591. Hasandan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Uch narsa najot beradi va uch narsa halok etadi. Halok qiluvchi narsalar — qattiq baxillik, o‘zining orqasidan ergashtiruvchi havoyi nafs, kishining o‘z-o‘ziga ajablanishi. Najot beruvchilar — g‘azab va rizolikda adolat qilish, tanglik va kenglikda iqtisod qilish, yashirin va oshkora Allohdan qo‘rqish".
Rabi’ ibn Xusaymdan zikr qilinadi. U kishi kechasi bilan qo‘rqib yig‘lab chiqar edilar. Onalari bu holatlarini ko‘rib: "Birontani o‘ldirdingmi?" deb so‘ragan edilar, "Ha", deb javob qildilar. "Kim u? Uning yaqinlaridan afv so‘raymiz. Allohga qasamki, ular sening ahvolingni bilsalar, senga rahm qiladi", dedi onalari. U kishi shunda: "Ey onajon, nafsimni halok qildim", dedilar.
Faqih aytadilar: Allohdan qo‘rqishning alomati yetti narsada ayon bo‘ladi.
1. Tilida, ya’ni, tilini yolg‘ondan, g‘iybatdan, ortiqcha so‘zlardan tiyadi va Allohning zikri, Qur’on tilovati, ilmiy muzokaralar bilan mashg‘ul qiladi.
2. Qornida, ya’ni, faqat halol narsani yeydi va hojati miqdorida yeydi.
3. Ko‘zida, ya’ni, haromga qaramaydi, dunyoga rag‘bat nazari qilmaydi, balki ibrat bilan qaraydi.
4. Qo‘lida, ya’ni, uni haromga cho‘zmaydi. Balki qo‘lini Alloh toatidagi ishlarga uzatadi.
5. Oyog‘ida, ya’ni, Allohga gunoh ishlarda yurmaydi.
6. Qalbida, ya’ni, undan birodariga dushmanlik, g‘azablanish, hasad kabi illatlarni chiqarib tashlaydi va musulmonlarga nisbatan mehr-shafqat paydo qiladi.
7. Allohga toatda, ya’ni, toati Alloh yo‘lida xolis bo‘ladi. Riyo va nifoqdan saqlanadi.
Kim ushbu ishlarni qilsa, Alloh taolo aytgan kishilardan bo‘ladi:
"Oxirat esa, Parvardigoringiz nazdida taqvodor zotlar uchundir" (Zuxruf, 35);
"Albatta, taqvodorlar uchun jannatlar va ne’matlar bordir" (Tur, 17). Alloh taolo taqvodor bandalarini kitobining ko‘p joyida maqtab xabar berdiki, ular do‘zaxdan najot topadilar:
"Sizlardan har biringiz unga tushguvchidirsiz, (bu) Parvardigoringiz (amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir. So‘ng taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz" (Maryam, 71-72).
Faqih (r.a.) aytadilar: Abu Avvom Ka’bul Ahborning bunday deganlarini rivoyat qiladi: "Allohning "Sizlardan har biringiz unga tushguvchidirsiz", degan so‘zlarining ma’nosini bilasizlarmi?" Odamlar: "Har bir kishi unga kiradi deb tushunamiz", deyishdi. "Yo‘q, — dedilar u kishi, — unga tushishining ma’nosi, jahannam to‘ng‘izning sassig‘idek holda keltiriladi. Butun xaloyiq — yaxshiyu yomon oyog‘ini unga qo‘yadi. Shunda bir nido keladi: Do‘stlaringni ol, mening do‘stlarimni qo‘yib yubor, deb. Do‘zax o‘zining do‘stlarini oladi. U do‘stlarini ota o‘z farzandini taniganidan ham yaxshiroq taniydi. Mo‘minlar pok holda najot topadilar. Do‘zax posbonlaridan birining ikki boshli gurzisi bo‘ladi, bir tomoni bilan bir urganda yetti yuz ming kishini do‘zaxga uloqtiradi".