610. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Banda agar shoshilmasa, yaxshilikda bo‘laveradi". Sahobalar: "Qanday qilib shoshiladi, ey Rasululloh?" deyishdi. "Allohga duo qildim, duo qildim, lekin ijobat qilmadi, deb", dedilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam.
Hasan Abu Usmon Nahdiyni ko‘rgani kirdilar. U kishi kasal edi. Abu Usmonga aytdilarki: "Ey Abu Usmon, Allohga duo qiling, kasalning duosi haqida ko‘p xabarlar bor". Shunda u kishi Allohga hamd va sano aytdilar, Allohning kitobidan bir necha oyatni tilovat qildilar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot o‘qidilar, so‘ngra qo‘llarini ko‘tardilar, bizlar ham qo‘llarimizni ko‘tardik. Duo qildilar. Qo‘llarimizni tushirganimizdan keyin aytdilar: "Xursand bo‘linglar, Allohga qasamki, Alloh sizlarning duolaringizni ijobat qildi". "Siz Allohga qasam ichib aytyapsizmi bu gapni?" dedilar Hasan. "Ha, — dedilar u kishi, — ey Hasan, agar siz bir gapni gapirsangiz, albatta, to‘g‘ri deb tasdiqlayman-u, endi qanday ishonmayki, Alloh "Menga duo qilinglar, ijobat qilaman", deb aytib turgan bo‘lsa?!" Hammalari u zot huzuridan chiqqach, Hasan: "U mendan ko‘ra faqihroqdir", dedilar.
Zikr qilinishicha, Robi’a Adaviya qabristonga chiqdilar. Bir kishi uchrab, unga: "Men uchun Allohga duo qiling", dedi. Robi’a Adaviya aytdilar: "Sizga Alloh rahm qilsin, Allohga itoat eting va duo qiling, chunki u muztar kishining duosini ijobat qiladi".