOLIH AL HUZA‘IY (?-taxm 754) — Abu Muslimning yaqin safdoshlaridan biri va sarkardasi. Arablarning Huza‘a qabilasidan. Abu Muslim uni 10 ming kishilik qo‘shin bilan Buxorodagi Sharik ibn al-Maxriy harakatini bostirish uchun yuborgan (750/751). Sharik bilan Ziyod ibn Solih qo‘shinlari o‘rtasidagi urush 37 kun davom etgan. Sharik jangda halok bo‘lgan. Buxoro amiri Abdujabbor ibn Shuab shaharni qattiq mudofaa etgan. Ziyod ibn Solih Buxoroni ololmay shaharga o‘t qo‘yishni buyurgan: 3 kun ichida shaharning katta qismi kuyib kul bo‘lgan. Oxiri jang shaharning janubiy qismidagi Attoron darvozasi oldida bo‘lgan, juda ko‘p aholi qirilib ketgan. Qolgan mudofaachilarni shahar darvozasiga osishgan. Ziyovuddin ibn Solih Samarqanddagi g‘alayonni ham bostirgan. 751-yili Talas jangida O‘rta Osiyoda o‘z mavqeni kuchaytirmoqchi bo‘lgan Xitoy qo‘shinini butkul tor-mor etgan. 754-yili Xalifa Mansur buyrug‘i bilan Abu Muslimga qarshi chiqqan. Ziyod ibn Solihga qarshi bo‘lgan Buxoro hokimlari Abu Muslimni qo‘llab-quvvatlashgan. Ziyod ibn Solih Samarqand atrofidagi Barkas qishlog‘ida yashovchi zodagon dehqon uyiga yashiringan, lekin dehqon uni o‘ldirib, boshini barkashga solib Abu Muslim oldiga olib kelgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:28:09

XUTAK XOTUN — arablarga qarshi kurashgan Buxoro malikasi (673-695). 673 yilda arab sarkardasi Ubaydulloh ibn Ziyod Toxariston o‘lkasini ishg‘ol qilgandan keyin Amudaryoni kechib o‘tib, Poykend va Romitan shaharlarini bosib oladi. Unga qarshi chiqqan Buxoro hukmdori Bidun o‘ldirilgach, Buxoro hokimiyati uning ayoli qo‘liga o‘tadi va u arablarga qarshi kurashga boshchilik qiladi. Arab-fors manbalarida ushbu ayolning ismi Xutak xotun, Qabaj xotun, Xotun shakllarida zikr etiladi. Narshaxiyning "œBuxoro tarixi" asarida qayd etilishicha, arablar tomonidan buxorxudot Bidun o‘ldirilgach, uning o‘g‘li Tug‘shoda yosh bo‘lganligi sababli o‘rniga ayoli Xotun o‘tiradi. Xotun 695-yilgacha Buxoroni boshqargach, uning o‘rnini o‘g‘li Tug‘shoda oladi. Narshaxiyning ta’kidlashicha, Xotun hukmronlik qilgan davrda undan donoroq biror kishi bo‘lmagan. U donolik bilan hukmronlik qilgani uchun xalq unga itoatda bo‘lgan. Tabariyning "œTarix ar-rasul va-l-muluk" asarida qayd etilishicha, 681-yili arablarning Xurosondagi noibi amir Salm ibn Ziyod Buxoroga yurish boshlaydi. Bundan xabar topgan Xutak xotun turk xoqoni huzuriga elchi yuborib, uni yordamga chaqiradi. O‘zining maktubida Xutak xotun xoqon bilan nikoh tuzishga rozi ekanligini xabar qiladi. Turk xoqoni katta qo‘shin bilan Buxoroga yetib kelib, arablar bilan qattiq jang qiladi. Lekin, u arablardan mag‘lubiyatga uchragach, Xutak xotun arablar bilan sulh tuzishga majbur bo‘lsa-da, Buxoroni ancha yillar arablar hukmronligidan saqlab qoladi.

SHARIK IBN SHAYX AL-MAHRIY — 750-yilda Buxoroda ko‘tarilgan qo‘zg‘olon rahbari. Qo‘zg‘olonchilar abbosiylarni xalifalik taxtidan haydab, ularning o‘rniga Muhammadning kuyovi Ali ibn Abu Tolib avlodidan xalifa ko‘tarish shiori bilan chiqadilar. Bu harakatni bostirishda Abu Muslim barcha chora va tadbirlarni ko‘radi. U Ziyod binna Solih boshchiligida 10 minglik qo‘shin yuboradi. Abu Muslim harchand urinsa-da, ammo qo‘zg‘olonni bostira olmaydi. Qo‘zg‘olon nihoyatda avj olib ketadi. U 750-yilda Buxoroning mahalliy hukmdori buxorxudot Qutayba ibn Tug‘shodaning yordami bilangina bostiriladi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:28:34

ATAMA VA TUSHUNCHALAR

ABBOSIYLAR — Arab xalifalari sulolasi (750-1258 ), Muhammad(sav)ning amakilari Abbos avlodlari. Abu Muslim harakati natijasida hokimiyat tepasiga kelgan. Dastlabki poytaxti — Kufa shahri "œSaffoh" ("œXunrez") laqabi bilan mashhur bo`lgan Abul-Abbos Abdulloh sulolaning birinchi xalifasi edi. Ikkinchi xalifa Saffohning ukasi Abu Ja`far Mansur (754-775) Bag`dod shahriga asos solib, poytaxtni shu yerga ko`chiradi. Abbosiylar hukmronligining dastlabki davrida savdo-sotiq rivojlanadi. Bag`dod Sharqning yirik savdo markaziga aylandi, ilm-fan ravnaq topib, falsafa, matematika, tibbiyot va boshqa fanlarga oid ko`plab asarlar yaratiladi. Andalusiya (Ispaniya) dan tashqari butun musulmon mamlakatlari — Mag`ribdan to Movarounnahrgacha Abbosiylar qo`l ostiga o`tadi. Bular xalifalikning iqtisodiy negizini, siyosiy va harbiy qudratini mustahkamladi. Ayniqsa, Horun ar-Rashid va uning o`g`li Mam`un zamoni Abbosiylar sulolasining gullagan davri edi. IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Abbosiylar xalifaligi zaiflasha boshladi. X asrning boshiga kelib faqat Bag`dod va uning atroflaridagina siyosiy hokimiyat Abbosiylar qo`lida qoldi. Harbiy kuchlar turk sarkardalari qo`liga o`tib ketdi. Ular xohlagan vaqtlarida xalifalarni almashtira olar edilar. X asr o`rtalariga kelib Abbosiylar siyosiy hokimiyatni tamoman qo`ldan boy berib, musulmonlarning diniy xalifasi (payg`ambar o`rinbosari) gina bo`lib qoldilar. Erondagi buvahiylar (945-yil) Bag`dodni o`z qo`liga oldi, lekin ular Abbosiylarning mavqe bilan hisoblashar edi. Bag`dod saljuqiy-sunniylar tomonidan bosib olingandan keyin Abbosiylar siyosiy hukmronligi qisman tiklandi va mavqe mustahkamlandi. 1258-yil mo`g`ullar Bag`dodni vayron qilib, Abbosiylarni tamoman tor-mor keltirdi. Mo`g`ul xoni Huloku buyrug`i bilan Abbosiy xalifalarning so`nggisi — Musta`sim qatl etildi. Abbosiylar sulolasining qolgan vakillari esa Misrga qochdi. Mamluk sultonlari davrida (turklar 1517-yil Misrni olgunga qadar) Abbosiylar Qohirada muqaddas kishilar sifatida yashab keldilar. 1261-yil Mamluk sultoni Beybars Abbosiylardan biri al-Mustansirni xalifa deb e`lon qildi. 1517-yil Abbosiylarning avlodi Mutavakkil III Istanbulga keltirilib, u diniy rahnamolik huquqini turk sultonlariga topshirgan. Abbosiylardan 37 kishi xalifa bo`lgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:28:43

ABU MUSLIM HARAKATI — 747-750-yillarda arab xalifaligining sharqiy qismi — Movarounnahr va Xurosonda Ummaviylar hukmronligiga qarshi ko‘tarilgan harakat. Unga Abu Muslim boshchilik qilgan. Harakatning asosiy kuchi shahar hunarmandlari va qishloq mehnatkashlari, Movarounnahr va Xurosonning mahalliy zodagonlari, Ummaviylar siyosatidan norozi bo‘lgan Xurosondagi arab muxolifatchi guruhlari va qullar edi. Ummaviylarga qarshi harakatni kuchaytirish maqsadida Abu Muslim Marv yaqinidagi Safizanj, Mohuvon (Mahon) va Shavvol qishloqlarini qarorgohga aylantirib, xalifalikka qarshi tashviqot olib boradi. Abu Muslim soliqlarni qisqartirish va majburiy hashar ishlarini bekor qilishga va‘da beradi. Shu sababli harakat ayrim joylarda mulkdorlarga qarshi keskin tus oladi. 747-yil dekabr — 748-yil yanvarda Abu Muslim Ummaviylarning Xurosondagi voliysi Nasr ibn Sayyorni yengib, Marv shahrini, 748-yilda Nishopur va Tus shaharlarini egallaydi. 748-yilda xalifalikning poytaxti Damashqqa yurish qiladi, 749-yilda Nahovand yaqinida Ummaviylarni tor-mor etib, 750-yil boshlarida Katta Zab daryosi bo‘yida hal qiluvchi g‘alabaga erishdi va xalifa Marvon II ni taxtdan olib tashladi. Uning o‘rniga payg‘ambar (sav) ning amakisi Abbos avlodidan bo‘lgan Abul Abbos as-Saffoh (750-754) xalifa bo‘ladi. Shu bilan xalifalik abbosiylar qo‘liga o‘tadi.

AJAM — Arab xalqlari va mamlakatlaridan o‘zga yurt va xalqlar.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:28:56

GURAK VA DIVASHTICH QO‘ZG‘OLONI — 720-yilda Sug‘dda arablarga qarshi bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olon. Qo‘zg‘olonda Sug‘dliklarga yordam berish uchun Yettisuvdan turk lashkarlari keladi. Sug‘ddagi barcha hokimliklar aholisi isyon ko‘taradilar. Qo‘zg‘olonchilarning birlashgan kuchlari arablarga katta zarba beradilar. Faqat ayrim shahar va qal‘alar ichida qurshovda qolgan harbiy qismlargina katta o‘lpon va e‘tiborli vakillarini qo‘zg‘olonchilar ixtiyoriga garovga berish bilan jon saqlaydilar. Tabariyning yozishicha, qo‘zg‘olonni bostirish uchun Xuroson noibi Said ibn Abdulaziz Sug‘dga qarshi uch marta yurish qiladi. Hatto u shahar va uning atrofini suv bilan ta‘minlaydigan to‘g‘onni egallab, Samarqand va uning tevarak-atrofini suvsiz qoldirish bilan qo‘zg‘olonchilarni taslim bo‘lishga majbur etish uchun harakat qiladi. Biroq, buning uddasidan chiqa olmaydi. Sug‘dliklar tog‘on boshini mardonavor himoya qiladilar. Shunday qilib, qo‘zg‘olonni bostirish yo‘lida amalga oshirilgan barcha chora va tadbirlar natija bermaydi. 721 yilda Said Xaroshiy Xurosonga noib qilib tayin etiladi. U Iroqda xalq qo‘zg‘olonini bostirishda shafqatsizligi bilan dong qozongan edi. Unga sug‘dliklar qo‘zg‘olonini bostirish va ularni islomga qaytarish topshiriladi. Said Xaroshiyning qo‘zg‘olonchilar bilan olib borgan muzokaralari natijasida Gurak boshliq Sug‘d mulkdorlarining bir qismi arablar tomoniga o‘tadi. Qo‘zg‘olonchilarning qolgan qismi Farg‘onaga chekinishga majbur bo‘ladi. Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan jangda qo‘zg‘olonchilar yengiladi. Sulh tuzilgach, katta mablag‘ evaziga omon qolgan 400 savdogardan tashqari, deyarli barcha qo‘zg‘olonchilar xiyonatkorona qirib tashlanadi. Divashtich boshliq qo‘zg‘olonchilarning ikkinchi guruhi ham yuqori Zarafshonda Obgar qal‘asida qamalga olinadi. Omon qoldirish sharti bilan qo‘lga tushirilgan Divashtich Arbinjonga olib borilib, qatl etiladi, boshi Iroq hokimiga yuboriladi, tanasi otashparastlarning xilxonasi — nous devoriga qoqib qo‘yiladi.

FARMON — qonun kuchiga ega bo‘lgan buyruq.

Qayd etilgan