249. Ibn Umardan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qilindi: «Payg‘ambar (s.a.v.) bir kuni masjidga chiqdilar, qavm gapirib, kulishib turardi. Payg‘ambar (s.a.v.) ularning oldida to‘xtab, salom berdilar va ularga: «Lazzatlarni kesuvchi narsani ko‘p zikr qilinglar», dedilar. Bizlar: «Yo Rasulalloh, lazzatlarni kesuvchi narsa nima?» deb so‘radik. «O‘lim», dedilar. Shundan keyin, yana bir kuni chiqdilar. Qavm kulishib turgan edi. Ularga salom berib: «Ogoh bo‘linglar! Mening nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar men bilgan narsalarni sizlar bilganingizda edi, albatta, kamroq kulib, ko‘proq yig‘lar edingizlar», dedilar. Shundan so‘ng, yana bir kun masjidga chiqdilar. Qavm kulishib, gapirishib turgan edi, ularga salom berib: «Albatta, Islom g‘arib holatda boshlandi va g‘arib holatga qaytadi. Qiyomat kunida g‘ariblarga qanday ham yaxshi», dedilar. So‘rashdilarki: «Qiyomat kunidagi g‘ariblar kimlar?» deb. «Odamlar buzilib ketgan vaqtda ular salohiyat va yaxshilikda bo‘ladilar», dedilar».
Faqih aytadi: Bizlarga Ishoq ibn Mansur aytadiki: «Xizr alayhissalom Muso alayhissalomdan ajralayotgan vaqtda Muso alayhissalom Xizr alayhissalomga: «Menga mav’iza qiling», dedilar. Xizr alayhissalom: «Yo Muso, tortishishdan saqlaning, biror hojatsiz yuruvchi bo‘lmang, sababsiz kulmang, xato qilgan kishiga xatosini aytib ayb-lamang», dedilar. Boshqa rivoyatda: «Xato qilguvchilarning xatosini aytib, ayblamang va qilgan xatolaringizga yig‘lang, ey Imron o‘g‘li», degan edilar».