Abituriyentlar uchun yordam: O'zbekiston tarixidan saboqlar  ( 701154 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 140 B


muxbir  26 May 2008, 15:17:41

ITIL, Idil, Etil — o‘rta asr arab va fors adabiyotlarida Volga daryosining atalishi. Tatar, boshqird, chuvash va boshqa turkiy xalqlarda hozir ham qo‘llanilib kelinadi. Mahmud Qoshg‘ariyning "œDevonu lug‘otit turk" asarida Etil — vodiyning nomi.

ISHTIXON — Samarqand viloyati, Ishtixon tumanidagi shahar. U qadimdan ma’lum bo‘lib, ilk zamindorlik davrida mustaqil hokimlikning markazi bo‘lgan, keyinchalik Sug‘diyona tarkibiga kirgan. Samarqand arablar tomonidan bosib olingach (VIII asr boshlari), Sug‘d ixshidlari Ishtixonga kelib uni poytaxt qilgan. X asrda Ishtixon qal’a, shahriston va raboddan iborat katta shahar bo‘lgan. Keyingi asrlarda ham yirik savdo shahri sifatida mashhur edi. Tarixiy manbalarda Ishtixon savdo-sotiq rivojlangan, atrofi bog‘-rog‘, dalalar bilan o‘ralgan chiroyli shahar sifatida tilga olinadi. Ishtixonga Zarafshon daryosi orqali suv kelgan. Keyinchalik shahar xarobaga aylangan. Uning o‘rnida kichikroq qishloq (hozirgi Ishtixon shahri) vujudga kelgan.

KAT — Xorazmning qadimgi poytaxti.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:17:56

KIDARIYLAR davlati (V asr) — O‘rta Osiyoda ilk o‘rta asrlarda yuzaga kelgan turkiy davlat. Ko‘chmanchi chorvador aholi bo‘lgan toxarlar V asrning 20-yillarida Sharqdan Sirdayo va Orol bo‘ylari orqali Xorazm hamda Amudaryo havzasiga kirib keladi. Toxarlar kushonlarning avlodlaridan bo‘lib, Kidar ismli hukmdor ularga yo‘lboshchi edi. Shuning uchun ular kidariylar nomi bilan tilga olinadi.

KO‘KCHA Oqtepasi — arxeologik yodgorlik (VI-XI asrlar). Toshkentning janubi-g‘arbiy qismida, Ko‘kcha arig‘i bo‘yida joylashgan. 1927-yil N.G. Mallitskiy tomonidan qayd etilgan. 1968-yil Toshkent aarxeologiya ekspediyasi tekshirgan. Qo‘rg‘onning balandligi 5 metrga yaqin bo‘lgan. Undan VI-VIII asrlarga mansub turli xil sopol idishlar, sopol ostodon topilgan. Tepalikning do‘ng qismi ostidan xom g‘isht va paxsadan barpo qilingan imorat qoldiqlari kavlab ochilgan. Ko‘kcha Oqtepasida hayot X-XI asrlargacha davom etganligi aniqlangan. Hozir tekislab tashlangan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:18:11

KOSON — Qashqadaryo viloyatidagi shahar. Koson tumanining ma’muriy markazi, viloyatning g‘arbiy qismida. Koson o‘rnidagi dastlabki qishloq milodning boshlarida vujudga kelgan, Yerqo‘rg‘on hayot tanazzulga uchragach, aholi bu yerga ko‘chgan. IV-V asrlarda qal’a bunyod etilib, atrofi mudofaa devori bilan o‘rab olingan; u mo‘g‘ullar istilosi davrigacha (XIII asr boshi) mavjud bo‘lgan. Mo‘g‘ullar istilosidan avval Kosonning mudofaa devori 3 marta ta’mirlangan bo‘lib, kengligi 10 metrga yetgan. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, Kosonda ancha vaqtgacha hayot so‘ngan va faqat XV-XVI asrlardagina qayta jonlangan. Karvon yo‘lida bo‘lgani uchun savdo va hunarmandchilik rivojlangan. IV-VI asrlarga oid mis tangalarda "œKosonning ulug‘ shohi" deb yozilgan sug‘diycha bitik aniqlangan (E.Rtveladze). U shoh qarorgohi bo‘lgan. XVI asr 40-yillarida shayboniylarga qarshi Kosonda Bobo Mirak qo‘zg‘oloni sodir bo‘lgan. XVII asrdan Ashtarxoniylar, XVIII asr o‘rtalaridan Buxoro amirligi tarkibida. Antik manbalarda uchraydigan Ksenippa viloyatining nomi Koson atamasining o‘zgargan shakli bo‘lishi mumkin. Undagi "œpa" qo‘shimchasini sug‘diycha "œob", ya’ni suv deb hisoblansa, qadimda Qashqadaryodan chiqarilgan kanal Kosonob ya’ni Koson daryosi deb atalgan bo‘ladi.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:18:35

KUYOVQO‘RG‘ON — ilk o‘rta asrlarga oid badavlat dehqon qo‘rg‘oni (V a.). Yodgorlik Termizdan 26 km shimolida, Angor tumanida, Zartepadan 300 m sharqda joylashgan. Kuyovqo‘rg‘on 1977-yili Arxeologiya insitutining Baqtriya ekspedisiyasi tomonidan to‘liq ochib o‘rganilgan. Kuyovqo‘rg‘on haykallari O‘rta Osiyodagi ilk asrlarga oid hayotiy obrazlarni o‘zida mujassamlashtirgan yagona haykaltaroshlik namunasidir. haykallar ilk o‘rta asrlardagi Toxaristonning boy va yuqori rivojlangan moddiy va ma’naviy madaniyatidan dalolat beradi. Kuyovqo‘rg‘on ilk o‘rta asrlarga xos bo‘lgan qo‘rg‘on me’morligining dastlabki ko‘rinishidir. qo‘rg‘on o‘zining ilg‘or me’moriy yechimlari bilan ajralib turadi.

MUG‘ QAL’A, QAL’AI MUG‘ — istehkom qal’a xarobasi (V-VI asrlar). Qum daryosining Zarafshon daryosigacha kelib quyilish burchagidagi (Tojikiston) tog‘ cho‘qqisi ustiga qurilgan ikki qavatli qasr-qo‘rg‘on. Bu qurilish undan avvalgi inshoat o‘rnida amalga oshirilgan bo‘lishi, ehtimol. Chunki, qadimgi yunon mansablarida zabt etish mushkul bo‘lgan "œsug‘d qoyalari" haqida ma’lumotlar uchraydi. Olimlarning fikricha, Mug‘ qal’a shunday istehkom "œqoya" lardan biri bo‘lgan. O‘rta asr yozma manbalarida Mug‘ qal’aga nisbatan abargar nomi ishlatilgani ham ma’lum. Bu sug‘dcha atamaning ma’nosi "œtog‘ ustidagi" demakdir. Mug‘ qal’ada 1932-yilda tasodifan bir sug‘dcha hujjat topilishi, uning xaroba qoldiqlarida arxeologik qazish ishlari boshlanishiga sabab bo‘ldi. Mug‘ qal’ada o‘tkazilgan qazishmalar natijasida mustahkam devor bilan o‘ralgan ixcham hovli yuzasi hamda qamal holatda yashashga mo‘ljallangan xo‘jalik va turar joy binolari majmuidan iborat qo‘sh qavatli inshoat qoldiqlari namoyon bo‘ldi. Yuzlab moddiy va ashyoviy topilmalar bilan bir qatorda Mug‘ qal’a xarobalarida sug‘d, qadimgi turkiy, xitoy va arab yozuvlari bilan bitilgan 80 ta hujjatdan iborat qadimgi arxiv qo‘lga kiritildi. Mug‘ qal’a yozma yodgorliklarining guvohlik berishicha, qal’a arab istilosi davrida (722) vayronaga aylantirilgan. Mug‘ qal’ada Panch (ilk o‘rta asr Panjikenti) hokimi Devshtich o‘z yaqinlari va arkoni davlati bilan qamal qilinib asir olingan, keyinchalik qatl etilgan. Inshoat esa buzib tashlangan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:18:47

OLTINTEPA — o‘rta asr shahar xarobasi (V-XIII asrlar). Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanidagi Qorabog‘ qishlog‘i yaqinida joylashgan. Oltintepa dastlab ToshDUning arxeologik ekspedisiyasi tomonidan tekshirilgan (1966). 1964 yildan muntazam arxeologik tadqiqotlar olib borilgan. Shahar ikki qismdan: hisor rolini o‘ynagan markaziy qism (2,5 ga dan ortiq) va raboddan iborat. Oltintepadagi markaziy tepalikning hajmi 160x160 m, balandligi 13 m ga yaqinni tashkil qiladi. Oltintepaning umumiy mayd. 40 ga bo‘lgan. Dastlab Oltintepa o‘rnida V-VI asrlarda kichik qishloq yoxud alohida turgan inshoat joylashgan; u VII-VIII asrlarda kengaygan. Asosiy tepalik mudofaa devori bilan o‘rab olingan, qishloqni shaharga aylanish jarayoni kechgan. X asrda shahar nihoyatda katta bo‘lgan, hunarmandchilik rivojlangan. XIII a. boshida mo‘g‘ullar istilosi natijasida vayron bo‘lib, XIII asrning 30-yillarida shahar hayoti qayta jonlangan. Oltintepadan ko‘plab sirlangan, turli xildagi naqshlar, yozuvlar bilan bezatilgan sopol idishlar (ko‘za, xum, lagan va b.), tangalar, o‘yma naqsh tushirilgan terrakota parchalari, o‘g‘irlar, jez ko‘zgu, kuldon, haykalchalar va boshqalar topilgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:19:04

OLTOY (turkiy va mongol tillarida altan-oltin) — Osiyodagi tog‘ sistemasi, RF, Mongoliya va Xitoy hududida. Shimoliy-g‘arbda G‘arbiy Sibir tekisligidan janubiy-sharqda Gobi tekisliklarigacha cho‘zilgan. Uzunligi 2000 km. Ayrim tizmalardan iborat. Baland cho‘qqilari g‘arbiy qismida (Beluxa, 4506-metr). Oltoy uch qismga — Asl Oltoy, Gobi Oltoyi va Mongoliya Oltoyiga bo‘linadi.

PANJAKENT, PANJIKENT — Tojikistonning Sug‘d viloyatidagi shahar. Zarafshon daryosi vodiysida, Samarqanddan 68 km janubi-sharqda. Hozirgi Panjikentdan 1,5 km janubi-sharqda qadimgi Panjikent shahri xarobalari joylashgan. Uning maydoni 13,5 ga, shahriston, ko‘handiz, rabod va qabristondan iborat. Shahristondan ko‘p ko‘cha tarmoqlari, xom g‘isht va paxsadan qurilgan ikki qavatli ayvonli turar joy binolari, hunarmanchilik ustaxonalari va do‘konlar qoldig‘i topildi. Shahriston markazida V-VII asrlarga oid ibodatxona ko‘rinishida ikkita bino bo‘lgan. Shahar devoridan g‘arbda uch qavat istehkom bilan o‘ralgan ko‘handiz joylashgan. Shahardan sharqda esa ikki qavat uyli hovlilar (chorbog‘lar) bo‘lgan. Ko‘handizga qamal vaqtida yashashga mo‘ljallangan mustahkom minora (donjon) va hokim saroyi joylashgan. Arxeologik qazishlar jarayonida Panjikentdan bir necha ming jez va kumush tanga topilgan. Bulardan Panjikentda zarb qilingan sug‘d tangalari alohida qimmatga ega. Sopol parchalariga sug‘d tilida va kamdan-kam arab tilida tush" siyohda yozuvlar bitilgan. Ko‘pchiligi yong‘in paytida kuyib ketgan sopol haykallar, o‘yib ishlangan yog‘och shakllar, shuningdek, har xil mazmundagi manzaralar tasviri va naqshgul solingan yog‘och g‘o‘lalar topildi. Shahar V-VIII asr o‘rtalarida ravnaq topgan, VIII asr I-choragida shaharni arab bosqinchilari vayron qilgan. VIII asr ikkinchi yarmida Panjikent butunlay xarobaga aylanib, aholi yashamagan. Qadimgi Panjikent asosida muzey-qo‘riqxona tashkil etilgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:19:22

PARAK — O‘rta asrlarda Chirchiq daryosining nomi.

QUBODIYON, QABODIYON — O‘rta Osiyodagi tarixiy viloyat. Kofirnihon daryosining quyi oqimida, Sag‘oniyon bilan Vaxsh oralig‘ida, hozirgi Qo‘rg‘ontepa viloyatining Shartuz tumani (Tojikiston) hududida joylashgan. Toxaristondagi eng kuchli va nufuzli bo‘lgan viloyat, uning mahalliy hukmdorlari harbiy kuchlar zarur bo‘lgan paytlarda 50 minggacha chokar to‘play olardi.Xitoy manbalarida (VII a.) Ke-xo-yen-na mulki tarzida keltirilib, uning hududi sharqdan g‘arbga tomon ikki kunlik yo‘l ekani qayd etilgan. Qubodiyonning markaziy shahri Sag‘oniyon poytaxtidan qolishmagan. Shaharda uchta Budda monastiri joylashgan. O‘rta asrlarda Qubodiyon nomi ilk bor Tabariy asarida 725-y. Asad ibn Abdullohning Xuttalonga yurishi munosabati bilan uchraydi. Qubodiyon VIII a. o‘rtalarida arablar tomonidan bosib olingan. IX asrda Qubodiyon ma’muriy jihatdan Xuttalon viloyatiga qaragan. X asrda esa Sag‘oniyon (Chag‘oniyon) viloyati tarkibida bo‘lgan. Sam"oniyning yozishicha, XII asrda Qubodiyon Balx viloyatiga mansub obod nohiya edi. Qubodiyon hududini Romil daryosi kesib o‘tgan. Bu yerda arablarning tamim qabilasi yashagan, ular harbiy ishda mohir bo‘lishgan. Hozirda Qo‘rg‘ontepaning jan.-g‘arbidagi tuman markazi Qabodiyon deb ataladi. Uning atrofida Kaykubodshoh va Qal’ai Mir shahar xarobalari bor, lekin Qubodiyon markazi o‘rni Shaartuzdan 9 km masofada joylashgan Qiziltepa yoxud Qizqal’a o‘rnida bo‘lgan. Bu yerda hayot kushonlar davridan XIII a. boshiga qadar davom etgan. XI asrda Xurosonda ro‘yan o‘simligining «kubodi» nomli maxsus navi mashhur bo‘lgan. Bu nav Qubodiyonda etishtirilgan va X asrda asosiy qishloq xo‘jaligi ekini hisoblangan; ro‘yan katta miqdorda Hindistonga eksport qilingan. Undan olingan daromadning bir qismini viloyat hokimi olgan. XVII asrda ham ro‘yan Qubodiyondan chetga chiqariladigan asosiy qishloq xo‘jaligi mahsuloti sanalgan, undan tashqari Qubodiyondan ajoyib anorlar va ikki turdagi uzum shinnisi chiqarilgan. Qubodiyon tog‘larida X asrda neft, saqich va bitum, shuningdek, feruza konlari bo‘lgan. XII asrda Somoniy Qubodiyonning mashhur shifobaxsh bulog‘i haqida yozgan. Bu buloq hozirda Chiluchor chashma deb ataladi. Uning oldida yaqin vaqtlargacha eski masjid bo‘lgan, uning ustunlaridan birida masjid qurilgan sana (749-y.) ko‘rsatilgan. XIX a. va XX a. boshida Qubodiyon Buxoro amirligining Qubodiyon bekligiga bo‘ysungan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:19:33

QUVA — Farg‘ona viloyatidagi shahar. Farg‘ona shahridan 40 km. Qadimgi Fargo‘na tumanidagi eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lgan. Quva "œHudud ul-olam" asarida (X asr), arab geograflaridan Istaxriy, Ibn Havkal, Maqdisiy asarlarida Quba deb tilga olingan. O‘rta asrlarda Quva alohida viloyat poytaxti bo‘lgan va Farg‘onada Axsikatdan so‘ng ikkinchi shahar hisoblangan. Quva gullab-yashnashi uzoqqa cho‘zilmadi. X asrdan keyin Quvaning shahar ekanligi haqida ma’lumot yo‘q. "œBoburnoma" da Quva Andijondan 4 og‘och (Farsax) narida joylashgan qishloq deb aytiladi. Quva 3 qismdan: ark, shahriston va raboddan iborat bo‘lgan. Qazishmalar natijasida Quva shahrining mil.avv. vujudga kelganligi aniqlandi. Shahar hayoti milodning birinchi ming yilligi o‘rtalari hamda X-XII asrlarda ikki marta rivojlanish bosqichlarini boshidan kechirgan. Birinchi bosqich arablar istilosi, ikkinchi bosqich esa XIII asrda mo‘g‘ullar istilosi tufayli tugagan. Shahar atrofini mudofaa devoir o‘rab olgan. Quvada turar joy binolari kompleksi hamda budda diniga mansub ibodatxona qazib tekshirilgan. Ibodatxona o‘rtasida hovli bo‘lib, eshiklari janubga qaragan. Ibodatxona binosi kvadrat va to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida qurilgan. Uning balandligi 3,60 m bo‘lib, g‘isht va loydan qilingan sun’iy ko‘tarmadan iborat. Ibodatxona devorlaridagi tokchalarga budda xudolarining haykallari qo‘yilgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:21:41

QO‘SHTEPA YODGORLIGI — Urgut yaqinidagi cho‘qintirish marosimi tasvir etilgan yodgorlik.

SUG‘D, SO‘G‘D, SUG‘UD — O‘rta Osiyodagi qadimiy tarixiy-madaniy viloyat. "œSug‘d" so‘zining ma’nosi fanda turlicha talqin qilib kelinadi. Masalan, So‘ch — So‘z — «kuymoq, yonmoq, porlamoq» deb izohlangan. Bundan Sug‘dni "œMuqaddas ilohiy olov (Zardushtiylik tasavvuriga ko‘ra) bilan poklangan yer" kabi ma’noda talqin etishga harakat qilingan. Yana bir izohga ko‘ra, "œSug‘d" so‘zi sernam, unumdor yer deb tushuniladi. Bunga hozirga qadar pastlik, suv yig‘iladigan yer "œSug‘d", "œSug‘ut" deb atalishini dalil qilib ko‘rsatiladi. "œSug‘d" mamlakati (poytaxti — Samarqand, 645-654 yillarda Kesh) uch tarixiy-geografik hududni birlashtirgan. Samarqand Sug‘di, Buxoro Sug‘di va Kesh-Naxshab Sug‘di har uch qism o‘zaro tabiiy chegaraga ham ega edi: Zarafshon tog‘ tizmalari Samarqand va Kesh-Naxshab o‘rtasini, Karmanadan keyin Malik cho‘li Buxoro va Samarqand Sug‘dini ajratib turgan. Buyuk ipak yo‘lining markaziy tarmoqlari Sug‘di orqali o‘tgan. Natijada Sug‘d xalqaro savdo munosabatlarida muhim o‘rin tuta boshlagan. Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab Sug‘d savdogarlarining qishloqlari, shaharlarida esa ularning mahallalari paydo bo‘lgan. Sug‘d tili xalqaro til rolini o‘ynagan. Bu hol Xitoy sayyohlari tomonidan Sug‘dning chegaralari haqida noto‘g‘ri tasavvurlar hosil qilgan (Syuan Szan). Sug‘d asta-sekin har 3 qismni o‘z atrofiga to‘plagan konfederativ davlat uyushmasiga aylanib borgan. Mil. birinchi ming yillikning birinchi yarmida Sug‘d kushonlar, xioniylar, abdallar, kidarlar ta’sirida bo‘la turib, o‘z nisbiy mustaqilligini saqlab keldi. Sug‘d konfederasiyasi mil. VI a. o‘rtalaridan VIII asrning boshlarigacha siyosiy jihatdan kuchayib borgan. Arab istilosining boshlang‘ich davridan (VIII asrning birinchi choragi), to Sug‘d podshosi Turg‘ar davri oxirigacha (738-759-yillar) Sug‘d o‘zining konfederativ xususiyatini saqlashga harakat qilgan. Turg‘ardan keyin Sug‘dda ixshidlik siyosiy hokimiyat tugab, mamlakat xalifalik tarkibiga singdirilgan.

Qayd etilgan


muxbir  26 May 2008, 15:21:57

TALIQON, TOLIQON, TALQON — o‘rta asrlarda Shimoliy Afg‘onistondagi qadimgi shahar va viloyat. Taliqon o‘rta asrlarda Toxaristonning poytaxti bo‘lsa-da, Balxdan 3 marta kichik edi. Taliqon Qunduzdan sharqda, Qunduzdaryo irmog‘i Taliqon daryosi bo‘yida joylashgan. Taliqon mustahkam istehkomli, savdo yo‘llari kesishgan yerda joylashgani uchun obod va boy shahar hisoblangan. O‘rta asrlarda uni, shuningdek, "œXuroson Taliqoni" deb ham atashgan, chunki ayni vaqtda bu nomdagi yana 2 shahar Qazvin va Reya viloyatlarida ham bo‘lgan. Mahmud ibn Valining yozishicha, Maymana viloyatidagi shahar ham Taliqon deb atalgan. Firdavsiyning "œShohnoma" sida Taliqon shahri Afrosiyob podsholigi davri voqealari munosabati bilan qayd etilgan. Qadimda Taliqon atrofida chegara, tosh minorasi bo‘lgan, uni sosoniylar shohi Varavran V (421 438 hukmronlik qilgan) bunyod etgan. Arablar istilosi arafasida Taliqon alohida bir mulk bo‘lib, uni Sahrak yoki Suhrob nomli shoh idora etgan. X asrda Taliqon shahri Guzganon viloyati shohiga tobe bo‘lgan. XII asrda Taliqon manbalarda yana Xurosonning alohida viloyati tarzida qayd etilgan va unga bir qancha shahar va qishloqlar qaragan. Taliqon qal’asi o‘rta asrlarda Mansurko‘h yoki Nusratko‘h deb nomlangan. U juda mustahkam bo‘lib, XIII asrda Chingizxon qo‘shinlari uni kuch bilan egallay olmay, 7 oy qamal qilib olishga majbur bo‘lishgan. Amir Temur va temuriylar davrida Taliqon dastlab Pirmuhammad ibn Jahongir mulki, so‘ngra Shohruh davrida uning o‘g‘li Ibrohim Sultonga tegishli bo‘lgan. XVI asr oxirida Taliqonni temuriy Sulton Mahmud Mirzo va Xisravshohning noiblari idora etishgan. 1503-1504-yillarda Toxariston va Badaxshonning katta qismini Shayboniyxon qo‘shinlari bosib olganda bu viloyatlar Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonga in’om etilgan. Shayboniyxon o‘limidan so‘ng (1510) Toxariston va Badaxshonning katta qismi yana temuriylar (Mirzaxon o‘g‘li Sulaymonshoh) tasarrufida bo‘lgan. Biroq uning nabirasi va vorisi Shohruh Mirzo davrida Taliqon Badaxshon shohlaridan Shoh Imod qo‘liga o‘tgan. 1584-yil Taliqonga shayboniylar qo‘shni kelib shahar Mahmud sulton ibn Sulaymon sultonga qaragan. U o‘z navbatida, Shayboniylarning Balxdagi noibi Abdulmo‘min Sultonga tobe bo‘lgan. Taliqon viloyat markazi maqomini Ashtarxoniylar davrida ham saqlab qolgan. XVIII asrning birinchi yarmida Taliqon yoriylar sulolasidan Mir Sultonshoh tasarrufiga o‘tgan. XVIII asr o‘rtalaridan Afg‘oniston tarkibida.

Qayd etilgan