640. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim la-a ilaha illalloh desa, uning og‘zidan ko‘k qush chiqadi. Uning ikki oq qanoti dur va yoqut bilan qoplangan bo‘ladi. So‘ngra osmonga ko‘tariladi va undan asalarining tovushi kabi g‘ung‘illash eshitiladi, unga: "Jim turgin", deyiladi. So‘ngra u: "Yo‘q, sohibimning gunohi kechirilmaguncha jim turmayman", deydi, shunda u aytgan kishining gunohi kechiriladi. So‘ng u qushda yetmishta til paydo bo‘lib, qiyomat kunigacha egasining gunohini kechirishini so‘raydi. Qiyomat kuni bo‘lsa, u qush keladi va egasining qo‘lidan ushlab, unga jannatni ko‘rsatuvchi va yo‘l boshlovchi bo‘ladi".
Xabarda rivoyat qilinadi: Alloh taolo Fir’avnni suvga g‘arq qildi va Musoni (a.s.) qutqardi. Muso aytdilar: "Ey Alloh, menga bir amalni dalolat etginki, uni qilsam, Sen menga bergan ne’matga shukr qilay. Alloh aytdi: "Ey Muso, la-a ilaha illalloh, deb ayt. Muso (a.s.) ziyoda qilishni so‘radilar. Alloh aytdiki: "Ey Muso, agar yetti osmon va yetti yerni torozining bir pallasiga qo‘ysang, la-a ilaha illalloh kalimasini bir pallasiga qo‘ysang, albatta, la-a ilaha illalloh kalimasi og‘ir keladi".
Mujohid aytadilar: "Uchta narsa borki, uni Alloh taolodan hech narsa to‘solmaydi: La-a ilaha illalloh kalimasi, ijobat bo‘lishiga ishongan holda qilingan duo, otaning farzandi haqqiga va mazlumning zolimga qarshi qilgan duosi".