Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 468504 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 ... 107 B


Laylo  11 Iyul 2006, 09:48:24

558. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Allohning nazdidagi ulug‘ gunoh odamlar nazdida kichik bo‘lganidir. Alloh nazdidagi kichik gunoh odamlar nazdidi katta bo‘lgandir".

Faqih aytadilar: Gunohkor gunohini katta deb bilsa, qo‘rqsa, u gunoh Alloh nazdida kichrayadi va uni kechiradi. Ammo gunohkor gunohini kichik sanasa, Alloh taolo nazdida u katta gunohga aylanadi. Chunki kichik gunohlar davom ettirish bilan kattaradi.

Shuningdek, sahobalardan (r.a.) ham rivoyat qilinadiki: "Davomiylik bilan gunoh kichraymaydi, istig‘for so‘rashlik bilan katta bo‘lmaydi".

Avvom ibn Havshabdan rivoyat qilinadi: "Gunohdan keyingi to‘rt narsa o‘sha gunohning o‘zidan-da yomondir: Uni kichkina sanash, g‘ururlanish, gunoh bilan xursand bo‘lish va davomiylik".

Faqih (r.a.) aytadilar:
"Kim chiroyli amal qilsa, unga o‘n barobar qilib (qaytarilur). Kim biron yomon ish qilsa, faqat o‘shaning barobarida jazolanur va ularga zulm qilinmas" - (An’om, 160), degan oyat sizlarni aldab qo‘ymasin. Bu yerda qiyomat kuni yaxshilik bilan kelish shart qilinmoqda. Amal qilish oson, lekin uni qiyomat kuniga olib kelish og‘irdir. Agar yomonlik bitta bo‘lsa ham, unda o‘nta ayb bor.
1. Agar banda biron gunoh qilsa, Allohni g‘azablantiradi. U zot hamisha uning ustida qodir zotdir.
2. Alloh taologa yomon narsaga yaqin bo‘ladi, u ham bo‘lsa, o‘zining dushmani shaytondir.
3. U yaxshi joylardan uzoqlashadi. U jannatdir.
4. Yomon joylarga yaqinlashadi. U do‘zaxdir.
5. O‘zi yaxshi ko‘rgan narsaga zulm qiladi. U nafsidir.
6. Nafsini iflos qiladi. Uni Alloh pok holda yaratgan edi.
7. Sheriklariga aziyat beradi. Ular o‘ng va chap yelkadagi farishtalardir.
8. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni qabrlarida xafa qiladi.
9. Nafsiga qarshi yerni, kunduz va kechani guvoh qiladi va bu bilan ularga ozor beradi.
10. Odamlar va boshqa barcha maxluqotlarga xiyonat qilgan bo‘ladi.

Odamlarga uning xiyonati shuki, u bironta kishiga guvohlik bersa, gunohi tufayli uning guvohligi qabul qilinmaydi va natijada bir do‘stining haqqini botil qiladi. Butun maxluqotlarga xiyonati esa, u gunohi bilan yomg‘irni kamaytiradi. Bu ishi butun borliqqa xiyonatdir. Sen gunoh qilishdan saqlan, zero gunohda shuncha ayblar mavjud, qolaversa, o‘zingning nafsingga zulmdir.

Aytiladiki, baxillarning baxili o‘zining baxtli bo‘lishiga baxillik qilgan kishidir va zulmlarning kattasi Alloh taologa gunoh qilish bilan kishining o‘z nafsiga zulm qilishdir. Chunki kim gunoh qilsa, o‘z nafsini halok etgan bo‘ladi.

Hakimlarning ba’zilari aytadilar: "Gunohdan saqlaninglar, chunki gunoh shumlikdir, uning shumligi manjaniqning 1 toshiga aylanadi. So‘ngra uni itoat devoriga otadi va devorni sindiradi. Keyin havoyi nafs shamoli kirib, ma’rifat chirog‘ini o‘chiradi".

Ba’zi hakimlarga: "Bizlar ilmni eshitamiz, lekin undan foydalana olmaymiz", deyishdi. Aytdilar: "Besh xislat tufayli shunday bo‘ladi:
1. Alloh sizlarga ne’mat berdi, unga shukr qilmaysizlar.
2. Agar gunoh qilsangizlar, istig‘for so‘ramaysizlar.
3. Ilmdan bilgan narsalaringizga amal qilmaysizlar.
4. Yaxshilarga qo‘shilasizlar, lekin ularga ergashmaysizlar.
5. O‘liklarni ko‘masizlar, ammo undan ibrat olmaysizlar".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:48:33

559. Faqih (Alloh u zotni rahmat qilsin) aytadilar: Otamning bunday deganlarini eshitdim: "Har kuni osmondan beshta maloika tushadi. Bittasi Makkaga, ikkinchisi Madinaga, uchinchisi Baytul Maqdisga, to‘rtinchisi musulmonlarning qabrlariga, beshinchisi musulmonlarning bozorlariga tushadi.

Makkaga tushgan maloika, ogoh bo‘linglar, kim Allohning farzlarini tark etsa, Alloh taoloning rahmatidan chiqadi, deb nido qiladi. Madinada tushgani aytadiki, ogoh bo‘linglar, kim Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tashlasa, u zotning shafoatidan mahrum bo‘ladi. Baytul Maqdisga tushgani nido qiladiki, ogoh bo‘linglar, kim haromdan mol kasb qilsa, boshqa amallarini qabul qilmaydi. Qabristonga tushgan, ey qabr egalari, nimaga havas qilasizlar va nimaga pushaymon yeysizlar, deb nido qilganida, o‘tkazib yuborgan umrimizga pushaymon yeymiz, Allohning kalomini o‘qiyotgan, ilmlarda muzokaralar qilayotgan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovotlar aytayotgan va gunohlari uchun istig‘for so‘rayotgan odamlarga xursand bo‘lamiz, biz esa, ulardan hech qaysisiga qodir emasmiz, deb aytishadi. Bozorlarga tushadigani nido qiladiki, ey odamlar, shoshmanglar, shoshmanglar, Allohning qudrati va o‘ch olishi bor, kim Allohning qudrati va o‘ch olishidan qo‘rqsa, o‘zining jarohatiga da’vo topsin, toki gunohlariga tavba qilguncha, sizlarni ko‘p uyg‘otdik, uyg‘onmadinglar va ko‘p qo‘rqitdik, qo‘rqmadinglar, agar Allohdan qo‘rquvchi odamlar va emizikli bolalar bo‘lmaganida, hayvonlar o‘tlab yurmaganida, ruku’ qilib turgan chollar bo‘lmaganida sizlarga azob tashlanardi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:49:35

560. Oyisha onamizdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalom: "Ey Oyisha, gunohlarni kichik ko‘rishdan saqlan, chunki uning ham Alloh tarafidan bir so‘rovchisi bor", dedilar.

Aytadilarki, kichkina gunohlarning misoli kishi yiqqan mayda o‘tinlarga o‘xshaydi. So‘ngra u kishi o‘t yoqadi.

Yana aytiladiki, Tavrotda, kim yaxshilikni eksa, salomatlikni o‘rib oladi, deb, Injilda, kim yomonlikni eksa, pushaymonni o‘rib oladi, deb yozilgan. Bu so‘z Qur’onda:
"Kim yomon amal qilsa, u bilan jazolanadi" (Niso, 123), deyilgan.

Qosim ibn Muhammad Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qiladi. U kishidan: "Ko‘p gunohi va ko‘p amali bo‘lgan kishi ajibroqmi yoki oz gunoh va oz amali bo‘lgan kishimi?" deb so‘rashdi. Aytdilar: "Salomatlikka hech narsani tenglashtirmayman", ya’ni, ozgina gunoh yaxshiroq.

Ulamolarning ba’zilari aytadi: "Har bir kam amal qiluvchi itoat bilan amal qiladi, lekin karim kishi gunohni tashlagan kishidir".

Faqih (r.a.) aytadilar: Alloh kitobida gunohni tark qilish itoat amallaridan afzalligiga dalil bordir. Chunki Alloh taolo yaxshilikni oxiratga olib kelishni shart qildi va gunohlar masalasida uni tark etishdan boshqa narsa shart qilinmadi.

Alloh taolo aytadi:
"Kim yaxshi amal qilsa, unga o‘n barobar (qaytarilur)" (An’om, 160);

"Endi kim (hayoti dunyodalik paytida qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va U zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyu xohishlaridan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur" (Noziot, 40—41).

Havoyi nafs hamma gunohlarning aslidir. Darhaqiqat, toatlarda ko‘p jihatlar, vaqtlar shart qilindi. Shundan so‘ng Alloh xohlasa, qabul qiladi va jannatga o‘z rahmati va fazli bilan kirgizadi, agar xohlasa, qaytaradi. Gunohlarni tashlashda uni tark qilishdan boshqa narsani shart qilmadi va jannatga kirgizishni va’da berdi:
"Agar sizlar man’ etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangizlar, qilgan kichik gunohlaringizni o‘chirurmiz va sizlarni ulug‘ manzil — jannatga kiriturmiz" (Niso, 31).

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:50:16

561. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Alloh taolo qaytargan narsaning ozginasini tark qilish ins va jin ibodatlaridan yaxshidir".

_____________
Gunohlar haqidagi rivoyatlar bobi hadislari

553-hadis. Juda zaif. "œAl-lison"ga qarang.
553a-hadis. Ibn Murdavayh, Abu Na’im rivoyat qilgan.
554-hadis. Zaif. Sanadida uzilish bor.
555-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
556-hadis. Zaif. Abu Na’im, Daylamiy rivoyat qilgan.
557-hadis. Muttafaqun alayh.
558-hadis. Sanadi topilmadi.
559-hadis. Yolg‘on. "œAl-mezon"ga qarang.
560-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
561-hadis. Sanadi topilmadi.

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:50:42

QIRQ SAKKIZINCHI BOB
ZULM HAQIDA


562. Faqih aytadilar: Abu Muso Ash’ariy (r.a.) rivoyat qilib aytadilarki: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo zolimga muhlat berib qo‘yadi, agar uni tutsa, hech ham qutula olmaydi", dedilar.

Ya’ni, Allohning tutishidan najot topolmaydi, keyin bu oyatni o‘qidilar:
"Parvardigoringiz (ahli-egalari) zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi — azobi alamli va qattiqdir" (Hud, 102).

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:50:55

563. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki birodariga, uning moliga yoki obro‘siga zulm yetkazgan bo‘lsa, dinor ham, dirham bo‘lmagan kunda undan olinmasdan avval u bilan rozilashib olsin. Agar yaxshi amallari bo‘lsa, o‘sha zulmiga yarasha yaxshiliklaridan olinadi. Agar yaxshi amallari bo‘lmasa, zulm yetgan kishining gunohlaridan olinib, unga beriladi, keyin u do‘zaxga tashlanadi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:51:03

564. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Ummatimning muflisini bilasizlarmi?" deb savol qildilar. "Muflis dirhami ham, dinori ham, matosi ham bo‘lmagan kishidir", deyishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: "Ummatimning muflisi qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan keladi, shu bilan birga birovni so‘kkan, birovning molini yegan, birovni zinokor deb ayblagan, birovning qonini to‘kkan, birovni urgan. Shu ishlari uchun uning yaxshiliklaridan olinadi. Agar yaxshiliklari to‘lovlarini to‘lashga yetmasa, ularning xatolari olinib, unga beriladi, so‘ng do‘zaxga uloqtiriladi".

Abu Maysaradan zikr qilinadi: "Bir kishi dafn etilgandan keyin uning qabriga Munkar va Nakir qamchi bilan kelishdi va, biz seni yuz qamchi uramiz, deyishdi. o‘lik, men bunday-bunday kishi edim, dedi. So‘ngra uni shafoat qilishib, o‘ntasini o‘chirishdi. Oxiri o‘chirib-o‘chirib, to‘qson to‘qqiztasi ketdi, bittasi qoldi. Munkir va Nakir, biz seni bir qamchi uramiz, deyishdi va uni bir qamchi urishdi, shunda qabr o‘t bo‘lib yondi. O‘sha kishi, nimaga meni urdingizlar, deb so‘radi. Aytishdiki, bir zulm yetgan kishining oldidan o‘tayotgan eding, u sendan yordam so‘radi, unga yordam bermading".

Mazlumga yordam bermagan kishining holati shu bo‘lsa, zolimning holati qanday bo‘lar ekan?!

Faqih aytadilar: Gunohlarning zulmdan-da kattarog‘i yo‘qdir. Chunki gunoh Alloh bilan bandaning orasida bo‘ladi, Alloh taolo karim zot, kechirib yuborishi mumkin. Agar gunoh sen bilan boshqalar orasida bo‘lsa, xusumatchilaringni rozi qilishdan boshqa ilojing yo‘q. Zolim qilgan zulmi uchun tavba qilsin, zulm bergan kishisidan kechirim so‘rab olsin, agar qodir bo‘lmasa, uning uchun istig‘for aytsin va duo qilsin. Mana shu ishlar bilan ham umid qilinadi.

Maymun ibn Mahron aytadilar: "Agar kishi bir insonga zulm qilib qo‘ysa va o‘sha qilgan zulmi, tufayli undan kechirim so‘ramoqchi bo‘lsayu, u dunyodan o‘tib ketib, qodir bo‘lmasa, uning uchun har kuni namozning orqasidan istig‘for so‘ramog‘i kerakdir".

Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Kim zolimning zulmiga yordam bersa yoki biron musulmon kishining haqqini poymol qiladigan hujjatni unga o‘rgatib qo‘ysa, Allohning g‘azabiga yo‘liqadi va bu ishning gunohi uning ustidadir".

Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. U zot Ahnaf ibn Qaysdan: "Odamlarning eng johili kim?" deb so‘radilar. Ahnaf aytdilar: "Oxiratini dunyosiga sotgan kishidir". "Umar ibn Xattob (r.a.): "Senga bundan ham ilmsizroq kishining kimligini aytayinmi?" dedilar.

"Ayting, ey amirul mo‘minin".

"Birovning dunyosiga o‘zining oxiratini sotgan kishidir".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:51:42

565. Molik ibn Anas (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Zolim birodaringga ham, mazlum birodaringga ham yordam ber", dedilar. "Ey Allohning elchisi, mazlumga-ku, yordam beraman, ammo zolimga qanday yordam beray?" deb so‘radim. Aytdilar: "Uni zulmdan qaytarsang, ana shu sening unga yordamingdir".

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Hammaga yaxshilik qildim. Hech kimga hech qachon yomonlik qilmadim. Chunki Alloh taolo:
"Kim biron yaxshi amal qilsa, o‘zi uchundir, kim yomon amal qilsa, o‘z ziyoniga qilur" (Fussilot, 46), deb aytgan". Ya’ni, agar birovga yaxshilik qilsam, o‘zimga yaxshilik qilgan bo‘laman, birovga yomonlik qilsam ham, o‘zimga yomonlik qilgan bo‘laman.

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:51:50

566. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Haromdan bir daniq (o‘lchov birligi — muh.) qaytarish Allohning huzurida yetmishta mabrur hajdan afzaldir".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:52:02

567. Abu Muso Ash’ariy (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim Alloh taoloning yuzi haqida so‘rasa, la’natlangandir. Kim Alloh taoloning yuzi haqida so‘ralsa, so‘rovchini umuman so‘ramaydigan qilib qaytarsin. Muslim birodariga zarar bergan yoki makr qilgan kishi la’natlangandir. Yolg‘on gapirgan la’natlangandir. Bir yilda bir poklanmaydigan mol la’natlangandir. Har yili bir kun baloga yo‘liqmagan (sinalmagan) tan la’natlangandir, ya’ni, oyog‘i qoqilib yiqilmagan bo‘lsa, musibat yetmagan bo‘lsa, kasal bo‘lmagan bo‘lsa, biron joy tirnalmagan bo‘lsa, ko‘z og‘rimagan bo‘lsa".

Qayd etilgan