Abituriyentlar uchun yordam: O'zbekiston tarixidan saboqlar  ( 701371 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 140 B


muxbir  26 May 2008, 15:14:15

XORAZMSHOH — Xorazm hukmdorlarining unvoni. Beruniy asarlarida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, dastlab xorazmshohlar unvoni bilan Xorazm-ni Kayxusrav idora etgan. quyidagi 4 sulola: afrig‘iylar (305-995); ma’muniylar (995-1017); oltintoshlar (1017-34); anushteginiylar (1077-1231) hukmdorlari xorazmshoh unvoniga ega bo‘lganlar.

XOQON, QAG‘AN, QOON — O‘rta Osiyolik ayrim xalqlarda, shu jumladan, turkiy xalqlarda hukmdorlarning eng oliy unvoni. Ushbu unvon imperator, shaxanshoh unvonlari bilan teng ma’noni bildirgan. Mil.avv. I asrdan to so‘nggi o‘rta asrlargacha O‘rta Osiyo, Shimoliy Xitoy, Shimoliy Kavkaz, Janubiy Rossiya, Sharqiy Yevropa, Eron, Hindiston va boshqa o‘lkalarda hukm surgan turkiy sulolalar aksariyati hukmronlar uchun qo‘llangan. Dastlab mil. avv. I asrda Osiyo hunlarida ko‘ringan ushbu unvon Yevropa hunlari — gunnlar, syanbilar, tabg‘ach, eftaliylar, Avar xoqonligi (Sharqiy Yevropada), Turk xoqonligi, Xazar xoqonligi, Uyg‘ur xoqonligi davlatlarida mavjud bo‘lgan. Keyinchalik, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Usmoniylar davlatlarida ham yuksak unvon sifatida qo‘llanilgan. Bundan tashqari, ushbu unvon turkiylar bilan qo‘shni bo‘lgan boshqa xalqlarda: slavyanlarda (Kiev Rusi davlati), mo‘g‘ullar (Chingizxon imperiyasi)da ham ishlatilgan. Ayniqsa, Turk xoqonligi davrida oliy hukmdor sifatida davlat tepasida xoqonlar turgan. Bu davrga taalluqli qadimiy turkiy, xitoy, yunon, arman, sur-yoniy, sug‘diy, baqtriy, tibet tilidagi manbalarda turk xoqonlari haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Xitoy yilnomalarida xoqonlarning taxtga chiqish marosimi haqida keng tafsilotlar berilgan. Jumladan, xoqon bo‘ladigan shaxs oq kigiz ustiga o‘tirg‘izilib, 9 kishi tomonidan yuqoriga ko‘tarilgan holda o‘tov (chodir)ning atrofida quyosh yo‘nalishida 9 marotaba aylantirilgan. So‘ngra esa ipak ro‘mol bilan tomog‘i siqilib, undan qancha yil hukmdor bo‘lishi so‘ralgan, og‘zidan chiqqan birinchi tovush yoki so‘zga qarab, uning qancha muddat hukm surishi tayin qilingan. Shunga o‘xshash ma’lumotlar yunon, arab, fors, turkiy manbalarda ham saqlanib qolgan. Turk xoqonligi davrida, jumladan, VI-VIII asrlarda O‘rta Osiyoning bir qancha o‘lkalarida; Toxariston, Sug‘d, Farg‘ona, Choch, Yettisuvda "œxoqon" unvoni bilan tangalar chiqarilgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:14:34

XVABU — viloyat hokimi.

XVATOV — hokim.

YABG‘U, YABG‘U XOQON, JABG‘U — Turk xoqonligida xoqon urug‘idan bo‘lgan el-yurt hokimi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:15:03

YER EGALIGI — muayyan huquqiy asoslar (mulkka, yerni tasarruf etish va meros qolgan yerdan umrbod foydalanishga va ijaraga oid huquqlar)ga muvofiq yerga egalik qilish; xo‘jalik oborotiga va bozor iqtisodiy mexanizmi tarkibiga kiritilgan yerdan foydalanish shakli. Yer egaligi zimmasiga tegishli huquq va majburiyatlar yuklaydi. O‘rta Osiyoda yer egaligining amlok, vaqf, mulk, tanho va boshqa shaklari mavjud edi.

SHAD, SHOD — Turk xoqonligi boshqaruvchi unvon. Shad Turk xoqonligida bosh hukmdor — xoqondan keyingi o‘rinda turuvchi yabg‘udan so‘ng eng yuqori unvon bo‘lib, ushbu unvonga, asosan, xoqon xonadoniga mansub, biror o‘lkaga ma’mur qilib tayinlangan va o‘z qo‘shiniga ega bo‘lgan tegin, shahzodalar sazovor bo‘lishgan. Xoqonlikning markaziy hokimiyatida xoqon, o‘ng (To‘las) va so‘l (Tardush) qanotlari boshqaruvida shodlar turar edi. Ular o‘n ming qo‘shinga ega bo‘lgan. Turk xoqonligi davrida Choch, Buxoro, Toxaristonni shodlar boshqargani xitoy va arab manbalaridan ma’lum.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:15:12

SHAHRISTON — O‘rta asrlarda Sharqdagi shaharlarning markazi, mudofaa devori bilan mustahkamlangan asosiy qismi. Saroy (ba’zan ark), jome masjid, yopiq (tim) yoki ochiq bozor, bosh maydon — registon, muhim ma’muriy binolar, hukmdor va uning yaqinlarining qo‘rg‘onlari, shuningdek oddiy aholi xonadonlari va boshqalari bo‘lgan. Ilk davrlarda unda bog‘, ekinzorlar ham bo‘lgan. Qadimiy Buxoro shahristoni arkdan alohida qurilgan (Narshaxiyning yozishicha, arkning bir darvozasidan shahristonga chiqilgan). Shahristonlar yirik-asosiy ko‘chalar bilan bir necha kvartalga bo‘lingan. Masalan, Buxoro shahristonida g‘arbdan sharqqa, shimoldan janubga o‘tgan ko‘cha shahristonni 4 teng qismga bo‘lgan. Shahristonda dastlab dehqonlar, arab istilosidan keyin savdo va hunarmandchilik rivoj topgach, savdogarlar, hunarmandlar (hokim tabaqa bilan bir shahristonda) yashaganlar. Keyingi asrlarda shahriston atrofida tashqi shahar — rabod qurilgan. O‘rta Osiyo qo‘sh — ichki va tashqi rabod bilan o‘ralgan shahristonlar ham bo‘lgan (masalan, Binkat).

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:15:29

SHOMONLIK, SHAMANLIK (evenk tilida shaman — jazavaga tushish) — ibtidoiy diniy e’tiqod shakllaridan biri. yovuz va ezgu ruhlarga, ularning inson hayotiga ta’sir ko‘rsatishiga ishonish shomonlikning asosini tashkil etadi. Shomonlikda uning ruhoniylari — shomonlar ruhlar bilan aloqa bog‘lay oladigan, bo‘lajak voqealarni oldindan aytib bera oladigan shaxslar deb, ularga sig‘iniladi. Maxsus kiyim kiygan, childirma ushlagan va boshqa turli narsalar taqingan shomonning xalq o‘rtasida raqs tushib va jazavaga kirib, ruhlar bilan "œaloqa bog‘lashi" hamda ulardan ma’lum yo‘l-yo‘riq olishi shomonlikning asosiy marosimi hisoblanadi. Bu diniy e’tiqodda oddiy dindorlarga belgilangan keng marosimchilik belgilari va ibodatxonalar yo‘q. Shomonlarga bemorlar o‘zlarini davolash maqsadida murojaat qilib turadilar. Shomonlik Afrika, Shim. va Sharqiy Osiyoning ko‘p xalqlarida, Sibirda, indeyslar va boshqa xalqlarda tarqalgan.

CHOCH RAQSI — mil. birinchi mingyillik o‘rtalarida Xitoyda shuhrat qozongan raqs turi. Chjechji (Choch — Toshkent) nomi bilan atalgan. Choch raqsini, asosan, qiz-juvonlar ijro etgan. Raqsga avval bir kishi tushgan, ya’ni yakka o‘yin hisoblangan. V-VI asrlarda esa, 5 kishi, keyingi asrlarda esa 24 kishi o‘ynagan. Choch raqsi davra qilib, aylanib o‘ynalgan, u milliy musiqa, maqom va xonanda ashulasi bilan ham qo‘shib yuborilgan. Raqqosalardan biri davraning markazida o‘ynab, o‘yinni boshqarib borgan. U xuasin ("œgulning markazi") deb atalgan. Raqqosalar qimmatbaho matolardan tikilgan, dur va javohirlar, chiroyli kashta nusxalar bilan bezalgan liboslarda chiqishgan. Choch raqsi xitoyliklarni o‘ziga maftun etgan. o‘sha davrlarda yozilgan musiqa risolalarida bu o‘yinga juda yuqori baho berilgan. Mas., Chyan Yan o‘zining «Musiqa kitobi» asarida «Xitoyliklar chjechji raqsini ijro etishda xuslar (xorijiylar) bilan tenglasha olmaydilar», deb yozgan. Xitoy shoirlari Choch raqsining maftuni bo‘lib, unga bag‘ishlab 29 ta she’r va qasidalar yozganlar.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:15:41

CHOKARLAR — ilk o‘rta asrlar (IV-VIII asrlar)da qishloqning yirik mulkdor-dehqonlarning istehkomli qo‘rg‘onlari va mulklarini qo‘riqlash va ularni tashqi hujumlardan muhofaza etish uchun tuzilgan yollanma qurolli otryad (guruh). Chokarlar guruhi 30-40, 50-100 va undan ortiq harbiy navkarlardan iborat bo‘lgan. Ular qilich, qalqon, nayza hamda kamon sadoq to‘la o‘qlar bilan qurollangan. Chokarlar dehqon qo‘rg‘onlariga yaqin yoki shahar girdida bino qilingan istehkomlarda yashaganlar. Bunday istehkomlar Chokardiza deb yuritilgan. Toshkentning Chaqar va Samarqandning Chokardiza kabi mahallalari ilk o‘rta asrlarda chokarlar joylashtirilgan qarorgohlarning o‘rni bo‘lgan. Chokarlar baquvvat va abjir hamda o‘z valine’matiga sadoqatli o‘spirinlardan tanlab olingan. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, o‘sha davr udumi bo‘yicha, hojasi vafot etgan chokarlar hatto u bilan birga tiriklayin go‘rga ko‘milishi lozim bo‘lgan. Bunday sadoqatli va jangovar chokarlar bilan dehqonlar yovgarchilik paytlarida dushmanga qarshi harbiy yurishlarda qatnashar, osoyishtalik zamonda esa ularga suyanib qishloqning ziroatkor aholisi ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatishga harakat qilgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:15:58

TARIXIY — GEOGRAFIK NOMLAR

AJINATEPA
— budda ibodatxonasi xarobasi saqlangan tepalik (VI-VIII asrlar). Qo‘rg‘ontepa shahri (Tojikiston Respublikasi)dan 12,5 km sharqda. Tojikiston arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan qazib o‘rganilgan (1961-1969-yillar). Ibodatxona va monastirdan iborat 2 qismli inshoat (100x50) topilgan. Qazishmalar davrida besh yuzdan oshiq san’at yodgorliklari — haykallar, naqshlar, devoriy rasmlar va ularning parchalari topilgan. Buddaning o‘lim to‘shagida yotgan 12 metrli haykali va sovg‘a keltirayotganlarning devoriy rasmlari muhim tarixiy ahamiyatga ega.

AL-FIR QAL’ASI — IV asrda Xorazmshoh Afrig‘ tomonidan Kat shahri yonida qurilgan qal’a. Beruniy ta’riflashicha, uning "œuchta devori paxsadan va xom g‘ishtdan qurilgan; bularning biri ikkinchisi ichiga joylashgan; har birining balandligi boshqasinikiga qaraganda oshib boradi, ammo shohlar qasri hammasidan ham balanddir" — deb yozadi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:16:08

AXSIKAT — qadimgi shahar xarobasi. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shahand qishlog‘i hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Axsikat shahri mil.avv. III-II asrlarda vujudga kelgan, IX-X asrlarda Farg‘ona vodiysining poytaxti bo‘lgan. 1219-yil mo‘g‘ullar tomonidan butunlay vayron qilingan. Axsikatning eski o‘rnidan 5-7 km g‘arbda bunyod etilgan yangi shahar — Axsi XIV-XVII asrlarga oiddir. Axsikatni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari XIX asr oxirlari — XX asr boshlaridan boshlangan. 1885-yil N.I. Veselovskiy, 1914-yil I.A.Kastan’e qazish va qidiruv ishlari olib borgan. Sho‘rolar davrida M.E.Masson (1939) va A.N. Bernshtat (1948)lar tekshirganlar. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Axsikat ark, shahriston va raboddan iborat bo‘lganligi, shaharning uch qismi ham alohida devorlar bilan o‘ralganligi, arkda hokim saroyi, zindon, shahristonda ichki bozor, jome masjidi, pishiq g‘ishtdan ishlangan hovuz va ariqlar, rabodda hunarmandlar mahallalari va tashqi bozor mavjud bo‘lganligi aniqlangan. Axsikat Namangan o‘lka shunoslik muzeyi xodimlari tomonidan ham o‘rganilgan (1957-1959). 1960-yilda O‘zbekiston FA Tarix va arxeologiya instituti uyushtirgan maxsus ekspeditsiya Axsikat rabodidan XI asrga oid ko‘hna hammom o‘rnini ochgan. U yerdan sopol idish quvir, chaqatanga va shisha buyumlar topilgan. Bundan tashqari, Axsikat xarobalaridan g‘arbroqda O‘rta asrlarga oid yana bir shahar xarobalari borligi aniqlangan. Akademik Y. G‘. G‘ulomov va arxeologik I. Axrorov maskur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikki shahar bo‘lganligini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Bobur Mirzo tug‘ilgan Axsi ekanligini birinchi bo‘lib isbotladilar. 1967-yilda rassom I.A. Semernov Axsikat xarobalaridan yig‘ib jamlangan sopol idish, jez buyum va zeb-ziynatlar majmuasini Moskvadagi sharq xalqlari davlat muzeyiga taqdim etgan. Axsikat yodgorligi o‘zbek xalqi madaniyati tarixida muhim o‘rin tutganligi uchun 1950-yildan davlat muhofazasiga olingan

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:16:27

BOLALIKTEPA — termizshohlar qal’a-qasri xarobasi (V-VIasrlar). Termiz shahridan 30 km shimolda. Katta va kichik tepaliklardan iborat bo‘lgani uchun shunday atalgan. Bolaliktepani san’atshunos-arxeolog L.I.Albaum o‘rgangan (1953-1955-yillar). Qal’a-qasr to‘rtburchak shakldagi paxsa poydevor (30x30x6 metr) ustiga xom g‘isht (50x30x10 sm) dan qurilgan bo‘lib, 16 xonadan iborat (ulardan 11 tasi V asrda, 5 tasi VI asrda bunyod etilgan). Tashqariga qaragan xonalarning devorlari nishon tuynukli. Eng katta xona o‘rtasida xom g‘ishtdan davra tarhli otashkada (diametri 1,2 metr, balandligi 60 sm) ishlangan. Undagi kul qoldiqlari ichidan kuygan bug‘doy doni va o‘rik danaklari topilgan. Xonalardan sopol va shisha idishlar, turli musiqiy asbob bo‘laklari, naqshinkor chilim, taqinchoqlar qadalgan ipak kiyimlar parchasi, chordana qurib bola emizayotgan ayol tasviri tushirilgan shisha turunj (medal’on), yog‘och qoshiq va boshqalar topilgan. Xonalardan birida devorlarida to‘y marosimi aks ettirilgan devoriy rasmlar topilgan.

BO‘ZSUV — Chirchiq daryosidan chiqarilgan qadimgi kanal. Bo‘zsuv Chirchiqning o‘ng sohilidagi qadimgi terassalar bo‘ylab shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga tomon yo‘nalib, Toshkent viloyati Qibray, Zangiota va Yangiyo‘l tumanlari, Toshkent shahri hududi, shuningdek Qozog‘iston Respublikasi yerlaridan o‘tib, Chinoz yaqinida Sirdaryoga quyiladi. Uzunligi 159 km.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:17:22

EFTALIYLAR DAVLATI (V asrning ikkinchi yarmi — VI asrning 60-yillari) — O‘rta Osiyo, Sharqiy Eron, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Turkiston yerlarini birlashtirgan ilk o‘rta asr davlati. Eftaliylar asos solgan. Uning asosiy negizini Baqtriya-Toxariston tashkil qilgan. Shu yerdan turib eftaliylar qo‘shni davlatlarga yurishlar qilganlar. Eftalon deb yuritilgan shoh Vaxshunvor eftaliylar yurishiga boshchilik qilgan.

FRAGONA — Farg‘ona qadimda shu nom bilan yuritilgan.

ILOQ — tarixiy viloyat. Toshkent viloyatining janubiy qismida. Ohangaron daryosi (XIII asr boshlariga qadar Iloq deb atalgan) havzasida bo‘lgan. Qadimgi dehqonchilik va konchilik mintaqalaridan. Milodiy V asrdan mustaqil davlat sifatida ma’lum. Iloq hukmdorlari "œIloq dehqonlari" unvoni bilan yuritilib, katta iqtisodiy va siyosiy mavqega ega bo‘lgan. VI-VII asrlarda Shoshga qo‘shilgan. IX-X asrlarda 17 shahar bo‘lgan. Aholisi dehqonchilik, chorvachilik, keng ko‘lamda ma’dan qazish va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Iloq aholisi jangovarligi va erksevarligi bilan mashhur bo‘lgan. Iloqda davlat zarbxonasi bo‘lgan. X asr oxirlarida Iloq Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirgan. Mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng Iloq yerlari jaloyirlar qabilasi tasarrufiga o‘tgan. Iloq nomi XIV asrdan manbalarda uchramaydi. Poytaxti Tunkat shahri bo‘lgan.

Qayd etilgan