Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 464191 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 ... 107 B


Laylo  04 Iyul 2006, 07:53:05

320. Anas (r.a.) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytdilarki: "Alloh taolo: "Mo‘min bandamga dunyoni ko‘paytirsam, xursand bo‘ladi, u Mendan uzoqroqdir, dunyoni kamaytirsam xafa bo‘ladi. Kimning dunyosini kamaytirsam, ana shu bandam Menga yaqindir", deydi". Keyin bu oyatni tilovat qildilar:

"Ular Biz ularga berayotgan mol-davlat va bolalarni o‘zlari uchun yaxshiliklarni tezlatishimiz deb o‘ylaydilarmi? Yo‘q, ular (buni g‘aflatlari yanada ziyoda bo‘lishi uchun qilinayotganini) sezmaydilar" (Mo‘minlar, 55-56).

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:53:29

321. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilindi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir kuni Abu Zarrning qo‘lidan ushlab chiqdilar va: "Ey Abu Zarr, albatta, sening oldingda baland to‘siq bor. Unga faqat yengil kishilargina ko‘tariladi", dedilar. Abu Zarr: "Yo Rasululloh, men yengil kishilardanmi yoki og‘irlardan?" deb so‘radilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Senda bir kunlik taom bormi?" Abu Zarr: "Ha", dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ertangisi-chi?" Abu Zarr: "Ha", deb javob qildilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ertadan keyingisi-chi?" Abu Zarr: "Yo‘q", deb javob qildilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar senda uch kunlik taom bo‘lsa, og‘irlardansan".

_________________
Dunyodan yuz o‘girish bobi hadislari

306-hadis. Sahih. Ibn Mojja, Ibn Abu Dunyo rivoyat qilgan. "œSahihul jome’"ga kirgan.
307-hadis. Muttafaqun alayh. Buxoriy, Muslim rivoyat qilgan.
308-hadis. Mursal. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
309-hadis. Mavzu’. Ibn Abu Dunyo, Qazoiy rivoyat qilgan. Sanadidagi Abdulloh ibn Musavvar kazzobdir. "œAz-zaifa" kitobida keltirilgan.
310-hadis. Hofiz Iroqiy "œTarix ul-ihyo" kitobida uning asli yo‘qligini aytgan.
311-hadis. Munkar, unda uzilish bor. Ibn Adiy, Abu Na’im rivoyat qilgan.
312-hadis. Sahih. Xatib, Qazoiy rivoyat qilgan. "œAs-sahiha" kitobiga qarang.
313-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
314-hadis. Sahih. Muslim "œDunyo mo‘minning zindoni, kofirning jannati" lafzi bilan rivoyat qilgan.
315-hadis. Hasan. "œSahihul jome’" va "œAs-sahiha" kitoblarida keltirilgan.
316-hadis. Hasan. Abu Na’im, Tabaroniy rivoyat qilgan.
317-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Mojja, Hokim va boshqalar rivoyat qilishgan.
318-hadis. Zaif. "œAz-zaifa"ga qarang.
319-hadis. Munkar. Daylamiy rivoyat qilgan.
320-hadis. Mavquf. Suyutiy "œAd-durrul-mansur"da keltirgan.
321-hadis. Sahih. Ibn Muborak, Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:54:14

YIGIRMA SAKKIZINCHI BOB
BALO VA MASHAQQATLARGA SABR QILISH


322. Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Ey bola, senga Alloh taolo foyda beradigan kalimalarni o‘rgataymi?" dedilar. Men: "Ha, ey Allohning elchisi!" dedim. Aytdilar: "Allohni yod et, Alloh seni saqlaydi. Allohni yod et, Uni huzuringda topasan. Alloh taoloni kenglik paytida tani, qiyinchilikda seni taniydi. Tilasang, Allohdan tila. Yordam so‘rasang, Allohdan so‘ra. Bo‘ladigan narsalarni qalam (yozib bo‘ldi), quridi. Agar butun odamlar senga foyda bermoqni xohlasalar, Alloh uni senga taqdir qilmagan bo‘lsa, qodir bo‘lmaydilar. Agar ular senga zarar bermoqchi bo‘lsalar, Alloh taolo taqdir qilmagan bo‘lsa, zarar berishga ham qodir bo‘lmaydilar. Allohga shukr va ishonch bilan amal qil. Bilki, yomon ko‘rgan narsangga qilgan sabringda ko‘p yaxshiliklar bor. Albatta, (Allohning) yordami sabr qilish bilan, quvonch qayg‘u bilan, yengillik mashaqqat bilan birgadir".

Ali ibn Abu Tolib (Alloh uzotdan rozi bo‘lsin) aytadilar: "Ey odamlar! Mendan besh narsani yod qilinglar: Gunohdan boshqa narsadan qo‘rqmangiz, Allohdan boshqasiga umid etmangiz, agar bilmasangiz, ta’lim olishdan uyalmangiz, agar so‘rasalar, bilmasangiz, bilmayman, demoqdan uyalmangiz. Bilingizki, sabr jasaddagi bosh kabidir. Jasaddan bosh ajralsa, jasad hech narsaga yaramaydi, shuningdek, ishlardan sabr ketsa, buziladi".

Keyin: "Men sizlarga haqiqiy faqihning xabarini beraymi?" deb so‘radilar. "Ha, ey amirul mo‘minin", deyishdi. "Odamlarni Allohning iltifoti va marhamatidan noumid qilmagan, shuningdek, ularni Allohning azobidan xotirjam ham qilib qo‘ymagan, gunohlarni odamlarga ziynatli qilib ko‘rsatmagan, gunohkor va muvahhidlarni (tavhid e’tiqodida bo‘lganlarni) Alloh hukm qilmasdan oldin jannati yoki do‘zaxi deb hukm etmagan kishi haqiqiy faqihdir. Allohning azobidan bu ummatning yaxshisi xotirjam bo‘lmaydi. Alloh taolo aytadi:
"Ular Allohning "makri"dan xotirjam bo‘lib qoldilarmi? Bas, Allohning "makri"dan faqat ziyon ko‘ruvchi qavmgina xotirjam bo‘ladi" (A’rof, 99). Bu ummatning yomoni ham Allohning lutfidan noumid bo‘lmaydi.

Alloh aytadi:
"Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur" (Yusuf, 87)", dedilar Hazrati Ali.

Yazid Raqqoshiy aytadilar: "Agar kishi qabrga kirgizilsa, namozi o‘ng tomonda, bergan zakoti chap tomonda turadi va yaxshiligi unga soya soladi. Sabr esa, uning ustida bahslashib turadi. Aytadiki, oldingizda sohibingiz turibdi, hujjatlashsanglar hujjatlashinglar, yo‘qsa, uning orqasidan men boraman". Ya’ni, agar qodir bo‘lsalaring, uni azobdan mudofaa qilinglar, mudofaa qilolmasangizlar, men sizlar uchun ham unga kifoya qilaman va undan azobni ketkazaman.

Bu xabarlarda sabr amallarning afzali ekaniga dalil bordir. Alloh taolo aytadi:
"Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-toqat qiluvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz, to‘la-to‘kis qilib berilur" (Zumar, 10).

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:54:22

323. Muhammad ibn Muslim rivoyat qiladilar. Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: "Ey Allohning elchisi! Molim ketdi, tanam kasal bo‘ldi", deb shikoyat qildi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: "Moli ketmagan, joniga kasallik yetmagan bandaga yaxshilik yo‘qdir. Albatta, Alloh bandasini yaxshi ko‘rsa, unga balo yuboradi, agar unga balo yuborsa, uni sabrli qilib qo‘yadi".

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Qaysi bir kishini sulton zulm qilib qamasa, u hibsda o‘lsa, shahiddir. Agar ursa, tayoq zarbidan o‘lsa, shahiddir".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:54:30

324. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilindi. Aytdilar: "Albatta, kishining Alloh nazdidagi darajaga erishmog‘i uchun qilgan amali yetmaydi. Hattoki, uning joniga balo keladi, o‘sha balo tufayli uni o‘sha darajaga yetkazadi".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:54:44

325. Rivoyat qilindi. Allohning:
"Kim yomon amal qilsa, jazosini oladi" (Niso, 123), degan so‘zi tushganda, Abu Bakr (r.a.) aytdilar: "Ey Allohning elchisi, bu oyatdan keyin qanday xursandchilik bo‘lsin?" Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Alloh sizni kechirsin, siz kasal bo‘lmaysizmi? Sizga aziyat yetmaydimi? Siz qiynalib xafa bo‘lmaysizmi? Bu yetgan narsalarning hammasida gunohlaringizga kafforat bordir", dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:54:59

326. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Bu oyat tushganda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizning oldimizga chiqdilar va dedilar: "Menga bir oyat tushdi, u ummatimga dunyo va undagi narsalardan yaxshidir". Keyin o‘qidilar: "Kim yomon amal qilsa, jazosini oladi". Keyin aytdilar: "Agar banda bir gunoh qilsa, so‘ngra unga shu dunyoning o‘zida bir qiyinchilik yoki balo kelsa, Alloh uni ikkinchi marta azoblashdan ulug‘dir".

Faqih (rahmatullohi alayh) aytadilar: Bilingki, banda yaxshilarning darajasiga aziyatlar va mashaqqatlarga sabr qilish bilan erishadi. Alloh o‘z payg‘ambariga sabrni buyurdi. Aytdiki:
"Bas, (ey Muhammad), siz ham (o‘tgan) payg‘ambarlar orasidagi sabr-matonat egalari sabr qilganlaridek (mushriklarning ozor-aziyatlariga) sabr qiling" (Ahqof, 35).

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:55:07

327. Xabbob ibn Arat rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelganimizda, Ka’baning tagida ridolariga o‘ranib o‘tirgan ekanlar. Biz u zotga shikoyat qildik: "Ey Allohning elchisi, Allohga duo qilmaysizmi? Allohdan bizlarga g‘alaba so‘ramaysizmi?" dedik. U kishining yuzlari qizarib ketdi, keyin aytdilar: "Sizlardan oldingilarni keltirishardi. So‘ngra yerdan chuqur kovlashardi, arrani olib kelib boshiga qo‘yishardi va ikkiga bo‘lishardi. Ularni bu azoblar dinidan voz kechtirolmas edi".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:55:15

328. Anas ibn Molik (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan aytadilar: "Qiyomat kuni yer yuzida eng farovon hayot kechirgan kishi keltiriladi va do‘zaxga bir martagina kirgizib olinadi. U yerdan kuygan qora holatda chiqadi. Senga dunyoda biror ne’mat berilganmidi? deb so‘raladi undan. U, yo‘q, yaratilganimdan beri shu balodadirman, deydi. Keyin dunyo ahlidan ko‘p balolarga yo‘liqqan kishi keltirilib jannatga kirgizib chiqariladi. Ya’ni, bir soatgina kiradi. So‘ngra to‘lin oydek bo‘lib chiqadi. Senda hech qiyinchilik bo‘ldimi? deb so‘raladi undan. U, yo‘q, yaratilganimdan beri bu ne’mat mendan ketmagan, deydi".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:55:28

329. Ibn Abbos Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Jannatga birinchi bo‘lib Allohga ko‘p hamd aytuvchilar chaqiriladi, ular Alloh taologa xursandchiliklarida ham, xafaliklarida ham hamd aytganlar".

Banda o‘ziga yetgan musibatlarga sabr qilmog‘i vojibdir va bilmog‘i lozimki, Alloh taolo undan daf qilgan balolar unga yetgan balolardan ko‘ra ko‘pdir. Bu uchun ham Allohga hamd aytmog‘i lozim.

Bandalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ergashsinlar va u kishi mushriklar yetkazgan aziyatlarga qanday sabr qilganlariga qarasinlar.

Qayd etilgan