634. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga Jabroil (a.s.) kelib:
"Yer boshqa yerga, osmonlar (o‘zga osmonlarga) aylanib qoladigan hamda (barcha odamlar) yolg‘iz va qudratli Allohga ro‘baro‘ bo‘ladigan kunda (qiyomatda) intiqom oluvchidir" (Ibrohim, 47-48), oyatini tilovat qildi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Jabroil, odamlar qiyomat kunida qanday holatda bo‘ladilar?" Jabroil aytdi: "Ey Muhammad, ular oppoq, hech ham gunoh qilinmagan yerda bo‘ladilar. Agar jahannamning guvillashi eshitilsa, maloikalar arshga yopishib oladilar. Har bir farishta: "Ey Alloh, faqat o‘zimizning nafsimizni Sendan so‘raymiz", deydi. Tog‘lar esa titilgan jundek bo‘lib jahannamning qo‘rqinchidan osmonda uchib yuradi. So‘ngra jahannam keltiriladi. U guvillab ovozini chiqarib keladi, uning yetmish ming arqoni bor, har bir arqonda yetmish mingta farishta bo‘ladi, keyin Alloh oldida to‘xtaydi. Alloh taolo: "Ey jahannam, gapir", deydi. Jahannam aytadiki: "La-a ilaha illalloh, Sening izzating va pokligingga qasamki, bugun Sen bergan rizqni yeb, boshqaga ibodat qilgan kishidan, albatta, o‘ch olaman. Mening huzurimdan faqat o‘tish huquqi bo‘lgan kishilargina o‘tadi". Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Ey Jabroil, qiyomat kunidagi o‘tish nima?" dedilar. Jabroil (a.s.): "Ey Muhammad, ummatingizdan kim la-a ilaha illalloh kalimasini aytib, guvohlik bergan bo‘lsa, jahannam ko‘prigidan o‘tadi", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ummatimni la-a ilaha illalloh kalimasi bilan ilhomlantirgan Zotga hamdu sano bo‘lsin".
Ato ibn Abu Raboh aytadilar: "Ibn Abbosdan
"...gunohni mag‘firat qiluvchi, tavba-tazarru’ni qabul qiluvchi, azobi qattiq" (Fofir, 3) oyati haqida so‘radim. Ibn Abbos javob berdilarki: "Gunohni mag‘firat qiladi, kim la-a ilaha illalloh, deb aytsa, tavba-tazarru’ni qabul qiladi, kim la-a ilaha illalloh, deb aytsa, azobi qattiq, kim la-a ilaha illallohni aytmasa".
Faqih aytadilar: Har bir inson la-a ilaha illalloh kalimasini ko‘paytirmog‘i va Allohdan kecha va kunduz uni imondan ayirmasligini so‘ramog‘i, shuningdek, gunohlardan o‘zini saqlamog‘i lozimdir. Ko‘p kishilar bu kalimani aytib yurishadi, keyin umrlarining oxirida yomon amallari tufayli bu kalima ulardan olib qo‘yiladi. Bu dunyodan kofir holatida chiqadilar. Allohdan panoh tilaymiz. Bu musibatdan kattaroq musibat yo‘q!
Bir kishining ismi butun hayotida musulmonlar ichida bo‘lib, qiyomat kuni kofirlar ismi bilan tursa. Bu hasrat-nadomatdan kattaroq nadomat bo‘ladimi?! Cherkov yoki majusiylar ibodatxonasidan chiqib, so‘ngra jahannamga kirgan kishining holi hasrat-nadomatli emas, balki masjiddan chiqib, do‘zaxga tashlangandagi holat hasratlidir. Bularning hammasi yomon amallari va yashirin holatdagi harom gunohlaridandir. Ko‘pincha, kishining qo‘liga musulmonlarning mollari tushib qoladi, ularni ishlatib, keyin qaytaraman, deydi yoki egasini rozi qilaman deb, rozi qilmasdan o‘lib ketadi. Yana, kishining xotini va o‘zi orasiga taloq tushib qoladi. U kishi, qanday qilib uni tark etaman, axir oramizda bolalar bor, deydi. So‘ngra shu holda unga o‘lim keladi, u harom ustidadir. Ko‘pincha, mana shunday sabablar kishidan imon olinishiga sabab bo‘ladi.
Ey birodar, qarang, o‘lim kelmasdan oldin ishlaringizni isloh qilib oling. Chunki siz qachon o‘lim kelishini bilmaysiz. Bilingki, umr ozgina, hasrat esa uzoqdir. Sizga la-a ilaha illaloh so‘zini ko‘paytirmoq va unga shukr qilmoq lozim. Shukr ulug‘ ne’mat uchundir. Chunki ne’mat shukr bilan boqiy.
Hasan Basriy aytadilar: "La-a ilaha illalloh jannatning bahosidir".