485. Abdulloh ibn Amr ibn Os (r.a.) aytadilar: "Men mujtahid bir kishi edim. Otam meni uylantirdi. Bir kuni otam uyimga kelib meni ko‘rmabdi. Xotinimdan: "Ering qanday?" deb so‘rabdi. Xotinim: "Juda yaxshi odam. Uxlamaydi, og‘iz ochmaydi, doim ro‘za", debdi. Otam mendan gumon qilib keyin aytdiki: "Men seni musulmon ayolga uylantirdim, uning haqqini ado et". Men otamning so‘zlariga parvo qilmadim. Quvvatim, ijtihodim bor edi. Bu gap Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yetib, u kishi meni chaqirtirdilar. Va aytdilarki: "Men namoz o‘qiyman, ro‘za tutaman va og‘iz ochaman. Sen ham namoz o‘qi, uxla, har oyda uch kun ro‘za tut". Men aytdim: "Ey Allohning elchisi, men bundan ko‘ra quvvatliman". Aytdilar: "Bir kuni ro‘za tutib, bir kuni tutma. Bu Dovudning (a.s.) ro‘zalari". Keyin so‘radilar: "Qur’onni qanchada o‘qib bo‘lasan?" "Ikki kecha-kunduzda", dedim. "Har o‘n besh kunda o‘qi", dedilar. "Ey Allohning elchisi, men bundan ko‘ra quvvatliroqman", dedim. "Yetti kunda o‘qi", deb, so‘ng qo‘shimcha qildilar: "Har bir amalning ochko‘zligi bor va har bir ochko‘zlikda ozgina vaqt hirs bo‘ladi. Kimning o‘sha vaqti mening sunnatimda bo‘lsa, u hidoyat topadi. Kimniki boshqa narsada bo‘lsa, halok bo‘ladi".
Ablulloh ibn Amr (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ruxsatlarini qabul qilganimda edi, ahlim va molimning yana shuncha bo‘lishidan yaxshiroq edi. Bugun qariganman, kuchim ketdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurganlarini tark qilganimni yomon ko‘rib turibman".
Ibn Abbosning (r.a.) huzurlarida bir kishi kelib, ro‘za haqida so‘radi. "Men xazinamda bor so‘zlarimni senga gapirib beraman, — dedilar u kishi. — Agar Sulaymon alayhissalomning ro‘zasini xohlasang, u zot oyning avvalida uch kun, o‘rtasida uch kun va oxirida ham uch kun ro‘za tutardilar. Agar Dovud alayhissalomning ro‘zasini xohlasang, u zot bir kun ro‘za tutib, bir kun og‘izlari ochiq bo‘lardi. Agar Iso alayhissalomning ro‘zasini xohlasang, u zot yil bo‘yi ro‘za tutardilar. Arpa yer edilar. Qattiq jundan kiyim kiyardilar. Kechasi bo‘lsa, oyoqlarini namozga saflar edilar, bomdod namozining alomati kelguncha turardilar. U kishi qaerda tursalar, ikki rak’at namoz o‘qirdilar. Agar u kishining onalarining ro‘zasini xohlasang, u ayol ikki kun tutib, ikki kun tutmas edi. Agar sen butun olamlar sarvari Muhammadning sollallohu alayhi vasallam ro‘zalarini xohlasang, u zot har oyda uch kun ro‘za tutardilar". Ya’ni, oyning oydin kunlarida — 13-, 14-, 15-kunlarda.