Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 637086 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 ... 107 B


Laylo  08 Iyul 2006, 07:33:23

440. Umarning (r.a.) ozod qilgan qullari Abdurahmon Salmoniydan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sadaqa so‘rovchi o‘zi so‘zidan to‘xtamagunicha bo‘lib qo‘ymanglar. Keyin unga viqor va yumshoqlik bilan javob qaytaringlar yo yengilgina narsa bilan yoki yaxshi so‘z bilan qaytaringlar".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:33:33

441. Sa’d ibn Mas’ud Kindiy rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qaysi inson kecha va kunduzda sadaqa qilib tursa, ilon chaqib o‘lishdan, tom bosib o‘lishdan yoki to‘satdan o‘lib qolishdan muhofaza qilinadi".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:34:06

442. Abu Hurayra Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: U zot aytdilarki: "Mol sadaqa qilish bilan kamaymaydi va kishi o‘ziga yetgan zulmni avf etsa, Alloh unga azizlikni ziyoda etadi. Qaysi kishi Alloh uchun tavozu’ qilsa, Alloh uning darajasini ko‘taradi".
Ikrima (r.a.) Ibn Abbosning bunday deganlarini rivoyat qiladi: "Ikki narsa shaytondan va ikki narsa Alloh taolodan", deb keyin bu oyatni o‘qidilar: "Shayton sizlarni (agar infoq-ehson qilsangiz) kambag‘al bo‘lib qolishingizdan qo‘rqitadi va fahsh ishlarga buyuradi. Alloh sizlarga o‘z tarafidan mag‘firat va fazlu karam (boylik) va’da qiladi", ya’ni, sizlarni toatga va sadaqa qilishga buyurib, fazli va mag‘firatiga yetkazmoqni xohlaydi. "Alloh (fazlu karami) keng va bilguvchidir" (Baqara, 268). Ya’ni, fazlu karami keng va sadaqa qilgan kishining savobini bilguvchi zot.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:34:23

443. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar qaysi bir qavm ahdini buzsa, Alloh ularni o‘lim bilan imtihon qiladi, qaysi qavmda fohishabozlik yoyilsa, ularga to‘satdan o‘lim yuboradi, qaysi qavm zakotni man’ qilsa, Alloh taolo ularni yomg‘irdan qisib qo‘yadi".

Nazzol ibn Sabra aytdilar: Jannat eshigiga uch qator so‘z yozilgan:
1. "Laa ilaha illalloh, Muhammadur-rosululloh".
2. "Ummat gunohkor, Parvardigor kechiruvchi".
3. "Nima amal qilgan bo‘lsak, topdik, bergan bo‘lsak, foyda oldik, nimaiki olib qolgan bo‘lsak, zarar qildik".
Aytilishicha, kim besh narsani man’ qilsa, Alloh ham undan besh narsani man’ qiladi.
1. Zakotni bermasa, molining muhofazasini man’ qiladi.
2. Sadaqani man’ qilsa, undan tinchlik-xotirjamlikni man’ qiladi.
3. Ushrni man’ qilsa, yerining barakasini man’ qiladi.
4. Duoni man’ qilsa, undan ijobatni man’ qiladi.
5. Namozga dangasalik qilsa, Alloh undan o‘layotgan vaqtida "laa ilaha illalloh"ni man’ qiladi.

Ibn Ma’sud (r.a.) aytadilar: "Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshidir".

Faqih aytadilar: Otamdan eshitdimki, Iso alayhissalom zamonlarida baxilligi bilan nom chiqargan Mal’un ismli kishi bor edi, bir odam g‘azotga chiqmoqni xohladi va kelib: "Yo Mal’un, menga biron qurolingdan ber, uni olib, g‘azotimda quvvatli bo‘layin, sen esa do‘zaxdan uning savobi bilan qutulib qol", dedi. Undan yuz o‘girib, hech narsa bermadi, haligi kishi ketgandan keyin, Mal’un qilgan ishiga pushaymon yedi, keyin uni chaqirib, qilichini berdi. Haligi kishi yo‘lda Iso alayhissalom bilan yetmish yildan beri ibodat qilib kelayotgan bir kishiga yo‘liqdi. Iso (a.s.) undan bu qilichni qaerdan olganini so‘radilar. Haligi kishi: "Mal’un berdi", dedi. Iso (a.s.) uning qilgan sadaqasiga xursand bo‘ldilar. Keyin Mal’un eshigi oldida o‘tirgan edi, Iso (a.s.) obid bilan uning oldidan o‘tdilar. Ma’lun ham o‘zicha, Isoning va obidning yuziga qarasam, deb turgan edi. Shunda o‘rnidan turdi va ikkovlarining yuziga qaradi. Obid, olovi meni kuydirmasidan oldin Ma’lundan qochay, dedi. Alloh taolo Iso (a.s.)ga vahiy qildi: "Ey Iso, bu gunohkor bandamga ayt, sadaqa qilgan qilichi uchun uning gunohlarini kechirdim va bu obidga ham ayt, men uni u bilan jannatda yo‘ldosh qilib qo‘yaman". Obid aytdi: "Allohga qasamki, men u bilan jannatda turishni xohlamayman, yo‘ldosh bo‘lishni ham xohlamayman". Alloh Iso (a.s.)ga vahiy qildi: "Bu bandamga ayt, u Mening qazoi qadarimga rozi bo‘lmadi va bandamni kamsitdi, Men uni do‘zax ahlidan qilib, Mal’unning holatiga qo‘ydim va jannatdagi joyini uning do‘zaxdagi joyi bilan almashtirdim, uning jannatdagi joyini bu bandamga berdim va uning do‘zaxdagi joyini unga berdim".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:34:31

444. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Osmon eshigidan bir farishta nido qilib aytadi: "Kim bugun qarz bersa, ertaga mukofotini oladi". Boshqa farishta nido qilib: "Ey odam bolalari, o‘lish uchun tug‘ilaveringlar, xarob bo‘lish uchun quraveringlar", deydi".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:34:38

445. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: "Ey Allohning rasuli, siz dunyodan o‘tgandan keyin bizga yerning usti yaxshimi yoki ostimi?" deb so‘rashdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar boshliqlaringiz yaxshilaringiz, boylaringiz saxiylaringiz bo‘lsa, ishlaringiz maslahat bilan qilinsa, sizlarga yerning ostidan usti yaxshidir. Agar boshliqlaringiz yomonlaringiz, boylaringiz baxillaringiz bo‘lsa, ishlaringiz ayollaringizga qolsa, sizlarga yerning ustidan osti yaxshidir".

Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Agar boylik topsang, uni qurtlarga yem bo‘lmasin yoki qaroqchilar qo‘liga tushmasin desang, sadaqa qil".

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:34:48

446. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim zakot bersa, mehmon kutsa, omonatni ado qilsa, nafsini baxillikdan saqlabdi".

Faqih aytadilar: Ozmi-ko‘pmi, doim sadaqa qilib turing, chunki sadaqada o‘nta xislat maqtalgan. Beshtasi dunyoda, beshtasi oxiratda. Dunyodagi beshtasi quyidagilar:
1. Sadaqa qilishda molni poklashlik bor.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:35:02

447. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: "Ogoh bo‘linglar. Savdoda bema’ni so‘z, qasam va yolg‘on bo‘lib turadi. Shuning uchun unga sadaqani ham qo‘shinglar".

2. Sadaqada badanni gunohlardan poklashlik bor. Alloh taolo aytadi: "(Ey Muhammad), Siz ularning mollaridan bir qismini o‘zlarini poklab-tozalaydigan sadaqa sifatida oling" (Tavba,103).

3. Sadaqa qilish kasallik va balolarni daf qiladi.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:35:18

448. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kasallaringizni sadaqa bilan davolanglar".

4. Sadaqa qilishda miskinlarga xursandchilik ulashish bor. Amallarning afzali mo‘minlarni xursand etishdir.

5. Sadaqada molning barakasi va rizqning keng bo‘lishi bor. Alloh taolo aytgandek:
"Ne bir narsani infoq-ehson qilsangizlar, Alloh uni to‘ldirur" (Saba’, 39).

Oxiratdagi beshta xislat:
1. Sadaqa qattiq issiqda egasiga soya bo‘ladi.
2. Sadaqa qilganning hisob yengil kechadi.
3. Sadaqa amallarni mezonda og‘ir qiladi.
4. Sirotdan o‘tishga ruxsatnoma.
5. Jannatdagi darajalarni ziyoda etadi.

Agar sadaqada miskinlarning duosidan boshqa fazilat bo‘lmaganda ham, oqil kishi unga rag‘bat qilmog‘i vojib bo‘lardi. Endi unda Allohning roziligiyu shaytonning g‘azabi bo‘lsa, qanday qilib rag‘bat etmasin.

Qayd etilgan


Laylo  08 Iyul 2006, 07:35:29

449. "Kishi yetmishta shaytonning soqolini bo‘shatmaguncha sadaqa qilishga qodir bo‘lolmaydi".
Bu ishda solihlarga ergashish bor. Chunki solihlar sadaqa qilishga qattiq e’tibor berar edilar.

Faqih aytadilar: Ummu Zarr (r.a.) Oyisha onamizning (r.a.) oldilariga kirib turardilar. U zot aytadilar: "Bir kuni Abdulloh ibn Zubayr (r.a.) Oyishaga ikki qopchada bir yuz sakson ming dirham yubordilar. Shu kuni Oyisha ro‘zador edilar. Keyin odamlarga tarqata boshladilar. Kechqurungacha oldilarida dirhamdan hech narsa qolmadi. Kech kirgach: "Ey joriya, iftorligimni keltir", dedilar. Joriya non bilan yog‘ keltirdi. Oyisha (r.a.): "Dirhamlarni bo‘layotib o‘zimizga ham olib qolganingda bir dirhamga go‘sht olardik", dedilar. Joriya aytdi: "Meni koyimang, agar eslatganingizda edi, shunday qilardim".

Urva ibn Zubayr aytadilar: "Men Oyisha onamizning (r.a.) yetmish ming dirham sadaqa qilganlarini ko‘rdim. Ko‘ylaklarining yoni esa yamoqli edi".

Zikr qilinishicha, Abdul ibn Hasanga ellik ming dirham meros qoldi. Shunda birodarlariga bir hamyonni yuborib aytdiki: "Birodarlarimga jannat so‘rar edim, endi qanday qilib ulardan dunyoni qizg‘anayin".

Xabarda zikr qilinadi: Bir xotin Hasson ibn Abu Sinonning oldiga kelib, biron narsa berishini so‘radi. U kishi xotinga qaradi, u g‘oyat chiroyli edi. "Ey g‘ulom, unga to‘rt yuz dirham bergin", dedi. Unga: "Ey Allohning bandasi, bu xotin sendan bir dirham so‘radi, sen esa to‘rt yuz dirham berding", deyishdi. Hasson aytdi: "Uning chiroyini ko‘rib, u qiynalib qolganda, gunohga kirib ketishidan qo‘rqdim va uning behojat bo‘lmog‘ini xohladim. Shoyad shunda biror kishi unga rag‘bat qilib nikohiga olsa".

Xabarda keladi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan biriga qo‘yning boshini hadya qildilar. U sahobiy falonchi birodarim mendan ko‘ra muhtojroq, deb haligi narsani unga yubordi. Keyin unisi ham xuddi shunday o‘ylab, boshqa kishiga yubordi. Shunday qilib, bu narsa yetti uyni aylanib, birinchi kishinikiga qaytdi. So‘ngra ushbu oyat tushgan ekan:
"Garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib, (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor qilurlar" (Hashr, 9).

Yana aytilishicha, bu oyatning tushishi ansorlardan birining ishi bilan bog‘liq. Hasan rivoyat qiladi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam davrlarida bir kishi ro‘za tutdi, kechqurun bo‘lganda iftorga hech narsa topmadi. Keyin suv bilan og‘zini ochdi, so‘ng kelasi kun yana ro‘za tutdi, uch kun ro‘za tutib, ko‘p holdan toydi. Bu holni ansorlardan biri ko‘rib, kechqurun uni uyiga olib keldi. Xotiniga: "Bugun biznikiga mehmon tushdi, ovqatdan bormi?" dedi. Xotini: "Bir kishi to‘yadigan ovqat bor", dedi. Ikkalasi ham ro‘zador edilar, shuningdek, ularni bitta go‘daklari ham bor edi. Haligi ansoriy xotiniga: "Biz mehmonimizni ovqatlantiraylik, o‘zimiz bu kecha sabr qilamiz, o‘g‘limizni esa, xuftondan oldin uxlatamiz. Ovqatni keltirayotganingda, chiroqni o‘chirib qo‘y, mehmon meni ovqatlanayapti deb o‘ylaydi va qornini to‘yg‘izib oladi", deb tayinladi. Xotini tovoqda ov-qatni keltirib, uning oldiga qo‘ydi, keyin chiroqni go‘yo yaxshilayman deb o‘chirib qo‘ydi. Mezbon qo‘lini tovoqning chetiga qo‘yib, hech narsa yemadi. Mehmon ovqatning hammasini yedi. Keyin ertalab mezbon ansoriy Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salom berganidan keyin u zot sollallohu alayhi vasallam unga: "Alloh er-xotin ikkovlaringizning qilganingizdan ko‘p ajablandi", dedilar. (Ya’ni, bu ishlaringizdan rozi bo‘ldi).

Keyin bu oyatni o‘qidilar:

"Garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor qilurlar" (Hashr, 9). Ya’ni, o‘zlaridagi narsalarni o‘zlariga kerak bo‘lsa ham, och bo‘lsalar ham, boshqalar uchun beradilar.

"Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar najot topguvchi zotlardir" (Hashr, 9). Ya’ni, kim baxillikni o‘zidan ketqazsa, ular Allohning azobidan qutiluvchilardir.

Xolid Lifof (r.a.) aytadilar: "Men sizlarni to‘rt ishlaringdan, agar o‘tgan olimlar xilof qilsa ham, rozi bo‘lardim.
1. O‘tganlar fazilatni ko‘paytirishga ahamiyat berganlari kabi sizlar farzlarni qisqartirishga e’tibor berishingiz.
2. Oldingilar toatning qabul bo‘lmasligidan qo‘rqqanlari kabi gunohlaringizni Alloh kechirmasligidan qo‘rqishingiz.
3. O‘tganlar ba’zi haloldan qo‘rqib saqlanganlaridek, sizlarning haromdan saqlanishingiz.
4. Sizlardan oldin o‘tganlar dushmanlariga shafqat va yaxshilik qilganlaridek, sizlarning birodarlaringizga va aka-ukalaringizga shafqat va yaxshilik qilishingiz".

_____________
Sadaqaning fazilati bobi hadislari

435-hadis. Sahih. Ahmad, Tayolisiy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
436-hadis. Juda zaif.
437-hadis. Zaif. “Zaiful jome’”ga qarang.
438-hadis. Juda zaif. Termiziy, Ibn Mojja, Uqayliy rivoyat qilgan. “Az-zaifa”ga qarang.
439-hadis. Zaif. Abu Dovud, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
440-hadis. Botil. Daylamiy “Al-firdavs”da rivoyat qilgan.
441-hadis. Sanadida uzilish bor. “Tarixul kabir”ga qarang.
442-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
443-hadis. Hasan. Hokim, Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hokim sahih sanagan.
444-hadis. Ibn Hibbon rivoyat qilgan. 435-hadisning izohiga qarang.
445-hadis. Zaif. Termiziy rivoyat qilgan.
446-hadis. Zaif. “Az-zaifa”ga qarang.
447-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy hasan sahih degan.
448-hadis. Hasan. “Sahihul jome’”ga qarang.
449-hadis. Sahih. Ahmad rivoyat qilgan. Hokim sahih sanagan.

Qayd etilgan