759. Boshqa xabarda rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.): “Ogoh bo‘linglarki, din samimiyatdir”, dedilar. “Ey Rasululloh, kim uchun samimiyat?” deb so‘rashdi. Alloh uchun, rasuli, kitobi va jamiki musulmonlar uchun samimiyat”, deb javob qildilar.
Faqih aytadilar: “Alloh uchun samimiyat Allohga iymon keltirmog‘ing, odamlarni ham iymonga chaqirmog‘ing va odamlarning hammasini mo‘min bo‘lishini orzu qilmog‘ing. Payg‘ambar (s.a.v.) uchun samimiy bo‘lish esa, u kishiga Alloh taolo tomonidan nima kelgan bo‘lsa, tasdiqlashing, sunnatlarga amal qilishing va odamlarni ham bu ishga boshlashing. Kitobi uchun samimiyat – uni o‘qimog‘ing, unda bor narsalarga amal qilmog‘ing va odamlarning hammasi o‘qishini hamda amal qilishini orzu etmog‘ing. Musulmonlarning imomlariga samimiyat – ularning buyurganlariga itoat qilishing, qaytarganlaridan qaytishing, ularni yaxshilikka undab, yomon ishlardan qaytarishing va ularga qilich bilan qarshi chiqmasligingdir. Musulmonlar uchun samimiy bo‘lish – o‘zing yaxshi ko‘rgan narsalarni ularga ham yaxshi ko‘rmog‘ing, o‘zing yomon ko‘rgan narsani ularga ham ravo ko‘rmasliging, ular orasida do‘stlik va inoqlik bo‘lishini xohlamog‘ing”.
Faqih (r.a.) yana aytadilar: “Qancha uxlayotganlar bor, ularga namoz o‘qiyotganning ajri beriladi. Qanchalab uyg‘oq namozxonlar bor, ular uyquda, deb yoziladi. Kishi sahar vaqtida turib, tahorat qilib, so‘ng bomdod vaqti chiqqunicha namoz o‘qishga odatlangan bo‘lsa, ammo bir kecha o‘sha niyat bilan yotib, ertalabgacha uxlab qolsa, keyin uyg‘onib ketib, namozni o‘tkazib yuborganiga xafa bo‘lsa va istirjo’ aytsa, uni namozni vaqtida o‘qigan, deb yoziladi va niyati bilan uning savobiga erishadi. Yana bir kishi kechasi turib, namoz o‘qishga odatlanmagan, ammo kechasida tong otdi, deb gumon qilib, turib tahorat olib, masjidga kirsa, hali tong otmagan bo‘lsa, so‘ng bomdod namozi vaqti kirishini kutib, o‘ziga-o‘zi, hali bomdod namozi vaqti bo‘lmaganini bilganimda, o‘rnimdan turmasdim, desa, shu niyati uchun uyg‘oq bo‘lsa ham, uxlovchilardan deb yoziladi”.
________________
Amal va niyat birligi bobi hadislari
749-hadis. Juda zaif. Bayhaqiy, Qazoiy rivoyat qilgan.
750-hadis. Avvali Buxoriy va Muslimning hadislarida kelgan. So‘ngining isnodi noma’lum.
751-hadis. Isnodi noma’lum.
752-hadis. Juda zaif. Bayhaqiy, Qazoiy rivoyat qilgan.
753-hadis. Isnodi noma’lum.
754-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
755-hadis. Sahih. Termiziy, Ibn Hibbon, Abu Na’im rivoyat qilgan.
756-hadis. Sahih. Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
757-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad rivoyat qilgan.
758-hadis. Ibn Najjor rivoyat qilgan.
759-hadis. Sahih. Muslim, Nasoiy, Ahmad rivoyat qilgan.