XORAZMSHOH — Xorazm hukmdorlarining unvoni. Beruniy asarlarida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, dastlab xorazmshohlar unvoni bilan Xorazm-ni Kayxusrav idora etgan. quyidagi 4 sulola: afrig‘iylar (305-995); ma’muniylar (995-1017); oltintoshlar (1017-34); anushteginiylar (1077-1231) hukmdorlari xorazmshoh unvoniga ega bo‘lganlar.
XOQON, QAG‘AN, QOON — O‘rta Osiyolik ayrim xalqlarda, shu jumladan, turkiy xalqlarda hukmdorlarning eng oliy unvoni. Ushbu unvon imperator, shaxanshoh unvonlari bilan teng ma’noni bildirgan. Mil.avv. I asrdan to so‘nggi o‘rta asrlargacha O‘rta Osiyo, Shimoliy Xitoy, Shimoliy Kavkaz, Janubiy Rossiya, Sharqiy Yevropa, Eron, Hindiston va boshqa o‘lkalarda hukm surgan turkiy sulolalar aksariyati hukmronlar uchun qo‘llangan. Dastlab mil. avv. I asrda Osiyo hunlarida ko‘ringan ushbu unvon Yevropa hunlari — gunnlar, syanbilar, tabg‘ach, eftaliylar, Avar xoqonligi (Sharqiy Yevropada), Turk xoqonligi, Xazar xoqonligi, Uyg‘ur xoqonligi davlatlarida mavjud bo‘lgan. Keyinchalik, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Usmoniylar davlatlarida ham yuksak unvon sifatida qo‘llanilgan. Bundan tashqari, ushbu unvon turkiylar bilan qo‘shni bo‘lgan boshqa xalqlarda: slavyanlarda (Kiev Rusi davlati), mo‘g‘ullar (Chingizxon imperiyasi)da ham ishlatilgan. Ayniqsa, Turk xoqonligi davrida oliy hukmdor sifatida davlat tepasida xoqonlar turgan. Bu davrga taalluqli qadimiy turkiy, xitoy, yunon, arman, sur-yoniy, sug‘diy, baqtriy, tibet tilidagi manbalarda turk xoqonlari haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Xitoy yilnomalarida xoqonlarning taxtga chiqish marosimi haqida keng tafsilotlar berilgan. Jumladan, xoqon bo‘ladigan shaxs oq kigiz ustiga o‘tirg‘izilib, 9 kishi tomonidan yuqoriga ko‘tarilgan holda o‘tov (chodir)ning atrofida quyosh yo‘nalishida 9 marotaba aylantirilgan. So‘ngra esa ipak ro‘mol bilan tomog‘i siqilib, undan qancha yil hukmdor bo‘lishi so‘ralgan, og‘zidan chiqqan birinchi tovush yoki so‘zga qarab, uning qancha muddat hukm surishi tayin qilingan. Shunga o‘xshash ma’lumotlar yunon, arab, fors, turkiy manbalarda ham saqlanib qolgan. Turk xoqonligi davrida, jumladan, VI-VIII asrlarda O‘rta Osiyoning bir qancha o‘lkalarida; Toxariston, Sug‘d, Farg‘ona, Choch, Yettisuvda "œxoqon" unvoni bilan tangalar chiqarilgan.