Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 468632 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 ... 107 B


Laylo  08 Iyul 2006, 07:12:19

YIGIRMA TO‘QQIZINCHI BOB
MUSIBATGA SABR QILISH


340. Maoz ibn Jabal (r.a.) rivoyat qiladilar. "Mening bir o‘g‘lim vafot etdi. Shunda Payg‘ambar (a.s.) menga maktub yozdilar: "Allohning rasuli Muhammaddan Maoz ibn Jabalga. Senga Allohning salomi bo‘lsin! Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Zotga hamd aytaman. Ammo ba’d: Alloh ajringni ulug‘ qilib, sabr bersin! Senga va bizga shukrni nasib etsin! Jonimiz, molimiz, ahli oilamiz Alloh bergan ne’mat va omonat bo‘lib, undan ma’lum muddat foydalanamiz. Vaqti kelgach, Alloh uni oladi. Alloh bizga berganida shukr, olganida esa sabr qilishga buyurdi. Bu o‘g‘ling ham Alloh bergan ne’mat va omonat bo‘lib, seni u bilan xursand qilib, foydalantirdi. Agar sabr etib, savob umid qilsang, senga buyuk ajr berish bilan uni oldi. Ey Maoz! Sendagi sabrsizlik ajringni zoe’ qilmasin, pushaymon bo‘lib qolasan. Agar musibatning savobini bilsang edi, musibating kamligini bilarding. Bilki, sabrsizlik o‘limni qaytarib, xafalikni ketkazmaydi. Yetgan musibatga afsus qilma! Vassalom".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:12:26

341. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim dunyo uchun xafa bo‘lib tong ottirsa, Rabbiga g‘azab qilgan holda tong ottiribdi. Kim o‘ziga tushgan musibatdan shikoyat qilib tong ottirsa, Rabbidan shikoyat qilib tong ottiribdi. Kim boyning qo‘lidagi narsaga yetishishlik uchun xushomad etsa, Alloh uning uchdan ikki amalini yo‘q qiladi. Kimga Qur’on berilsa-yu, keyin do‘zaxga kirsa, Alloh uni rahmatidan uzoq qiladi". Ya’ni, kim Qur’onni yod olgan bo‘lsa-yu, undagi hukmlarga amal qilmasa, dangasalik qilib do‘zaxga kirsa, Alloh uni o‘z rahmatidan uzoqlashtiradi. Chunki u o‘zining roziligi deb Qur’onning hurmatini bilmadi.

Vahb ibn Munabbah aytadilar: "Tavrotda ketma-ket kelgan to‘rtta satrni ko‘rdim:
Kim Allohning kitobini o‘qib, mening gunohim kechirilmaydi, deb gumon qilsa, Allohni oyatlarini masxara qilibdi.
Kim o‘ziga tushgan musibatdan shikoyat qilsa, go‘yoki Allohdan shikoyat qilibdi.
Kim o‘zidan ketgan narsaga xafa bo‘lsa, Allohning qazoi qadariga g‘azab qilibdi.
Kim boyga boyligi uchun xushomad qilsa, dinining uchdan ikkisi ketibdi. Ya’ni, imoni noqis bo‘libdi".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:12:44

342. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimning uchta farzandi o‘lsa, do‘zaxga kirmaydi. Magar qasamni amalga oshirish bundan istisnodir", ya’ni,
"Sizlardan har biringiz unga (do‘zaxga) tushuvchidirsiz"[/b[, degan Allohning va’dasi bor (Maryam,71).

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:12:54

343. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qaysi mo‘minga musibat yetsa, garchi u musibati eskirsa ham, musibati uchun "inna lillahi va inna ilayhi roji’un" kalimasini aytsa, Alloh o‘sha aytganiga ajrini beradi". Ya’ni, Alloh unga musibat yetgan kundagi ajrining o‘xshashini beradi.

Usmon ibn Affondan (r.a.) zikr qilinadi: Agar farzand tug‘ilsa, u kishi yettinchi kuni uni qo‘lga olardilar. Bu haqda so‘rashganda: "Men uning muhabbati qalbimga tushishini yaxshi ko‘raman, agar o‘lib qolsa, ajrim katta bo‘ladi", degan edilar.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:13:04

344. Anas ibn Molikdan rivoyat qilindi: Bir kishi o‘g‘ilchasi bilan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib turardi. Keyin uning o‘g‘li vafot etib, otasi kelmay qo‘ydi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni surishtirdilar. Sahobiylar: "Ey Allohni elchisi, uning siz ko‘rgan o‘g‘li vafot etdi", deyishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Menga xabar bermadinglarmi? Turinglar, birodarimizga ta’ziya bildirishga boramiz". Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning oldiga kirganlarida, u g‘amnok edi. So‘ngra u: "Ey Allohni elchisi, men undan qarib, zaiflanadigan kunlarim uchun umid qilgan edim", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qiyomat kuni kelib, unga, jannatga kirgin, deganda: "Ota-onam-chi, ey Rabbim!" deyishi seni xursand qilmaydimi?! Unga uch marta, jannatga kirgin, deyishadi. Shafoatida davom etib, oxiri Alloh shafoat qilib, hammalarini jannatga kirgizadi". Keyin u kishidan xafalik ketdi".
Bu xabar bir kishiga musibat yetsa, unga ta’ziya bildirish sunnat ekaniga dalildir.

Faqih aytadilar: Otam Hasan Basriydan rivoyat qildilar: Muso alayhissalom Parvardigordan so‘radilar: "Ey Rabbim, kasalni ko‘ruvchilar uchun qanday ajr bor?" "Uni xuddi yangi tug‘ilgandek gunohlardan pok chiqaraman". Muso so‘radilar: "Ey Rabbim, o‘likni qabristongacha kuzatib boruvchiga qanday ajring bor?" Aytdi: "O‘lgan vaqtida maloikalarni jo‘nataman, uni qabristonga bayroqlar bilan olib borishadi, keyin mahsharga ham". Muso aytdilar: "Ey Rabbim, bolasini yo‘qotgan onaga ta’ziya aytgan kishiga qanday ajring bor?" Aytdi: "Qiyomat kuni arshning soyasidan boshqa hech soya bo‘lmagan kunda uni arshning soyasiga olaman".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:13:19

345. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz aytdilar: "Bandaning ikki narsani ichiga yutishi Alloh taologa mahbubdir: Fazabni ichiga yutib, uni hilm bilan qaytarishi va bir musibat yetsa, ichiga yutib, sabr qilishi. Ikki tomchidan ko‘ra Allohga mahbubroq tomchi yo‘qdir: Allohning yo‘lida to‘kilgan qon va kechasi sajda qilib turgan paytda tushgan ko‘z yoshi tomchisi. Uni Allohdan boshqa hech kim ko‘rmaydi. Ikki qadamdan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq qadam yo‘qdir: Farz qilingan namozga yurib borgan qadam va qarindoshlikni bog‘lash uchun bosilgan qadam".

Abu Dardo (r.a.) aytadilar: "Sulaymon alayhissalomning o‘g‘illari vafot etdi. U kishi ko‘p xafa bo‘ldilar. Ikki farishta kelib, u kishining oldilarida xusumat kiyimlarida o‘tirishdi. Birlari aytdiki: "Don ekdim, ammo o‘rmadim, mana bu narsa o‘tib, uni vayron qildi". Boshqasi aytdi: "Sen nima deysan?". Aytdi: "Joduni olib ekinzorga keldim va uni chapga, o‘ngga otdim. Shunda ekinzor ustida yo‘l paydo bo‘ldi". Sulaymon aytdilar: "Nimaga yo‘lning ustiga don ekding? Odamlarning yo‘li borligini bilmasmiding?" Farishta: "Nimaga farzandingga xafa bo‘lyapsan? O‘lim oxirat yo‘li ekanini bilmasmiding?" dedilar.

Xabarda keladiki, Sulaymon alayhissalom Allohga tavba qilib, shundan keyin bolalariga motam tutmagan ekanlar.
Abdulloh ibn Abbosga (r.a.) qizchasi vafot qilganligi to‘g‘risida xabar keldi. U kishi safarda edi. "Inna lillahi va inna ilayhi roji’un", dedilar. Keyin: "U avrat edi, uni Alloh satriga oldi, uning ashyolariga Alloh o‘zi kifoya qiladi va bu ish Alloh menga bergan bir ajrdir", dedi va ikki rak’at namoz o‘qidi. So‘ng aytdi: "Alloh taolo bizga buyurgandek qildik", dedilar va:
"Sabr va namoz bilan Allohdan yordam so‘ranglar" (Baqara, 153), oyatini o‘qidilar.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:13:27

346. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Etiklaringizning ipi uzilsa ham, "Inna lillahi va inna ilayhi roji’un", deb aytingiz, chunki u ham musibatdir".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:13:36

347. Ummu Salama (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim bir musibat bilan musibatlansa, Alloh taolo buyurgandek "biz Allohniki va biz Allohga qaytguvchimiz. Alloh, bu musibatim uchun menga ajr bergin va uning orqasidan undan yaxshisini bergin", desa, Alloh o‘shani beradi".

Ummu Salama onamiz aytadilar: "Abu Salama vafot etganda o‘shanday dedim, keyin: "Kim menga Abu Salamadek bo‘la olardi?" deb o‘yladim. Uning orqasidan Alloh taolo menga rasuli Muhammadni sollallohu alayhi vasallam taqdim qildi".

U zot alayhissalom Ummu Salamaga uylandilar.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:14:04

348. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Musibat tushganda sonlariga urish ajrni yo‘q qiladi. Musibatga ilk to‘qnashgandagi sabrning ajri katta bo‘ladi. Ajr musibatning kattaligiga qarab bo‘ladi. Kim musibatdan keyin, biz Allohniki va biz Allohga qaytguvchimiz, desa, Alloh uning ajrini musibat yetgan kunidek yangilab beradi".

Faqih aytadilar: Oqil kishi musibatning savobi haqida fikr qilishi lozim. Shunda unga musibat yengil bo‘ladi. Albatta, Alloh taolo musibatga sabr va qanoat qilsagina katta savob bo‘lishini aytgan. "Albatta, sizlarni imtihon qilamiz..." Allohning imtihoni o‘zi bilgan g‘aybni zohir qilishdir; "xavf xatar bilan..." ya’ni, dushman bosqini, qo‘rqinchi bilan; "ochlik bilan", "mollarni, jonlarni va mevalarni kamaytirish bilan" Alloh imtihon qiladi. "Sabr qiluvchilarga xushxabar bering". So‘ng ularni vasf qildi: "Biror musibat yetganda, albatta, biz Allohning (bandalarimiz) va, albatta, biz U zotga qaytguvchimiz, deydilar".

"Biz Allohning (bandalarimiz)...", ya’ni, biz Allohning qullari va biz Uning mulkidamiz, agar yashasak, rizqimiz Uning ustida. "...va, albatta, biz U zotga qaytguvchimiz". Ya’ni, o‘limdan keyin.
Bizlar Uning hukmiga rozi bo‘lishimiz shart. Agar biz Uning hukmiga rozi bo‘lmasak, Unga qaytganimizdan keyin U bizdan rozi bo‘lmaydi.

"Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) bordir". Salovot uch narsa ustidadir: Toatga tavfiq, gunohlardan saqlanish, mag‘firat. Bu gap birgina salovotning tafsiridir. Ammo boshqa salovotlarning nihoyasini Allohning o‘zi biladi. "...va rahmat bordir", ya’ni, Alloh taolodan. "Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir" (Baqara, 155-157).

Said ibn Jubayrdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Istirjo’ aytish faqat shu ummatga berildi. Agar boshqa ummatga berilganda, Ya’qub alayhissalomga berilardi. U kishiga musibat yetganda:
"Ey bechora Yusuf-a!" (Yusuf, 84) degan edilar.

Said ibn Mus’ab Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qiladilar: "Qur’oni Karimdagi ikki teng so‘z va uning ilovasi qanday ham yaxshi. Ular quyidagilar: "Parvardigorlari tomonidan salovot va rahmat bordir". Ilovasi: "Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:14:36

349. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘g‘illari Ibrohim vafot etganida yig‘ladilar. Ko‘zlaridan yosh oqdi. U zotga Abdurahmon (r.a.): "Ey Rasululloh, yig‘layapsiz-ku, yig‘idan qaytargan edingiz-ku?" dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Yo‘q, balki baqirib, aytib yig‘lashdan qaytarganman. Bu ikki ovoz ahmoq fojir ovozdir. Va yuzlarini timdalashdan, yoqalarini yirtishdan, shaytonning ovozidan, qo‘shiqchilarning ovozidan qaytarganman, chunki ular behuda narsa bo‘lib, shaytonning qulidir. Lekin bu yig‘lash Allohning rahmati, uni rahm qiluvchilarning qalblariga soladi. Kim rahm qilmasa, rahm ko‘rmaydi". Keyin aytdilar: "Qalb xafa bo‘ladi, ko‘z yig‘laydi, Allohning g‘azabini keltiruvchi so‘zni so‘zlamaymiz".

Hasan Basriy aytadilar: "Alloh taolo sizlardan xato va esdan chiqarishning gunohini ko‘tardi va yana majbur qilingan ishlaringizni va toqatingizdan ortiq narsalarni ham kechirdi. Sizlarga zarurat hollarda ba’zi harom narsalarni halol qildi. Sizlarga beshta narsa berdi: Dunyoni ortig‘i bilan berdi va uni qarz sifatida qayta so‘raydi. Dunyodan xursand bo‘lib berganlaringizni o‘n barobardan to yetti yuz barobarigacha ziyoda qilib qaytarishni va’da berdi; sizlardan ba’zi narsalarni olib qo‘ydi, qanoat va sabr qildinglar, keyin bu bilan sizlar uchun salovot va rahmatni berdi: "Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot va rahmat bordir"; "Agar shukr qilsanglar, albatta, ziyoda qilaman", dedi; agar gunohlarni qilaverib, uning gunohlari kufrgacha yetsa, keyin tavba qilsa, tavbasini qabul qilib, uni yaxshi ko‘radi:
"Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutuvchilarni sevadi" (Baqara, 222); agar sizlarga berilgan narsalar Jabroil va Mikoilga ham berilganda, ularning ajrlari kattaroq bo‘lardi. Bas, Alloh taolo aytdiki:
"Menga duo qilinglar, Men ijobat qilaman" (Fofir, 60).

Qayd etilgan