748. Bahz ibn Hakim bobosidan rivoyat qiladi. “Ey Allohning elchisi, avratlarimizni kimlarga ko‘rsatib, kimlardan bekitaylik?” deb so‘radim. “Avratingni xotining va cho‘ringdan boshqa hammadan saqla”, dedilar. Keyin: “Ey Rasululloh, agar yakka holatda bo‘lsak-chi?” degan edim, “Alloh hayo qilinishga haqliroq zotdir”, deb aytdilar”.
Salaflardan biri o‘g‘liga shunday nasihat qilgan ekan: “Agar nafsing katta gunohga chaqirsa, ko‘zingni osmonga qarat va seni ko‘rib turgan Zotdan uyal. Agar buni qilolmasang, yerga qarat va uning ustida yurgan kimsalardan uyal. Oliy Zotdan qo‘rqmasang, yerdagi odamlardan uyalmasang, o‘zingni hayvonlar qatorida hisoblayver”.
Fuzayl ibn Iyoz aytadilar: “Eshigingni yopasan, pardalaringni tushirasan, odamlardan uyalasan, ammo qalbingdagi Qur’ondan, har bir maxfiy narsani biluvchi ulug‘ Zotdan hayo qilmaysan”.
Mansur ibn Ammor aytadilar: “Kim o‘zining aybini bilsa, boshqa kishining aybi bilan ishi bo‘lmay qoladi. Kim taqvo libosidan yalang‘och bo‘lsa, unga hech kim parda tutolmaydi. Kim Allohning bergan rizqiga rozi bo‘lsa, boshqalarning qo‘lidagi narsaga xafa bo‘lmaydi. Kim zulm qilichini sug‘ursa, shu qilichi bilan qo‘li kesiladi. Kim birodariga choh qazisa, unga o‘zi tushadi. Kim birovning parda¬xijobini oyoqosti qilsa, o‘zining avrati ochiladi. Kim o‘z xatosini unutsa, boshqaning xatosini katta biladi. Kim katta ishlarga kirishsa va o‘ziga xatarli yo‘l topsa, halok bo‘ladi. Kim aqli bilan cheklansa, adashadi. Kim odamlarga kibr qilsa, xor bo‘ladi. Kim amalga berilsa, qiyinchilikka duchor bo‘ladi. Kim odamlar ustidan faxrlansa, sinadi. Kim ahmoqlik qilsa, haqoratlanadi. Kim razillar bilan suhbatdosh bo‘lsa, tubanlashadi. Kim ulamolar bilan o‘tirsa, viqorli bo‘ladi. Kim yomonlik ko‘chasiga kirsa, tuhmatga yo‘liqadi. Kim dinda dangasalik qilsa, o‘tirib qoladi. Kim odamlarning mollarini o‘lja olsa, faqirga aylanadi. Kim ofiyatga intizor bo‘lsa, sabr qiladi. Kim qadamini to‘g‘ri bosishdan adashsa, pushaymon bo‘ladi. Kim Allohdan qo‘rqsa, muvaffaqiyatga erishadi. Kimningki, ishlarida tajribasi bo‘lmasa, aldanadi. Kim jannatni bilsa, orzu-istaklari kamayadi. Kim ilmsizlik yo‘liga ko‘niksa, adolat yo‘lini tark qiladi”.
________________
Hayo bobi hadislari
740-hadis. Muttafaqun alayh.
741-hadis. Ziaf. Ahmad, Termiziy rivoyat qilgan.
742-hadis. Sahih. Buxoriy, Abu Dovud, Ibn Mojja, Ahmad rivoyat qilgan.
743-hadis. Zaif. Ahmad, Termiziy, Hokim, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
744-hadis. Sahih. Termiziy rivoyat qildilar. “Sahihul-jome’”ga qarang.
745-hadis. Hasan. Termiziy rivoyat qilgan.
746-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud, Nasaiy rivoyat qilgan.
747-hadis. Botil, asli yo‘q. “Al-mavzu’ot”ga qarang.
748-hadis. Hasan. Ahmad, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.