607. Muhammad ibn Vosi’ aytadilar: "Makkaga keldim, shunda Solim ibn Abdullohning tug‘ishganini uchratdim, u otasidan, otasi bobosidan, bobosi Umar ibn Xattobdan (r.a.) bu hadisni rivoyat qildi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim bozorga kirganda, la-a ilaha illallohu vahdahu la-a sharika lahu lahul mulku va lahul hamd yuhyiy va yumiyt va huva hayyul la-a yamut biyadihil xoyr va huva ‘ala kulli shay’in qodir, desa, Alloh unga milyonta yaxshilik yozadi, milyonta xatosini o‘chiradi va darajasini milyon marta ko‘taradi". So‘ng Xurosonga keldim. Qutayba ibn Muslimning oldilariga kirib: "Sizga hadya keltirdim", deb o‘sha hadisni aytib berdim. Qutayba ibn Muslim (r.a.) otlariga minib bozorga keldilar va shu kalimalarni aytib, keyin qaytib ketdilar".
Faqih aytadilar: Bilginki, Allohni zikr qilish ibodatlarning afzalidir, chunki Alloh taolo boshqa ibodatlar uchun miqdor va vaqtini tayin qildi. Ammo zikr uchun miqdor ham, vaqt ham tayin qilmadi, ko‘paytiraverishni buyurdi.
"Ey mo‘minlar, Allohni ko‘p zikr qilinglar" (Ahzob, 41), ya’ni, hamma holatda zikr qilinglar.
"Hamma holatda zikr qilinglar", deganining tafsiri: Banda to‘rt holatdan birida bo‘ladi. Yo toatda bo‘ladi, yoki gunohda, yoki ne’matda, yoki qiyinchilikda. Agar toatda bo‘lsa, unga muvaffaq etgani uchun Allohni zikr qilmog‘i va uni qabul etishini so‘ramog‘i lozim. Agar ma’siyatda bo‘lsa, Allohga duo qilib, bu ishdan tiyilmog‘i va Allohdan tavbasini qabul qilishini so‘ramog‘i lozim. Agar ne’matda bo‘lsa, shukr bilan birga zikr qilmog‘i kerak. Endi agar qiyinchilikda bo‘lsa, yana sabr bilan Allohni zikr qilishi lozim. Bilginki, Alloh taoloning zikrida beshta maqtalgan xislat bordir:
1. Unda Allohni rizoligi bor.
2. U toatlarga rag‘batni ziyoda qiladi.
3. Unda shaytondan saqlanish bor.
4. U bilan qalb yumshaydi.
5. U kishini gunohlardan qaytaradi.
______________
Alloh taoloni zikr qilish haqidagi bob hadislari
596-hadis. Sahih. Ahmad, Termiziy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
597-hadis. Zaif. Sanadida illat bor. Ibn Muborak rivoyat qilgan.
598-hadis. Hasan. Asbahoniy rivoyat qilgan.
599-hadis. Isnodi topilmadi.
600-hadis. Sahih. Ahmad, Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy, hasan-sahih-g‘arib, degan.
601-hadis. Muttafaqun alayh.
602-hadis. Juda zaif. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
603-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
604-hadis. Hasan. Buxoriy “Tarixul-kabir”da rivoyat qilgan.
605-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
606-hadis. Sahih. Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
607-hadis. Hasan. Ahmad, Termiziy, Ibn Mojja, Hokim rivoyat qilgan.