660. Abu Umoma (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizlarni Qur’onni o‘rganishga qiziqtirdilar, so‘ng uning fazilatlaridan xabar berdilar: "Qur’on qiyomat kuni egasiga hujjat bo‘lib keladi, egasiga chiroyli suratda kelib, aytadi: "Meni taniyapsanmi?" "Sen kimsan?" deydi. Qur’on: "Men sen yaxshi ko‘rganing va hurmat qilganing, kechalarni men bilan bedor o‘tkazganing va kunduzda odat qilib o‘qiganing Qur’onman", deydi. Kishi: "Nahotki, sen Qur’on bo‘lsang", deydi. So‘ng Alloh huzuriga keladi, o‘ng tomoniga mulkni, chap tomoniga abadiylikni beradi va podshohlik toji boshiga kiydiriladi, musulmon ota-onasiga ikki libos kiygiziladi. Ularning bahosi dunyodagi hamma narsadan qimmatdir. Ular: "Bu bizlarga qaerdan keldi, bizlarga amallarimiz yetmayotgan edi-ku?" deyishadi. Shunda aytiladi: "O‘g‘lingizning Qur’onni o‘qigani fazlidan sizlarga buni berdim".
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam keyin aytdilar: "Ikki zahroni o‘rganinglar, (ya’ni, Baqara va Oli Imron so‘ralarini), chunki u ikkovi ahliga xuddi bulut kabi yoki qanotlari bilan saflangan qushlar tudasi kabi kelishadi va sohibini mudofaa qiladi".
So‘ngra aytdilar: "Baqarani o‘rganinglar, chunki uni olish baraka, uni tark qilish hasratdir. Unga botil, ya’ni, sehr ta’sir qilmaydi".
Keyin yana aytdilar: "Bu fazilat uni kim o‘rganib lag‘v qilmagan bo‘lsa, amal etgan bo‘lsa, uni unutmagan va uning orqasida rizq yemagan bo‘lsa, o‘shanday kishigadir".
Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) aytadilar: "Kim Qur’onni kunduz xatm qilgan bo‘lsa, unga maloikalar kechasigacha salovot o‘qiydi. Kim kechasi xatm qilgan bo‘lsa, maloikalar ertalabgacha salovot o‘qiydi. Kishilar kunduzi xatm qilishni yaxshi sanardilar".
Abdulloh ibn Muborak aytadilar: "Salaflar salovotlar ko‘p bo‘lishi uchun yozda kunning avvalgi vaqtida, qishda kechaning avvalida xatm qilishni mahbub ko‘rishar edi".