Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 637336 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 ... 107 B


Laylo  08 Iyul 2006, 07:16:31

360. Hadisda rivoyat qilinadi: "Mo‘min banda tahoratni qilib bo‘lgandan keyin: "Subhanakallohu va bihamdika, ashhadu alla-a ilaha illa anta, astag‘firuka va atubu ilayk", desa, yaxshilik tamg‘asini bosadi. So‘ng u tamg‘a arshning tagiga qo‘yiladi. U qiyomat kunida egasiga qaytarilguncha sindirilmaydi".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:16:38

361. Uqba ibn Omir Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan qaysi biringiz tahorat qilib bo‘lgandan keyin: "Ashhadu alla-a ilaha illallohu vahdahu la-a sharikalahu va anna Muhammadan abduhu va rosuluh", desa, jannatning sakkiz darvozasi ochiladi. U yerga xohlaganidan kiradi".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:16:45

362. Abu Dardo (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Kim besh amalni imon bilan qilsa, jannatga kiradi: Besh vaqt namozlarini o‘z vaqtida o‘qigan, tahoratlari, ruku’lari, sajdalarini qilib, zakotini xursand holda ado etgan kishi, Allohga qasamki, bu ishni faqat mo‘min qiladi; yana ramazonda ro‘za tutgan, qodir bo‘lsa, Allohning uyiga haj qilgan va omonatni ado etgan kishi".

Abu Dardodan omonatning nimaligini so‘rashdi. U zot (r.a.): "Jinobatdan yuvinish. Alloh taolo dinida odam farzandiga bundan ko‘ra omonatroq narsa bermagan", dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:16:51

363. Usmon ibn Affon rivoyat qiladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim tahoratini Alloh buyurgandek mukammal qilsa va namozni Alloh buyurgandek ado etsa, u ikkisi orasidagi gunohlarga kafforat bo‘ladi".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:17:11

364. Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: "Bir kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bomdod namozi paytida Bilolga: "Ey Bilol! Islomda qilgan pok amalingni menga ayt, chunki shu kecha jannatda kovushingning tovushini eshitdim", dedilar. Bilol: "Men Islomda umidlik bir ish qilganim yo‘q, lekin kechasimi, kunduzimi, qachon tahorat olsam, kam bo‘lsa-da, qodir bo‘lganimcha namoz o‘qiyman", deb javob qildilar.

Boshqa bir rivoyatda: "Tahorat ketishi bilan uni yangilayman, yangilashim bilan ikki rak’at namoz o‘qiyman", deganlar.

_______________________
Tahoratning fazilatlari bobi hadislari

355-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad va boshqalar rivoyat qilgan.
356-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy, Nasoiy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
357-hadis. Hasan. Ibn Muborak rivoyat qilgan. "œAd-dau vad-davo"ga qarang.
358-hadis. Muttafaqun alayh.
359-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Mojja, Hokim rivoyat qilgan.
360-hadis. Sahih. Nasoiy, Hokim rivoyat qilgan.
361-hadis. Sahih. Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
362-hadis. Hasan. Abu Dovud, Tabaroniy, Abu Na’im rivoyat qilgan.
363-hadis. Sahih. Muslim, Nasoiy, Ahmad rivoyat qilgan.
364-hadis. Muttafaqun alayh.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:17:25

O‘TTIZ BIRINCHI BOB
BESH VAQT NAMOZ HAQIDA


365. Faqih Abu Lays Samarqandiy (Alloh u kishini rahmat qilsin) aytadilar: Hasandan (r.a.) rivoyat qilindi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Besh vaqt namozning misoli eshiklaringiz oldidan oqib o‘tayotgan suvi ko‘p daryo kabidir. Unda har kuni besh marotaba yuvingan odamning tanasida kir qoladimi?"

Ya’ni, besh vaqt namoz kishini gunohlardan poklaydi, kattalaridan boshqasi qolmaydi. Bu ish faqat namozni ulug‘lab, ruku’larini, sajdalarini mukammal qilib o‘qisa. Mabodo ruku’si, sajdasi tamomiga yetmasa, u namoz rad qilingaydir.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:17:34

366. Rafo’a ibn Rofe’ ibn Xolid aytadilar: "Biz Pay-g‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlarida edik, shu vaqt bir kishi kelib, qiblaga yuzlanib namoz o‘qidi. Keyin namozini tugatib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib, u zotga sollallohu alayhi vasallam va qavmga salom berdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Qaytib namozingni boshqatdan o‘qi, sen namoz o‘qimading", dedilar. Haligi kishi qaytib, yana namoz o‘qidi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana: "Namozingni qaytadan o‘qi, chunki sen namoz o‘qimading", dedilar. Shunday deb ikki yoki uch marta buyurdilar. U kishi: "Imkoniyatim boricha o‘qidim, ammo namozimning aybini bilmayapman", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Tahoratni Alloh buyurganidek mukammal qilmasalaringiz, namozlaringiz komil bo‘lmaydi. Tahoratda yuzini, so‘ng ikki qo‘lini tirsagigacha yuvadi va boshiga mash tortadi, keyin ikki oyog‘ini to‘pig‘igacha yuvadi. Keyin Allohga takbir va hamd aytadi, so‘ng Qur’ondan qodir bo‘lganicha o‘qiydi, so‘ngra takbir aytadi va ruku’ qiladi, qo‘lini tizzasiga qo‘yib, bo‘g‘inlarini xotirjam ushlaydi, ozgina turgandan keyin boshini ko‘tarayotib, "sami’allohu liman hamidah", deb qomatini tik qiladi va ozgina turib, so‘ng takbir aytib sajdaga ketadi".

Shunday qilib, to‘rt rak’at namozning o‘qilishini tushuntirdilar. So‘ng: "Ana shunday qilmasangizlar, hech biringizning namozingiz to‘liq bo‘lmaydi", dedilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sajda bilan ruku’ni to‘liq qilishni buyurdilar va ularsiz namoz qabul bo‘lmaslik xabarini berdilar. Mo‘min kishi namozini chiroyli, mukammal qilishga va bu namoz uning o‘tgan gunoh va xatolariga kafforat bo‘lishiga harakat qilmog‘i lozim.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:17:41

367. Usmonning (r.a.) ozod qilgan qullari Horis aytadilar: "Usmon (r.a.) biz bilan o‘tirgan edilar, muazzin keldi. Usmon (r.a.) suv oldirib, tahorat qildilar, keyin: "Payg‘ambarning sollallohu alayhi vasallam men qilgandek tahorat qilganlarini ko‘rganman va: "Kim men qilganday tahorat olib, peshin namozini o‘qisa, Alloh taolo u namozi bilan bomdod namozi orasida bo‘lgan gunohlarini kechiradi, keyin asrni o‘qisa, Alloh taolo asr bilan peshin orasidagi gunohlarini kechiradi. So‘ng shom namozini o‘qisa, Alloh taolo shom bilan asr o‘rtasida o‘tgan gunohlarini kechiradi. Keyin xufton namozini o‘qisa, xufton bilan shom namozi orasida bo‘lgan xatolarini kechiradi. So‘ng yotadi va dumalab kechani o‘tkazadi. So‘ng turib, tahorat qilib, bomdod namozini o‘qisa, Alloh taolo bomdod va xufton namozi orasidagi xatolarini kechiradi. Bu yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi", deganlarini eshitganman", dedilar.

Odamlar aytishdi: "Qolgan solih amallar-chi?" Aytdilar: "Subhanalloh valhamdulillah, va laa ilaha illallohu vallohu akbar, va laa havla va laa quvvata illa billahil ‘aliyyil az’im".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:17:49

368. Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. U zot aytdilarki: "Kimni erta bir kun qiyomatda Alloh taologa musulmon holda yo‘liqishi xursand qilsa, farz namozlarni azon aytilgan vaqtda ado etsin. Alloh taolo Payg‘ambaringizga hidoyat yo‘lini ko‘rsatdi. Albatta, u namozlar hidoyat yo‘llaridandir. Qasamki, jamoatdan kechikkan kishi uyida namoz o‘qiganidek, sizlar ham namozlaringizni uylaringizda o‘qisangizlar, Payg‘ambaringizning yo‘lini tark qilgan bo‘lasizlar. Payg‘ambaringiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini tark qilsangizlar, adashasizlar. Hali shunday zamonga yetamizki, bu namozlardan faqatgina la’natlangan munofiq kishi kech qolib, jamoatga chiqmaydi.

Bizlar ikki odamning o‘rtasida kasallikdan gandiraklab turgan bo‘lsa-da safga kelib turgan kishini ko‘rdik. Qaysi kishi tahorat olsa va tahoratini chiroyli qilib, masjidlardan biriga borsa va u yerda namoz o‘qisa, Alloh taolo uning har qadamiga yaxshilik yozadi va darajasini ko‘taradi, xatolarini o‘chiradi, hattoki bizlar qadamlarimiz orasini yaqin qilsak ham albatta, kishining jamoat bilan o‘qigan namozi yolg‘iz o‘qigan namozidan yigirma yetti daraja ziyoda bo‘ladi".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:17:59

369. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) aytadilar: "Masjid oldiga ko‘chishni xohladik — u yerda bir bo‘sh joyimiz bor edi. Bu gap Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yetdi. U zot bizning oldimizga kelib: "Ey bani Salama, eshitishimcha, sizlar masjid oldiga ko‘chmoqchi ekansizlar?" dedilar. Biz: "Ey Allohning elchisi, masjid uzoq, o‘sha yerda bo‘sh joy bor edi", dedik. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey bani Salama, o‘z yeringizda turaveringlar, chunki bosgan izlaringiz yoziladi". Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlaridan keyin masjidning atrofiga ko‘chishni xohlamay qoldik".

Qayd etilgan