SHOSHTEPA, CHOCHTEPA — ko‘p qatlamli arxeologik yodgorlik. Toshkent shahri hududida qad ko‘targan eng qadimiy qishloq va ilk qo‘rg‘on — Chochkatning xarobalari (mil. av. VI a. — mil. XVI asrlar). Yodgorlik Jo‘nariqning chap va o‘ng sohillarida joylashgan. Biri tik va baland, ikkinchisi yassiroq ulkan tepaliklardan iborat. Umumiy maydoni taxminan 25 ga. Jo‘nariqning so‘l sohilida joylashgan balalandligi 18-19 m li tik tepa (maydoni 150-120 m) istehkomli ilk qishloq xarobasi bo‘lib, uning ostki madaniy qatlamlaridan qadimiy dehqonchilik madaniyatining so‘nggi bosqichi (mil. av. VI-IV asrlar)da yashagan o‘troq ziroatkor aholi turar joylarining qoldiqlari qayd etilgan. Arxeologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, mil. av. III asrda Janubiy Ural va Sharqiy Orol oldi mintaqalaridan janubga tomon siljigan ko‘chmanchi chorvador sarmat qabilalari qadimiy Chochkatni vayron etib, qabristonga aylantirganlar. Mil. avv. II — I asrlarda Shoshtepada qadimiy qishloq xarobalari ustida atrofi qalin aylanma devor bilan o‘rab olingan doira shaklidagi qal’a-qo‘rg‘on qad ko‘targan. Qalinligi 4 m li qo‘rg‘on devori yirik xom g‘ishtlardan urib chiqilgan. Diametri 60 m li qo‘rg‘on devorining ichki aylanasi bo‘ylab tomi ravoqsimon qilib yopilgan uzun yo‘lak bino qilingan. Yo‘lak qismlarga bo‘lingan va har biridan tashqariga chiqadigan darvozasi bo‘lgan. Qo‘rg‘onning markaziy qismida xoch shaklida monumental bino qad ko‘targan. Uning devorlarining qalinligi 2 m, tomi esa ravoqsimon. Bino qator xonalar va yo‘laklarga ajratilgan. Peshtoqi binoning shim. qanotida, u ravoqli darvozaxona va uning ikki biqinida paykonsimon darchalar joylashtirilgan. Qo‘rg‘on binosining umumiy tarhi: yo‘lakli aylanma tashqi devori-yu, xochsimon markaziy binosi, ravoqli peshtoqi-yu paykonsimon darchalariga qaraganda, u avvaldan anchagina puxta o‘ylangan reja asosida qurilgan zamonasining nodir me’moriy obidalaridan hisoblangan. Shoshtepaning madaniy qatlamlaridan ko‘pdan-ko‘p ashyoviy topilmalar qayd etildi. Ular orasida uy-ro‘zg‘or va xo‘jalik buyumlari: xum, xumcha, ko‘za, bir quloqli va jo‘mrakli ho‘qachalar, ikki quloqli sopol qozonlar, tova, suvdonlar, ho‘kiz boshli kabob qo‘ralar, yoysimon yorg‘uchoqlar, temir pichoq, o‘roq va hakozadan iborat. Topilmalar orasida 2 ta nodir buyum: fil suyagidan yasalgan qadahning bir bo‘lagi va suyakdan ishlangan qalam, ayniqsa, diqqatga sazovordir. hajmi 5 — 3,5 sm.li suyak qadah parchasida boshida ulkan kuloh, keng peshonali, ot yuzli, qirraburun, bodom qovoq, sersoqol va mo‘ylovli o‘rta yoshdagi kishining siymosi qabartma qilib tasvirlangan. Suyak qalamning uzunligi 15 sm. Bir tomoni yozish uchun uchli qilib, ikkinchi tomoni esa ilonni boshidek romb shaklida kurakcha qilib yasalgan. Bu topilmalar mil. birinchi ikkinchi a.larga mansub bo‘lib, Chochda ham qadimda xat-savod bo‘lgani hamda shoshtepaliklar karvon yo‘li orqali Yaqin va o‘rta Sharq mamlakatlari bilan aloqada bo‘lganidan dalolat beradi. Topilmalar ko‘chmanchi dasht bilan o‘troq dehqonchilik vohasi chegarasida uzoq asrlar davomida yonma-yon yashagan hamda bir-biri bilan iqtisodiy va madaniy aloqada bo‘lgan qadimiy qavmlarning yaratgan o‘ziga xos madaniyatining mahsuli edi. Bu madaniyat fanda qovunchi madaniyati deb ataladi. Istehkomli qishloq sifatida qad ko‘targan Shoshtepa mil.avv. II — I asrlarda ilk shaharcha qiyofasiga kirib, u Sirdaryoning o‘rta oqimida tashkil topgan Qang‘ davlatining dasht bilan Toshkent vohasiga tutashib ketgan chegarasidagi istehkom, hunarmandchilik markazi, ko‘chmanchi chorvador aholi bilan o‘troq dehqonlar o‘rtasida olib boriladigan o‘zaro savdo bozori vazifasini o‘tagan. V a. o‘rtalarida chorvador eftaliylarning jan.ga tomon siljishi oqibatida Sh.da qadimdan o‘tparastlik ibodatxonasi bo‘lgan xoch shaklidagi markaziy bino qabristonga aylantirilgan. VI-VIII asrlar boshlarida Shoshtepada hayot yana ancha yuksalgan. Arab xalifaligi istilosi natijasida Shoshtepa vayron bo‘lgan. XI-XII asrlarda undagi hayot birmuncha jonlansa-da, ammo XVI asrda Shoshtepa deyarli xarobaga aylangan. Garchi Shoshtepada qad ko‘targan qo‘rg‘on to‘la shahar qiyofasida shakllanmagan bo‘lsa-da, biroq u Toshkent vohasida shaharsozlik madaniyatini shakllanishi va rivoji tarixini tadqiq etishda muhim ahamiyatga ega yodgorlik hisoblanadi.