EFTALIYLAR, eftalitlar, eftallar, xaytallar, abdallar, ye-da — O‘rta Osiyoning shim.-sharqidan Movarounnahr-ning ichki viloyatlariga kirib, mil. V asrda davlat barpo etgan qabila ittifoqi. Eftaliylar O‘rta Osiyo, Hindiston, Afg‘oniston, Eron va Sharqiy Turkiston tarixida muhim rol o‘ynagan. Eftaliylarning ilk ajdodlari hunlardan bo‘lishi taxmin etiladi. Ularning kelib chiqishi tog‘risida turli fikrlar bayon etilgan. A.N. Bernshtamning fikricha, eftaliylar tarkib topgan yerlar o‘rta va quyi Sirdaryo hamda Amudaryoning yuqori havzasidir; A.P. Tolstov esa ularni Orol bo‘ylaridan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Garchi eftaliylarning tarkib topgan joyi qat’iy aniqlanmagan bo‘lsa-da, ular turkiy etnik elementlar aralashgan o‘rta osiyolik qabilalar (asosan jangovar ko‘chmanchi qabilalar) negizida shakllanganligi ma’lum. Eftaliylar otashparast bo‘lganlar, lekin ular orasida asta-sekin buddizm va xristianlikka e’tiqod qila boshlaganlar ham bo‘lgan. Eftaliylar yozma manbalarda fetal, xaftal, xaytal degan nomlar bilan tilga olinadi. "œEftal" degan nom ilk bor "œxeptal" shaklida V asr arman manbalarida uchraydi. Bu nom aslida "œEftalon" deb yuritilgan shoh nomidan olingan. Uni Vaxshunvor deb ham ataganlar, u eftaliylar yurishiga boshchilik qilgan. Mil. avv. VII asrda Xitoyning shim.-g‘arbi (Xesi)da yashovchi mallasoch, ko‘zi ko‘k hunlarning bir qismi yashab turgan yerlarini tashlab, Pomirning tog‘li viloyatlariga kelib yashaydilar. Keyinchalik ular mahalliy aholiga aralashib, tillarini ham o‘zgartiradi. Hunlarning boshqa bir guruhi Hunlar davlati yemirilgach, Jung‘oriyaga, Ila havzalariga kelib o‘rnashgan va bu yerda Yueban etnik uyushmasini tashkil qilgan. Yuebandan eftal etnik nomi bilan atalgan yirik bir guruh ajralib, III asrda Movarounnahrga kelib o‘rnashdi. Eftaliylarning yana bir guruhi g‘arbga Kaspiy dengizining shim. hududlariga borib, keyinchalik bu yerlardagi boshqa turkiy xalqlarga aralashib ketadi. Eftaliylar IV asrning ikkinchi yarmida ko‘payib, Movarounnahrda yashovchi xioniy, kidariy va boshqa xalqlarni tobe etib, davlat barpo etadi. V asrda ular Qang‘ davlatini mag‘lubiyatga uchratadi. Xurosonning talay qismini egallaydi. Xuroson yeri uchun eftaliylar Eron bilan qattiq urush olib borgan. VI asrning oxirlarida Eftaliylar davlati inqirozga uchraydi. Turk xoqonligi Movarounnahrni egallaydi. Eftaliylarning jangovar qismi Afg‘oniston va Hindistonning shimoliy mintaqalariga chekinib, ularning keyingi avlodlari shu yerlardagi xalqlarga aralashib, ular bilan qorishib ketadi. Eftaliylarning O‘rta Osiyoda qolgan qismi keyinchalik o‘zbek, turkman xalqlari tarkibiga singib ketadi. Turkmanlar tarkibida va anatoliyalik turklarning tarkibida abdal nomi bilan eftaliylarning keyingi avlodlari saqlanib qolgan. Eftaliylar otashparast bo‘lganligi ma’lum, lekin ularning orasida asta-sekin buddizm va xristianlikka e’tiqod qila boshlaganlar soni ham orta boshlagan.