O'zbekiston islom obidalari  ( 10439 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


Robiya  07 Iyun 2008, 16:09:38

Assalomu alaykum! ushbu mavzuda O'zbekistonda mavjud bo'lgan islom obidalari tarixi bilan tanishasizlar.

Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:11:48

                                       Buxoro. Ismoil Somoniy maqbarasi

      Maqbara IX-X asrlarga oid. Bu yerga dafn qilingan Ismoil Somoniy Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi. U 848 yil Buxoro shahrida tug'ilgan. 874 yilda Buxoro hokimiga noib, 888 yildan esa butun Movarounnahrga hokim bo'lgan. Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib borib, turli yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga to'plagan. Madaniyat rivojiga katta hissa qo'shgan. Bag'dod xalifalaridan ibrat olib, o'ziga ulkan maqbara qurdirgan.

Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:13:30

                                 Surxondaryo. Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasi
      X-XIV asrlar. Bu me'moriy obida Eski Termiz qal'asining shimoliy-g'arbida barpo etilgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy qator diniy-falsafiy asarlar muallifi, din arbobi, yirik mutasavvif va mashhur olimdir. Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi xonaqoh hujralaridan biri bo'lib, alloma shu yerda faoliyat yuritgan: muridlari, shogirdlari va boshqa darvishlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Shu xonaqohda dafn etilgan. Qabr ustiga Amir Temur o'g'li Shohruh Mirzo zamonida katta qabrtosh o'rnatilgan. Qabrtosh Temuriylar davridagi toshtaroshlik, o'ymakorlik va bezakchilik san'atidan dalolatdir. Hakim at-Termiziy 880 yil Termizda vafot etgan. Hayoti davomida to'rt yuzdan ortiq asar yozgan. Shulardan o'ndan ziyodrog'i bizning zamonamizgacha yetib kelgan. Hadis ilmiga bag'ishlangan "Jome' al-usul" nomli qo'lyozma asari O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.

Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:14:22

                                    Surxondaryo. Sulton Saodat majmuasi
      XI asr. Sulton Saodat sayyidlar sulolasining maqbarasidir. Bu me'moriy majmua oilaviy maqbaralar va marosim xonalaridan iborat bo'lib, asrlar davomida tashkil topgan yaxlit inshootdir. Birinchi maqbarada IX asrning ikkinchi yarmida vafot etgan Hasan al-Amir ismli sayyidning xoki yotibdi. U shu atrofdagi yerlarning egasi, Payg'ambarimiz avlodlaridan hisoblanadi. Sulton Saodat mo'g'ullar istilosi paytida vayron qilingan edi. Termizning sharqiy tomoniga joylashgan bu ziyoratgoh yangidan bunyod etilgan. Qariyb yetti asr (X - XVII) davomida shakllangan bu me'moriy majmua jami yigirmaga yaqin qabrni o'z ichiga oladi.


Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:16:39

                                   Surxondaryo. Abu Iso at-Termiziy maqbarasi
      Hozirgi Sherobod tumani hududida joylashgan ushbu maqbara XI- XII asrlar me'moriy yodgorliklaridan hisoblanadi. At-Termiziy hijriy 209 yilda (mil. 824-825 y.) tavallud topgan. Hofiz az-Zahabiy "Miyzon al-e'tidol "kitobida Termiziyning hijriy 279 yilda vafot etganini zikr qilib, "Vafot etgan vaqtlarida 70 yoshda edilar", deydi. Ismu nasablari - Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok as-Sulamiy al-Bug'iy at-Termiziy. Alloma to'plagan hadislar ishonchliligi va mo''tabarligi jihatidan "Sihohi sitta" (oltita eng sahih hadislar to'plami)ning biri sanaladi. Yoshliklarida ko'p yillar davomida Iroq, Hijoz kabi arab o'lkalarida hadis o'rganib, ularni jamlagan. 250 hijriy yilda Termizga qaytganlar. Shu yili Nishopurda Imom al-Buxoriy bilan uchrashib ko'p hadislar xususida mubohasalar olib borganlar. Bu buyuk vatandoshimizdan "Al-Jome' as-Sahih" ("Sunani Termiziy"), "Ash-Shamoil" ("Shamoili Muhammadiya"), "Al-Hol", "At-Tarix", "Az-Zuhd", "Al-Asmou val-kunya" ("Ismlar va kunyalar") kabi asarlar bizgacha yetib kelgan.

Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:19:55

                                  Navoiy. Mirsaid Bahrom maqbarasi
      Maqbara XI asrda hozirgi Karmana shahri hududida bino etilgan. Uning sohibi mashhur savdogar, islomiy ilmlar bilimdoni Mirsaid Bahrom bo'lib, Karmanadan o'tgan Buyuk ipak yo'li orqali Afg'on, Eron, Arab davlatlariga borib, savdo-sotiq bilan shug'ullangan. Orttirgan mol-dunyosidan ko'plab xayr-ehsonlar qilib, katta obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan. U fiqh, tarix ilmlarini puxta bilgan. Umrining oxirlarida tasavvuf yo'liga o'tib, sohibi karomat darajasiga yetgan.

Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:21:40

                                  Samarqand. Shohizinda maqbaralar majmuasi
      XI - XIX asrlar. Samarqandning Afrosiyob tepaligi janubida barpo qilingan bu majmuaga yigirmadan ziyod maqbara, masjid, xonaqoh va chillaxonalar kiradi. Ularning ichida eng qadimiysi - Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchalari Qusam ibn Abbosning maqbarasi. Inshootlarning aksari XIV - XV asrlarga mansub. Majmua tarkibida sohibqiron Amir Temurning singlisi Shirinbeka oqa, opasi Turkan oqa va xotini Tuman oqalarning maqbaralari ham mavjud.

Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:24:01

                                    Surxondaryo. Jarqo'rg'on minorasi
      XII asr boshi. Hozirgi Jarqo'rg'on tumanining Alisher Navoiy nomidagi jamoa xo'jaligida joylashgan. O'rta Osiyoning shu turdagi minoralari orasida o'zining jimjimador o'n olti tutamlik yarim ustuni bilan ajralib turadi. Bu ustunlar qavariq, (qovurg'a) shaklida bo'lib, yuzasi yotiq kesimda ko'p yaproqli gulga o'xshaydi. Quyiga tusha borgan sari qavariqlar go'yo yig'ilib ketganday tuyuladi. Yuqori qismida esa ular ravoqchalar zanjiri va enli epigrafik hoshiya bilan jipslashgan. Minora asosi baland sakkiz qirrali kursiga o'rnatilgan. Har bir qirraning markazida xushbichim ravoqli tahmonlar bor. Ana shu tahmonlardan bittasi janubiy-g'arbiy qirrada minora ichki aylana zinasiga olib chiqadi.

Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:25:19

                                        Buxoro. Minorai Kalon
      XII asr. 1127 yil Qoraxoniylar davlati amiri Arslonxon tomonidan qurilgan bo'lib, pishiq g'ishtdan naqshdor shakllar uslubida ishlangan. Balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minoraning salla shaklidagi yuqori qismi g'isht o'ymakorligi bilan bezatilib, karniz holiga keltirilgan. O'qsimon tirgak o'rtasida Arslonxonning nomi hamda binokor ustaning ismi Baqo bitilgan. Minora ichida g'ishtin aylanma zinapoya bo'lib, mezanaga olib chiqadi. Minora azon chaqirish uchun masjid va madrasalar yonida yoki ularga tutash qilib qurilgan. Minorai Kalon mezanasining qubbasi va devorlari muazzin ovozini yanada kuchaytirib berishga xizmat qilgan.

Qayd etilgan


Robiya  07 Iyun 2008, 16:26:09

                                    Buxoro. Mag'oki Attori masjidi
      XII - XVI asr. Bu masjid XII asrda otashparast-majusiylar ibodatxonasi o'rnida bino qilingan. Ibodatxona atrofga nisbatan bir muncha pastroqqa joylashgan. Forscha "Mag'oki" (chuqurlik) nomi ham shundan olingan. Vaqt o'tishi bilan masjid ko'milib ketgan. Masjidning sharqiy peshtoqidagi yozuvlarga ko'ra, 1547 yilda Abdulaziz ibn Abdulloh masjidni buzdirib, o'rniga yangi masjid qurdirmoqchi bo'ladi. Ammo naqshbandiya tariqatining o'sha davrdagi peshvosi va xonning murshidi Maxdumi A'zam bunga yo'l qo'ymaydi. Ushbu masjid minbarida Abduxoliq G'ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi pirlar xutba o'qiganlari ham ta'kidlangan. Murshidning so'zlariga itoat qilgan Abdulazizxon masjidning g'arbiy tomoniga chambarchas qilib yangi masjid qurdirgan.

Qayd etilgan