QO‘SHTEPA YODGORLIGI — Urgut yaqinidagi cho‘qintirish marosimi tasvir etilgan yodgorlik.
SUG‘D, SO‘G‘D, SUG‘UD — O‘rta Osiyodagi qadimiy tarixiy-madaniy viloyat. "œSug‘d" so‘zining ma’nosi fanda turlicha talqin qilib kelinadi. Masalan, So‘ch — So‘z — «kuymoq, yonmoq, porlamoq» deb izohlangan. Bundan Sug‘dni "œMuqaddas ilohiy olov (Zardushtiylik tasavvuriga ko‘ra) bilan poklangan yer" kabi ma’noda talqin etishga harakat qilingan. Yana bir izohga ko‘ra, "œSug‘d" so‘zi sernam, unumdor yer deb tushuniladi. Bunga hozirga qadar pastlik, suv yig‘iladigan yer "œSug‘d", "œSug‘ut" deb atalishini dalil qilib ko‘rsatiladi. "œSug‘d" mamlakati (poytaxti — Samarqand, 645-654 yillarda Kesh) uch tarixiy-geografik hududni birlashtirgan. Samarqand Sug‘di, Buxoro Sug‘di va Kesh-Naxshab Sug‘di har uch qism o‘zaro tabiiy chegaraga ham ega edi: Zarafshon tog‘ tizmalari Samarqand va Kesh-Naxshab o‘rtasini, Karmanadan keyin Malik cho‘li Buxoro va Samarqand Sug‘dini ajratib turgan. Buyuk ipak yo‘lining markaziy tarmoqlari Sug‘di orqali o‘tgan. Natijada Sug‘d xalqaro savdo munosabatlarida muhim o‘rin tuta boshlagan. Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab Sug‘d savdogarlarining qishloqlari, shaharlarida esa ularning mahallalari paydo bo‘lgan. Sug‘d tili xalqaro til rolini o‘ynagan. Bu hol Xitoy sayyohlari tomonidan Sug‘dning chegaralari haqida noto‘g‘ri tasavvurlar hosil qilgan (Syuan Szan). Sug‘d asta-sekin har 3 qismni o‘z atrofiga to‘plagan konfederativ davlat uyushmasiga aylanib borgan. Mil. birinchi ming yillikning birinchi yarmida Sug‘d kushonlar, xioniylar, abdallar, kidarlar ta’sirida bo‘la turib, o‘z nisbiy mustaqilligini saqlab keldi. Sug‘d konfederasiyasi mil. VI a. o‘rtalaridan VIII asrning boshlarigacha siyosiy jihatdan kuchayib borgan. Arab istilosining boshlang‘ich davridan (VIII asrning birinchi choragi), to Sug‘d podshosi Turg‘ar davri oxirigacha (738-759-yillar) Sug‘d o‘zining konfederativ xususiyatini saqlashga harakat qilgan. Turg‘ardan keyin Sug‘dda ixshidlik siyosiy hokimiyat tugab, mamlakat xalifalik tarkibiga singdirilgan.