Muallif Mavzu: Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 421505 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 3 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Laylo

  • Mehmon
Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn
« : 28 Iyun 2006, 07:06:11 »
AL-FAQIH ABU LAYS AS-SAMARQANDIY

TANBEHUL–G‘OFILIYN
(G‘aflatdan uyg‘otish)

Arab tilidan Dilmurod Qo‘shoqov tarjimasi

"Movarounnahr"
Toshkent

© «Mutarjim», Toshkent, 2003-2005


Tanbehul g'ofiliyn



Muallif: Abu Lays Samarqandiy
Hajmi: 1,23 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish


MUNDARIJA

Hadis ilmi va uning turlari haqida qisqacha ma’lumot
Muallif muqaddimasi
1-bob. Ixlos
2-bob. O‘lim qo‘rqinchi va shiddati
3-bob. Qabr azobi va uning qattiqligi
4-bob. Qiyomatning qo‘rqinchi va dahshatlari
5-bob. Do‘zax va do‘zax ahlining sifatlari
6-bob. Jannat va jannat ahlining sifatlari
7-bob. Allohning rahmatidan umid qilish
8-bob. Yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish
9-bob. Tavba
10-bob. Yana tavba haqida
11-bob. Ota-onaning haqqi
12-bob. Farzandning ota ustidagi haqlari
13-bob. Silai rahm
14-bob. Qo‘shnichilik haqlari
15-bob. Aroq ichishdan qaytarish
16-bob. Yolg‘ondan qaytarish
17-bob. G‘iybat
18-bob. Chaqimchilik
19-bob. Hasad
20-bob. Kibr
21-bob. Ihtikor
22-bob. Kulishdan qaytarish
23-bob. G‘azabni yengmoq
24-bob. Tilni saqlash
25-bob. Hirs va uzun orzu
26-bob. Kambag‘allarning fazilatlari
27-bob. Dunyodan yuz o‘girish
28-bob. Balo va mashaqqatlarga sabr qilish
29-bob. Musibatga sabr qilish
30-bob. Tahoratning fazilatlari
31-bob. Besh vaqt namoz haqida
32-bob. Azon va takbir fazilati
33-bob. Tahorat va poklik
34-bob. Jum’aning fazilati
35-bob. Masjidlarning hurmati
36-bob. Sadaqaning fazilati
37-bob. Sadaqa balolarni daf qilishi haqida
38-bob. Ramazon oyi fazilatlari
39-bob. Zulhijja oyining dastlabki o‘n kuni fazilati
40-bob. Ashuro kunining fazilati
41-bob. Nafl ro‘zasi, oyning 13-,14-,15-kunlari ro‘zasi va rajab oyi ro‘zasining fazilati
42-bob. Ahli ayolga nafaqa qilish
43-bob. Qo‘l ostdagilarning rioyasi haqida
44-bob. Yetimlarga yaxshilik qilish
45-bob. Zino haqida
46-bob. Ribo yeyish haqida
47-bob. Gunohlar haqidagi rivoyatlar
48-bob. Zulm haqida
49-bob. Rahmat va shafqat
50-bob. Allohdan qo‘rqish haqida
51-bob. Alloh taoloni zikr qilish haqida
52-bob. Duo haqida
53-bob. Tasbeh aytish haqida
54-bob. Payg‘ambar (s.a.v.)ga salovot aytishning fazilati haqida
55-bob. "La-a ilaha illalloh" kalimasining fazilati haqida
56-bob. Qur’on fazilatlari haqida
57-bob. Ilm talab qilish fazilati haqida
58-bob. Ilmga amal qilish
59-bob. Ilm ahli bilan o‘tirishning fazilati
60-bob. Shukr
61-bob. Kasb qilish fazilati
62-bob. Kasb qilish va haromdan hazar qilish
63-bob. Taom berish va husni xulq fazilati
64-bob. Allohga tavakkul
65-bob. Xudojo‘ylik
66-bob. Hayo
67-bob. Amal va niyat biriligi
68-bob. Mag‘rurlanish
69-bob. Haj fazilati
70-bob. Posbonlik fazilati
71-bob. Chavandozlik va o‘q otish fazilati
72-bob. Muhammad (s.a.v.) ummatlari fazli
73-bob. Erining xotini ustidagi haqlari
74-bob. Xotinning eri ustida haqlari
75-bob. Nizolashganlar o‘rtasini isloh qilish va arazlashishdan qaytarish
76-bob. Sultonlarga aralashish
77-bob. Kasallik va kasalni ko‘rishlik
78-bob. Nafl namozlari fazilati
79-bob. Namozni mukammal o‘qish va unda xushu’ qilish
80-bob. Duo va tasbehlar
81-bob. Muloyimlik
82-bob. Sunnatga amal qilish
83-bob. Oxirat ishlariga qayg‘urish
84-bob. Kishining qanday tong ottirishi to‘g‘risida
85-bob. Tafakkur qilish
86-bob. Qiyomat alomatlari
87-bob. Abu Zarr G‘iforiy (r.a.) hadislari
88-bob. Toatda jiddu jahd qilish
89-bob. Shayton adovati va xiylalari
90-bob. Rizo
91-bob. Mav’izalar
Hikoyatlar bobi
So‘ngso‘z
Muallif haqida

« So'nggi tahrir: 19 Yanvar 2012, 14:16:16 muallifi AbdulAziz »

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #1 : 28 Iyun 2006, 07:06:33 »
HADIS ILMI VA UNING TURLARI HAQIDA QISQACHA MA’LUMOT

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘larida vahiy kelgandan boshlab to vafotlariga qadar aytgan so‘zlari, bajargan fe’llari, biron sahoba qilgan ishni tasdiqlaganlari yoki indamasalar-da, iqror qilgan narsalari hadis yoki sunnat deyiladi.
Payg‘ambar (s.a.v.) davrlarida hadisni sahobiylar eshitiboq, yozmasdan unga amal qilar edilar. Chunki hadis Qur’on oyatlariga aralashib ketmasligi uchun Payg‘ambar (s.a.v.) uni yozishni man’ qilar edilar. Ammo Qur’on mukammal shaklda nozil bo‘lib, sahifalar holiga keltirib bo‘lingach, odamlar hadisni yozishga ehtiyoj seza boshlashdi. Chunki Payg‘ambar (s.a.v.) vafotlaridan keyin tobe’inlar davrida Islom dushmanlari tomonidan Islomning ichiga har xil fitnalar va shular qatorida Payg‘ambar (s.a.v.) aytmagan yolg‘on hadislarni kirgizish hollari ko‘zga ko‘rina boshladi. Tobe’inlar davrida u qadar ko‘p hadis yozilmadi. Taba’ tobe’in va ulardan keyingi asrda yashagan olimlar hadisni chuqur o‘rganib, uni darajalarga bo‘lib, kitob shaklida yoza boshladilar. Buning barobarida hadis rivoyat qilishda asos bo‘lgan jarh va ta’dil ilmi ham kelib chiqdi.
Hijratning IV asriga kelib hadis va hadisga taalluqli bilimlar mukammal va alohida-alohida ilm tusini oldi. Endi hadislar sanadi, roviyi va matniga qarab darajalarga bo‘linadi. Hadis ilmi olimlari Rasulullohdan deb qilingan har bir hadisni darajasiga qarab «mutavotir», «sahih» va boshqalarga bo‘lib, har birining shartlarini va hukmlarini bayon qildilar.
Parvardigordan yordam so‘rab, hadisdagi matn, sanad-isnod ma’nosini hadislar darajasiga ko‘ra bildiramiz.
Matn – sanadning kalomga borib tugashi.
Sanad, isnod – roviylarni matn bilan bog‘lovchi silsila.
Hadis darajalari:
1. Sahih – sanaddagi roviylar o‘zidan oldingi roviydan bevosita olgan hadisdir. Bu o‘rinda roviyning odili bo‘lishligi, mukammal shaklda hadisni zabt qilganligi va hadisning sahihligiga ta’sir qiluvchi illat bo‘lmasligi shart qilingan. Ahli hadisning ijmosi bilan unga amal qilish vojibdir.
2. Muttafaqun alayh – Imomi Buxoriy va Imom Muslim o‘z «Sahih»larida biron hadisni zikr qilsalar va bu hadislar ma’noda va matnda bir xil bo‘lsa, muttafaqun alayh, ya’ni, bu ikki muhaddis ittifoq bo‘lishgan, deyiladi.
3. Hasan – bunda sahihda shart qilingan narsalar mavjud bo‘lishligi zarur, lekin roviyning hadis zabti (hadisni yoddan bilishi yoki yozib olishi) biroz yengilroq bo‘ladi.
4. G‘arib – hadisning rivoyatida bir roviyning yakka haq, ba’zisida roviyning bir o‘zi bo‘lmog‘i.
5. Zaif – o‘zida «hasan»ning sifatlarini jamlamagan, uning shartlaridan biror shartni yo‘qotgan hadis. Fazilatli amal zikr etilgan bo‘lsa, zaif hadisga amal qilish mustahabdir.
6. Mursal – zaif hadisning bir turi, isnodining oxirida tobe’inning o‘zi (sahobani zikr qilmay) «Rasululloh shunday qilgan edilar», deydi. Buning hukmi ixtilofli.
7. Mu’zal – zaif hadisning bir turi, isnodidan ikki yoki undan ortiq roviyning tushib qolishi. U mursal va munqoti’dan ham yomon holatdir.
8. Munqoti’ – uzilishi qanday sababdan bo‘lmasin, isnodi ulanmagan hadis. Isnodining uzilishi boshdami, o‘rtasidami yoki oxiridami – buning farqi yo‘q. Munqoti’ning hukmi ham zaif hadis kabidir.
9. Mudallas – isnodidagi biron aybni yashirib, uning zohirini chiroyli ko‘rsatishga urinilgan hadis, uning hukmi zaif hadis hukmidadir.
10. Mavzu’ – Payg‘ambarga (s.a.v.) nisbat berilgan, lekin aslida to‘qib chiqarilgan yolg‘on hadis. Ulamolarning ijmosiga ko‘ra, uni rivoyat qilish halol emas.
11. Matruk – isnodida yolg‘onchi deb gumon qilingan roviyi bor hadis. Hukmi olinmaydi.
12. Munkar – isnodida zaif roviy bo‘lib ishonchli deb bilingan roviyning hadisiga zid kelgan hadis.
13. Marfu’ – Payg‘ambarga (s.a.v.) biror so‘z, fe’l, taqrir yoki sifatni izofa qilish.
14. Mavquf – sahobaga biror so‘z, fe’l, taqrirni izofa etish. Masalan: «Ali ibn Abu Tolib shunday dedi», deyish.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #2 : 28 Iyun 2006, 07:07:14 »
MUALLIF MUQADDIMASI

Alhamdu lillalhillazi hadana likitabihi va fazzolana ‘ala soiril umami biakromi anbiyaihi, hamdan yastajlibul marg‘uba min rizoihi va yasta’tiful maxzuna min ‘atoihi va yaj’aluna minash shakiriyna linu’amihi val’arifiynna lialaihi va sollallohu a’ala Muhammadin rosulihil mustofa va nabiyyihil mujtaba va ‘la alihi va ‘itratihit toyyibiyna va ‘ala ashabihi va ummatihi ajma’iyn.

Faqih, zohid, amal qiluvchi olim Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy rahmatullohi alayhi aytadi: Qaysi kishini Alloh taolo odobda taniqli, ilmda nasibali, hukm va pandu nasihatlarda ibratli, solihlarning siyratiga tavaqqufli va mujtahidlarning ijtihodida bo‘lishdek ulug‘ baxt bilan rizqlantirgan bo‘lsa, bunday kishini Allohning yo‘lida harakat qilishi lozim deb bildim. Chunki Alloh taolo aytadi:

“(Ey Muhammad), Parvardigoringizning yo‘li – diniga hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da’vat qiling!” (Nahl, 125.)

1. Allohning elchisi Muhammad sallallohu alayhi vasallamdan Abdulloh ibn Mas’ud (Alloh undan rozi bo‘lsin) rivoyat qiladi. “Rasululloh (s.a.v.) bizga malol kelmasin deb, va’z aytmoq uchun ma’lum kunlarni belgilab qo‘ygan edilar”.

Mening vasiyatim, avvalo fikr qilib, bulardan eslatma-ibrat olish, keyin boshqalarga eslatish. Bu ishga bizni Alloh taolo buyurgan va rasuli ham. Alloh aytadi:

«Allohning kitobini odamlarga ta’lim berib va o‘zingiz o‘qib-o‘rganib, yolg‘iz Parvardigorga ibodat qiladigan kishilar bo‘lingizlar» (Oli Imron, 79).

Ba’zi mufassirlar bu oyatni: “Insonlarga kitobdan o‘rgatayotgan narsalaringizga amal qilguvchi bo‘linglar”, deb tafsir qilishgan. Alloh taolo yana aytadi”.

“Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlari-gina qo‘rqur” (Fotir, 28). Boshqa bir oyatda, U payg‘ambari Muhammadga (s.a.v.) deydi:

“Ey (liboslarga) burkanib olgan zot, turing-da, (insonlarni oxirat azobidan) ogohlantiring!” (Muddassir, 1-2).

Boshqa o‘rinda yana Alloh taolo aytadi:
“Va (Qur’on bilan) pand-nasihat qiling! Zero, bu pand nasihatlar mo‘minlarga naf yetkazur” (Vaz-zoriyot, 55).

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #3 : 28 Iyun 2006, 07:07:36 »
2. Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilinganki: “Bir soatlik tafakkur bir yillik nafl ibodatdan yaxshidir”.

Ibrat, hikmat va mav’izalardan yuz o‘girgan kishi ikki xislatdan birida bo‘ladi: yo oz amal qilib, o‘zini ko‘p yaxshilik qilguvchilardan hisoblab qoladi. Yo ba’zi harakatlar qilib urinadi, bu ko‘ziga ko‘p ko‘rinadi va shu bilan o‘zini afzal bilib, sa’y-harakat va amallarini yo‘q qilib qo‘yadi. Agar bularga (hikmat va mav’izalarga) nazar qilsa, ibodatlarga hirsi ziyoda bo‘lib, darajasi past ekanini biladi.

Allohdan yaxshi amallar va ulug‘ barakotlarga muvaffaq etishini so‘raymiz. U zot ne’mat berguvchi, qodir zotdir.

___________
MUALLIF MUQADDIMASIDAGI HADISLAR

1. Abdulloh ibn Mas’ud. Muttafaqun alayhi*.
2. Abu Hurayra. «Bir soat fikrlash...» Mavzu’* Abu Shayxning «Al-uzoma» kitobida (44) va Javziyning «Al-mavzu’otlar» kitobida (144/3).

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #4 : 28 Iyun 2006, 07:08:13 »
I BOB. IXLOS

2. Faqih (Abu Lays Samarqandiy (Alloh u kishini rahmat qilsin) aytadi: Muhammad ibn Labid rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam deydilar: “Sizlarning orangizga kirishidan eng xavfsiragan narsam kichik shirkdir”. “Kichik shirk nima, yo Rasulalloh?” deb so‘rashdi. Aytdilar: “Riyodir. Alloh taolo bandalarini amallariga ko‘ra jazolaydigan kunda ularga: “Dunyoda ular ko‘rsin uchun amal qilganlaring kishilarga boringlar, qaranglar-chi, ularning oldida biror yaxshilik topasizlarmi?” deydi”.

Faqih (Alloh rahmat qilsin) aytadiki: Shubhasiz, ularga shu gap aytiladi. Chunki ularning amallari dunyoda aldashlik bo‘ldi, ularga oxiratda o‘zlarining aldovi asosida muomala qilinadi. Alloh taolo aytganidek:

“Albatta munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar, holbuki, Alloh ularni aldab qo‘yguvchidir” (Niso, 142). Ya’ni aldanganliklari barobarida ularni jazolaydi, amallarining savobini botil qiladi va  ularga Alloh aytadi: “Kim uchun amal qilgan bo‘lsangizlar, o‘shalarga boringlar va  albatta, sizlarning amallaringiz uchun Mening huzurimda savob yo‘qdir”.

Chunki bu amallar xolis Alloh uchun bo‘lmadi. Qachonki banda xolis Alloh taolo uchun amal qilsa, shundagina savob vojib bo‘ladi. Agar o‘sha amalda Alloh taologa boshqani sherik qilsa, Alloh bunday amaldan bezordir.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #5 : 28 Iyun 2006, 07:08:30 »
3. Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambarimizdan rivoyat qiladi:
Alloh taolo aytadi: “Men sheriklardan behojatman va Menga boshqani sherik qilgan amaldan ham behojatman, so‘ng Menga boshqani sherik qilib amal etgan kimsadan ham bezorman”.

Ya’ni, birov uchun qilingan amaldan ham va shu amalni bajaruvchidan ham behojatman, deydi. Albatta, Alloh taolo bu amaldan biror narsani qabul qilmaydi, faqat ixlos bilan qilingan amalni qabul etadi. Agar ixlos bo‘lmasa, unday amalni qabul etmaydi. Oxiratda unga savob yo‘qdir va uning borar joyi jahannamdir. Bunga dalil Alloh taoloning so‘zi: “Kim naqd(dunyo)ni ko‘zlovchi bo‘lsa, Biz (shu dunyoda ulardan) o‘zimiz istagan kimsalar uchun o‘zimiz xohlagan narsani naqd qilib berurmiz”. Ya’ni, kimki dunyo ishini xohlasa, oxirat savobini umid qilmasa, dunyo matosidan xohlaganimizcha shu dunyoda unga beramiz. “Kim uchun”, ya’ni kimni xohlasak, halok qilurmiz va “kimniki xohlasak”, dunyo matosidan nimaiki bo‘lsa, xohish-irodamiz bilan berurmiz, uning xohishi bilan emas, deyiladi. “So‘ng unga jahannamni joy qilib berurmiz”. Ya’ni, Biz oxiratda unga do‘zaxni vojib qilgaymiz, “unga kiradigan”, ya’ni do‘zaxga kiradigan. “Mazammat va quvg‘inga duchor bo‘lgan holda”, ya’ni Alloh taoloning rahmatidan uzoqlashtirilgan holda do‘zaxga tashlanadi. “Kimiki oxiratni istasa”, ya’ni kim oxirat savobini istasa, “oxiratga loyiq sa’y-harakat qilsa”, ya’ni Alloh taologa ixlos bilan amallarini oxirat uchun qilsa, “mo‘min bo‘lgan holda”, ya’ni amal bilan birga imonli bo‘lsa, chunki amal imonsiz qabul qilinmaydi: “unday zotlar”, ya’ni dunyoda riyo uchun amal qilmay, oxirat savobini talab etib, amal qilgan zotlar... “Unday zotlarning sa’ylari (Alloh nazarida) maqbuldir”, ya’ni ularning amallari qabul bo‘ladi.

“Bu dunyoda odamlarning barchalariga – mana bularga ham, anavilarga ham Parvardigoringizning ne’matidan ato eturmiz”, ya’ni ikki jamoaga – mo‘minlarga ham, kofirlarga ham Parvardigoringiz rizqidan beriladi. “Parvardigo-ringizning ne’mati man qilinmas” (Al-Isro, 18-20), ya’ni Parvardigoringizning rizqi bu dunyoda hech kimdan – mo‘min, kofir, yaxshi va yomondan man’ qilinmaydi.

Bu oyati karimada Alloh taolo, albatta kimiki Allohdan boshqa uchun amal qilsa, oxiratda unga savob yo‘qligini va borar joyi jahannam ekanligini bayon qildi. Kimiki Alloh taolo uchun amal qilsa, uning amali maqbuldir. Agar Alloh taolodan boshqasi uchun amal qilsa, unga amalidan foyda yo‘q, faqatgina, xabarda kelganidek, mashaqqat va qiynalish bor, xolos.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #6 : 28 Iyun 2006, 07:08:47 »
4. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ro‘zador borki, uning ro‘zasida faqat ochlik va chanqoqlikdan boshqa hech qanday nasiba yo‘qdir. Sahar turuvchi borki, uning turishida faqat erta uyg‘onish va qiynalishdan boshqa hech nasiba yo‘qdir”. Ya’ni, agar ro‘za va namoz Alloh taolo uchun bo‘lmasa, unga savob yo‘q.

Hukamolarning ayrimlaridan rivoyat qilinadi “Riyo va dovruq uchun toat-ibodat qilgan kishining misoli cho‘ntagini toshga to‘ldirib bozorga  chiqqanga o‘xshaydi. Odamlar aytishadi: “Bu kishining cho‘ntagi qanchalar to‘la”. Holbuki, unga insonlarning shu so‘zidan boshqa foyda yo‘qdir va agar biror narsa sotib olmoqchi bo‘lsa, unga hech narsa berishmaydi. Riyo va dovruq uchun qilingan amal ham shunday. Oxiratda unga savob bo‘lmaydi. Alloh taolo aytganidek:

“(Zotan) Biz ular qilgan har bir (yaxshi) amalga kelib, uni sochilgan to‘zon (kabi) qilib qo‘ygandirmiz” (Furqon, 23), ya’ni Alloh taolodan boshqasi uchun qilingan amallarning savobini yo‘q etib, ularni xuddi sochilgan to‘zondek qilgaymiz. (U to‘zon quyosh nurida ko‘rinadigan chang-g‘uborga o‘xshashdir).

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #7 : 28 Iyun 2006, 07:09:05 »
5. Sufyon Savriydan, uning Mujohiddan eshitganlarini Vaki’ rivoyat qiladi. Aytishlaricha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam oldilariga bir kishi keldi va: “Yo Rasulalloh men sadaqa qilmoqchiman va shu sadaqa bilan Allohnning roziligini topmoqchiman, meni yaxshi deyishlarini xohlayman”, dedi. So‘ng ushbu oyat nozil bo‘ldi:

“Bas, kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, (ya’ni kim Alloh taoloning qudratidan qo‘rqib tursa va  Allohning savobini xohlagan bo‘lsa), u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani Unga sherik qilmasin (ya’ni, qiladigan amallarini yolg‘iz Alloh uchun qilsin)” (Kahf, 110).

Hakimlardan biri aytadi: “Kim yetti amalni yetti narsasiz qilsa, qilgan amali unga foyda bermaydi. Birinchisi, qo‘rquv bilan, ammo saqlanmasdan amal qilsa, ya’ni, albatta men Allohning azobidan qo‘rqaman, desa-yu, gunohlardan ehtiyot bo‘lmasa. Bas, bunday so‘z unga hech qanday foyda bermaydi. Ikkinchisi, talabsiz umid bilan amal qilsa, ya’ni men Alloh taoloning savobidan umid qilaman, deydi, ammo solih amallar bilan savobni talab etmaydi, uning so‘zidan  biror foyda yo‘qdir. Uchinchisi, qasdsiz niyat, ya’ni yaxshilik va toat-ibodatlar kabi amallar qilishlikni qalbida niyat etadi. Shuni qilishlikni o‘zi qasd qilmaydi, uning niyatidan biror foyda yo‘qdir. To‘rtinchisi, harakatsiz duo qilish, ya’ni yaxshi ishlarga muvaffaq etishni so‘rab Alloh taologa duo etadi, ammo harakat qilmaydi,  uning duosidan hech bir foyda yo‘q. Holbuki, Alloh taolo yordam qilishi uchun harakat lozimdir. Alloh aytadiki:

“Bizning (yo‘limiz)da kurashgan zotlarni, albatta, o‘z yo‘limizga hidoyat qilurmiz. Aniqki, Alloh chiroyli amal qiluvchi zotlar bilan birgadir”. (Ankabut, 69.)
Ya’ni, ibodat va dinda harakat qilgan kishilarni shunga erishtiraman, deyilmoqda.

Beshinchisi, pushaymonsiz istig‘for aytish, ya’ni Allohdan kechirishini so‘raydi-yu, ammo qilgan gunohlariga pushaymon bo‘lmaydi. Pushaymonsiz kechirim so‘rash foyda bermaydi. Oltinchisi, oshkora amal qilib, maxfiy amal qilmaslik, ya’ni oshkora qilganida ishlarini yaxshi bajaradi va yashirin, maxfiy holda yaxshi bajarmaydi, bu holda oshkoraligi unga hech bir foyda bermaydi. Yettinchisi, ixlossiz ko‘p amal qilish, ya’ni toat-ibodatda harakatni ko‘p qiladi, tirishadi, lekin Alloh taologa ixlos bilan amal qilmaydi. Ixlossiz uning amallari foyda bermaydi. Bunday amalda o‘zini-o‘zi aldagan bo‘ladi.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #8 : 28 Iyun 2006, 07:09:23 »
6. Abu Hurayra roziyallohu anhuning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilishicha, u zot aytadilar: “Oxir zamonda sut soqqandek dunyoni sog‘ish uchun qavmlar chiqadi (kitobning boshqa bir nusxasida: “dunyoni tortadilar, jalb etadilar”), ya’ni din (nomi) bilan dunyoni yeydilar, (yana boshqa bir nusxada: “dunyoni oladilar”), ya’ni dunyoni egallab oladilar, so‘ng yumshoqligi qo‘y terisidek liboslar kiyadilar. Ularning tillari shakardan shirinroq, qalblari esa bo‘rilarning qalbidek”.

Alloh taolo aytadiki: “Meni aldaysizlarmi yoki menga qarshi jur’at qilasizlarmi? (Jur’at qilish hech fikrlamasdan o‘zini qo‘rqmas, shijoatli ko‘rsatishdir) o‘zimga qasamki, albatta ularning ustiga bir fitnani yuborgayman, unda oqil-hakimlar lolu hayron qolgaydir”.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #9 : 28 Iyun 2006, 07:09:52 »
7. Abu Hurayra rivoyat qiladi: Payg‘ambarimizning yonlariga bir kishi kelib: “Yo Rasulalloh, men bir amalni qildim, uni sir saqladim, so‘ng undan xabardor bo‘lib qolishdi, mana shu narsa meni quvontirsa, bu amalda menga savob bormi?” dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilar: “Bu ishda sen uchun sirligi va oshkoraligida – har ikkisida ham savob bor”.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #10 : 28 Iyun 2006, 07:10:04 »
8. Faqih (Alloh rahmat qilsin) aytadi: Hadisning ma’nosi shuki, albatta, bir kishi o‘zining ishini oshkor etsa va bu amalga biror kishi iqtido qilsa, ergashsa, bas, u kishi uchun ikkita savob bor: bittasi – uning o‘z amali uchun, ikkinchisi - shu amali bilan birovni ergashtirganligi uchun. Rasulalloh sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Kimiki urfda yaxshi ishni joriy qilsa, shu yaxshi ishning savobi va ergashib shu yaxshi ishni qilgan kishining savobi unga qiyomatgacha yetib turadi. Va kimiki urfda yomon bir ishni joriy etsa, o‘sha yomonligining gunohi va ergashib shu yomonlikni qilgan kishining gunohi unga qiyomatgacha yetib turadi”.

Ammo agar unga birov ergashganligi uchun emas, balki o‘zining ishi oshkora bo‘lganligi uchun quvonsa, bu holda amalining savobi ketishidan qo‘rqmog‘i kerak.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #11 : 28 Iyun 2006, 07:10:25 »
9. Abdulloh ibn Muborak rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytadilar: “Albatta, maloikalar Allohning bandalaridan bittasining amalini  ko‘taradilar, so‘ng bu amalni ko‘paytiradilar va poklaydilar, to Alloh taolo xohlagan manzilgacha yetib, to‘xtaydilar. Ularga Alloh taolo: “Albatta, sizlar bandamning amalini saqlovchisizlar. Men esa bandamning ichida nima borligini kuzatuvchiman, muhaqqaq, bu bandam amalida Menga ixlos qilmadi, bas, uni sijjiynga (kofir va fosiqlar ruhi turadigan joy) yozing”, deydi. Va yana bir bandaning amalini olib, ko‘tariladilar, u amalni oz va past sanashadi. Alloh taolo xohlagan manzilgacha yetib to‘xtaydilar. So‘ng Alloh taolo ularga: “Albatta, sizlar Mening bandamning amalini saqlovchisizlar va Men bandamdagi narsani kuzatuvchiman. Albatta, u bandam o‘z amalida Men uchun ixlos qildi, bas, uni illiyinga (solih bandalar ruhi turadigan joy) yozinglar”, deb aytadi”.

Bu xabar, albatta, Alloh taolo uchun qilingan oz amal Alloh taolodan boshqaga qilingan ko‘p amaldan yaxshiroq ekanligiga dalildir. Albatta, Alloh taolo o‘zining fazli bilan ixlos ila qilingan oz amalni ziyoda etadi. Alloh taolo aytganidek:

“Shubhasiz, Alloh birovga bir zarra vaznicha zulm qilmas. Agar zarracha yaxshilik bo‘lsa, uni bir necha barobar qilur va o‘z huzuridan ulug‘ ajr ato etur” (Niso, 40).

Ammo amali ko‘p bo‘lsa-yu, Alloh taolo uchun bo‘lmasa, bas, unday kishiga savob yo‘qdir va uning biror joyi jahannamdir.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #12 : 28 Iyun 2006, 07:11:02 »
10. Shufay Asbahiy aytadi: Madinaga kirdim, qarasam, bir kishining oldida odamlar yig‘ilgan ekan. “Bu kishi kim?” deb so‘radim. “Abu Hurayra”, dedilar. So‘ng unga yaqinlashdim, u odamlarga gapirar edi va bir ozdan keyin gapini to‘xtatdi, so‘ng odamlar tarqalib, yolg‘iz o‘zi qolganda: “Alloh taolo sizni eslasin, menga Rasulalloh sallallohu alayhi vasallamdan eshitgan, yodlagan, o‘rgangan va bilgan hadislaringizni ayting”, dedim. Abu Hurayra: “O‘tir, senga Rasulalloh sallallohu alayhi vasallamdan eshitgan hadislarimni aytaman”, dedi. Men bilan Abu Hurayradan boshqa hech kim yo‘q edi, keyin xo‘rsinib yig‘lab yubordi va hiqillagan, yuzlari qizargan holda bir oz vaqt turib qoldi, o‘ziga kelganidan so‘ng yuzlarini artdi. “Rasulullohdan eshitgan hadisni senga albatta aytaman”, dedi, so‘ng yana xo‘rsinib yig‘lab yubordi va ozroq turib qoldi, keyin o‘ziga kelib, ko‘z yoshllarini artdi-da, aytib berdi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam menga aytdilarki: “Albatta, Alloh taborak va taolo qiyomat kunida O‘zining yaratganllari orasida butun itoatli ummatga hukm qiladi. Birinchi, Qur’onni yod oldim deb da’vo qilgan kishiga, Alloh yo‘lida o‘ldirilgan kishiga va  moli ko‘p kishiga hukm qiladi. Alloh taolo (Qur’on yodlagan)  qoriga aytadiki: “Rasulimga  tushirgan narsani senga o‘rgatmadimmi?” “O‘rgatding, yo Parvardigor”, deydi. “O‘rgatgan narsalarimdan nimalarga amal qilding?” deydi Alloh. “Kecha va kunduzlarda Qur’on o‘qishda qoim bo‘ldim” deydi. “Yolg‘on aytding!” deydi. Alloh taolo va maloikalar ham: “Yolg‘on aytding!” deydilar. “Balki sen, falonchi qori, deyishlarini xohlagan eding va albatta shundoq deyishdi ham”, degay va do‘zaxga olib borishlarini amr etgay. Dunyo egasiga: “Men senga molu dunyo berdim, sen Men uchun nima amallar qilding?” deydi. Shunda u : “Molimni silai rahmga sarfladim va sadaqalarga ishlatdim”, deydi. “Yolg‘on aytding!” deydi Alloh taolo va maloikalar ham: “Yolg‘on aytding!” deydilar. “Balki, falonchi saxiy kishi ekan, deyishlarini xohlagan eding va shundoq dedilar ham”, degay hamda do‘zaxga olib borishlarini buyurgay. So‘ng Alloh taolo yo‘lida o‘ldirilgan kishini keltiradilar. Unga: “Nima uchun o‘ldirilding?” deydi. “Senning yo‘lingda jang qildim, hatto o‘ldirildim”, deydi. “Yolg‘on aytding!” deydi Alloh taolo va maloikalar ham: “Yolg‘on aytding!” deydilar. “Balki seni “Falonchi jasur” deyishlarini xohlagan eding. So‘ng shun-day deyishdi ham”, degay.  Va do‘zaxga olib borishlari amr etgay... “Keyin Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tizzamga qo‘llari bilan urib: “Ey Abu Hurayra, bu uch turli kishilar ular bilan qiyomat kuni jahannam qizdiriladigan Allohning ilk maxluqlari”, dedilar. So‘ng bu xabar Muoviyaga yetgach, qattiq yig‘ladi. “Alloh va uning rasuli to‘g‘ri aytadi”, dedilar. So‘ng bu oyati karimani o‘qidi:

“Kim (faqat) shu hayoti dunyoni va uning zeb-ziynatlarini istaydigan bo‘lsa, ularga qilgan amallarining (ajr-mukofotini) shu dunyoda komil qilib berurmiz va ular bu dunyoda ziyon krmaydilar. Unday kimsalar uchun oxiratda do‘zax o‘tidan o‘zga hech qanday nasiba yo‘qdir. Ularning bu dunyoda qilgan barcha yaxshiliklari behuda ketur va qilib o‘tgan amallari befoydadir” (Xud, 15-16).

Abdulloh ibn Xubayiq Antokiy aytadi: “Bandasi o‘zining amali savobini so‘ragan vaqtda Alloh taolo bandasiga: “Sening qilgan amallaring savobini yorug‘ dunyoning o‘zida berib tugatmadikmi? Yig‘ilishlarning to‘ridan joy bermadikmi? Dunyo tasarrufiga seni boshliq qilib qo‘ymadikmi? Savdo-sotiq ishlariga rivoj bermadikmi? Shu va shunga o‘xshashlari bo‘lmadimi?” deydi.

Hukamolarning ba’zilaridan: “Muxlis, ya’ni ixlosli kishi kim?” deb so‘raldi. Aytishdi: “Yomonliklarini bekitgandek yaxshiliklarini ham bekitgan kishilar muxlislar”.

Yana ba’zilaridan: “Ixlosning ma’nosi nima?” deb so‘ralganda: “Albatta, odamlar seni maqtashlarini sevmasligingdir”, deb javob berishdi.

Zunnun Misriyga aytildi: “Alloh taolo bir kishini tanlaganligi qachon bilinadi?”. Aytdi: “To‘rt narsada bilinadi: qachonki rohatni tark qilsa, oz bo‘lsa ham, bor narsadan bersa, qadr-qimmati tushib ketishini xohlasa va maqtov ham, yomonlash ham uning nazdida bir xil bo‘lsa”.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #13 : 28 Iyun 2006, 07:11:16 »
11. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan Adiy ibn Hotam Toiy bunday rivoyat qiladi:
“Qiyomat kuni bir toifa odamlarga jannatga borishlik buyuriladi. Ular jannatga yaqinlashib, hidini hidlab, jannatdagi qasrlarni va Alloh taolo jannat ahliga tayyorlab qo‘ygan narsalarni ko‘rganlaridan so‘ng: “Ularni olib ketinglar, jannatda nasiba yo‘qdir!” deb nido qilinadi. Ular shunday hasrat-nadomat bilan qaytadilarki, ulardan oldin ham, keyin ham hech kim bunchalik hasrat-nadomat qilmagandir. Ular aytadilar: “Yo Alloh, do‘stlaringga tayyorlab qo‘ygan ne’matlaringni ko‘rsatmay turib, bizlarni do‘zaxga kirgizganingda bunchalik hasrat-nadomat qilmasdik”. Shunda Alloh taolo: “Men shunday qilmoqliknni xohladim, chunki sizlar katta-katta gunohlar bilan insonlardan yashirincha Menga qarshi chiqdingiz, insonlar ko‘zida esa pokiza, viqorli ko‘rinar edingiz, qalblaringizda yo‘q narsani riyo qilar edingiz. Odamlardan qo‘rqar edingiz mendan qo‘rqmas edingiz insonlarnni ulug‘lar edingiz. Meni ulug‘lamasdingiz. Insonlar uchun ba’zi narsalardan qaytar edingiz. Men uchun qaytmasdingiz. Endi bugun savobimdan ayirganim barobarida qattiq azobga mahkum etgayman”, deydi.

Laylo

  • Mehmon
Re: TANBEHUL G'OFILIYN. Abullays Samarqandiy
« Javob #14 : 28 Iyun 2006, 07:11:47 »
12. Ibn Abbos Payg‘ambar sallallolhu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Alloh taolo Adn jannatini yaratgan vaqtda ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va insoniyatning ko‘ngliga kelmagan narsalarni yaratdi. So‘ng Alloh taolo unga, gapir dedi. “Albatta, mo‘minlar najot topdi”, dedi uch bor. So‘ng “Men baxilga, munofiqqa, riyokorga haromman”, dedi jannat”.

Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilinadi: «Riyokornning alomatlari to‘rttadir: o‘zi qolgan vaqtda yalqovlik, insonlar bilan birga bo‘lsa tirishqoqlik qiladi. Uni maqtashsa, amalni ko‘paytiradi; yomonlashgan vaqtda noqis qiladi».

Zohid Shaqiq ibn Ibrohimdan rivoyat qilinadi: “Amalning qo‘rg‘oni uch narsadir:
1. Amaldagi tavfiqni Alloh taolodan deb bilmoq – u bilan manmanlik sinishi uchun.
2. Amalni Allohning roziligi bilan boshlamoq ­ u bilan havoyi nafsi sinishi uchun.
3. Amalning savobini Alloh taolodan umid qilish – unda tama’, riyo bo‘lmasligi uchun. Bu narsalar bilan amallar xolis bo‘ladi”.

Amaldagi tavfiqni Alloh taolodan deb bilish,  degan so‘zda, albatta Alloh bu amalni unga muvaffaq qilgani bilinadi. Agar Alloh muvaffaq qilganini bilsa, u shukr qilganda, unda manmanlik, kibr bo‘lmaydi. Amalni Allohning roziligi bilan boshlash o‘sha amalga qarash, agar amal Alloh uchun bo‘lsa, shu amalni qilish tushuniladi. Agar unda Allohning roziligi yo‘qligini bilsa, havoi nafsi bilan amal qilmaydi. Chunki Alloh taolo aytadiki:

“Albatta nafs, agar Parvardigorimning o‘zi rahm qilmasa, barcha yomonliklarga buyurguvchilar” (Yusuf, 53). Ya’ni, nafs yomonlikka va shahvoniyatga buyuradi... Amalning savobini Alloh taolodan umid qilish, deganda, insonlarning gaplariga parvo qilmasdan, amalni Alloh taolo uchun xolis qilish tushuniladi.

Ba’zi hukamolardan rivoyat qilinadi: “Amal qilguvchi amalida qo‘y boquvchidan o‘rnak olishligi lozim bo‘ladi. Albatta, qo‘y boquvchi agar namoz o‘qisa, qo‘ylardan namoziga maqtov olishni o‘ylamaydi. Shuningdek, amal qilguvchi insonlar unga qarashlarini ko‘ngliga keltirmasligi lozim. Alloh taolo uchun insonlar oldida va yolg‘iz qolganda ham bir xil tarzda amal qiladi. Insonlarning maqtovini talab etmaydi”.

Hukamolardan ba’zisi aytadi: “Amal durust bo‘lishi uchun to‘rt narsa kerak bo‘ladi. Avvalo, amalni boshlashdan oldin ilm lozim. Chunki amal faqat ilm bilan yaxshi bo‘ladi. Agar amal ilmsiz bo‘lsa, amalni yaxshi qiladigan narsadan buzadigan narsa ko‘proq bo‘ladi. Keyin amalning boshida niyat lozim. Chunki amal niyat bilan solih bo‘ladi.

 

Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn

Muallif NaqshbandiyBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 378
Ko'rilgan: 167139
So'nggi javob 13 Iyul 2008, 10:01:08
muallifi AbdulAziz
Muslim as-Samarqandiy. Ustoz va shogird

Muallif mutaallimahBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 47
Ko'rilgan: 21254
So'nggi javob 02 Dekabr 2007, 02:38:32
muallifi AbdulAziz
Dukchi Eshon. Ibratul g'ofiliyn

Muallif AbdulAzizBo'lim Axloq-odobga oid kitoblar

Javoblar: 1
Ko'rilgan: 17702
So'nggi javob 20 Avgust 2010, 14:37:23
muallifi Ansora
Vasliy Samarqandiy. Imomi A'zam tarixi

Muallif AbdulAzizBo'lim Tarixiy adabiyotlar

Javoblar: 0
Ko'rilgan: 2865
So'nggi javob 29 Avgust 2012, 12:18:48
muallifi AbdulAziz
Vasliy Samarqandiy. Imomi a'zam hayoti haqida qimmatli so'zlar

Muallif AbdulAzizBo'lim Tarixiy adabiyotlar

Javoblar: 0
Ko'rilgan: 2825
So'nggi javob 25 Avgust 2013, 01:25:08
muallifi AbdulAziz