Faqih Abu Lays Samarqandiy hazratlari bu kitobni g‘ofillarga tanbeh berish uchun, ularni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, hayot, deb atalmish bu qisqagina muddatning orqa-oldi borligini eslatish, undan narida insonni nimalar kutayotganidan ogoh etish uchun yozganlari sarlavhaning o‘zidanoq ko‘rinib turibdi. Muallif o‘quvchini asta-sekinlik bilan, tadrijiy ravishda jiddiylik sari yetaklaydi. Dastlab ixlosni tushuntiradi, so‘ngra o‘limdan, qiyomatning inson boshiga tushajak hodisalaridan ogoh etadi, gunohlardan qaytishga — tavbaga chaqiradi, yolg‘on, g‘iybat, xamr ichish, chaqimchilik, kibr, hasad kabi illat-nuqsonlardan xoli bo‘lishga chorlaydi. Yomon xislatlar bayon etilganidan keyin ibodat haqida so‘z ketadi. Tahorat, namoz, ro‘za, zakot, hajning fazilatlari tushuntiriladi, sabr, taqvo, jasurlik, xayr-ehson kabi insonga ziynat xislatlar bayon etiladi. Xullas, muallif g‘aflatda yotgan dilni tergab-tergab, turtib-turtib, musulmonchilikka o‘rgatadi.
Oyat-hadis, hikmatli so‘zlar va pand-nasihatlarning mavzular bo‘yicha bob-bob qilib ajratilgani, asarni o‘qishli va ta’sirchan qilgan. Shuning uchun ham bu kitob arab davlatlarida xaligacha qayta-qayta nashr etilib kelinmoqda. Hatto, Misrda uni bir vaqtning o‘zida bir nechta nashriyot bir necha xil muqovalarda chop etganiga guvoh bo‘ldik.
"œTanbehul g‘ofiliyn" tarjimasining birinchi kitobi bosmadan chiqqanidan keyinoq (biz uchga bo‘lib, nashr etgan bu asar aslida katta bir mujalladdan iboratdir), u haqda iliq-ijobiy fikrlar bildirila boshladi, shu bilan birga tanqidiy mulohazalar ham yo‘q emas edi. Va bu holning bo‘lishi tabiiy, albatta. Biz o‘quvchilarimizning har qanday fikrlarini hurmat qilgan holda ba’zi jihatlarga javob berish o‘tishni lozim ko‘rdik.