Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 464179 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 ... 107 B


Laylo  11 Iyul 2006, 09:52:10

568. Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Alloh taolo Iso alayhissalomga vahiy qilib: "Ey Iso, bani Isroil jamoasiga ayt, Men podshohlarning podshohiman, ularning qalblariga qudratim bilan egalik qilib turaman. Agar itoat qilishsa, podshohlarni ularga mehribon qilib qo‘yaman, agar Menga osiylik qilishsa, podshohlarni ularga zulmkor qilib qo‘yaman, shunda ularni badduo qilish bilan mashg‘ul bo‘lib qolmanglar, balki Menga tavba qilinglar, ularni sizlarga shafqatli qilib qo‘yaman", dedi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:52:19

569. Faqih (r.a.) aytadilar: Abu Said Xudriy (r.a.) rivoyat qiladilar: "Muhojirlardan bittasining Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga hojati tushdi. U kishi bilan bir xoliroq joyda uchrashmoqni xohladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Batho degan joydagi lashkargohda edilar. U zot kechasi kelib, bomdodgacha aylanardilar, keyin qaytib ketardilar. So‘ngra bomdodni o‘qir edilar. Bir kuni aylanib bo‘lgach, muhojir kishi u zotning oldilariga kelib, tuyalarini yuganidan ushladi va: "Ey Allohning elchisi, mening sizda hojatim bor", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Meni qo‘y, yaqinda hojatingga yetasan". Muhojir kishi bosh tortdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ushlanib qolishdan qo‘rqib, uni qamchi bilan bir turtdilar.

Keyin bomdod namozini o‘qidilar. Bomdodni o‘qib bo‘lib, yuzlarini qavmga burdilar, qavm atroflarida to‘plandi. "Boya men qamchi bilan turtgan kishi qaerda?" dedilar. Keyin: "Agar qavmning ichida bo‘lsa, tursin", deb aytdilar. Haligi kishi: "Alloh taolo bilan, so‘ng payg‘ambari bilan panoh tilayman", der edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Yaqinroq kel, menga yaqin kel", dedilar. Yaqin keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning oldiga o‘tib, qamchini berdilar va: "Men urganimdek sen ham meni qamchi bilan ur, mendan qasos ol", dedilar. Haligi kishi: "Allohdan payg‘ambarini urishdan panoh tilayman", dedi. Payg‘ambar aytdilar: "Yegan tayog‘ingni ol, qasos ol, buning zarari yo‘q". Muhojir yana: "Allohdan payg‘ambarini tayoqlashdan panoh tilayman", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kechir, yoki qasos ol". U qamchini uloqtirib yuborib: "Kechirdim, ey Allohning elchisi", dedi. So‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey odamlar, Parvardigoringizdan qo‘rqinglar. Qaysilaringiz mo‘minlarga zulm qilsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni o‘ch oladi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:52:27

570. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Allohga qasamki, qiyomat kuni haqdor kishilarga haqlari to‘la-to‘kis ado qilinadi, hatto shoxli qo‘chqordan shoxsiz qo‘chqorning ham haqqi olib beriladi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:52:42

571. U zot sollallohu alayhi vasallam yana aytadilar: "Mazlumlar qiyomat kunida najot topgan kishilardir".

Sufyoni Savriy (r.a.) aytadilar: "Alloh taologa o‘zing bilan Alloh o‘rtasidagi yetmish gunoh bilan uchrashmog‘ing o‘zing bilan bandalar orasidagi bitta gunoh bilan uchrashmog‘ingdan yaxshiroqdir".

Ibrohim Adham (r.a.) aytadilar: "Kishining qarzi bo‘la turib, yog‘ yeyishi yoki ozginasidan ham foydalanishi durust emas".

Fuzayl ibn Iyoz aytadilar: "Alloh taoloning kitobidan bir oyatni o‘qib, unga amal qilish menga Qur’onni ming marta xatm qilishdan yaxshidir. Mo‘minni xursand etish va hojatini chiqarish menga bir umr ibodat qilib o‘tishdan yaxshidir. Dunyoni tark etish va undan bosh tortish menga yer va osmon ahllari ibodatini qilishimdan yaxshidir. Haromning bir misqolchasini tashlashim menga yuzta halol mol bilan qilgan hajdan yaxshidir".

Abu Bakr Varroq aytadilar: "Imon ko‘pincha qalbdan o‘lim vaqtida sug‘urib olinadi. Gunohlarimizga qaradik, gunohlar ichida imonni qalbdan eng tez sug‘urib oluvchisi bandalarga yetkazilgan zulm ekan".

Abul Qosim Hakimdan so‘rashdi: "Bandani imondan ayiradigan gunoh bormi?" Aytdilar: "Ha. Uch narsa bandani imondan ayiradi:
1. Islomga (ya’ni, musulmon bo‘lganiga) shukrni tark qilish.
2. Islomning ketib qolishdan qo‘rqmaslik.
3. Islom ahliga zulm qilish".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:52:59

572. Anas (r.a.) rivoyat etadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir kishiga uch narsani nasihat qilib aytdilar: "O‘limni eslashni ko‘paytir, shunda boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lishni tark qilasan, shukrni mahkam tut, u ne’matni ziyoda qiladi, duoni ham mahkam tut, chunki duoing qachon mustajob bo‘ladi, bilmaysan. Uch narsadan seni qaytaraman: Ahdni buzma, uning buzilishiga ham yordam berma, zulmdan saqlan. Kim birovga zulm qilsa, Alloh taolo zulm ko‘rgan kishiga yordam beradi. Makrdan saqlan. Chunki makr yomonlik keltiradi".

Zayd ibn Sumra aytadilar: "Jahannamda dengiz sohiliga o‘xshagan bir joy mavjud. Unda tuyadek keladigan ilonlar, chayonlar bor. Agar jahannam ahli azoblarning yengil bo‘lmog‘i uchun yordam so‘rasalar, sohilga chiqinglar, deyiladi. Chiqsalar, ilonlar ularning lablaridan, yuzlaridan Alloh xohlaganicha tishlab olishadi. So‘ngra terilarini shilishadi. Ular yordam so‘rab, do‘zaxga qochadilar. Ular qichima kasaliga giriftor qilinadi. Terilarini qashiyverganlaridan suyaklari ko‘rinib ketadi. Shunda: "Ey falonchi, senga bu hol azob beryaptimi?" deyiladi. U "Ha", deydi. "Bu hol sening bergan aziyatlaring mahsuli, sen mo‘minlarga zulm qilarding", deyiladi.

Bu ma’no Alloh taoloning so‘zidan olingan:
"Buzg‘unchilik qilganliklari sababli azob ustiga azobni ziyoda qilurmiz" (Nahl, 88).

Umar ibn Xattob (r.a.) aytadilar: "Mo‘minga zulmning uchtasi uni zolim deyishga kifoya qiladi: Odamlarning qilgan ishlarini ayblab turib, o‘zi u ayb ishni qilaveradi; odamlarning ayblarini ko‘radi, ammo o‘zininiki ko‘rmaydi; foydasi yo‘q narsada suhbatdoshiga aziyat beradi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:53:39

573. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Qiyomat kuni arshning tagidan nido qiluvchi nido qiladi: "Ey Muhammadning ummati, menga qilgan gunohlaringizni o‘zlaringa berdim, endi o‘zlaringizning oralaringizdagi gunohlar qoldi. Uni bir-birlaringizga beringlar va Mening rahmatim bilan jannatga kiringlar".

Shayx Zohid Abu Abdulloh Raqqiy aytadilar: "Uyqu bilan uyg‘oqlik orasida edim, g‘oyibdan ovoz kelib: "Fazilatlarning hammasi jamlansa, jumlasi ikki narsaga qaytadi — Allohning ishini ulug‘lash va odamlar orasini isloh qilish".

Bu haqda Allohning so‘zi bor:
"O‘z oralaringizni o‘nglanglar" (Anfol, 1).
Alloh taolo bilguvchiroqdir.

________________
Zulm haqidagi bob hadislari

562-hadis. Muttafaqun alayh.
563-hadis. Sahih. Buxoriy, Ahmad rivoyat qilgan.
564-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad rivoyat qilgan.
565-hadis. Sahih. Buxoriy, Termiziy rivoyat qilgan.
566-hadis. Botil. "œTanzihush-sha’irat"ga qarang.
567-hadis. Hasan. "œAs-sahiha"ga qarang. "œKim muslim birodariga zarar yetkazsa yoki makr qilsa, la’natlangandir" jumlasi zaif.
568-hadis. Juda zaif. Tabaroniy, Abu Na’im rivoyat qilgan.
569-hadis. Sanadi topilmadi.
570-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy rivoyat qilgan.
571-hadis. Zaif. "œZaiful jome’"ga qarang.
572-hadis. Zaif. "œZaiful jome’"ga qarang.
573-hadis. Mavzu’. "œIhyo"ga qarang.

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:54:01

QIRQ TO‘QQIZINCHI BOB
RAHMAT VA SHAFQAT


574. Faqih aytadilar: Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qildilar: "Bir kishi yo‘lda ketayotib qattiq chanqadi va quduqni topib, unga tushib suv ichdi. Chiqqanida bir it hansirab, chanqaganidan tuproqni yalayotganini ko‘rdi. Haligi kishi o‘ziga-o‘zi, bu it xuddi menga o‘xshab chanqabdi, dedi. So‘ng quduqqa tushib mahsisini to‘ldirib, suv olib chiqdi va itning og‘ziga quydi. It suv ichib, chanqog‘ini bosdi. Alloh taolo unga shukr aytdi (ya’ni, undan rozi bo‘ldi) va gunohini kechirdi". "Ey Rasululloh, bizlar hayvonlar uchun ham ajr olamizmi?" deb so‘rashdi. Aytdilar: "Har bir jigari bor jonda ajr bor".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:54:12

575. Hasan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Jannatga rahm qiluvchilar kiradi". "Ey Allohning elchisi, biz hammamiz rahmdilmiz", deyishdi. "Rahmlilik har birlaringiz uchun xos emas, balki odamlarga hammalari rahm qiladi, rahm qilsalar ham, Alloh uchun qiladilar".

Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Agar birodaringizga bir jazo yetgan bo‘lsa, uni la’natlamangiz, uning ustida shaytonga yordam bermangiz, balki: "Ey Parvardigor, unga rahm qil, ey Parvardigor, uning tavbasini qabul qil", deb aytingiz".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:54:32

576. Sha’biy aytadilar: No‘’mon ibn Bashir minbarga ko‘tarildilar va Allohga hamdu sano aytdilar. So‘ng: "Payg‘ambardan sollallohu alayhi vasallam: "Musulmonlar bir-birlariga nasihat qilib yurmog‘i va o‘zaro rahmli bo‘lmog‘i lozim. Jasaddagi a’zolar misoliki, agar bittasi og‘risa, qolgan a’zolar bedorlik bilan hamdard bo‘ladi, toki og‘riq ketguncha", deganlarini eshitganman", dedilar".

Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: "Umar (r.a.) kechalarning birida aylanib yurardilar. Bir joyga tushgan to‘daning yonidan o‘tdilar. Umar (r.a.) ularga o‘g‘ri tushishidan qo‘rqdilar. Abdurahmon ibn Avfning oldilariga keldilar. Abdurahmon: (r.a.): "Bu soatda nima qilib yuribsiz, yo amirul mo‘minin?" deb so‘radilar. "Bir jamoatning yonidan o‘tdim. Keyin o‘zimcha, bular yotib uxlaydi, so‘ng ularni o‘g‘rilar tunaydi, deb qo‘rqdim. Men bilan yuring, ularni qo‘riqlaymiz", dedilar. Ikkovlari borib, jamoat yotgan joyga yaqinroqda o‘tirib, qo‘riqchilik qila boshladilar, tong yorishgachgina turdilar. Keyin Umar (r.a.): "Ey ahli jamoat, namoz", deb bir necha marta nido qildilar. Ularning harakatga tushganlarini ko‘rib, qaytib ketishdi".

Faqih (r.a.) aytadilar: Sizlar oldin o‘tganlarga ergashishlaringiz lozim. Payg‘ambar alayhissalom sahobalari bir-birlariga rahm qilganlari tufayli maqtovga erishdilar. Alloh taolo aytadi:
"O‘zaro rahm-shafqatlidirlar" (Fath, 29).

Ular musulmonlarga va barcha maxluqlarga rahmlidirlar, zimmiylarga ham rahm qiladilar, shunday ekan, qanday qilib musulmonlarga rahmli bo‘lmasinlar.

Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi zimmiylardan biri odamlar eshigi oldida tilanchilik qilib yurganini ko‘rdilar. U qari chol edi. Umar (r.a.) unga: "Biz senga insof qilmadik. Yoshligingda sendan jizya oldik, bugun esa tashlab qo‘yibmiz", dedilar va u kishiga musulmonlarning baytul molidan ovqat berib turishni buyurdilar.

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Umarning (r.a.) yelkalarini qisib vodiy tomonga yugurib ketayotganlarini ko‘rdim. U kishiga: "Ey amirul mo‘minin, qaerga ketyapsiz?" dedim. U zot: "Zakot tuyalaridan bittasi qochibdi, uni izlab ketyapman", dedilar. O‘zingizdan keyingi xalifalarni xor qildingiz", dedim. "Meni malomat qilmang, ey Abul Hasan, – dedilar, – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, agar bir uloq Furot daryosi sohiliga ketib qolsa, qiyomat kunida Umardan so‘raladi. Musulmonlarni tashlab qo‘ygan hokimning, mo‘minlarni adashtirgan fosiqning hurmati yo‘qdir".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:55:00

577. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ummatimning keyingilari namozi va ro‘zasining ko‘pligi uchun emas, balki qalblarining rahmati, ko‘ngillarining salomatligi, nafslarining saxovati va barcha musulmonlarga rahmdilligi bois jannatga kiradilar".

Qayd etilgan