Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 637141 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 ... 107 B


Laylo  12 Iyul 2006, 06:59:18

617. Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: "Isrofil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: "Ey Muhammad, subhanallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar, la-a havla va la-a quvvata illa-a billahil ‘aliyyil ‘azim, deb ayting. Adadini faqat Alloh biladi, og‘irligini faqat Alloh biladi. Mo‘lligini ham faqat Alloh biladi. Kim bu kalimalarni bir marta aytsa, Alloh unga beshta xislatni yozadi. Allohni ko‘p zikr qiluvchi, deb yozadi; kechayu kunduzi zikr qilgan odamdan afzal bo‘ladi; uning uchun jannatda bir daraxt yoziladi; gunohlari daraxtning quruq barglari to‘kilgandek to‘kiladi; Alloh unga nazar qiladi va kimga Alloh nazar qilsa uni azoblamaydi".

Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Alloh taolo Arshni yaratganda homil (ko‘taruvchi) farishtalarga uni ko‘tarishni buyurdi. Arsh ularga og‘ir keldi. Alloh taolo: "Subhanalloh, deb aytinglar", deb buyurdi. Farishtalar, subhanalloh, deyishdi, shunda ularga yengil bo‘ldi. Ular Alloh Odam alayhissalomni yaratguncha subhanalloh deb turishdi. Odam (a.s.) aksa urganida Alloh taolo uni alhamdulillah deyishga ilhomlantirdi. Alloh taolo aytdi: "Senga Rabbing rahm qildi va sen mana shuning uchun yaratilding". Maloikalar shunda: "Ikkinchi kalima ham ulug‘ ekan. Bizlar undan g‘aflatda qolmaslimiz kerak", deyishib uni oldingisiga qo‘shishdi.

Bir necha vaqt farishtalar, subhanallohi valhamdullillahi, deb aytib yurishdi, bu hol Nuh (a.s.) zamonlarigacha davom etdi. Birinchi bo‘lib sanam tutgan qavm Nuh (a.s.) qavmlari edi. Alloh taolo Nuh (a.s.) qavmlarini, la-a ilaha illalloh, deb aytishga buyurdi. Shunda ulardan rozi bo‘lishini bildirdi. Farishtalar o‘shanda: "Uchinchi kalima ham ulug‘ va sharafli ekan. Biz bundan g‘aflatda qolmasligimiz kerak", deyishib, uni oldingi ikki kalimaga qo‘shishdi. Uzoq muddat subhanallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illalloh kalimasini aytib yurishdi. Bu hol Ibrohim alayhissalom payg‘ambar bo‘lib kelgunlaricha davom etdi. Alloh taolo Ibrohimga (a.s.) qurbonlik qilishni buyurdi. Keyin qo‘chqor berdi. Qo‘chqorni ko‘rganlarida u zot xursand bo‘lib, Allohu akbar, dedilar. Farishtalar aytishdi: "Bu kalima ham ulug‘ va sharafli ekan", deb uni oldingi uchtasiga qo‘shishdi va subhanallohi valhamdulillahi la-a ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytib yurishdi. Vaqtiki Jabroil alayhissalom bu gaplarni Payg‘ambarga sollallohu alayhi vasallam aytgan edi, u zot shodlanib: "La-a havla va la-a quvvata illa billahil ‘aliyyil ‘azim", dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom: "Bu kalimani oldingilariga qo‘shing", dedi.

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 06:59:27

618. Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Alloh taolo sizlarga rizqingizni taqsimlagandek, axloqlaringizni ham taqsim qilgan. Alloh taolo yaxshi ko‘rgan-ko‘rmagan bandasiga mol-dunyo beraveradi. Ammo imonni faqat yaxshi ko‘rganiga beradi. Alloh bandani yaxshi ko‘rsa, imon beradi. Kim molidan infoq berishga baxillik qilsa, dushmanga qarshi urushishdan qo‘rqsa, kechasidan xavflansa, la-a ilaha illallohu vallohu akbar, subhanallohi valhamdulillah, deb aytishni ko‘paytirsin".

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 06:59:33

619. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar alayhissalolam aytdilar: "Subhanallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytish butun quyosh nuri yetgan narsalar meniki bo‘lishidan yaxshiroqdir".

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 06:59:56

621. Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ashoblarini sadaqa qilmoqqa buyurdilar. Odamlar sadaqa bera boshlashdi. Abu Umoma Bohiliy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida o‘tirgan edilar. U kishi lablarini qimirlata boshladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Lablaringni qimirlatib nima deyapsan?" dedilar. Abu Umoma Bohiliy aytdilar: "Ey Allohning elchisi, odamlarning sadaqa qilayotganini ko‘ryapman, menda sadaqa uchun hech narsa yo‘q, shu bois ichimda subhanalloh valhamdulillah va la-a ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytyapman". Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: "Ey Abu Umoma, bu kalimalarni aytish sen uchun miskinlarga bir mud tillo saqada qilganingdan yaxshidir".

___________
Tasbeh aytish bobi hadislari

615-hadis. Muttafaqun alayh.
616-hadis. Sahih. Nasoiy, Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hokim sahih sanagan.
617-hadis. Sanadida zaiflik bor. Ibn Abbosdan rivoyat qilingan keyingi hadisning sanadi noma’lum.
618-hadis. Hasan. Hokim, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
619-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy rivoyat qilgan.
620-hadis. Sahih. Muslim, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
621-hadis. Sahih. Ahmad, Nasoiy rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:00:08

ELLIK TO‘RTINCHI BOB
PAYG’AMBAR (S.A.V.)GA SALOVOT AYTISHNING FAZILATI


622. Faqih aytadilar: Muhammad ibn Abdurahmon Payg‘ambardan sollallohu alayhi vasallam rivoyat qiladilar: "Sizlardan qaysi biringiz vafot etganimdan so‘ng menga salom bersa, Jabroil oldimga kelib: "Ey Muhammad, falonchining o‘g‘li falonchi sizga salom aytdi", deydi. Shunda men: "Unga ham salom, Allohning rahmati va barakoti bo‘lsin", deb javob beraman", dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:00:15

623. Sa’d ibn Musayyab (r.a.) aytadilar: Umar (r.a.): "Eshitdimki, duo yer va osmon orasida turib qoladi, to Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot o‘qimagunigacha ko‘tarilmaydi".

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:00:22

624. Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarilayotib, amin, dedilar, keyin yana ko‘tarilib, amin, dedilar, keyin yana ko‘tarilib, amin, dedilar. Keyin o‘rnashib o‘tirdilar. Maoz ibn Jabal shunda: "Ko‘tarilayotib uch marta amin, dedingiz?" dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: "Jabroil mening oldimga kelib, ey Muhammad, kim ramazon oyiga yetsa, ammo gunohlari mag‘firat qilinmasa, keyin o‘lsa, do‘zaxga kiradi va Alloh uni uzoqlashtiradi, dedi. Men, amin, dedim. Keyin kimning ota-onasi yoki ikkovlaridan bittasi bo‘lsa-yu, ularga yaxshilik qilmasdan o‘lsa, do‘zaxga kiradi va Alloh uni uzoq qiladi, dedi, men yana amin, dedim. So‘ng kimning oldida sizning ismingiz zikr qilinsa-yu, u sizga salovot aytmasa, so‘ng o‘lsa, do‘zaxga kiradi va Alloh uni uzoq qiladi, dedi, men yana amin, dedim", dedilar".

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:00:31

625. Jobir ibn Abdulloh (r. a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam rivoyat qiladilar: U zot aytdilar: "Kim menga har kunda yuz bor salovot aytsa, Alloh taolo uning yuzta hojatini ravo qiladi. Yetmishtasi oxiratda va o‘ttiztasi shu dunyodadir".

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:00:42

626. Said ibn Umayr Ansoriydan rivoyat qilinadi. U kishi Badr g‘azotida qatnashganlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini xabar qiladilar: "Menga ummatimdan kimki ixlos qilgan holda bir marta salovot aytsa, Alloh taolo unga o‘nta salovot aytadi, darajasini o‘n marta ko‘paytiradi va o‘nta gunohini o‘chiradi".

Faqih aytadilar: Otam bunday hikoya qilar edilar: "Sufyoni Savriy tavof qilib yurganlarida, oyog‘ini har ko‘tarib qo‘yganida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytayotgan kishini ko‘rdilar. "Ey Allohning bandasi, tasbeh, tahlillarni tark qilib, Payg‘ambarga sollallohu alayhi vasallam salovot o‘qiyapsan. Bunga biron hujjating bormi?" dedilar u zot. Haligi kishi: "Alloh ofiyat qilsin, siz kim bo‘lasiz?" deb so‘radi. "Men Sufyoni Savriyman", dedilar. Haligi kishi: "Agar siz zamonimizning g‘aribi bo‘lmaganingizda, holimning xabarini aytmasdim, sirimni bildirmasdim", dedi. So‘ng ushbularni so‘zladi: "Otam ikkimiz Allohning baytini ziyorat qilish uchun chiqdik. Bir manzilga yetganimizda otam kasal bo‘lib qoldi. Men u kishini davolashga tushdim. Xullas, bir kuni tepasida turganimda otam vafot etdi va yuzi qorayib ketdi. Men: "Inna lillahi va inna ilayhi roji’un", deb yuziga ro‘mol yopib o‘rab qo‘ydim. Ko‘zimga uyqu kelib uxlab qolibman. Tushimda bir kishini ko‘rdim, hayotimda hali bunchalik yuzlari chiroyli, kiyimlari pok va hidlari iforli kishini ko‘rmagan edim. Ohista yurib, otamning oldiga keldi. Yuzidan ro‘molni olib, qo‘llari bilan siladi. Otamning yuzi oppoq bo‘lib qoldi. Keyin ketmoqchi bo‘lib burildi. Kiyimidan ushlab: "Ey Allohning bandasi, siz kim bo‘lasiz, nechuk siz tufayli bu musofirlikda otamni Alloh bunchalik siyladi?" dedim. Aytdilar: "Meni tanimayapsanmi, men Muhammad ibn Abdulloh, Qur’on sohibiman. Ammo otang nafsiga zarar qilib qo‘ygan edi. Lekin menga ko‘p salovot aytardi. U mana shu holga tushgach, mendan yordam so‘radi, men ko‘p salovot aytuvchilarga yordam beraman". So‘ng uyg‘onib ketdim. Bu payt otamning yuzi oppoq bo‘lib qolgan edi".

Qayd etilgan


Laylo  12 Iyul 2006, 07:00:50

627. Amr ibn Dinor Abu Ja’fardan rivoyat qiladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim menga salovot aytishni unutsa, u jannat yo‘lidan adashibdi".

Qayd etilgan