Assalamu alaykum! ushbu forum sabab ko'p foydali kitoblar o'qishga muvaffaq bo'lyapman, Allohga shukr. Kecha tahrirga olgan kitobim Aloudlin Basharning "Haqiqat nima?" va "Sevgi nima?" degan kitoblarini katta qiziqish bilan o'qib chiqdim. Quyidagi iqtiboslarni keltirishni lozim topdim, Alloh nasib etsa, forumga kiritilgach, to'lig'ini o'qib, fikrlarim xato emasligiga amin bo'lasizlar...:
Bu koinot egasizmi? Egasi bo‘lsa, u kim? Unga qanday ishonishim kerakki, bu ishonchim haq bo‘lsin?
Inson boshi va oxiri «hech»dan iborat, vazifasiz, mas’uliyatsiz, egasiz, behuda bir borliqmi? Unday bo‘lmasa, insoniylikning haqiqati nima? Uni qanday bilishim va baholashim kerakki, haqiqiy ma’noda inson bo‘layin? Ya’ni, insoniylikning haqqini ado etish uchun nimalarni gapirishim, qanday o‘ylashim, qaysi o‘lchovlar doirasida turmush qurishim va qanday yashashim lozim?
Jinsiyatning, erkak va ayol tushunchalarining haqiqati nima? Ularga qay darajada ahamiyat berishim kerak?
Sevgi va qo‘rquvning haqiqati nima? Bu his-tuyg‘ularni asl g‘oyalariga muvofiq qo‘llashim uchun kimni qanday sevmog‘im va kimdan qanday qo‘rqmog‘im kerak?
Qiziqishning, maroqning, andishaning, umidning, shafqatning, marhamatning va yana ko‘pgina his-tuyg‘ularning haqiqati nima? Qanday harakat qilsam, bularni haqiqiy g‘oyalari yo‘lida ishlatgan bo‘laman?
Mana, Xulyo, haqiqatni izlayotgan bo‘lsang, shu va shunga o‘xshash ko‘pgina savollarning javobini topib, qalbingni, aqlingni, his olamingni va nihoyat har turli harakatlaringni unga ko‘ra tartiblab, unga moslashtirishing kerak. Tatbiqotga tayanmagan haqiqat izlanishi insonning o‘zini o‘zi aldashidan boshqa narsa emasligini yaxshi bilib ol.
Yuqorida sanalgan savollarga farqli va hatto bir-biriga zid javoblar o‘rtaga tashlansa, bulardan faqatgina bittasi to‘g‘ri, qolganlari yanglishdir. Ana shu yagona va o‘zgarmas haqiqatni qanday topasan?
Bu savolning javobiga o‘tishdan oldin haqiqatning topilishini qiyinlashtiradigan sabablar haqida bir og‘iz so‘z yuritmoqchiman.
Bulardan birinchisi, insonning shaxsiy qanoati, nafsoniy tuyg‘ulari, o‘zining qusurlari va xususiy hayoti... Haqiqatda badan xizmatchi, ruh esa xo‘jayin maqomidadir. Ruhini badaniga xizmat qildirgan va dunyoga kelish g‘oyalarini bir qism nafsoniy hislarda izlagan insonning haqni topishi qiyinlashadi.
Ikkinchisi, oila hayoti.... Oila qurish va naslni davom ettirish, hayotning bir qonuni va bu dunyo imtihonining bir jabhasidir. Bu haqiqatdan g‘aflatda qolib, turmush qurishni eng buyuk g‘oya deb o‘ylagan va butun xizmatini va g‘ayratini oila a’zolarining tirikchiligiga yoxud uy ashyolarining tadorik va tanzimiga sarflagan inson haqiqatni topishda ancha mashaqqatga duch keladi.
Uchinchisi, jamiyat hayoti... Yodingda bo‘lsa, o‘tgan maktubimda bu mavzuda ba’zi narsalar yozgan edim. Unga shularni ham ilova etmoqchiman: Mol-dunyo, unvon, obro‘, mansab, martaba kabi dunyo hayotining jozibador, dabdabali jihatlariga ham bir lutf va ehson sifatida, hamda bir imtihon vositasi sifatida qaralishi kerak (Ya’ni, bular biron kishiga ehson etilgan bo‘lsa, albatta bir sinov-imtihon uchundir). Kecha xizmatda boshqalar edi. Vazifalarini haqqi-rost ado etgan-etmaganliklaridan imtihon qilindilar. Endi esa xizmatga biz chaqirildik.