Abituriyentlar uchun yordam: O'zbekiston tarixidan saboqlar  ( 701690 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 140 B


muxbir  26 May 2008, 16:30:37

TAVHID (arabcha — yakkaxudolik) — umumiy ma‘noda — yakkaxudolik haqidagi ta‘limot. Shar‘iy istilohda esa, tavhid — islomda Allohga shirk keltirishning turli ko‘rinishlaridan voz kechish va Allohning birligiga e‘tiqod qilish. Tavhid islomda (sunniylikda ham, shialikda ham) rasman e‘tirof etilgan aqidalarning birinchisi, mohiyatan, asosiy va markaziy aqida. Mazmunan shunday tasavvurni ifoda etgani uchun Qur‘onning 112 — "œIxlos" surasi ham ba‘zan tavhid deb yuritiladi.

UMAVIYLAR (661-750-yillar) — Yaqin va O‘rta Sharq, Movarounnahrda hukmronlik qilgan arab xalifalari sulolasi, arablarning Makkadagi quraysh qabilasining umayya urug‘idan kelib chiqishgan. Asoschisi — Muoviya I, Ummaviylar davrida arablar g‘arbda Shimoliy Afrika, Pireney yarim orolining katta qismi, sharqda Tabariston, Jurjon, Movarounnahr, Sind va boshqa hududlarni bosib olishgan. Muoviya I (661-680) va Abdumalik davrida (685-705) davlatning harbiy, siyosiy, iqtisodiy qudratini oshiruvchi bir qancha ma‘muriy va harbiy islohotlar o‘tkazilgan. Xususan, xalifa lavozimi nasliy bo‘lib qolgan, davlat xazinasi va davlat arxivi tashkil etilgan, arab tili davlat tili deb e‘lon qilingan, yangi (oltin, kumush va mis) pul chiqarilgan, harbiy-dengiz floti tashkil etilgan. Ummaviylar poytaxtni Damashq shahriga ko‘chirganlar, shu tufayli bu xalifalikni Damashq xalifaligi deb ham atashadi. Ummaviylar davrida ko‘plab qo‘zg‘olonlar (736-737-yillarda O‘rta Osiyoda Xoris ibn Surayj, 731-740-yillarda Marokashdagi barbarlar qo‘zg‘oloni, 742-yil Mag‘ribda xorijiylar qo‘zg‘oloni va boshqalar) bo‘lgan. 747-750-yillardagi Abu Muslim qo‘zg‘oloni natijasida xalifa Marvon II taxtdan tushgan, hokimiyat abbosiylar qo‘liga o‘tgan. Ummaviy hukmdorlar: Muoviya I (661-680-yillar), Yazid I (680-683-yillar), Muoviya II (683-684), Marvon I (684-685-yillar), Abdulmalik (685-705), Valid (705-715-yillar), Sulaymon (715-717), Umar (717-720), Yazid II (720-724), Hishom (724-743), Valid II (743-744), Yazid III (744), Ibrohim (744), Marvon II (744-750).

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:30:46

USHR, ASHUR, ASHAR (arabcha) — idora ishlari uchun daromadning o‘ndan biri hisobidan olinadigan soliq turi. Musulmon mamlakatlarida natura shaklida (ba‘zan pul bilan) undirilgan. Ushr solig‘i har yili dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlari va boshqalardan olingan. Dastlabki davrlarda sayyidlar, yirik musulmon ulamolari, shuningdek, ayrim amirlar hamda "œislom lashkariga o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan" hududlar aholisidan undirilgan. Ushr olingan yer-suv "œmulki ushuriya" deb atalgan. Turli davrlarda ushr shakli mahalliy shart-sharoitga ko‘ra o‘zgargan. Ushr miqdori ba‘zan dehqon daromadining 10 % dan yarimigacha qismini tashkil etgan.

XALIFA (arabcha — o‘rinbosar, noib) — musulmon jamoasi va musulmon davlatining diniy hamda dunyoviy boshlig‘i. Xalifa Muhammad payg‘ambar (sav) ning o‘rinbosari, Ummaviylar davridan boshlab esa Allohning yerdagi noibi hisoblangan. Muhammad (sav) dan keyingi to‘rt Xalifa (Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon, Ali)ni xulofai roshidin, ya‘ni to‘g‘ri yo‘ldan boruvchi xalifalar deb atashgan. Abbosiylar, fotimiylar sulolasidan bo‘lgan hukmdorlar xalifa nomi bilan atalgan. XIII asrdan keyin ayrim musulmon mamlakatlarining hukmdorlari o‘zini diniy boshliq ham da‘vo qilib, xalifa nomiga ega bo‘lishgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:30:55

XALIFALIK — VII-VIII asrlarda arab istilolari natijasida Arabiston yarim oroli, Yaqin va O‘rta Sharq, Shimoliy Afrika, Ispaniya, O‘rta Osiyo va Kavkazortini o‘z ichiga olgan davlat. Ibn Xaldunning yozishicha, "œjohiliya arablari" faqat diniy sifatdagi (payg‘ambarlik, valiylik, kohinlik va h.k.) hokimiyatni tan olganlar. Shuning uchun ham hijratdan so‘ng (622-y.) Madinada barpo bo‘lgan va 630-632-yillarda butun Arabiston yarim orolini o‘z ichiga olgan tuzum islom diniga asoslangan, teokratik davlat shaklini olgan. Bu davlatning boshlig‘i — rasululloh — Allohning elchisi, ammo u abadiy emasligi payg‘ambarning o‘zi tomonidan qayta-qayta ta’kidlab kelingan. Bu davlatni kelajakda boshqaradiganlar siyosiy usullardan foydalanishlari muqarrar edi, zero Muhammad (sav) — payg‘ambarlarning oxirgisi (xotam ul-anbiyo). Birinchi bo‘lib bu haqiqat Payg‘ambar (sav) tomonidan anglandi. "œXalifalik mendan keyin ummatlarim ichida o‘ttiz yil, so‘ngra amirlik (podsholik)dir", degan mazmundagi hadis aynan shu fikrni isbotlaydi. Darhaqiqat, Allohning nomidan (vahiy orqali) ummatini boshqargan Muhammad payg‘ambar vafotidan so‘ngra rahbarlikka ilohiy rahnamolik sifatiga ega bo‘lmagan va bunga da’vo ham qilmagan xalifalar kelgan. Sahobalar bundan keyin dunyoviy ishlarni oddiy inson hukmdor — amir boshqarishini tushunganlar. Makkalik va madinalik sahobalar — muhojirlar va ansorlar o‘rtasidagi bahs faqatgina ularning qaysi biri ana shu lavozimga saylanishi haqida borar edi. Abu Bakr Siddiqning Xalifatu Rasululloh — Alloh elchisining o‘rinbosari bo‘lib saylanishi shundan dalolatdir. Aynan shu davrda hokimiyat vazifalarining (sud, moliya va h.k.) bo‘linishi va ularning, asosan, muhojirlar o‘rtasida taqsimlanishi yuz bergan. Bu jarayon, ya’ni davlat boshqaruv tizimi diniylik qiyofasini yo‘qotib, dunyoviy tus olishi 4 xalifa — Abu Bakr Siddiq (632-634), Umar ibn Xattob (634-644), Usmon ibn Affon (644-656) va Ali ibn Abu Tolib (656-661) davrida uzil-kesil amalga oshgan. Ular "œal-Xulafo ar-roshidun" (to‘g‘ri yo‘ldan boruvchi xalifalar) degan nom oldilar. Ali ibn Abu Tolib vafotidan so‘ng davlatni boshqargan Ummaviy xalifalar (661-750) arab tarixiy adabiyotida "œdiniy tarbiyadan umuman yiroq" shaxslar sifatida tavsiflanadilar. Xalifalar rasman diniy va dunyoviy yagonalikni mujassam etgan bo‘lsalarda, lekin amalda jamiyatning diniy hayotiga ta’sir ko‘rsatmasdilar. Diniy arboblar (muhaddislar, qorilar, mufassirlar, faqihlar) qatlami vujudga kelganki, endi diniy masalalar bo‘yicha jamoatchilik fikrini xalifalar emas, balki aynan o‘sha arboblar shakllantiradigan bo‘lganlar.

XIROJ, XARAJ (arabcha) — Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida jumladan, O‘rta Osiyoda davlat tomonidan hosilning 1\3 qismi hajmida undirilgan yer solig‘i. Sosoniylar davlatida Qavad I va uning o‘g‘li Xusrav I Anushirvon o‘tkazgan soliq islohoti natijasida joriy qilingan yer solig‘i (xarag). Xiroj ilk xalifalik hududida "œjizya" atamasining sinonimi sifatida qo‘llanilib, musulmon bo‘lmagan aholi bilan bir qatorda yer, suvga ega bo‘lgan musulmonlardan ham undirilgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:31:05

ZAKOT — (arabcha — tozalanish, sadaqa berish) — mol-mulk va daromaddan beriladigan sadaqa, xayr-ehson. Islomning 5 asosiy talablaridan biri. Shariatga muvofiq, muayyan boylikka ega bo‘lgan katta yoshdagi musulmon zakot beradi. Zakot beruvchi kishining mablag‘i o‘zi va qaramog‘idagilarning zaruriy ehtiyojlaridan ortiqcha bo‘lishi lozim. Bu mablag‘ga kishining jamg‘armasi, do‘konda sotiladigan narsalari, sotaman deb olib qo‘ygan narsalari, birovga bergan qarzi kiradi. Qur‘oni karimning ayrim suralarida zakot namoz bilan yonma-yon zikr etilgan. U yilda bir marta berilishi shart bo‘lgan xayr-ehson (sadaqa) qatoriga kiradi va ayni vaqtda ibodat hisoblanadi. Zakot miqdori mablag‘larning 1/40 ulushi (2,5 %)ga teng. Zakotni zakot berolmaydigan musulmonlar olishga haqli. Zakot avval qarindoshlar orasidagi muhtojlarga, bunday qarindoshlar bo‘lmasa, kambag‘al, qarzdor, musofirlarga beriladi. Dehqonlar va chorvadorlardan olinadigan zakot miqdori bir oz boshqacharoq belgilangan. Zakotning asl hikmati faqir va muhtojlarning hojatini chiqarmoqdir.

SHARIK QO‘ZG‘OLONI (751-yil) — Buxoroda Abbosiylar xalifaligiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon. Unga Sharik ibn Shayx al-Mahriy boshchilik qilgan. Qo‘zg‘olonga Ummaviylar o‘rniga 750-yilda hokimiyat tepasiga kelgan abbosiylarning xalifalik hududidagi arab bo‘lmagan xalqlarga nisbatan siyosatida o‘zgarishlar qilmaganligi; qonuniy hokimiyat Ali avlodlari qo‘liga topshirilishi lozim, degan shialarning fikrlari sabab bo‘lgan. Unda Buxorodagi sug‘diylar va arab aholisi qatnashgan. Biroq qo‘zg‘olonda mahalliy zodagonlar, savdogarlar, kashovarzlar deyarli ishtirok etmagan. Narshaxiyning yozishicha, qo‘zg‘olon rahbari Sharik arab harbiylaridan bo‘lib, u Buxoroda yashagan. Uning atrofida juda ko‘p kishi yig‘ilgan. Buxoro amiri Abduljabbor ibn Shuayb, Xorazm amiri Abdulmalik ibn Xarsama, Barzam (hozirgi Karki) amiri Muhammad ibn Husayn va boshqalar Sharikka bay’at qilib, uni qo‘llab-quvvatlashgan. Tabariyning fikricha, Sharik tarafdorlari 30 ming kishidan ortiq bo‘lgan. Xuroson voliysi Abu Muslim Ziyod ibn Solih boshchiligidagi 10 ming kishilik lashkarni qo‘zg‘olonni bostirish uchun Buxoroga jo‘natgan. Buxoro shahri darvozalari oldida 37 kun uzluksiz jang bo‘lib, unda buxoroliklar doim g‘alaba qozonib turgan. Buxorxudot Qutayba ibn Tag‘shoda 10 ming odam bilan kelib, Ziyod ibn Solih bilan ittifoqlikda Sharik qo‘shiniga qarshi urushga kirishi qo‘zg‘olon mag‘lubiyatga uchrashiga sabab bo‘lgan. Sharik lashkari katta qiyinchilikda qolgan. Qo‘shin o‘rtasida ochlik boshlangan. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, qo‘zg‘olonchilar Ziyod va Tag‘shodaning birlashgan qo‘shinini Buxoro shahridan bir farsang uzoqlikda bo‘lgan jangda mag‘lubiyatga uchratishgan. Navkand (Navkanda) qishlog‘ida bo‘lgan ikkinchi jang (751-y. yozi)da esa qo‘zg‘olonchilar mag‘lubiyatga uchrashgan. Sharik ibn Shayx ham jang paytida otdan yiqilgan va o‘ldirilgan. Buxoro amiri Abduljabbor bu mag‘lubiyatga qaramay, shaharni arablarga topshirishdan bosh tortgan. Arab lashkarboshisi Ziyod ibn Solih Buxoroga kelib, uch kecha-kunduz davomida shaharga o‘t qo‘ydirgan. Shahar ichida ham arab qo‘shini buxoroliklarning qattiq qarshiligiga uchragan. Narshaxiyning yozishicha, Ziyodning buyrug‘i bilan shahar aholisidan kimni tutsalar, ularni dorga osganlar va nihoyat shaharni olganlar. Sharikning o‘g‘li va harbiy qo‘mondonlari ham o‘ldirilgan. So‘ngra Ziyod ibn Solih Samarqandga kelib, bu yerdagi qo‘zg‘olonni ham bostirgach, Xurosonga qaytgan. Sharik qo‘zg‘oloni keyinchalik Movarounnahr va Xurosonda arablarga qarshi ko‘tarilgan Muqanna qo‘zg‘oloni oldidan o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tagan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:31:12

SHAVVAL — Abu Muslim qullar uchun maxsus joy tashkil ettirgan qishloq.

CHORYORLAR (forscha — to‘rt do‘st) — Muhammad (sav) vafotidan keyin arab xalifaligida hokimiyat tepasida turgan dastlabki 4 xalifa (Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali). Ularni choryorlar deb atash Eron, Afg‘oniston va O‘rta Osiyodagi oddiy dindorlar orasida rasm bo‘lgan. Choryorlar arab tilidagi diniy manbalarda "œxulafo ar-roshidin" ("œto‘g‘ri yo‘ldan borgan xalifalar") nomi bilan tilga olinadi. Choryorlar xalifalikni boshqarish va kengaytirish, qo‘shni yerlarni fath etib islom bayrog‘i ostida birlashtirishga rahnamolik qilgan hukmdorlardir. Islomda choryorlar "œpayg‘ambar noiblari" hisoblanadilar. Islom an’anasida choryorlar hukmronlik davri islomning oltin asri deb yuritiladi. Bu davr 30 yil davom etgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:31:31

GEOGRAFIK NOMLAR

ARAB XALIFALIGI (632-1258-yillar) — Arabiston yarimoroli, Yaqin va O‘rta Sharq, Shimoliy Afrika, Ispaniya, O‘rta Osiyo va Kavkazortini o‘z ichiga olgan saltanat. VII-VIII asrlarda tashkil topgan. Arab xalifaligi asoschisi payg‘ambar Muhammad (sav) ning eng yaqin safdoshi xalifa Abu Bakrdir. Arablar yuqorida zikr etilgan mamlakatlarni 633-715-yillar orasida bosib olganlar. Bu mamlakatlar, asosan, "œXulafo ar-roshidin" ("œTo‘g‘ri yo‘ldan boruvchi xalifalar") va Ummaviylar zamonida fath etildi. Lekin abbosiylar bu ulkan hududni butun saqlab qololmadilar. Ichki ixtiloflar ta‘siri ostida Arab xalifaligi VIII asrning oxirlaridan boshlab mayda-mayda qismlarga parchalanib keta boshladi; 788-yil Mag‘ribning g‘arbiy qismida (hozirgi Marokash) ibrisiylar (788-985), uning sharqiy qismida (hozirgi Tunis) ag‘labiylar (800-909) hukmronligi o‘rnatildi. Xuroson va Movarounnahrda esa IX asrning 20-yillaridan boshlab mahalliy sulolalar: tohiriylar (821-873), iylar (867-903-yillar) va somoniylar (875-999) bosh ko‘tarib chiqdilar. Ular Arab xalifaligiga nomigagina tobe bo‘lib, aslida mustaqil hukmdor edilar. Arab xalifaligi 1258-yil mo‘g‘ullar tarafidan tugatildi.

NARSHAX, Narjaq — Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi qadimiy qishloq. Ilk o‘rta asrlarda Narshaxda katta hisor (qo‘rg‘on) bo‘lgan. Muqanna qo‘zg‘olonining markazlaridan biri shu qishloqda joylashgan. 776 yili aprelda Muqanna tarafdorlari bilan Buxoro amiri Husayn ibn Maoz lashkari o‘rtasida Narshaxda katta jang bo‘ladi. Xalifa Mahdiyning vaziri Jabroil ibn Yahyo arablarga yordamga kelib, Narshaxni qamal qiladi. To‘rt oylik janglarda Hoshim Ahmad boshchiligidagi Muqanna tarafdorlari bo‘lgan oq kiyimliklar g‘alaba qozonishgan. Biroq arablar hiyla yo‘li bilan Narshaxni egallab, qo‘zg‘olon rahbarlarini xoinlarcha o‘ldirishadi. Bu paytda Narshaxning hokimi bo‘lgan ayol kishi (erining nomi Sharaf bo‘lib, u Abu Muslimning lashkarboshisi bo‘lgan)ni ham Jabroil o‘ldirtirgan. Narshaxdan mashhur tarixchi olim Narshaxiy chiqqan. Narshax haqida Abu Sa’d as-Sam’oniyning "œKitob al-ansob" asarida ham muhim ma’lumotlar mavjud (XII a.). Hozir Narshax Narchoqtepa nomi bilan mashhur.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:31:40

NUMIJKAT — qadimda Buxoroga yaqin, lekin undan alohida bir shahar bo‘lib, so‘ng bu ikki shahar bir-biriga qo‘shilib ketgan. Shuning uchun Buxoro goho "œNumijkat" deb ham atalgan.

TAROZ, TALAS — Qozog‘iston Respublikasi Jambul viloyatidagi qadimiy shahar, viloyatning ma’muriy markazi. Olmaotadan 545 km g‘arbda, Talas daryosini temir yo‘l kesib o‘tgan joyda. Aholisi arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, Taroz taxminan V asrda vujudga kelgan. Dastlab, vizantiyalik elchi Zemarx tomonidan 568-y. qayd etilgan. Shahar arab, fors manbalarida Talas, Taroz, Yangi nomlari bilan tilga olingan (VIII-XVIII asrlar). Qadimda Taroz Talas daryosi yoqasida joylashgan. U qal’a, shahriston va raboddan iborat bo‘lgan. VII asrda Taroz muhim savdo markazi. 751-y. Taroz yaqinida Talas jangi bo‘lib o‘tgan. IX a. oxiridan Somoniylar, X a. oxiridan Qoraxoniylar davlati tarkibida. XII a. oxiridan boshlab Qoraxitoylar va mo‘g‘ullar istilosidan ancha shikastlangan Taroz tanazzulga uchray boshlagan. XVI a. boshida shaharda hayot barham topgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:31:56

ISFIJOB — O‘rta asrdagi Isfijob hokimligining markaziy shahri. Aris daryosi vodiysi (Qozog‘iston) da joylashgan. Ko‘pgina tadqiqotchilar uni Chimkentdan 12 km sharqda, Sayram stansiyasining o‘nida bo‘lgan deb hisoblaydilar. Shaharning qachon vujudga kelgani noma‘lum. Sharq geograflarining ma‘lumotlariga qaraganda, maydoni Binkardan 3 marta kichik bo‘lib, Isfizjobning arki X asrdayoq vayrona holatda bo‘lgan; faqat shahriston va rabod saqlangan. Rabod devorining aylanma uzunligi 1 farsax (oltinchi 7 km) ni tashkil qilgan. Shahristonning 4 darvozasi: Nujkat, Farxon, Shakron va Buxoro bo‘lgan. Unda saroy, qamoqxona, jome masjidi va bozorlar joylashgan. 714-yilda Qutayba Choch va Turk xoqonligi kuchlarini ajratib, ittifoqdoshlarning birlashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Isfijobga yurish qilgan. 840-yilda Isfijob viloyati somoniylardan Nuh ibn Asad qo‘l ostiga o‘tgan. Viloyatni ko‘chmanchilar hujumidan muhofaza etish maqsadida Nuh ibn Asad Isfijob atrofini devor bilan o‘rattirgan. Isfijob Buyuk Ipak yo‘li ustida bo‘lib, bu yerda bo‘z, qurol, metal, qul savdosi olib borilgan. 1700 ga yaqin mustahkam qo‘rg‘on (rabot) i bo‘lgan. X asr oxirlarida qoraxoniylarga, XIII asr boshida Muhammad Xorazmshohga, 1219-yildan mog‘ullarga bo‘ysungan; shaharning yangi nomi — Sayram dastlab shu davrdan (1221) tilga olinadi.

MOVAROUNNAHR (arabcha-daryoning narigi tomoni) — o‘rta asrlarda islom mamlakatlarida keng tarqalgan geografik atama. Uning xuddi shu ma’noni anglatgan fors tilidagi "œVarorud" va "œVarojayxun" shakllari ham mavjud bo‘lib, ularning barchasi avval (XI asrgacha) Xuroson viloyatining davomi sifatida, XI asr boshdan e’tiboran esa Turkiston, ya’ni Qoraxoniylar davlati va undan keyingi turkiy davlatlar tarkibidagi ma’muriy birlik sifatida tushinilgan. XI asrda Yevropa tarixshunosligida mazkur arab atamasining lotincha tarjimasi bo‘lmish yangi "œTransoksiana" yoki "œTransoksaniya" atamalari muomalaga kiritilgan. Hozirgi zamon tarixiy-geografik ilmiy adabiyotda Movarounnahr deganda, asosan, Turkmanistondan tashqari bo‘lgan O‘rta Osiyo hududlari, ya’ni, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning janubiy qismi tushiniladi. Movarounnahr atamasi ilk bor payg‘ambarimiz Muhammad (sav) haqidagi hadislarda tilga olingan. Movoraunnahr atamasi o‘rta asr manbalarida turlicha talqin qilinib, geografik hudud sifatida avval Turon, Turk xoqonligi yoki Turkiston mamlakati (VII asrgacha), keyin Xuroson (VII-X asrlarda) undan ham keyin Turkiston (XII asrdan boshlab), ma’lum vaqt esa Xorazm (XII asrning oxiri-XIII asrning bosh) tarkibiga kiritilgan. Demak, bu atama faqat geografik ma’noga ega bo‘lib, har xil davrlarda turli davlatlar — Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va boshqa davlatlarning tarkibiga ma’muriy birlik sifatida kirgan. Bu atama haqida turli manbalarda keltirilgan ma’lumotlarning yig‘indisi ham hududiy jihatdan "œO‘rta Osiyo" atamasini anglatadigan Turkiston tabiiy-geografik o‘lkasining barcha yerlarini qamrab olmaydi. Chunki, mazkur mintaqa tarkibiga kirgan Shimoliy Xuroson (Turkmaniston), Yettisuv (Qozog‘iston) va Janubiy Toxariston (Afg‘oniston) yerlari hech qanday manbalarda Movarounnahr tarkibiga kiritilmagan. Shuning uchun, Movarounnahr atamasining o‘rta asrlarda ishlatilgan eng keng ma’nodagi tushunchasi tarkibiga shartli ravishda faqat Amudaryo va Sirdaryo oraliqida joylashgan yerlarni kiritish mumkin.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:32:06

POYKEND, Poykand — qadimgi karvon yo‘li ustida qad ko‘targan shahar xarobasi (miloddan avvalgi IV-III-milodiy XI asrlar). Buxorodan 44 km janubiy-g‘arbda, Jondor va Qorako‘l tumanlari tutashgan hududda joylashgan. o‘rta asr yozma manbalarida shahar Boykand, Xitoy solnomalarida esa Bi nomlari bilan tilga olinadi. Uning nomlari "œQuyi shahar" ma’nosini anglatadi. Arablar uni "œMadinat ut-tujjor", ya’ni "œsavdogarlar shahri", ba’zan esa, qal’asining mustahkamligi tufayli "œjez shahar" deb yuritar edi. Poykend tashqi devorlarining nihoyatda mustahkamligidan shahar ilk o‘rta asrlarda "œShahristoni Rhin’, ya’ni "œJezdan qurilgan shahriston" (Jez shahar) nomi bilan shuhrat topgan. Poykend o‘tmishda 4 qism: 1) darvozali ark (maydoni 1 ga); 2) darvozali ichki shahriston (maydoni 11 ga); 3) darvozali tashqi shahriston (maydoni 6 ga); 4) sharq, g‘arb hamda janubiy tomonlarida qad ko‘targan (maydoni 100 ga dan oshiqroq) ulkan rabodlardan iborat bo‘lgan. Arkda qadimgi ibodatxona, podshoh saroyi, IX-X asrlarda qad ko‘targan koshinkor mehrobli jome masjidi, ichki va tashqi shahristonlarda savdogar va hunarmandlarning turar joy, mahalla-ko‘ylari, ichki bozor, ustaxona, nonvoyxona va dorixonalar kabi bino va inshoat korxonalar joylashgan. Shaharning rabod qismida esa 50 dan ortiq naus (ostodonlar xilxonasi)lardan iborat otashparastlarning qabristoni (nekropol), tashqi bozor va bir necha (Narshaxiyning ko‘rsatishicha, mingdan ortiq) rabotlar, ya’ni karvonsaroylar qad ko‘targan. Manbalarda qayd etilishicha, islomiyat davrida ham Poykend nauslari ochiq bo‘lgan. Otashparastlar o‘z marhumlari ustuxonlarini xatto, Buxoro shahardan Poykend nauslariga eltib dafn etganlar. Ayrim ma’lumotlarning guvohlik berishicha, Poykend qadimgi Buxoro hukmdorlarining qarorgohi bo‘lgan. Har bir podsho o‘zi uchun bu shaharda o‘rdugoh barpo etgan. Eftaliylar davlati hukmronligi davrida (V asrning ikkinchi yarmi va VI asr boshlari) u poytaxtga aylantirilgan. Narshaxiyning yozishicha, shahar aholisining aksariyati savdogar bo‘lib, ular Xitoy va dyengiz bo‘yi mamlakatlari bilan savdo qilganlar va juda davlatmand bo‘lgan. Shu boisdan arab geograflari Ibn Hurdodbeh va Ibn al-Faqihlar Poykendni "œMadina at-tujjor", ya’ni "œSavdogarlar shahri" nomi bilan ta’rif etadilar. Poykend o‘z tarixi jarayonida Buxoro vohasining nafaqat yirik savdo markazlaridan biri sifatida, balki tutgan geografik o‘rni jihatidan g‘arbiy Sug‘dning siyosiy hayotida strategik tomondan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Vohaning janubiy-g‘arbiy chegarasida harbiy istehkom sifatida bino qilingan Poykend ilk o‘rta asrlarda Buxoro viloyatining atrofi yagona mudofaa inshoati — Kanpir devor bilan o‘rab olingunga qadar u janubiy-g‘arb, dasht hududlaridan muttasil sodir bo‘ladigan ko‘chmanchi qabilalarning chopqunlarini qaytarish va tashqi dushman hujumlarining yo‘lini to‘sib, ularga dastlabki zarbalarni berishda mustahkam harbiy qarorgoh vazifasini o‘tagan. Uning mudofaa inshoatlari nihoyatda mustahkam qurilgan bo‘lib, zamonasining har qanday qamaliga bardosh bera olgan. Poykend arki, ichki va tashqi shahristonlarining har biri alohida qalin (3,5-5 m) va baland devorlar halqasi bilan o‘ralgan. Devor bo‘ylab har 60 m masofada va tashqi burchaklarda baland (11,5-12,5 m ) 2 qavatli burjlar o‘rnatilib, darvoza atrofi mudofaa inshoatlari (labirint) bilan mustahkamlangan. Shahar devorlari va burjlari har 1,6 m oralig‘i bo‘ylab shaxmat uslubida 3 qator nishon tuynuklari (tirkash) o‘rnatilgan. 674-yilda Poykend Arab xalifaligi lashkarboshi Ubaydulloh ibn Ziyod tomonidan fath etiladi. 707-yilda esa Poykend xalifalikning Xuroson voliysi Qutayba ibn Muslim tomonidan qamal qilinadi. Poykendliklar qattiq turib arablarga qarshilik ko‘rsatadilar. Qamal 50 kun davom etadi. Kuch bilan Poykendni qo‘lga kirita olmagan arablar shahar devori ostidan lahim (tunnel) qazib ichkariga bostirib kiradilar. Poykend arablar qo‘liga o‘tadi. Poykendliklar kattagina boj to‘lab Qutayba bilan sulh tuzadilar. Biroq shaharliklarning qo‘zg‘oloni oqibatida Poykend qayta egallanib, vayron etiladi. Juda katta miqdorda oltin va kumushdan yasalgan but va jomlar bilan bir qatorda ko‘plab qurol-yarog‘ hamda harbiy anjomlar o‘lja tarzida olinadi. Qutayba askarlari bu qurol-aslahalarning bir qismi bilan qurollanib oladilar. Tabariyning yozishicha, shaharning boyligidan arablar hayratga tushganlar. Hatto, eritilgan oltin-kumush anjomlar va butlarning toshu qolipidan 150 ming misqol miqdorda yombi ajratib olingan. IX asrning oxirgi choragi va X asr mobaynida Poykend va uning dehqonchilik vohasi ravnaq topadi. Ichki va tashqi savdo munosabatlari kengayib kulollik, shishasozlik, koshinkorlik, misgarlik va binokorlik taraqqiy etadi. Ilm-fan, ayniqsa, fiqhshunoslik rivojlanib, bir guruh Poykendlik fiqhshunos olimlar yetishib chiqadi. Ammo somoniylar hukmronligi barham topgach, XI asrda Poykendning sug‘orish tarmoqlari suvsizlikdan qurib qoladi. oqibatda shahar bo‘shab, xarobaga aylanadi. XII asrning I-choragida Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon hukmronligi davrida Poykend qayta tiklanib va uning atrofi qayta obodonlashtiriladi. Shahar aholisi yana gavjumlashib, ko‘rkam turar joylar, podshoh uchun esa muhtasham saroy quriladi. Poykendning suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Qorako‘l daryosidan uz. 1 farsaxli kanal qazib chiqarish uchun harakat qilinadi. Biroq, kanal qazilib tugatilmay qoladi. Poykend suvsizlikdan XII-asrning ikkinchi yarmida butunlay qurib yana vayronaga aylanadi. Arxeologik topilmalarning guvohlik berishicha, Poykendda hayot mil.avv. IV asrdan to milodiy XI asrgacha, ya’ni 1500 yil davomida kechgani ma’lum bo‘ldi. Arkda qadimgi ibodatxona, jome masjid va podshoh saroyi xarobalari, ichki shahristonda dorixona (VIII asr), bir qancha ulkan tandirlar o‘rnatilgan shahar nonvoyxonasi, tashqi shahristonda kulollik, shishasozlik kabi hunarmandlarning mahalla-ko‘ylari, 4 tomoni supali markazida sandali bor yotoqxona, oshxona, omborxona va tashnobli tahoratxonali mo‘jazgina bir qavatli hovli-joylarning xarobalari qazib ochildi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 16:32:17

SOM — Kesh yaqinida tog‘ tepasiga bino qilingan qal‘a. "œOq kiyimlilar" qo‘zg‘olonining rahbari Muqanna bu qal‘ani o‘z qarorgohiga aylantiradi.

XUROSON (forscha — kun chiqish, sharq) — Eronning shimoli-sharqiy qismidagi tarixiy viloyat. Parfiya podsholigining markazi (mil.avv. 250-yil — milodiy 224-yil). Xuroson nomi sosoniylar davridan ma‘lum. Xuroson III asrdan XVIII asr o‘rtalarigacha hozirgi Eronning shimoli-sharqiy qismi, Marv vohasi, hozirgi Turkmanistonning janubiy qismi va Afg‘onistonning shimoliy va shimoli-g‘arbini o‘z ichiga olgan. Mashhad, Nishopur, Marv, Balx, Hirot, Tus, Saraxs, Obivard, Niso, Sabzavor Xurosonning muhim shaharlari bo‘lgan. VII asr o‘rtalarida uni arablar egallagan. Arab xalifaligi tanazzulga uchragach, Xuroson Tohiriylar, Somoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Hulokuiylar, Kurtlar davlati tarkibiga kirgan (IX-XIV asrlar). VIII asrdan XIII asrning 20-yillarigacha Xuroson Yaqin va O‘rta Sharqda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan o‘lkalardan biri bo‘lgan. U qo‘shni davlatlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlari, mevalar, ipak, jun, mo‘yna chiqargan. Shuningdek, Xurosonda kumush, qo‘rg‘oshin, mis va temir rudalari, oltin, oltingugurt, to‘tiyo, margimush, marmar, malaxit va boshqalar qazib chiqarilgan, to‘qimachilik avj olgan. 1220-yil va 1223-yillarda Xurosonga mo‘g‘ullar, hujum qilib, vayron etgan; aholisining ko‘pchiligi qirib tashlangan. Shundan keyin Xuroson avvalgi mavqega chiqa olmagan. XIV asr oxirida Amir Temur Xurosonni o‘z davlatiga qo‘shib olgan, keyinchalik Shayboniylar, 1510-1736-yillar Safaviylar davlatlariga tobe bo‘lgan. Keyinchalik Xurosonning bir qismi (Hirot viloyati va Balx) Afg‘onistonga, bir qismi Eronga qo‘shilgan.

Qayd etilgan