494. Faqih aytadilar: Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar: "Men Rasulullohga: "Ey Allohning elchisi, bitta non sadaqa qilishim yaxshiroqmi yoki yuz rak’at nafl namoz o‘qishim?" dedim. "Men uchun yuz rak’at nafl namoz o‘qimoqdan ko‘ra bitta non sadaqa qilmoq yaxshidir", dedilar u zot. "Ey Allohning elchisi, — dedim yana, — muslimning hojatini chiqarish yaxshiroqmi siz uchun yoki ikki yuz rak’at nafl namoz o‘qishimmi?" "Menga musulmonning hojatini qondirish ming rak’at namozdan ham yaxshiroqdir", dedilar. "Ey Allohning elchisi, siz uchun harom bir luqmani tashlash yaxshiroqmi yoki ming rak’at nafl namozmi?" deb so‘radim. "Harom luqmani tark qilish men uchun ikki ming rak’at nafl namozdan yaxshiroq", dedilar. "Ey Allohning elchisi, — deb so‘radim keyin, — siz uchun g‘iybatni tashlash yaxshiroqmi yoki ikki ming rak’at nafl namoz o‘qimoqmi?" "Fiybatni tark etish menga o‘n ming rak’at nafl namozdan yaxshiroq", deb javob qildilar. "Ey Allohning elchisi, miskin beva xotinning hojatini chiqarish yaxshiroqmi yoki o‘n ming rak’at nafl namozmi?" dedim. "Beva xotinni hojatini chiqarish, — dedilar u zot sollallohu alayhi vasallam, — menga o‘ttiz ming rak’at nafl namozdan yaxshi". "Oila a’zolari bilan birga o‘tirmoq afzalmi yoki masjidda o‘tirmoqmi?" deb savol qildim. U zot: "Oila bilan bir soat o‘tirmoq men uchun masjidimda e’tikof o‘tirishdan yaxshiroq", dedilar. "Ey Allohning elchisi, oilasiga nafaqa qilish yaxshiroqmi yoki Alloh yo‘lida nafaqa qilishmi?" dedim. "Bir tangani oilasiga ishlatmoq men uchun Alloh yo‘lida ming tanga ishlatmoqdan yaxshi", dedilar. Keyin: "Ota-onaga yaxshilik qilmoq yaxshimi yoki ming yil ibodat qilishmi?" deb so‘radim. "Ey Anas, — dedilar, — "Haqiqat (ya’ni, Islom) keldi va botil (ya’ni, kufr) o‘chib yo‘qoldi" (Isro, 81). Ota-onaga yaxshilik qilish, menga ming yillik ibodatdan yaxshidir".