449. "Kishi yetmishta shaytonning soqolini bo‘shatmaguncha sadaqa qilishga qodir bo‘lolmaydi".
Bu ishda solihlarga ergashish bor. Chunki solihlar sadaqa qilishga qattiq e’tibor berar edilar.
Faqih aytadilar: Ummu Zarr (r.a.) Oyisha onamizning (r.a.) oldilariga kirib turardilar. U zot aytadilar: "Bir kuni Abdulloh ibn Zubayr (r.a.) Oyishaga ikki qopchada bir yuz sakson ming dirham yubordilar. Shu kuni Oyisha ro‘zador edilar. Keyin odamlarga tarqata boshladilar. Kechqurungacha oldilarida dirhamdan hech narsa qolmadi. Kech kirgach: "Ey joriya, iftorligimni keltir", dedilar. Joriya non bilan yog‘ keltirdi. Oyisha (r.a.): "Dirhamlarni bo‘layotib o‘zimizga ham olib qolganingda bir dirhamga go‘sht olardik", dedilar. Joriya aytdi: "Meni koyimang, agar eslatganingizda edi, shunday qilardim".
Urva ibn Zubayr aytadilar: "Men Oyisha onamizning (r.a.) yetmish ming dirham sadaqa qilganlarini ko‘rdim. Ko‘ylaklarining yoni esa yamoqli edi".
Zikr qilinishicha, Abdul ibn Hasanga ellik ming dirham meros qoldi. Shunda birodarlariga bir hamyonni yuborib aytdiki: "Birodarlarimga jannat so‘rar edim, endi qanday qilib ulardan dunyoni qizg‘anayin".
Xabarda zikr qilinadi: Bir xotin Hasson ibn Abu Sinonning oldiga kelib, biron narsa berishini so‘radi. U kishi xotinga qaradi, u g‘oyat chiroyli edi. "Ey g‘ulom, unga to‘rt yuz dirham bergin", dedi. Unga: "Ey Allohning bandasi, bu xotin sendan bir dirham so‘radi, sen esa to‘rt yuz dirham berding", deyishdi. Hasson aytdi: "Uning chiroyini ko‘rib, u qiynalib qolganda, gunohga kirib ketishidan qo‘rqdim va uning behojat bo‘lmog‘ini xohladim. Shoyad shunda biror kishi unga rag‘bat qilib nikohiga olsa".
Xabarda keladi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan biriga qo‘yning boshini hadya qildilar. U sahobiy falonchi birodarim mendan ko‘ra muhtojroq, deb haligi narsani unga yubordi. Keyin unisi ham xuddi shunday o‘ylab, boshqa kishiga yubordi. Shunday qilib, bu narsa yetti uyni aylanib, birinchi kishinikiga qaytdi. So‘ngra ushbu oyat tushgan ekan:
"Garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib, (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor qilurlar" (Hashr, 9).
Yana aytilishicha, bu oyatning tushishi ansorlardan birining ishi bilan bog‘liq. Hasan rivoyat qiladi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam davrlarida bir kishi ro‘za tutdi, kechqurun bo‘lganda iftorga hech narsa topmadi. Keyin suv bilan og‘zini ochdi, so‘ng kelasi kun yana ro‘za tutdi, uch kun ro‘za tutib, ko‘p holdan toydi. Bu holni ansorlardan biri ko‘rib, kechqurun uni uyiga olib keldi. Xotiniga: "Bugun biznikiga mehmon tushdi, ovqatdan bormi?" dedi. Xotini: "Bir kishi to‘yadigan ovqat bor", dedi. Ikkalasi ham ro‘zador edilar, shuningdek, ularni bitta go‘daklari ham bor edi. Haligi ansoriy xotiniga: "Biz mehmonimizni ovqatlantiraylik, o‘zimiz bu kecha sabr qilamiz, o‘g‘limizni esa, xuftondan oldin uxlatamiz. Ovqatni keltirayotganingda, chiroqni o‘chirib qo‘y, mehmon meni ovqatlanayapti deb o‘ylaydi va qornini to‘yg‘izib oladi", deb tayinladi. Xotini tovoqda ov-qatni keltirib, uning oldiga qo‘ydi, keyin chiroqni go‘yo yaxshilayman deb o‘chirib qo‘ydi. Mezbon qo‘lini tovoqning chetiga qo‘yib, hech narsa yemadi. Mehmon ovqatning hammasini yedi. Keyin ertalab mezbon ansoriy Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salom berganidan keyin u zot sollallohu alayhi vasallam unga: "Alloh er-xotin ikkovlaringizning qilganingizdan ko‘p ajablandi", dedilar. (Ya’ni, bu ishlaringizdan rozi bo‘ldi).
Keyin bu oyatni o‘qidilar:
"Garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor qilurlar" (Hashr, 9). Ya’ni, o‘zlaridagi narsalarni o‘zlariga kerak bo‘lsa ham, och bo‘lsalar ham, boshqalar uchun beradilar.
"Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar najot topguvchi zotlardir" (Hashr, 9). Ya’ni, kim baxillikni o‘zidan ketqazsa, ular Allohning azobidan qutiluvchilardir.
Xolid Lifof (r.a.) aytadilar: "Men sizlarni to‘rt ishlaringdan, agar o‘tgan olimlar xilof qilsa ham, rozi bo‘lardim.
1. O‘tganlar fazilatni ko‘paytirishga ahamiyat berganlari kabi sizlar farzlarni qisqartirishga e’tibor berishingiz.
2. Oldingilar toatning qabul bo‘lmasligidan qo‘rqqanlari kabi gunohlaringizni Alloh kechirmasligidan qo‘rqishingiz.
3. O‘tganlar ba’zi haloldan qo‘rqib saqlanganlaridek, sizlarning haromdan saqlanishingiz.
4. Sizlardan oldin o‘tganlar dushmanlariga shafqat va yaxshilik qilganlaridek, sizlarning birodarlaringizga va aka-ukalaringizga shafqat va yaxshilik qilishingiz".
_____________
Sadaqaning fazilati bobi hadislari
435-hadis. Sahih. Ahmad, Tayolisiy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
436-hadis. Juda zaif.
437-hadis. Zaif. “Zaiful jome’”ga qarang.
438-hadis. Juda zaif. Termiziy, Ibn Mojja, Uqayliy rivoyat qilgan. “Az-zaifa”ga qarang.
439-hadis. Zaif. Abu Dovud, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
440-hadis. Botil. Daylamiy “Al-firdavs”da rivoyat qilgan.
441-hadis. Sanadida uzilish bor. “Tarixul kabir”ga qarang.
442-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
443-hadis. Hasan. Hokim, Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hokim sahih sanagan.
444-hadis. Ibn Hibbon rivoyat qilgan. 435-hadisning izohiga qarang.
445-hadis. Zaif. Termiziy rivoyat qilgan.
446-hadis. Zaif. “Az-zaifa”ga qarang.
447-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy hasan sahih degan.
448-hadis. Hasan. “Sahihul jome’”ga qarang.
449-hadis. Sahih. Ahmad rivoyat qilgan. Hokim sahih sanagan.