Maxtumquli  ( 56587 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


AbdurRohman  04 Oktyabr 2007, 13:04:53

Saylanma. Maxtumquli



Muallif: Maxtumquli
Hajmi: 310 Kb
Fayl tipi: PDF
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


AbdurRohman  04 Oktyabr 2007, 13:10:07

MAXTUMQULI

SAYLANMA


Turkmanchadan Mirzo KENJABEK tarjimasi


Kalomda ko‘rganin so‘ylar tilimiz,
Axir, ajal ustidadir yo‘limiz,
Maxtumquli aytar: bizning holimiz
Yo Rab, ul kun qanday bo‘lar, yoronlar?!.
 
Ushbu "Saylanma" Maxtumqulining "Turkmaniston" nashriyotida chop etilgan ikki jildlik turkmancha "Saylangan asarlari"dan tanlab olindi. Ilgari o‘zbek tilida nashr qilinmagan she’rlari bilan birga tanish she’rlari ham turkmanchadan qayta tabdil etilib, kitobga kiritildi. Birinchidan, u she’rlarga muhabbatimiz kuchli bo‘lib, kitobxon xalqimizning ham ularga ehtiyoji bor. Ikkinchidan, u she’rlarning ba’zilaridan mustabid tuzum qolipiga sig‘magan ayrim bandlar qisqartirilgan, ayrim so‘z va iboralar esa o‘zgartirilgan ediki, bunda ularni to‘liq taqdim etmoqdamiz.
Tarjimada ixtiyorsiz yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar uchun kitobxondan uzr so‘rab, to‘plam xususida muhtaram o‘quvchilarning fikr-mulohazalarini mamnuniyat bilan qabul etishga hozir ekanimizni bildiramiz.
Ushbu kitob, shubhasiz, dunyo va oxirat mohiyatini anglashda insonga madadkor, ma’naviy oziq, ruhga quvvat, iymonga dalda bo‘lgaydir.
Maxtumquli - turkiy xalqlarning sayroqi tili, sahroning guli, gulning bulbuli, Haqning sodiq, oshiq va orif qulidir. Alloh muborak aylasin!


Turkmanchadan tabdil etib, nashrga tayyorlovchi,
so‘zboshi, lug‘at va izohlar muallifi:
Mirzo KENJABEK

Mas’ul muharrir:
Sayfiddin Sayfulloh

Taqrizchi:
Zuhriddin ISOMIDDINOV,
filologiya fanlari nomzodi,
O’zbekiston Respublikasi Milliy kitob palatasi direktori

Muharrir:
Umrzoq Hoji ZOKIROV





 
MAXTUMQULI – VALIY SHOIR
Tarjimon muqaddimasi

Maxtumquli Firog‘iy XVIII asr ma’rifiy she’riyatining buyuk darg‘alaridan bo‘lib, butun turkiy xalqlar uchun tushunarli va sevimli shoir, ma’rifatli siymo, orif oshiq, sohibi hikmat bo‘lgan valiy zotdir. Uning insonparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan she’riyatida pok islomiy ma’rifat ruhi gurkirab, yashnab turadi.
Maxtumquli taqriban yilda Turkmanistonning janubi-g‘arbidagi Atrek (Atrok) daryosi sohillarida, ma’rifatli islomiy oilada dunyoga keladi. Otasi Davlatmand Ozodiy o‘z davrining taniqli shoirlaridan bo‘lib, uning she’riy kitobi hamda "Va’zi Ozod" nomli asari mavjud. Ozodiy ijodi, ayniqsa, "Va’zi Ozod" kitobi, chamasi, to‘liq islomiy ruhda bo‘lgani bois sho‘ro davrida yetarli o‘rganilmagan. Bu kitobda muallif ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy ijodini yaxshi o‘zlashtirgan, ayniqsa, "Mahbub ul-qulub" asaridan ta’sir olgan adib sifatida namoyon bo‘ladi.
Davlatmand Ozodiy shunchaki shoir emas, balki zamon allomasi, taqvo va ma’rifat ahlining peshvosi, avliyoi barhaq ekanini Maxtumqulining bir necha marsiyasidan anglash mumkin. Shoir otasi haqidagi marsiyada yozadi:

Molu davlatlarga ko‘ngil qo‘ymadi,
Bu jahonning ishratini suymadi,
Eski sholdan ortiq po‘shish kiymadi,
Oxirat uyi bo‘ldi qasdi otamning.

"Munkir bilmas, muxlislarning shakki yo‘q, Payg‘ambar dastidir dasti otamning" satrlari hazrati Rasululloh (s.a.v.)ning: "Kimki bir olim kishini hurmat qilsa, muhaqqaq, u meni hurmat qilgan bo‘ladi" hamda: "Har bir muttaqiy olim mening ahli baytimdandir" degan muborak hadisi shariflariga asoslangan.
 
Nuqabo der: uch yuz eran ko‘rishdi,
Chiltanda otamga nazarim tushdi,
Nujabo borsam, hafttanlarga qorishdi,
Abdollardir chin payvasti otamning.

Bu misralar Ozodiyning shubhasiz valiy zot ekanini anglatadi. Nuqabo, Nujabo avliyolarning muayyan guruhlaridir. "Nuqabo" – "naqib" so‘zidan, naqiblar – biror jamoa va guruhning ulug‘lari, e’tiborli kishilari, raislari; "nujabo" – "najib" so‘zidan, najiblar – buzurgvorlar va tanlangan aziz zotlar degani. Abdollar – valiylikning qutbdan oldingi martabasiga erishgan zotlar, demakdir.

Mahshar kuni g‘amsiz kirar behishtga,
Har kim chindan bo‘lsa do‘sti otamning! -

Bu satrlar hazrati Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning "Kishi oxiratda yaxshi ko‘rgan kishisi bilan birga bo‘ladi", degan hadisi shariflariga tayanadi. Maxtumqulidek shariatda sobitqadam va istiqomatda mustahkam zotning bu mujdasi oddiy ta’rif emas, balki ma’no olamidan yetgan shavq natijasidir.

* * *

Maxtumquli otasi singari boshlang‘ich ta’limni qishloq maktabida oladi. Keyin Markaziy Osiyoning ulkan madaniyat va ilm-fan markazlaridan bo‘lmish Ko‘hna Xiva shahrida, "Sherg‘ozixon" madrasasida o‘qiydi. Qiziloyoq ovulidagi (hozirgi Chorjo‘y viloyati, Xalaj tumani) Idris Bobo madrasasida bir qancha vaqt ilm oladi. U Buxoroi sharifdagi Ko‘kaldosh madrasasida ham ta’lim olgan, degan ma’lumot bor. Xivadagi eng nufuzli o‘quv dargohi sanalmish "Sherg‘ozixon" madrasasida Maxtumquli uch yil o‘qib, muhim ilmlarni o‘zlashtirib, Qur’oni karimni xatm qiladi, o‘zi aytganidek, dili ochiladi, oq-qorani, haq-nohaqni, do‘st-dushmanni ajratadigan bo‘ladi. Yosh olim madrasa bilan xayrlashuv she’rida shukrona tuyg‘ularini bunday ifoda etadi:

Haqdan bizga buyruq – farz erur bilim,
Senda ta’lim oldim, ochildi dilim,
Kelsin deya kutar ul Karkaz elim,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi".

Ajratarman endi oqu qaroni,
Do‘st-raqib, qardoshim, Haqni, yoronni,
O’qidim, ko‘tardim Kitob – Qur’onni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi".

Shoir she’r davomida "Ilm, ta’lim olgan seni unutmas", desa, oxirida "Aslo unutmasman tillo qopisin" deya minnatdorlik izhor etadi. Biz bu she’rga "Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasi bilan xayrlashuv" deya ost sarlavha qo‘ydik. U Xivadan qaytgach, mudarrislik qilgani, ayni vaqtda zargarlik bilan shug‘ullangani naql qilinadi.
Maxtumquli arab, fors tillarini puxta o‘zlashtirgan, chig‘atoy – eski o‘zbek tilini mukammal bilgan. Bu hol uning ijodidagi so‘z boyliklaridan ham ayondir.
Ijodidan ma’lum, Maxtumquli Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning bir qancha diyorlarini kezgan, Buxoro, Xiva, Afg‘oniston, Ozarboyjonda bo‘lgan.
"Zangi Boboni ko‘rsam", deyishiga ko‘ra, Toshkentga ham kelgan bo‘lishi kerak.

Na’layni Arshga tojdir,
Nomi olamga foshdir,
Ikki jahon muhtojdir -
Arab zabonni ko‘rsam, -

deyishiga ko‘ra, Madinai munavvarada hazrati Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning muborak ravzalarini ziyorat qilmoq niyatida ekani, yana: "Iymonim yo‘ldosh bo‘lsa, Borsam, Ka’bani ko‘rsam" yoki: "Niyatim Ka’badir, xayolim hajdir, Ixlosim bor haj tavofin etmoqqa", deyishiga qaraganda, muborak haj ibodatini ado etmoqni niyat qilganligi anglashiladi.

* * *

Naqlga ko‘ra, Maxtumqulining ilk she’ri "Turgil, dedilar" manzumasidir. Shoir she’rda Alloh taolo ato etgan ma’naviy ikromni shukrona va hissiyot bilan bayon etadi:
 
Bir kecha yotardim, tunning yarmida,
To‘rtta otliq kelib, "Turgil!", dedilar,
"Xabar bergaydirmiz fursat yetganda,
Bul yerda erlar bor, ko‘rgil!" dedilar.

Nazarim tushganda ul to‘rt mardona,
Ko‘nglim jo‘sha keldi, boshim gardona, -

deya shoir ma’no olamida erlar – valiy zotlarni ko‘rib, ko‘ngli jo‘sh urib, boshi aylanganini aytib, his-hayajonini izhor etadi. Ma’no olamidan Maxtumquliga insonlarni she’r bilan Haqqa da’vat etish izni va iste’dodi berilgani manzuma zamirida ifodalangan. Bu "O’g‘lon, Alloh yoring, borgil, dedilar" satridan ham anglashiladi.

Ye.E. Bertels bu she’rni A.S. Pushkinning "Prorok" ("Payg‘ambar") nomli she’ri bilan taqqoslab, mushtarak va farqli jihatlarini topishga uringan. Chunki, unda ham "Turgil, ey Payg‘ambar, chorla, da’vat et!" degan xitob bor. Ammo Pushkinning "Payg‘ambar" she’ri aslida hazrati Rasululloh sallallohu alayhi va sallam haqlarida bo‘lib, unda, shaqqi sodr, ya’ni, bolalikda hazrati Payg‘ambarimizning ko‘kraklarini farishtalar yorib, qalblarini poklagani, keyin esa ko‘ksilariga hikmat to‘la cho‘g‘dek oltin jom joylaganlari hamda vahiy voqealari, u zotga insonlarni ogoh etib, Haqqa da’vat qilish amr etilgani ifodalangan. She’rdagi: "Vosstan, prorok, i vijd, i vnemli" ("Turgil, ey Payg‘ambar, chorla, da’vat et") satri "Muddassir" surasidagi "Qum fa anzir" – "Tur va ogoh et!" oyatidan olingan. Pushkin yozadi:

Yotardim kimsasiz yobon ichinda,
Menga vahiy keldi Allohdan shunda:

"Turgil, ey Payg‘ambar, chorla, da’vat et,
Irodamga bo‘ysun, bas, tamomila;
Sen barru bahrni kezib, irshod et,
Insonlar qalbin yoq, haq Kalom ila!"

Pushkin Qur’oni karim tarjimasini o‘qib, "Podrajanie Koranu" ("Qur’ondan iqtibos") she’riy turkumini yilda yozgan bo‘lsa, oradan ikki yil o‘tib, yilda "Payg‘ambar" degan she’rini bitgan. Demak, bu orada u hazrati Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning hayotlarini ham o‘rgangan, deyish mumkin. Ammo she’rda Payg‘ambarga mos bo‘lmagan nojoiz so‘zlar ham borki, bu ifodalar shoirning o‘z shaxsiga oiddir. Negaki, u she’rning ilk nusxasida so‘nggi baytni o‘z-o‘ziga xitob qilish bilan yakunlagan. Keyin qayta ishlab, Qur’on oyati ma’nosini ifodalagan.
Maxtumqulining "Turgil, dedilar" she’ridagi tafsilot zohiran hazrati Payg‘ambarimiz voqealariga o‘xshagani uchun Bertelsni qiziqtirib qolgan. Holbuki, Hazrati Payg‘ambarimiz voqealari vahiyga va Qur’onga asoslangan, Maxtumquli voqeasi esa ma’no olamidan yetgan xabardir. She’rlarda o‘xshashlik yo‘q, voqealarda o‘xshashlik bor. Bas, Bertelsning taajjubi ilmga asoslanmagan, balki zohiriy o‘xshashlikdan tug‘ilgan mulohazalardir.

* * *

Maxtumquli o‘z davrida bosqinchilar zulmi ostida qolgan xalqni birlashtirishga, yurtni tashqi va ichki dushmanlardan ozod etishga o‘z iste’dodi bilan harakat qildi. Shoir yozadi:

Ustimizdan dushman hukm suribdur,
Mo‘‘min bari jabru jafo ko‘ribdur,
O’g‘il-qizni xor o‘rniga beribdur,
Xatarlar ul joydan surilsin endi!..

Boshqa she’rida esa shoir el-yurt ahvolining kundan-kunga yomonlashib borayotganidan, chamandek vatan tikanzorga aylanayotganidan faryod chekadi:

Naylayin, kun kundan yomon,
El yurtimni tutdi tuman,
Marg ostida ajab chaman,
Boq, bu kun ul xorga do‘ndi...

Hamisha el-yurt dardu armoni bilan yashagan Maxtumqulining yoniq she’riyatida shafqat va zulm, yaxshilik va yomonlik, mardlik va nomardlik, jo‘mardlik va tubanlik kabi xususlar bir-biriga qarama-qarshi holda tavsiflanadi, yaxshi xislatlar ulug‘lanib, yomon xislatlar qoralanadi.
 
Maxtumqulining ijodi Qur’oni karim, hadisi shariflarga, tasavvuf ta’limoti, valiylar hikmatiga hamda Alloh O’z huzuridan ato etgan ilmi laduniyga asoslangan. Uning siyosiy qarashlari ham sog‘lom e’tiqod tamoyillariga tayangan bo‘lib, bu mo‘‘jaz bir ilmiy tadqiqotga asos bo‘ladigan mavzudir. Davr hukmdori – Ahmad shohga bag‘ishlangan she’rida shoir: "Sen dinni rivojlantir. Shohlarning shohisan, islomning quvvatisan" deydi.
Albatta, shoirning siyosiy g‘oyalari o‘z davri tarixi bilan izohlanadi.

* * *

Maxtumquli she’riyati – nurli she’riyat. Uning ijodida dunyoviy va uxroviy ilm-ma’rifatdan xabar beruvchi savol-javob tarzidagi she’rlar alohida mavqe’ni ishg‘ol etadi, yuraklarni larzaga soladi. Adibning Turdi shoir bilan aytishuviga diqqat qilaylik:
 
Maxtumquli:
– Ul nimadir, yoqasi bor, yoni yo‘q?
Ul nimadir, qanoti bor, qoni yo‘q?
Ul nimadir, odam yutar, joni yo‘q?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Turdi shoir:
– Ul kafandur, yoqasi bor, yoni yo‘q,
Kapalakdur, qanoti bor, qoni yo‘q,
Qaro yerdur, odam yutar, joni yo‘q,
Bizdan salom bo‘lsin, javob shundaydir...

Maxtumquli:
– Ul nimadur, yemadilar, to‘ydilar?
Ul nimadur, qiyomatga qo‘ydilar?
Ul kim edi, tovonidan so‘ydilar?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Turdi shoir:
– Ul diydordur, yemadilar, to‘ydilar,
Ul namozdur, qiyomatga qo‘ydilar,
Nasimiyning tovonidan so‘ydilar,
Bizdan salom bo‘lsin, javob shundaydir...

Savol-javob she’rlarida "tajohuli orifona" tarzida, ya’ni bilib turib bilmaslikka olib, zamondoshining iste’dodi va ilmi-ma’rifatini sinash uchun savollar o‘rtaga qo‘yiladi. Bu so‘roqlarga javob berish uchun esa iste’doddan tashqari, keng qamrov, nozik farosat, ulkan ilm-irfon ham bo‘lishi zarur.

* * *

Aytganimizdek, Maxtumquli faqat iste’dodli shoir emas, balki ulkan alloma, ahli hol, ahli sirr, ahli hikmat bo‘lgan orif zotdir. Ma’no olamida uning bir qancha aziz siymolar bilan irtiboti borligi anglashiladi. Bir qancha she’rida u haq Payg‘ambarlar, mashhur avliyolar bilan bog‘liq tushlarini farah va shukrona bilan bayon etadi. Chunonchi, hazrati Shoh Bahouddin Naqshband huzurida olgan fayzlarini bunday ifodalaydi:

Bir kecha yotardim, Shohi Naqshband
Karami jo‘sh urib, bir non ketirdi;
O’ng qo‘lida boda – gulgun sharobi,
Chap qo‘lida toza biryon ketirdi...

She’rda Maxtumquli Bahouddin Naqshband hazratlarining ma’naviy tavajjuh va himmatlariga mazhar bo‘lganini oshkor etmoqda. "Boda – gulgun sharob"dan murod ishqi ilohiy, ulug‘ valiy ruhoniyatidan yetgan ma’naviy tavajjuh, "toza biryon" esa hikmat natijasi bo‘lgan ma’naviy nasibadir.
Boshqa bir she’rida shoir "sayron ichinda" – sulukdagi sayr chog‘ida Payg‘ambarlar va aziz avliyolardan iborat nafar siymoni ko‘rganini bildiradi va: Turkiston egasi – Xoja Ahmad Yassaviy ham ular orasida borligini aytadi:

Turkiston egasi – sarvar,
Imom Qosim, Imom Ja’far,
Yahyo bilan Nuh Payg‘ambar,
Boyazid Sulton ichinda...

She’rda zikr qilingan Imom Qosim – xojagon silsilasidan hazrati Qosim ibni Muhammad ibni Abu Bakri Siddiq, Imomi Ja’far esa hazrati Ja’fari Sodiq raziyallohu anhumo hazratlaridir. She’r yakunida shoir: "Maxtumquli, sirim ko‘pdur..." deb o‘z-o‘ziga sig‘mayotganini, loyiq sirdosh izlayotganini bildirib o‘tadi.
Shoir ijodida ilohiy ishq mavzuyi alohida o‘rin tutadi. Ammo u ko‘plab mumtoz shoirlardek, ijodda majoziy muhabbatni bahona qilmaydi, balki haqiqatni kuylaydi. Shoir aytadi:

Oshiqlar Haq ishqinda
Hayrondadir-hayronda.
Ko‘z intizor izinda
Giryondadir-giryonda...

* * *

Zamonlar o‘tgan sari, shoirlarni yalpi qoralovchi, hatto ularga noloyiq ayblar taqovchi guruhlar paydo bo‘la boshladi. Ilmi va ma’rifati sayozligi yoki nokomil "ustoz"lardan ta’lim olib, chetdan kelgan dunyoqarashlarga berilgani sabablimi, ba’zilar Qur’oni karimda shoirlar haqida kelgan oyatlarni noto‘g‘ri tushunib, o‘zlaricha ta’vil qiladi. Holbuki, unda istisno oyati ham bor bo‘lib, mehribon Alloh iymonli shoirlar bilan iymonsiz shoirlar o‘rtasidagi tafovutni aniq-ravshan bayon etgandir. Chunonchi, Alloh taolo aytadi: "Shoirlarga yo‘ldan ozganlar ergashur. Ularning (so‘z vodiylaridan) har vodiyda daydishlarini (ya’ni, o‘zlariga yoqib qolgan eng tuban kimsa yoki narsalarni ham ko‘kka ko‘tarib, yoqtirmaganlarini tuproqqa qorishlarini) va o‘zlari qilmaydigan narsalarni gapirishlarini ko‘rmadingizmi?" ("Shuaro" surasi, --oyatlar. Alouddin Mansurning izohli tarjimasidan).
Bu oyatlar hazrati Payg‘ambarimizni va Islomiyatni hajv qilib, qoralagan iymonsiz, kofir shoirlar xususidadir. Keyingi oyatda esa Alloh taolo bunday deb marhamat qiladi: "Magar iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan hamda doim Allohni yodda tutgan va (ilgari) mazlum bo‘lganlaridan keyin (Islom zafar topgach), Qolib bo‘lgan (qasdlarini olgan) kishilar (ya’ni, shoirlar yo‘ldan ozdirguvchi emaslar). Zolim kimsalar esa yaqinda qanday oqibatga qarab ketayotganlarini bilib qolurlar". ("Shuaro", -oyat).
Bu oyati karimadan shoirlarga baho berishda asosiy mezon iymon-e’tiqod, solih amallar va Allohni ko‘p zikr qilish ekanligi anglashilmoqda.
Ulug‘ vatandoshimiz Faqih Abullays Samarqandiy bu oyati karima sharhida bunday deydilar: "Haqni – haqiqatni so‘ylovchilar – faqatgina iymon keltirib, solih amallar qiladigan, Allohni ko‘p zikr etadigan kishilardir. She’r va boshqa narsalar bilan mashg‘ul bo‘lishlari ularni Allohning zikridan chalg‘itmas, aksincha, bu ishlar Allohni yanada ko‘proq zikr qilmoqqa sabab bo‘lur". ("Tafsir ul-Qur’on", -sahifa).
Yana Abullays Samarqandiy hazratlari aytadilar: "Allohni va Uning Rasulini madh etadigan, insonlarga nasihat va o‘git beradigan hamda ularni yaxshilikka tashviq etadigan she’rlar mamduh – maqtalmoqqa loyiqdir. Bunday she’rlarni yozgan shoirlar Allohning huzurida maqbuldir». (O’sha asar, -sahifa).
"Ruhul-bayon" kitobida ham mazkur oyati karima tarixiy misollar bilan sharhlangan.
Ma’lumki, ezgu fikr-g‘oyalarni, ishqi ilohiyni majoz yo‘li bilan ifodalaydigan shoirlar "Majoz haqiqatning ko‘prigidir" degan hadisi sharifga asoslanadilar.
She’r va shoirlar xususida bir qancha hadisi shariflar ham mavjud. Chunonchi, hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "So‘zda ­ sehr, she’rda ­ hikmat bor" deb lutf qilganlar.
Sahobalardan bo‘lgan bir shoir kelib, Payg‘ambar alayhissalomga: "Alloh taolo shoirlar haqida aytgan bu so‘zlardan (yuqoridagi oyatlardan) keyin bizlarning holimiz ne kechadi?" – deydi. Shunda hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Mo‘min kishi ham tig‘i, ham tili (ya’ni, qalami) bilan Alloh yo‘lida kurashadi. Yaratgan Egamning nomiga qasamki, sizlar otadigan o‘qning tig‘i o‘tkirroqdir", deganlar.
Imom Buxoriy hazratlarining "Al-Jomi’ as-Sahih" ("Eng ishonchli hadislar to‘plami") kitoblarida ham she’r va shoirlar haqida hadisi shariflar bor.
Imom Termiziyning "Shamoyili Muhammadiyya" kitoblarida esa, hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘qib yurgan she’rlar alohida bobda bayon qilingan.
Binobarin, shoirlarga baho berishda mezon ularning iymonidir. Ularning iymon-e’tiqodi esa yozganidan ma’lum. Shu bois, bu masalaga insof va sof dil bilan yondashgan ma’qul. Shoir aytganidek:

Maxtumquli, kimki ichin sof etmas,
Ma’lumdirki, oxiratdan xavf etmas,
Ojiz tani o‘tli gurzga tob etmas,
Yo Rab, qanday bo‘lur holi bandaning?!.

Hazrati Jaloliddin Rumiy, Nasimiy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy, Boborahim Mashrab, Muhammadrizo Ogahiy singari yuzlab mumtoz shoirlar she’riyatida esa komil iymon, ishqi ilohiy porlab turadi. Bu mustasno shoirlar silsilasida Maxtumquli Firog‘iyning o‘z maqomi bor... Shoirning majoz kuychisi emas, balki Xoja Ahmad Yassaviy, So‘fi Allohyor singari haqiqat kuychisi ekani uning xalq ommasi orasida g‘oyat sevimli bo‘lishining sabablaridan bo‘lsa, ajabmas.
Haq yo‘lidagi haqiqiy iymon sohiblari uchun she’riyat ezgulik, go‘zallik, poklik va halollik, taqvo va sadoqat, fayzi ilohiy samarasidir. Chunki hadisi sharifda aytilganidek, "Hikmatning boshi Allohdan qo‘rquvdir" va yana: "She’rda, albatta, hikmat bor". Hikmat esa Allohning xos ikromidir. Chunonchi, Qur’oni karimning Baqara surasi, -oyatida Alloh taolo: "U (Alloh) O’zi xohlagan kishilarga hikmat ato etur. Kimgaki hikmat berilgan bo‘lsa, bas, muhaqqaq, unga ko‘p yaxshilik berilibdi" deb marhamat qiladi. Hikmat – sog‘lom aqlga, sog‘lom qalbga, iymon-e’tiqod va ilmu irfonga muvofiq so‘z, barcha diniy va dunyoviy narsalarning haqqoniy hukmlaridir. Maxtumquli, shubhasiz, ana shunday sohibi hikmat zotlardandir.
Maxtumqulining butun ma’rifati, islomiy muhabbati, ishqi, shavqi, qayg‘usi she’rlarida aks etadi. She’riyat shoir qalbining ko‘zgusidir.
Maxtumquli she’riyati bani basharga qilingan otashin va ma’rifiy xitoblardan iborat.
Maxtumquli she’riyati Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarining she’riy sharhidan iborat.
Maxtumquli she’riyatining bosh yo‘nalishi: iymon-e’tiqod, o‘lim va hayot, qiyomatning haqligi, dunyoning foniyligi va oxiratning boqiyligi, ogohlik bilan oxiratga hozirlik ko‘rmoq zaruriyati kabi ezgu g‘oyalardir.

Maxtumquli, sen dam-badam
Oxirat sari ur qadam.
Yaxshi-yomon – barcha odam
Ajalning giriftoridir.

Maxtumquli she’riyati ezgulikka da’vatdir. Foniy dunyoga aldanmang, deydi shoir.
Ma’lumotlarda Maxtumquli yoshlikda Menglixon ismli qizni sevgani, lekin unga uylanish nasib qilmagani, keyin shoir Oqqiz ismli ayolga uylanib, undan ikki o‘g‘il ko‘rgani, farzandlari yoshligida o‘lib ketgani zikr qilinadi. Mashhur sharqshunos Ye.E. Bertels: "Bunday judolikdan keyin oilaviy hayot shoirga lazzat bera olmagani haqiqatga juda yaqin", degan fikrni bildiradi. Insoniy jihatdan qarasangiz, bu fikr to‘g‘riga o‘xshaydi. Ammo mustashriqning: "Ehtimol, Maxtumqulining ko‘pchilik she’rlaridagi g‘am-alam ohanglariga shoirning oilaviy baxtsizligi ham sabab bo‘lgandir", degan fikri Maxtumqulining ma’rifati, ishqi, dardi va g‘oyalarini to‘liq tushunmaslik natijasidir. Olim keltirgan:

Jahongashta devonalar,
Men kabi hech yongan bormi?
Ishq qurboni – parvonalar,
Ul olovdan qongan bormi? –

degan band esa faqat insoniy-majoziy ishq xususida emas, balki "devonalar", "parvonalar" ifodalaridan anglashilib turganidek, ishqi ilohiy xususidadir.
To‘g‘ri, shoirning sevgisi, musibatli judolik dard-alamlari ham uning she’rlarida aks etgan. Ammo shoir ijodidagi "g‘am-alam ohanglari" aslo oilaviy baxtsizlik natijasi emas. Maxtumquli orif, oshiq, dunyo va oxiratning mohiyatini anglagan, g‘ofillik, johillik, gunoh-ma’siyatlar avj olib, dunyo shitob bilan shak-shubhasiz qiyomat sari ketayotganini ogohlik ko‘zi bilan ko‘rib turgan mard inson, alloma, iymoni butun, qayg‘usi olamshumul, dardi hayotbaxsh valiy zotdir. O’z-o‘zini xor tutib, aybdor sezib, osiy va gunohkor ekanligini izhor etib, nadomat chekishi esa solih va muttaqiylik alomatlaridandir.
Chunonchi, bir she’rida shoir o‘z yig‘isining sababini bunday bayon etadi:

Ketgan kelmas yo‘lindan,
Yomon qaytmas fe’lindan,
Diyonat xalq qo‘lindan
Uchdi, deya yig‘larman.

Hozir bizning zamonda -
Yomon so‘zlar zabonda,
Zulm ishlari jahonda
Jo‘shdi, deya yig‘larman!..

Binobarin, shoirning ulug‘ dardu Qamini foniy-dunyoviy narsalarga bog‘lash insofdan emas.

* * *

Maxtumquli ijodi turli kotiblar tomonidan ko‘chirilgan yuzlab nusxalardan hamda turkman va o‘zbek tillarida takror-takror nashr qilingan kitoblardangina iborat emas. Uning asarlari to‘liq saqlanmagan, o‘zi hayotligidayoq ba’zi dushmanlar shoirning qo‘lyozma kitoblarini yo‘q qilgan. "Yozgan kitoblarim selga oldirib, Ko‘zlarim izinda giryon ayladi" satrlari hamda quyidagi hasratli so‘zlari bunga dalildir:

G’ofillikda dushman oldi dashtimni,
Tarqatdi har yonga tengu to‘shimni,
Besh yilda bir kitob etgan ishimni
Qizilboshlar olib, vayron ayladi.

Shu yo‘sin shoir aziz umri guldek so‘lganidan g‘am-alam chekadi.

* * *

She’rlaridan Maxtumqulining piri otasi ekani anglashiladi. Ammo u boshqa ko‘plab murshidi komillarni ham zikr qiladi. Yana ko‘plab she’rlarida u Xoja Ahmad Yassaviy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy, So‘fi Allohyor, Boborahim Mashrab va boshqa valiy shoirlar singari, bir piri komilni izlash, bir murshidga qo‘l berib bog‘lanish zarur ekanini ta’kidlaydi.
 
Ixlos bilan bir komilga qo‘l bergan
Yetar bir manzilga, yetmayin qolmas;

Yoki:
Oqil bo‘lsang, ista bu yo‘lda bir pir,
Rizqingga kafildir Alloh – Muqtadir;

Yoki:
Qirqingda tavba aylab, bir murshidga qo‘l bersang,
Ko‘nglingni birga bog‘lab, aziz Subhona kelding;

Yoki:
Pulsirot ustinda, hayhot kuninda,
So‘fiylarni karomatli Pir chekar, -

satrlari bunga dalildir. Shuningdek, hazrati Bahouddin Naqshband haqlaridagi ehtiromli va muhabbatli she’rlaridan Maxtumqulining Naqshbandiya tariqatiga e’timodi kuchli ekanini payqash mumkin.

* * *

Maxtumqulining ilohiyot mavzuidagi she’rlari, jumladan, ilohiy ishq va islomiy ma’rifat tarannum etilgan asarlari mustamlaka davrida xaspo‘shlandi yoki ularning mohiyati buzib talqin etildi. Bu kungi istiqlol kunlarida biz ko‘plab mumtoz adiblar qatorida Maxtumqulining ham ilohiy ruhdagi she’rlarini sharhlash imkoniga ega bo‘lib turibmiz. Shoirning ana shunday teran ma’rifiy ma’nodagi asarlaridan biri "chiqar" radifli g‘azalidir.

Gar tutsa holimdan xabar, quruq og‘ochdan qon chiqar,
Inson sharorimdan asar topsa, tanidan jon chiqar.

"Agar mening ma’naviy holimdan, dardu ishqimdan xabar topsa, inson u yoqda tursin, hatto qurigan og‘ochdan qon chiqadi. Sharorimdan – ichimdagi olovdan bir inson asar topsa, bu ishq o‘tining bir uchquni unga yetsa, tog‘at qilolmay, tanidan jon chiqadi".
Shoir ishq dardida, ma’naviy holini, ilohiy tajalliylar ta’sirini mubolag‘a bilan oshkor etayotir. "Quruq og‘ochdan qon chiqar" ifodasida esa, aslida o‘z bag‘rining qonga to‘lganiga ishoradir. Qurigan daraxtdan qon chiqqach, tirik insondan jon chiqadi.

Qorun qilib molin ado, sad jon istar – bo‘lsa fido,
Kun sham’idan bo‘lib judo, nurin qo‘yib, pinhon chiqar.

Agar mening holimdan xabar topsa edi, benihoyat boylik egasi bo‘lgan Qorundek mutakabbir va xasis kimsa ham erib, molini sarflab ado qilar, yuz jon bu ishq yo‘lida fido bo‘lishni orzu qilar edi. "Quyosh o‘z oyidan judo bo‘lib, hatto o‘z nurini qo‘yib, mening sharorimni ko‘rib, uyalganidan pinhon chiqar edi".
Qorun – Qur’oni karimda zikr qilingan, Muso alayhissalomga zamondosh bo‘lib, adabiyotda boylik va xasislik timsolida qo‘llanadi.
Quyoshning nursiz holda pinhon chiqishi Maxtumquliga xos yangicha ifodadir.

Bir ko‘chada bo‘lsam muqim, dilga ketirsam qadri siym,
Har ko‘chai vayronadan sad ganji bepoyon chiqar.

"Agar shu ishq dardi, shu ma’naviy holim bilan bir ko‘chada muqim turib qolsam va siymu zarga biror qadr-qimmat bersam, ko‘nglimga xazina fikrini keltirsam, har bir vayrona ko‘chadan yuztadan bepoyon – hadsiz-hisobsiz ganj, xazina chiqar edi. (Ammo mening bunga xohishim yo‘q)".
Shoir o‘z qalbidagi ma’naviy xazinalar har qanday dunyoviy boyliklardan avlo ekaniga ishorat qilmoqda va agar men siymu zar istasam edim, mendan g‘aniyroq kishi bo‘lmasdi, ammo mening botin xazinam menga kifoyadir, demoqda.

Ko‘nglimga kelgan naqshlar ko‘zlarga paydo bo‘lsa gar,
Qo‘shulsa ko‘p nodonlar, komil bo‘lib, mardon chiqar.

"Agar mening ko‘nglimdagi naqshlar – ilohiy tajalliylar, ishq va muhabbat tasvirlari, hol manzaralari odamlarning ko‘ziga ko‘rinsa edi, ko‘p nodonlar birlashib, komil bo‘lib, mardi Xudo bo‘lib, avliyo bo‘lib chiqar edi".
Naqsh – matohga o‘yiladigan xilma-xil ranglar, gullar, tasvirlar, yozuvlar; tarh va loyiha; yoziq – taqdir yozuvi; timsol, shakl; ogohlik kabi ma’nolarda qo‘llanadi. Shoh Bahouddin hazratlarining kasbi matohga naqsh solish edi. Keyin u zot muridlar qalbiga ishqi ilohiyni naqsh aylaydigan murshidi komil ma’nosida Naqshband deb nomlanganlar. Shunga ko‘ra, bu o‘rindagi naqsh ilohiy ishq va ilohiy tajalliylar ma’nosidadir.

* * *


Naqsh – yana solikka, ya’ni suluk ahliga Haqdan xabar beruvchi, uni nafsidan qutqaruvchi, ibodatga va qanoatga da’vat etuvchi vosita, solikni g‘aflat uyqusidan uyg‘otuvchi, ovoralik sarxushligidan qutg‘arib, o‘ziga kelishini ta’minlovchi haq jazbasidir. "Tasavvuf lug‘ati"da shunday keltirilgan.
Tariqat – komil inson bo‘lish, ilohiy axloq bilan xulqlanish yo‘li. Adib ana shu tabarruk yo‘lga ishora qilayotir.

Hech anglamay zeru zabar, gar topsa jazbamdan asar,
"Alif"dan, "be"dan bexabar, har damda bir Qur’on chiqar.

"Zeru zabar – arabiy yozuv harakatlari nimaligini bilmagan, "alif"dan, "be"dan bexabar inson agar jazbamdan xabar topsa, ilohiy ogohlik da’vati yetib, har nafasidan bir Qur’on chiqadi".
Bu bayt yuqoridagi baytni to‘ldirib, sharhlab keldi va naqsh ilohiy jazba ekanini isbot etdi. Haq jazbasidan asar topgan johillar ham Qur’onga muvofiq yashashni o‘rganadi, deydi adib.

Jabr etdi Jamshid joniga, kim, kirdi ma’dan koniga,
Yuz yil kirib poyoniga, na Zolu na Luqmon chiqar.

"Jamshiddek ulug‘ podshoh ham ma’dan koniga, dunyo boyliklari ichiga kirib, o‘z joniga jabr qildi. Agar dunyo xazinalari ichiga kirsa, hech kim uning poyoniga yetolmaydi, undan na Zol chiqadi, na Luqmon chiqa oladi".
Jamshid – qadimiy eron shohlaridan biri. U Firdavsiyning "Shohnoma" asarida va fors asotirida ta’riflangan mashhur timsol. Uning Qaroyib jomi bo‘lib, unda dunyoning hamma tomoni ko‘rinib turgan, deb tasvirlanadi. Shoir, Jamshiddek mashhur sulton ham dunyo jilvasiga aldandi, demoqda. Zol – Rustami dostonning otasi.

Men ham, Firog‘iy, ul qadar aqlimni qildim darbadar,
Bir behunar topsa xabar, par bog‘labon osmon chiqar.

"Ey Firog‘iy, men ham aqlimni shunchalik sarson qildimki, agar bu ishqimdan, bu jazbamdan bir behunar, g‘ofil xabar topsa, unga ogohlik yetib, qanot bog‘lab, osmonga chiqadi".
G’azaldagi barcha baytlarga asos bo‘lgan narsa adibning holi, sharora, ishq olovi, ko‘nglidagi naqshlari, Haqdan yetgan jazbasidir.

Maxtumquli, oz ayla so‘z, barcha qolar tog‘u dengiz,
Tuproqqa to‘lsa ushbu ko‘z, Haqdan yana farmon chiqar.

"Ey Maxtumquli, so‘zni kam qil, gapning qisqasi shuki, necha ma’dan konlari, oltin va kumush xazinalarini o‘z ichida yashirgan tog‘lar ham, necha marvarid va javohirlarni o‘z qa’rida berkitgan dengizlar ham qoladi, inson esa o‘tadi. Inson vafot etib, ko‘zlari tuproqqa to‘lsa ham, Haqdan yana farmon chiqib, qiyomat kuni u qayta tiriladi, hisob-kitob boshlanadi. Bas, shundoq ekan, iymon-e’tiqodingni pok tutib, Haq ishqida to‘g‘ri yasha".
Baytdagi "Haqdan yana farmon chiqar" jumlasi "qayta tirilishga hukm bo‘ladi", ma’nosidadir. Bu baytni shoirning boshqa satrlari bilan sharhlash mumkin:

Maxtumquli, sirim cho‘xdur,
Men nalayin, ochan yo‘qdur,
O’lmoq haq, tirilmoq haqdur,
O’qudim Qur’on ichinda...

Ya’ni, Haqdan farmon chiqib, qayta tirilish Qur’onda bildirilgan ilohiy haqiqatdir, deydi shoir. Chunonchi, Qur’oni karimda Haq taolo: "O’lik yer ular uchun (qayta tirilishga) bir oyat alomatdir" ("Yosin" surasi, -oyat) deydi, "Qiyomat" surasida esa: "Inson Bizni uning (chirib tuproqqa aylanib ketgan) suyaklarini hargiz to‘play olmas, deb gumon qilurmi?! Yo‘q, Biz uning barmoqlarini (ham) tiklab, joy-joyiga keltirishga qodir Zotdirmiz" (, -oyatlar) deb ogohlantiradi. Bu haqda oyatlar ko‘p. Maxtumquli ana shu oyatlarga ishora qilayotir.

* * *

Maxtumquli XVIII asrning 0-yillarida vafot etgan. Uning qabri tug‘ilgan yurti – Atrek (Atrok) bilan Sangitog‘ orasidadir. Shoir otasi Ozodiy yoniga dafn etilgan.
Maxtumquli odamzodning dardu armonlari bilan yashab, o‘z ma’rifati bilan barcha xalqlarga sevimli bo‘lgan valiy shoirdir.
Og‘ir mustamlaka zamonlarida Maxtumquli she’riyatini takror-takror o‘zbek kitobxonlariga taqdim etgan muhtaram tarjimon Jumaniyoz Sharipov shoir ijodiga qo‘l urayotgan barcha yangi tarjimonlarga haqli ustozdir. U kishining tajriba maktabidan biz ham bahramanddirmiz.
Ushbu "Saylanma" kitobi Maxtumqulining yilda "Turkmaniston" nashriyotida chop etilgan ikki jildlik turkmancha "Saylangan asarlari"dan tanlab olindi. Ilgari o‘zbek tilida nashr qilinmagan she’rlari bilan birga tanish she’rlari ham turkmanchadan qayta tabdil etilib, kitobga kiritildi. Birinchi bois, u she’rlarga muhabbatimiz kuchli ekani bo‘lsa, ikkinchi bois – u she’rlarning ba’zilaridan mustabid tuzum qolipiga sig‘magan ayrim bandlar qisqartirilgani, ayrim so‘z va iboralar esa o‘zgartirilganidir. Bunda ularni to‘liq taqdim etmoqdamiz. Tarjimada ixtiyorsiz yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar uchun kitobxondan uzr so‘raymiz. To‘plam xususida muhtaram o‘quvchilarning fikr-mulohazalarini kutamiz.
Ushbu kitob, shubhasiz, dunyo va oxirat mohiyatini anglashda insonga madadkor, ma’naviy oziq, ruhga quvvat, iymonga dalda bo‘lgaydir.
Maxtumquli – turkiy xalqlarning sayroqi tili, sahroning guli, gulning bulbuli, Haqning sodiq, oshiq va orif qulidir. Alloh muborak aylasin!

Mirzo KENJABEK



 
SEN JAHONGA TO’LUQSEN,
JAHON SENDAN BEXABAR

Sensan oroyishi jon, bu jon Sendan bexabar,
Sen jahonga to‘lug‘sen, jahon Sendan bexabar.

Andisha daryosinda sirim safiynasini
Yuz tarafga suzdirdim, sayron Sendan bexabar

Gar desalar kufr o‘lar: ashyo Sendan xolidir,
Manzil Sendan mustag‘raq, makon Sendan bexabar.

Zamin, osmon, g‘arbu sharq partavingda gardondir,
Zamoniga Sen gardon, zamon Sendan bexabar.

Istar Seni dengizlar, to‘lqinlanib shavqingdan,
Sen ular ichra ma’lum, ummon Sendan bexabar.

Zamin tilar osmonda, osmon tilar zaminda,
Bir-biriga gumonda, gumon Sendan bexabar.

Maxtumquli, ko‘r endi, ashyolar ne ishdadir,
Yo‘q emish bu ashyoda, hamon Sendan bexabar.


HABIBULLOH, SENI ISTAR

Habibulloh, seni istar
Topar qaysi yo‘lda seni?
Valloh, ko‘rmoqqa mushtog‘dir,
Bek-da, xon-da, qul-da seni.

Oshiqlar gul yuzi so‘lar,
Ming kun yig‘lab, bir kun kular,
Bulbul sanoda orzular
Toza g‘uncha, gulda seni.

Ne gavharsen, yo‘q qimmating,
Jahonni tutmish himmating,
Tinmay yod etar ummating,
Tog‘da, tuzda, cho‘lda seni.

Eranlar yo‘lingni izlar,
Darvishlar siringni gizlar,
Mashriq, mag‘rib – tamom ko‘zlar
Barcha sog‘u so‘lda seni.

Davlat falak bilan do‘nar,
Kimdan uchar, kimga qo‘nar,
Ko‘rmasa, oshiqlar yonar,
Hafta, oyda, yilda seni.

Biz ham – ummat deb bo‘zlarmiz,
Yod etarmiz, havaslarmiz,
Chaqirib, madad izlarmiz,
Yaxshi-yomon holda seni.

Maxtumquli der: o‘tim bor,
Arzim bor, Haqqa dodim bor,
Shafoatdan umidim bor –
Qil ko‘prikda – tolda seni.


* * *

Maxtumquli, sirim ko‘pdir,
Men naylayin, ochgan yo‘qdir,
O’lmoq haq, tirilmoq haqdir,
O’qidim Qur’on ichinda!..


"TURGIL!" DEDILAR!..

Bir kecha yotardim, tunning yarmida,
To‘rtta otliq kelib, "Turgil! – dedilar,-
Xabar bergaydirmiz fursat yetganda,
Shul yerda erlar bor, ko‘rgil!" – dedilar.

Nazarim tushganda ul to‘rt mardona,
Ko‘nglim jo‘sha keldi, boshim gardona.
Shul vaqtda bor edi ikki devona:
"Turma, o‘g‘lon, anda borgil!" – dedilar.

Ul ikki devona tutdi qo‘limdan,
Olibon ketdilar turgan yerimdan,
Bir ishorat bo‘ldi uning birindan:
"Sayronda boribon turgil!" – dedilar.

O’ltirgandik, keldi ikki pirzoda,
Ko‘zindan yosh oqar, tili duoda,
"Huv! Haq!" – deya chiqdi olti piyoda,
"Odam endi kelar, ko‘rgil!" – dedilar.

To‘rtta otliq keldi, bari sabzaboz,
Asolari yashil, oti tablaboz.
"Majlis halqasini qurmang bunda oz,
Odam ko‘pdir, katta qurgil!" – dedilar.

Dashtdan chiqdi oltmish otliq, ko‘rdilar,
"Muhammad!" – deb bari qarshi yurdilar,
Sog‘lik-salomatlik bir-bir so‘rdilar,
"Turmang, ulug‘ joyga yurgil!" – dedilar.

Bir otning ortiga meni berdilar,
Sayronda shul joyga borib turdilar,
Bari o‘ltirdilar, majlis qurdilar;
Manga: "O’g‘lon, aro kirgil!" – dedilar.

"Alidir", – dedilar, tutdi dastimdan,
Bo‘ryo to‘shagimni oldi ostimdan,
Bilmadim, bir zot ne quydi ustimdan,
"Yo‘liqqan davron bu, surgil!", – dedilar.

Haydardan so‘radim barin otma-ot,
"Hazrati Payg‘ambar uldir, bo‘lma yot,
Bul Salim Xojadir, bul Bobo Zuryod,
Bul Vaysal-Qarandir, bilgil!" – dedilar.

"Ul Bahouddindir, ul ham bir erdir,
Ul Zangi Bobodir, ul ham nomdordir,
U yonma-yon turgan chahoriyordir,
Maqsading ne bo‘lsa, aytgil!" – dedilar.

Shul zamonda turgan ikki shayxi shob:
"O’g‘longa fotiha bering, dedi, sof!"
"Yuz yigirma to‘rt ming anbiyo, ashob,
Barisi shundadir, bilgil!" – dedilar.

Rasululloh aytdi: "Yo Shohimardon!
Ayo Salim Xoja, yo Bobo Salmon!
Abu Bakr Siddiq, yo Umar, Usmon!
Bu qulning maqsudin bergil!" – dedilar.

Salim, Bobo Salmon buyurdi mardga,
Piyolani tutib, soldilar dardga,
Ketdi aqlu hushim, yotdim shul yerda,
"Arshda, Farshda borin ko‘rgil!" – dedilar.

Yel bo‘ldim, yugurdim, yer tomiriga,
Nazarim to‘qindi Arsh kamariga,
«Jabrut olaminda Jalil siriga,
Kelib, o‘zing qarab, ko‘rgil!» – dedilar.

Neki xayol qilsam, qo‘lga ketirdim,
Qayga boqsam, unga nazar yetirdim,
Bu hol bila farog‘atda yotardim,
Yuzimga dam urib, "Turgil!" –dedilar.

Rasululloh aytdi: "Ashoblar, yuring,
O’g‘lonni kuzating, fotiha bering".
Aytdi to‘rt otliqqa: "Eltib, topshiring,
Keltirgan joyingga qo‘ygil!" – dedilar.

Turib, Maxtumquli, ko‘zin ochibdir,
Boshiga ne ko‘ylar kelib-kechibdir,
Mast tuyadek oq ko‘piklar sochibdir,
"O’g‘lon, Alloh yoring, borgil!" – dedilar.


OTA-O’G’IL DARDLASHUVI

Ozodiy:
- Oshkor et siringni, saqlama pinhon,
Ammoki, so‘zimdan chiqmagil, o‘g‘lim!
Kunda yuz o‘y kelar-ketar bu boshga,
Og‘ritma ko‘nglimni, yiqmagil, o‘g‘lim!

Maxtumquli:
- Uyalardim, sirim fosh aylamasdim,
Oshkor qil, deb so‘rar bo‘lsang, Ozodim!
Yuz o‘y kelar-ketar har kun bu boshga,
Istak bordir, safar qilsak, Ozodim!

- Jafo qilma o‘zing, chaqir Mavloni,
Orzu qilma xonni, bekni, sultonni,
Basdir bizga avval Tangri bergoni,
Qoldirma ko‘nglimni, ketmagil, o‘g‘lim!

- Ketgimiz yo‘q olti bilan, besh bilan,
Sayron etsak necha tengu to‘sh bilan,
Magar shunda Qamgin ko‘nglim xush bo‘lar,
Ko‘ngil qalqar, qaror etmas, Ozodim!

- Varzishing yo‘q, yoshsan, keta bilmassan,
Shovur bor, shovqin bor, chiday bilmassan,
Har ishga bosh qo‘shib, eta bilmassan,
Ketmoqlik da’vosin qilmagil, o‘g‘lim!

- Kishi so‘zlamasa, siri fosh bo‘lmas,
Yaxshini, yomonni bilgan yosh bo‘lmas,
Shu kez yubormasang, ko‘nglim xush bo‘lmas,
Ra’yimiz qaytarma, qo‘ybor, Ozodim!

- Bizni nechuk bunday tark etgusing bor?
Bu yo‘l behudadir, chin ketgusing bor.
Bas, ketmagil, sendan ko‘p tarsishim bor,
Qayg‘u, alamlarga botmagil, o‘g‘lim!

- Qalbimga kiribdir Islom havasi,
Tangadir, dirhamdir xalqning tama’si,
Ko‘nglim malul etma, qo‘rquv nimasi? –
Bir safar ishidir, qo‘ybor, Ozodim!

- Qur’on o‘qib yurgil, yaxshi Kalomdir,
Dushman berahmdir, dining Islomdir,
Yo‘llar qaroqchidir, o‘g‘ri-haromdir,
O’lgungmi, qolgungmi, ketmagil, o‘g‘lim!

- Sinayin, ko‘rayin bu kun iqbolim,
Yaxshi kun, yaxshi vaqt, kelganda solim,
Qasd etib jonimga, yetsa ajalim,
Bu yerda bo‘lsa ham, topar, Ozodim!

- Bilib olay, o‘zing qayon otarsan?
Qandoq ishdir, buni bundoq tutarsan?
Aytgil, axir, kimning bilan ketarsan?
Oh chekib, har yonga boqmagil, o‘g‘lim!

- Jilovdori bo‘lgum Yosirxon pirning,
Ko‘ngil qushi parvoz urar faqirning,
Bu kun yetti kundir, "Alhamd" o‘qirmen,
Shod ayla ko‘nglimni, qo‘ybor, Ozodim!


– Ozodiy der: birga safo suraylik,
Yo‘qsa, yuboraylik, sinab ko‘raylik,
"Omin!" deb tur, o‘g‘lim, duo beraylik,
Bir Alloh yor bo‘lsin senga, bor, o‘g‘lim!

– Maxtumquli aytar: qolmisham chog‘dan,
Ko‘ngil qushi talvos urar yiroqdan,
Har yerda Sog‘ligim tila Ul Haqdan,
Duo qilib, Haqqa yolbor, Ozodim!..


XUSH QOL, GO’ZAL "SHERG’OZI!"

(Xivadagi «Sherg‘ozixon» madrasasi bilan xayrlashuv)

Makon aylab, uch yil yedim tuzingni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"
O’tkazdim qishingni, navro‘z, yozingni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Haqdan bizga buyruq, farz erur bilim,
Senda ta’lim oldim, ochildi dilim,
Kelsin deya kutar ul Karkaz elim,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Ajratarman endi oqu qaroni,
Do‘st-raqib, qardoshim, haqni, yoronni,
O’qidim, ko‘tardim Kitob-Qur’onni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Aqlim qisqa edi, ko‘ksim qaynadi,
Jigar talvos urdi, yurak o‘ynadi,
Ilmi Islom bilan jonim yayradi,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Hislar yuragimda mavj urar, bitmas,
Qaynar, to‘lqinlanar, hech loyga botmas,
Ilm ta’lim olgan seni unutmas,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Paymon to‘lmay, kelsak, tog‘at yetmasdan,
Sirin zohir qilmas, aql ketmasdan,
Bodipoy otlandim, sayron etmasdan,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Daryoga kirsam-da, g‘avvos suzarman,
Behasrat yayrabon, beg‘am kezarman,
Dahon ichra asal zabon ezarman,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Kamol topib, saranjomlik qilibmen,
Mushfiqimdan, ul padardan qolibmen,
Ka’bamdan – oyimdan judo bo‘libmen,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Qutbda sa’y ko‘zlab, kamona tushdim,
Nayson quydi, ummon qaynadim-jo‘shdim,
Xush qol, bu kun Jayhun bahridan oshdim,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"

Maxtumquli tashlab butkul qayg‘usin,
Alqadi pirini, mullo, so‘fisin,
Aslo unutmasman tillo qopisin,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal "Sherg‘ozi!"


O’RTANDIM, ADO BO’LDIM

Sanduvochi sarmastman, bargimdan judo bo‘ldim,
Bargimni xazon oldi, besavtu sado bo‘ldim,
Bir gulchehra yo‘linda behuda fido bo‘ldim,
Bad ishlarga boy bo‘ldim, xayr ishda gado bo‘ldim,
Furqat, vuslat, neki bor – aslin az Xudo bildim,
Barchani bedor ko‘rdim, o‘zim uyquda bo‘ldim,
Dunyoga kelib, evoh, aylanmay gado bo‘ldim,
Yeganim og‘u bildim, kiyganim rido bildim,
Yondim-kuydim, yor-do‘stlar, o‘rtandim, ado bo‘ldim.

Yoronlar, yo‘ldosh bo‘ldim, nafsu havo zolimga,
Kiyikday qochar, bormas nasihatgo‘y olimga,
Subhonga sarkashligin mashhur etdi olamga,
Men netayin, ey do‘stlar, omadsiz iqbolimga,
Qo‘ymadi o‘z holimga, yururga, majolimga,
Ne qozonchga quvonchim, ne xushvaqtlik molimga,
Bir cho‘p miqdori kechmas bu jahon xayolimga,
Bilmam, olam ne ko‘yda, men hayron o‘z holimga,
Yondim-kuydim, yor-do‘stlar, o‘rtandim, ado bo‘ldim.

Jahl ishiga chobukman, Alloh ishiga susttar,
G’arqi zalolat bo‘ldim, hidoyatni sen ko‘star,
Ne darvishman, ne mullo, ne so‘fi, ahli dastor,
Qardoshlar quloq bersa, aytsam so‘zimni rosttar,
Fikr aylang, kimim bordir Egamdan o‘zga, do‘stlar,
Bandalikda bo‘lmasang, bo‘lganing yaxshi nesttar,
Ko‘rmadim Kun ostinda hargiz o‘zimdan pasttar,
Otashga loyiq bo‘lmas ado bo‘lgan xokistar,
Yondim-kuydim, yor-do‘stlar, o‘rtandim, ado bo‘ldim.

Fuqarosin Sulaymon, gar qilsa yuz siyosot,
Kelsa pari podshohi, Oqtamiru Jonpo‘lot,
Yuz ming devga bosh bo‘lgan dev to‘rasi – Damirbot,
Magas shohi – Turtarus hamrohlik etsa, xayhot,
Mo‘r maliki – Munzara kelsa behad, bag‘oyot,
Muso gar qo‘lin ochib, Iyso o‘qib yuz oyot,
Xizr duo aylabon, Ilyos qilsa munojot,
Mundog‘ murda jasadga maholdir topmoq najot,
Yondim-kuydim, yor do‘stlar, o‘rtandim, ado bo‘ldim.

Maxtumquli, miskinman, ko‘ngil uyim noma’mur,
So‘zga yaqin bandaman, xayrim kamu sharrim zo‘r,
O’zim xalqqa noqobil, iqbolim kech, baxtim sho‘r,
Noshoyista a’molim, go‘yo qadam urar ko‘r,
Magar Egam istasa, bo‘lgay nuru ‘alan-nur,
Tir turfatul-aynda tushgandir, bo‘lib mahjur,
Bad qiliq bilan bo‘ldim jahon ichinda mashhur,
Tegirmonday bonggirman, samandarday otashxo‘r,
Yondim-kuydim, yor-do‘stlar, o‘rtandim, ado bo‘ldim.


KARAM AYLA, YO RAB, QUDRATLI SUBHON

Karam ayla, yo Rab, qudratli Subhon,
G’arib, g‘amgin kechgan holimga mening.
Aqlim hayrondadir, etibman pushmon,
Bilmaslikda kechgan solimga mening.

Mahshar kun bo‘lmasang Sen menga dalda,
Yo Rab, qanday bo‘lar ishim u holda!
Iymonim matohin eltuvchi yo‘lda,
Rahzanlar qo‘ymagil yo‘limga mening.

Din qilichin ursam, tanda zo‘rim yo‘q,
Muhtojga non bersam, qo‘lda zarim yo‘q,
Faqirdirman, Sendan o‘zga yorim yo‘q,
Bir tasalli bergil ko‘nglimga mening.

Istasa teng-to‘shlar boshga oltin toj,
Faqirlik mulkindan ber menga iloj,
Ey Yaratgan, etma nomardga muhtoj,
Tilagim duch etma zolimga mening.

Ojizdirman, Sendin o‘zga kimim bor,
O’zing bergan jonga jabr etma, Jabbor,
Maxtumquli aytar: karamli o‘affor,
Boqma qilmishimga, fe’limga mening!


IYMONIM YO’LDOSH BO’LSA

Dehistonning bayirinda
Bodi saboni ko‘rsam.
Bahouddin, Mir Kulol,
Zangi Boboni ko‘rsam.

Na’layni Arshga tojdir,
Nomi olamga foshdir,
Ikki jahon muhtojdir,
Arab zabonni ko‘rsam.

Kelgan ketar shasht etib,
Sayr etmas guzasht etib,
Ko‘ngil aytar: gasht etib,
Olam-jahonni ko‘rsam.

Xizir kabi cho‘llarda,
Ilyos kabi ko‘llarda,
Kovus kabi tog‘larda
Yaxshi-yomonni ko‘rsam.

Oldinda Hindistonni,
Orqada Turkistonni,
Avliyolar ummoni –
Ul Rumistonni ko‘rsam.

Jon foniy, jahon shaydo,
Mundan hech yo‘qdir foyda,
Yetti tog‘, yetti daryo –
Dali dunyoni ko‘rsam.

Maxtumquli xush bo‘lsa,
Oqsa, diydam yosh bo‘lsa,
Iymonim yo‘ldosh bo‘lsa,
Borsam, Ka’bani ko‘rsam!..


BIR JUM’A KECHASI

Bir jum’a kechasi ko‘rdim tushimda:
Bol urib, ko‘klarga uchdim, yoronlar.
Parvoz aylab, sayron etdim dunyoni,
Bir obodon joyga tushdim, yoronlar.

Kahkashonga chiqdim: turli samarlar,
Ming turli mevalar, xurram shajarlar,
Norinji, turinji, limu, olmalar,
Bir obodon bog‘ga tushdim, yoronlar.

Ochilmishdir unda rang-barang gullar,
Sho‘rishu afg‘onda shaydo bulbullar,
Marmardan hovuzli kavsardek suvlar,
Tahayyur aylabon shoshdim, yoronlar.

Ul qaro bog‘ ichra ko‘rdim bir chaman,
Ajoyib majliski, ko‘rdim – anjuman.
Davra kirib ko‘rdim: o‘ltirmish chiltan,
Salom berib, qo‘lin quchdim, yoronlar.

Hamma ovoz aylab, "Alayk!" dedilar,
Ishorat aylabon, "O’tgil!" dedilar,
Davra qurib, jomga sharob quydilar,
Menga yetgach, qo‘lim ochdim, yoronlar.

Bilmadim, ko‘pmi yo menga oz berdi,
O’zga olam boshqa bir ovoz berdi,
Ishq oldi ko‘nglimni, dilga so‘z berdi,
Oyoqdan-oyoqqa tushdim, yoronlar.

Maxtumquli, hushyor bo‘ldim, uyg‘ondim,
Uyg‘ondim, o‘rtandim, tutashdim, yondim,
Ma’no bozorinda hayotga do‘ndim,
Shirin g‘azal to‘nin bichdim, yoronlar.

Gul Farxordek qizil rangim so‘ldirsam,
Qo‘biz olib, ulug‘ na’ra choldirsam,
Yo Rab, xabar bilarmanmi, Yor, Sandan.

Iyso kabi xilvat tutsam samoda,
Idris kabi qulluq etsam ziyoda,
Xizr, Ilyos kabi kirsam zulmota,
Yo Rab, xabar bilarmanmi, Yor, Sandan.

Maxtumquli, oshiqlaring mastinda,
Xira ko‘zi hayron bo‘lar do‘stinda,
Yetti yerda, to‘qqiz falak ustinda,
Yo Rab, xabar bilarmanmi, Yor, Sandan.


HAQQA AYON ERDI HOLIM

Tengu to‘shim – bo‘z yigitlar,
Har kim bir ishga ulashdi.
Haq har kimga bir yo‘l berdi,
Har kim bir burchga talashdi.

Kimlar kirdi Haq yo‘liga,
Yaxshilik tushdi fe’liga,
Kim qilich oldi qo‘liga,
Choldi, Islom dinin ochdi.

Nor-bedovli beklar, xonlar,
Otlansa, to‘lar maydonlar,
Urdi eshik, to‘kdi qonlar,
Qochoqlar boshindan kechdi.

Biz istadik ulug‘ yoron,
Nasib bizni etdi hayron,
Kim ketdi Eron, Turon,
Kim Isfahon, Tabriz oshdi.

Haqqa ayon erdi holim,
Xalqda bilgan – bo‘lmas ma’lum,
Maxtumquli, mening yo‘lim
Ul do‘stlardan ayro tushdi.



BILGAN BORMI, YORONLAR

Ishq yo‘lin havas aylab,
Kelgan bormi, yoronlar?
Dardimni bayon etsam,
Bilgan bormi, yoronlar?

Bo‘lmisham mastu shaydo,
Hazor pesha, sad-savdo,
Olamda menday rasvo
Bo‘lgan bormi, yoronlar?

Tashim dard, ichim biryon,
Etarman nola, giryon,
Mendayin mastu hayron
Qolgan bormi, yoronlar?

Yolg‘on dunyoda yayrab,
Kezarmen kulib, o‘ynab,
Ishq matbaxinda qaynab,
O’lgan bormi, yoronlar?

Ishq duch kelsa bir mardga,
Xok bo‘lar, do‘nar gardga,
Mendayin o‘zin dardga
Solgan bormi, yoronlar?

Tob etmayin zulmga,
Bordi holim o‘limga,
Yig‘lamayin holimga,
Kulgan bormi, yoronlar?

Maxtumquli jon cheksa,
Rahm etmaslar, yosh to‘ksa,
Ishqing yo‘linda, yo‘qsa,
Tolon bormi, yoronlar?


DASTI OTAMNING
(Marsiya)

Oltmish yoshda, navro‘z kuni, luv yili,
Turdi ajal, yo‘lin to‘sdi otamning.
Bu dunyoning ishi shundaymish, balli,
Umrining tanobin kesdi otamning.

Molu davlatlarga ko‘ngil qo‘ymadi,
Bu jahonning ishratini suymadi,
Eski sholdan ortiq po‘shish kiymadi,
Oxirat uyi bo‘ldi qasdi otamning.

Derdi: dunyo turmas, umri boqiy yo‘q,
Kunduz ro‘za, kecha bo‘lsa, uyqu yo‘q,
Munkir bilmas, muxlislarning shakki yo‘q,
Payg‘ambar dastidir dasti otamning.

Ko‘rmasam, so‘zlamam xayolan chandon,
Maqsudiga yetar, yukingan chindan,
Yarmisi malakdan, yarmisi jindan, -
Mujovirsiz bo‘lmas usti otamning.

Nuqabo der: uch yuz eran uchrashdi,
Chiltanda otamga nazarim tushdi,
Nujabo borsam, hafttanlarga qorishdi,
Abdollardir chin payvasti otamning.

Olam ichra odam qolmas, ot kezar,
Bu sirlardan jahon xalqi yot, kezar,
Joni jannat ichra, ko‘kda shod kezar,
Yerda xushvaqt yotar po‘sti otamning!

Maxtumquli, pinhon siring bor ichda,
Komil topsang, qil qullug‘in sarishta,
Mahshar kuni g‘amsiz kirar behishta -
Har kim chindan bo‘lsa do‘sti otamning!..


OTA MARSIYASI

Falak, izlar edim, sen duchor bo‘lding,
Ko‘zimning nuroni – Ozodim qani!
Yuragim sug‘urib, saklarga berding,
Shahrimning sultoni – Ozodim qani!

Imomsiz qolgandir masjid-mehrobim,
Chiqmadi nur sochib ul mohitobim,
Yolg‘iz qoldim, sel olibdir atrofim,
Ko‘nglimning ummoni - Ozodim qani!

Shakar edi, zahar bo‘ldi so‘zlarim,
Za’farondek sarg‘ayibdir yuzlarim,
Quvvat ketdi, g‘uborlandi ko‘zlarim,
Minbarim azoni – Ozodim qani!

To‘rt faslim o‘t bo‘ldi, tog‘lar eridi,
Tiriklar uchdiyu o‘lik yuridi,
Ketgan borib, Haq rahmatin ko‘radi,
Elimning zaboni – Ozodim qani!

Tuproqlar sel bo‘ldi, sellar gum bo‘ldi,
Xumlar jom bo‘ldiyu jomlar xum bo‘ldi,
Havaslar ya’s bo‘ldi, pesham g‘am bo‘ldi,
Yuragim oromi – Ozodim qani!

O’liklar tirilib, arzga bordilar,
Haqdan bir kalomni chandon so‘rdilar,
Ko‘p yolborib, "Qo‘ybor!" deya turdilar,
O’lik-tirik davroni – Ozodim qani!

Kofirlar bo‘libdir yig‘lab musulmon,
Haqqa yolboribdir Xizr, Sulaymon,
Bug‘ bo‘lib o‘rlagan ko‘kka, boq, ummon,
Go‘klan pahlavoni – Ozodim qani!

Armonim yo‘q, falak, bir savash qilsam,
Yo yiqsang, bosilsam, yo boshing olsam,
Saklarga osh aylab, bozorga solsam,
Bog‘imning rayhoni – Ozodim qani!

Quloqlar eshitgach, bari kar bo‘ldi,
Tog‘lar erib oqdi, toshlar yer bo‘ldi,
Mullolar Qur’onsiz, pirlar ko‘r bo‘ldi,
Sohiblar Qur’oni – Ozodim qani!

Zamin yuzin siyoh tumon aylading,
Aytgil, falak, kimni omon aylading,
Firog‘iyni, boq, beamon aylading,
Nomusim, iymonim – Ozodim qani!..


YO RAB, QULAMASMI BUYUK TOG’LAR, HEY!..

Qismat bo‘lmas, ketsam uzoq yo‘llarga,
Nasib qo‘ymas, ketar yo‘lim bog‘lar, hey!
Hayron Majnun bo‘lib chiqay cho‘llarga,
Borib maskan tutay sizni, tog‘lar, hey!
 
O’yin bilan o‘g‘lonlikning damindan,
Yetib keldim komillikning jamindan,
Ko‘nglim larzon bo‘ldi dunyo g‘amindan,
Tutdi siynam parcha-parcha dog‘lar, hey.

Qayta-qayta o‘g‘lonlikning royindan,
Yetib keldim komillikning poyindan,
Botdi boshim, chiqa bilmam loyindan,
Yodga tushar burun kezgan chog‘lar, hey!

Johillikda chor tarafga otishgan,
Bilmaslikda hamma ishga qotishgan,
Ojiz qolib, qarilikka yetishgan,
Dardlar chekib, o‘z-o‘zidan yig‘lar, hey!

Ma’no olgan Maxtumquli so‘zindan,
Fikra tushar, yoshlar oqar ko‘zindan,
Hamma narsa tag‘yir topar O’zingdan,
Yo Rab, yig‘ilmasmi buyuk tog‘lar, hey!


SENDAN SO’NGILARGA YODGOR BO’LAR!

Yaxshilikda o‘zin elga tanitgan,
Olqish olib, darajasi zo‘r bo‘lar.
Yomon bo‘lib, yaxshilikni unutgan,
Izzatin yo‘qotar, itdan xor bo‘lar.

Mungli bo‘lar murodiga yetmagan,
Zalil bo‘lar Haq amrini tutmagan,
O’z rizqiga hech qanoat etmagan,
Ko‘zin tikar kas oshiga, zor bo‘lar.

Har kim yomonlasa tengi-to‘shini,
O’zi mushkul etar oson ishini,
Kim tark etsa aql bilan hushini,
Qilar ishin bilmas, sharmsor bo‘lar.

Murodi kech bo‘lar yo‘li yang‘ilgan,
Beixtiyor bo‘lar qo‘li tang‘ilgan,
Kurashda yig‘ilgan, jangda yengilgan
Ichi to‘la nomus bilan or bo‘lar.

G’ayrati kam bo‘lar gavhari ozning,
Qiymati past bo‘lar motamda sozning,
Uyiga borsangiz bir beniyozning,
Ko‘kragi qisilar, ko‘ngli tor bo‘lar.

Kim baloni sotib olsa boshiga,
Rashk etib, raqiblar kechar tashiga,
Ruju’ qilsa kim bajarmas ishiga,
Savdosidan kela bilsa, er bo‘lar.

Keyin tavba etmas haq yo‘ldan ozg‘on,
O’t yoqsang, qaynamas bir quruq qozon,
Fahm eting, har yerda bir fe’li yomon,
Yovuz musallatga sazovor bo‘lar.

Xazonga aylandi umrimning guli,
Nazarin past tutar eldan, bergili,
Beiqbol, yoziqli, yomon ko‘rguli -
To‘qnash kelsa, bir yomonga yor bo‘lar.

Oldda-ortda ko‘rsang har kas g‘ulomin,
Undan ayamagin Tangri salomin,
Kim o‘qib, unutsa, Haqning kalomin,
Qiyomat kun ikki ko‘zi ko‘r bo‘lar.

Holi mushkul bo‘lar kuyib yonganning,
Iymoni shikast yer harom yeganning,
Qasddan ro‘za, namozini qo‘yganning
O’zi kofir bo‘lib, joyi nor bo‘lar.

Maxtumquli, so‘zla har ne bilganing,
O’zingga oid bil aytgan o‘laning,
Tarashlab, porlatgil dilga kelganing,
Sendan so‘nggilarga yodgor bo‘lar!


IYMON PAYDO

Kelsa navro‘z olamga, rang qilar jahon paydo,
Bulutlar ovoz urib, tog‘ qilar tuman paydo,
Bejonlarga jon kirib, etarlar dahon paydo,
Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo,
Etarlar hayvonotga ham sud, ham ziyon paydo.
Yer yuziga yoyilib, yurarlar nihon-paydo,
Vobasta dahon qushlar qilarlar zabon paydo.

Cho‘l tarafin berkitib, dar ochar suvga xarchang,
Zamin sabzazor bo‘lib, tanidan ayrilar zang,
Jonivorlar mast bo‘lib, go‘yo ichmish aroq, bang,
Har ashyoning o‘ziga o‘z ovozi bo‘lar gang,
Sabza ichra sanduvoch yuz tilda qilar ohang,
Zamin xizrpo‘sh bo‘lib, gul ochibdir rang-barang,
Xurujga kelib olam, qilarlar fig‘on paydo.

Surudu sado birla jahon yuzi oboddir,
Bo‘lma surudga mag‘rur, oqibati barboddir,
Haq ishqinda zinda jon, biling, boqiy hayotdir,
Har tandaki ishq yo‘qdir, ro‘zi azal mamotdir,
Yoz o‘tguncha Yeru Ko‘k kundan-kunga ziyoddir,
Bir hashri qiyomatdir, bir yavmi arosatdir,
Dahr ichra bo‘lar har dam, jahon ichra jon paydo.

Zarbofga zavqing qo‘yma, baqo yo‘qdir davlatda,
Umringni yelga berma, sen bu dorul-mehnatda,
Yetar senga erta-kech, ne yozilsa qismatda,
Joningga jafo aylab, buncha kezma hasratda,
Savob yaxshi amalda, yoxud yaxshi niyatda,
Olam barcha xizmatda, odam yotar g‘aflatda,
Hosiling otash bo‘lgay, aylasang yomon paydo.

Maxtumquli, yig‘larman bu baxti siyohimdan,
Qo‘rqarman jon ofati – qo‘l-oyoq guvohimdan,
Umidim hosil bo‘lmas, bu umri tabohimdan,
Jon kuydi jasad ichra, bu otashi ohimdan,
Qo‘lim cho‘zib, tilarman hojatim Allohimdan,
Bandaman, umid shulki Ul karamli Shohimdan,
Aylagay arosatda gul kabi iymon paydo.


BARCHA ISH HAQNING KORIDIR

Yigit ko‘ngliga xush yoqqan
Otning ko‘rki - raftoridir.
Elga, ulusga xush kelgan
Osh, qilich – er guftoridir.

Ortingga boq, olding ko‘zla,
Xush so‘zing ayt, qahring gizla,
So‘zlay bilsang, yaxshi so‘zla,
Xalq yomonning bezoridir.

Dunyo daroz, umr qolmas,
Ajal kelsa, chora bo‘lmas,
Ne ish bo‘lar – odam bilmas,
Barcha ish Haqning koridir.

O’tar davron, bermas solim,
Bu kun yomon, dema, holim,
Munda navbat sursa zolim,
Erta Haq g‘arib yoridir.

O’z erkim bilan so‘z demam,
Kelajak rizqqa g‘am yemam,
Jahonda bor ishdan yomon -
Bir mo‘‘minning ozoridir.

Anglar kishi duch kelmasa,
Sirlasharga yor bo‘lmasa,
Yil-kunda qadr qolmasa,
So‘z ham ne dardga doridir!

Maxtumquli, sen dam-badam
Oxirat sari ur qadam,
Yaxshi-yomon – barcha odam
Ajalning giriftoridir.


YOMG’IR YOG’DIR, SULTONIM!..

Seningdek Qodirdan tilak tilarman,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
G’aribman, g‘amginman, nolish aylarman,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!

Qodir Alloh, to‘kkil nusrat boroni,
Ekinning hamdasti, yerning yoroni,
Yeru ko‘kning, Arshu Kursning Subhoni,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!

Bulbullar mast bo‘lsin, olam evrilsin,
Qayg‘ular daf’ bo‘lsin, g‘amlar sovrilsin,
No‘shirvon davridek jahon yayrasin,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!

Rahmating eshigi Arshdan ochilsin,
Nuring inib, yer yuziga sochilsin,
o‘ubor ko‘chsin, olam gardi yuvilsin,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!

Olam taqdir ko‘zlar – Haqning farmoni,
Jahonni serob et, ketsin armoni,
Sendan bitar dardlilarning darmoni,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!

Bechora bandaman, ne bordir menda,
Rahiym – Sen, Rahmon – Sen, karam-kon Senda,
Karaming bo‘lmasa, qoldik armonda,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!

Dargohdan tilanar nolishli qullar,
Munojot aylabon ochilar tillar,
Yomonlik daf’ bo‘lib, yayrasin ellar,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!

Maxtumquli, ishqing aylar iroda,
Ishqingni komil et, qo‘yma aroda,
Yetkazgil maqsada, ma’shar muroda,
Rahm aylabon, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!





RO’ZU SHAB NOLISHIM SHULDIR XUDOGA

Yo Ahmadshoh, yerda tarqalib choving,
Oting osmon ketar – Arshi a’loga.
Kelgan navkaringdir, kelmagan oving,
Buyuklik zinasin top poya-poya.

Eronga qilich ur, yurut sipohi,
Boshingda bo‘rk bo‘lsin – davlat kulohi,
Humoyun tog‘inda sherlarning shohi,
Go‘yo bir nahangsen mavji daryoga.

Beshalarning ov izlagan sherisan,
Rumiston baynisan, devning birisan,
Zol o‘g‘lining olmos paykon-tirisan,
Gushtasp o‘g‘li kabi zidsan baloga.

Olding Eron bo‘lsa, orting Turondir,
Ishingga do‘st xushvaqt, dushman hayrondir,
Iqboling ochilar, ishing davrondir,
Marhamat nazaring solsang bir joga.

Firog‘iy der: rivojlantir, dinni sen,
Shohlarning shohisan, islomning zayni,
Amringga mute’ et Eron zaminni,
Ro‘zu shab nolishim shuldir Xudoga.


BILDINGIMI?..

Qalam olib, nomani go‘ndarganim bildingmi?
Afsun urib, Hudhudni indirganim bildingmi?
Arsh ustiga ko‘tarib, mindirganim bildingmi?
To‘rt kecha, uch kun yig‘lab, tindirganim bildingmi?
Markab mingan Iysodek yeldirganim bildingmi?

Majnun kabi sahroda yig‘lay-yig‘lay kezganim,
Ko‘z yoshimni marjonday tizim-tizim tizganim,
Varqo kabi Gulshodam o‘lib, umid uzganim,
Jo‘shqin bo‘lib ishq o‘ti, qaynab-qaynab qizganim,
Shibliy kabi bir tog‘ni yondirganim bildingmi?

Hudhud kabi Farangdan Chin-Mochinga borganim,
Bog‘ ichinda Bilqisning sochin ochib ko‘rganim,
Sulaymonning taxtindan so‘zlab, xabar berganim,
Qush qo‘nsin deb boshimga, bulbul kuyin qurganim,
Chorshanba kun chosht vaqti ko‘ndirganim bildingmi?

Surohning orqasinda Majnun qurdi jodani,
Bismilloh deb boshladi, chaqirdi ustodini,
Haqdan g‘ayri bir kimsa eshitmadi dodini,
Qirq oshiq na’ra tortib, shu’lalatdi o‘tini,
Ko‘z yoshimdan suv olib, so‘ndirganim bildingmi?

Shirvonxonning savdosi, ne ajoyib savdodir,
Qil ko‘prikdan toydirsa, qiyomat kun rasvodir,
Yuz yigirma saf qurib, har safda bir g‘avg‘odir,
Oshiqlik bir – jo‘shqinlik, oqmas toshqin daryodir,
Bir jur’adan qirq oshiq qondirganim bildingmi?

Yetilmamish shunqorim, qamish qanot, oq turpoq,
Dunyo meni toydirdi, bir yonim qildi urpoq,
Jonon jigarim tilib, tortar qon, qo‘ymas tuproq,
Har tikandan yuz shona, har qirq guldan bir yaproq,
Tog‘u toshni aylanib, undirganim bildingmi?

Maxtumquli so‘zlagay: to‘qqiz falak Zuhrosi,
Yetti yulduz qardoshi, Oyning, Kunning porasi,
Nuri diydam yaktosi, ko‘zim oqu qarosi,
Obi Zamzam chashmasi, Safo-Marva arosi,
Sulaymondek ahdimni do‘ndirganim bildingmi?


CHIN BEDOVLAR MAYDONINDA BILINAR

Eshak o‘zin kam deb bilmas bedovdan,
Qiymat bersang, ot yoninda bilinar.
Bedov degach, bo‘lmas hamma bedov teng,
Chin bedovlar maydoninda bilinar.

O’g‘lonlikda bilmas eding, bek eding,
Yomonga hech yoqmas so‘zing, o‘guting,
Orif bo‘lsang, aslin so‘rma yigitning,
Adabinda, ikrominda bilinar.

Bu jahondan to‘ymas ko‘zing, ser bo‘lmas,
Har tulkidan yo‘lbars bo‘lmas, sher bo‘lmas,
Yigit degach, hamma yigit bir bo‘lmas,
Bo‘z yigitlar mehmoninda bilinar.

Davlat qo‘nsa bo‘z yigitning boshinda,
Himoyatli eli kerak qoshinda,
Yigit o‘zin ma’lum etar ishinda,
Qilichinda, zaboninda bilinar.

Maxtumquli, g‘ariblarning ko‘z yoshi
Tog‘larni yondirib, eritar toshi,
Faqirga jabr etgan zolimning ishi
Ro‘zi mahshar devoninda bilinar.


BILMADIM, YAQINMI OXIRZAMONA

Ko‘nglim aytar, do‘stlar, aylayin bayon,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.
Dunyo uchun shariatni tashlabon,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Mullalar ilmiga etmadi amal,
Shariat ishiga aylamay jadal,
Fe’limiz buzilib, ko‘paydi kasal,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Muftilar mol olib, rivoyat berar,
Nohaq pulni olar, haqni kuydirar,
Fe’llari buzilib, fasod ko‘payar,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Rais bo‘lsa, bechoradan pul olar,
Bermasa, bo‘yniga qil arqon solar,
Gunohlar ko‘payar, shariat qolar,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Eshonlari riyo aylar namozin,
G’aflatda o‘tkazar qish bilan yozin,
Yolg‘on so‘zlab, eldan olar niyozin,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

So‘filar nafs uchun malla to‘n kiyar,
Shubhali taomni halol deb, yeyar,
Shayton fe’li bilan karomat deyar,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Shayx deganlar nazr ustinda urishib,
Bir pul uchun, zan, farzandga so‘kishib,
Avliyo qoshida mundoq bo‘lishib,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Xo‘jalar faxr etar asli zotini,
Qiyom Isomiddin qo‘yib otini,
Falon kas xo‘ja deb xom avlodini,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Kadxudo bo‘lganlar to‘g‘ri so‘zlamas,
Pora olar, lekin Haqni ko‘zlamas,
Nohaq guvoh bo‘lar, da’vo tinglamas,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Boylarda qolmadi xayru saxovat,
Dunyo deb kezarlar, bo‘lmas farog‘at,
Hariblar boylardan ko‘rmas kifoyat,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

O’g‘li xushro‘y bo‘lsa, etarmishlar shod,
Go‘yoki davlati bo‘lgandir ziyod,
Kun-kundan jahonda ko‘paydi fasod,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Qiz-juvonda yo‘qdir hayodan asar,
Yigitlar qiz bilan o‘ynashib kezar,
Yomon ish ko‘paydi kun kundan badtar,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Zamona ishlari yomon bo‘libdir,
Jahon ichra fasod ishlar to‘libdir,
Fe’limiz aynibon, ranglar so‘libdir,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Boylar zakot bermay, bo‘libdir sudxo‘r,
El ichinda ko‘payibdir hasadkor,
Umr o‘tib, g‘aflatda bo‘libmiz mag‘rur,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.

Gunohlar ko‘p bo‘lib, ozaydi savob,
Qo‘rqaman, bu jahon bo‘lgay deb xarob,
Kasb etib sotarlar arog‘u sharob,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona

Maxtumquli, muncha qilmoq hikoyat,
Oqillarga, shoyad, bo‘lgay kifoyat,
Dunyoning ishiga yo‘qdir nihoyat,
Bilmadim, yaqinmi oxirzamona.


KEL, KO’NGLIM, SIDQ ILA YOLBOR ALLOHGA

Kel, ko‘nglim, sidq ila yolbor Allohga,
Yaratgandan hech yashirin ish bo‘lmas.
Rizq bir muqaddardir shohu gadoga,
Qalam birdir, bunda yozgan besh bo‘lmas.

Bir nechalar yo‘rtar kecha yotmayin,
Birov yotar o‘ydan jafo tortmayin,
Taqdiri azaldan hargiz ortmayin,
Kezgan ortiq bo‘lib, yotgan bo‘sh bo‘lmas.

Bir bo‘z yigit yolg‘on dunyoga kelsa,
Qiliq, qilich, nonu dasturxon bo‘lsa,
Foniy yurtda obro‘y ham iymon bo‘lsa,
Yetmish, sakson, yuzdan ortiq yosh bo‘lmas.

Kimlardir davlatmand, kimlardir g‘arib,
Kimlar-chi, xayr etib, zakotin berib,
Kimlari umrinda non deya horib,
Kimlardadir yostiq, to‘shak, osh bo‘lmas.

Maxtumquli, bu kuningga shukr ayla,
Allohning qudratin ko‘rib, fikr ayla,
Rizq uchun g‘am yema, Haqni zikr ayla,
Azalda yozilgan sendan tash bo‘lmas.


ADOLAT YAXSHI

Aslo odamzodga achchiq so‘z qilmang,
Faqiru miskinga dalolat yaxshi.
Baxilga uchramang – kular yuz bo‘lmang,
Ishni bitirmoqqa kifoyat yaxshi.

Yetimni ko‘rganda kular yuz bo‘lgil,
Qo‘ldan kelsa, unga taom-tuz bergil,
G’amginni ko‘rganda shirin so‘z bergil,
Chorasiz qullarga himoyat yaxshi.

Yigit uldir, so‘zga aylasa amal,
Qo‘ldan kelmas ishga etmasa jadal,
Allohning amriga qilmagil badal,
Bekka – saxo, shohga adolat yaxshi.

Hariblik bir darddir – odam o‘ldirmas,
O’ldirmas, hayotda lekin kuldirmas,
Bo‘riga ajzini it ham bildirmas,
Albatta, dushmanga siyosat yaxshi.

Maxtumquli, shukr, shirin til berdi,
Daraxtlar ko‘karib, samar, gul berdi,
Go‘ro‘g‘li Rayhonga qanday yolbordi? -
"Omonliq" deganga diyonat yaxshi.


YIG’LARMAN

Ey yoronlar, umrimdan
Kechdi deya yig‘larman.
Ketdi aqlim o‘rnindan,
Shoshdi deya yig‘larman.

Ketgan kelmas yo‘lindan,
Qaytmas yomon fe’lindan,
Diyonat xalq qo‘lindan
Uchdi deya yig‘larman.

Hozir bizning zamonda
Yomon so‘zlar zabonda,
Zulm ishlari jahonda
Jo‘shdi deya yig‘larman.

Bu ayyomda badkorlar
Yuz til bilan aldarlar,
Qani, ne-ne dildorlar,
Kechdi deya yig‘larman.

Necha sodda teng-to‘shlar
Shayton qilig‘in boshlar,
Yuz o‘girib qardoshlar,
Qochdi deya yig‘larman.

Ko‘ring falak o‘yinin,
Uzar olamning bo‘ynin,
Ne-ne jonlar yer qo‘ynin
Quchdi deya yig‘larman.

Maxtumquli der marda:
Dunyo – kishan, tan – parda,
Bir boshim sonsiz darda
Tushdi deya yig‘larman.


NIYATIM KA’BADIR, XAYOLIM HAJDIR

Oltmish yashar, yetmish yashar so‘filar,
Oz qolibdir oy-kuningiz botmoqqa.
Cho‘l yerlarda tozi ko‘rmas tulkilar,
Xayol etar yotgan sherni otmoqqa.

Qarg‘a aytar: "Yo‘qdir mendayin shahboz",
Ming qarg‘a yig‘ilsa, lochin bo‘lmas, rost,
Mitti kaltakesak kun qarg‘ab nosoz,
Dam chekadir ajdarhoni yutmoqqa.

Oqsoq kiyik yuz bo‘rsiqqa yettirmas,
Sher bolasi yuz tulkiga tuttirmas,
 O’lik ilon yuz kalxatga yuttirmas,
Aql kerak bu ishlarga yetmoqqa.

Yetmish yashab, yod etmaslar tavbani,
Xurram bo‘lib o‘ynatarlar gahbani,
Munkirlar jam bo‘lib, yiqdi Ka’bani,
Yazid ketdi og‘ochlarin sotmoqqa.

Boqing bu ayyomni, ko‘ring gardishni,
Faqirga zulm etmoq bo‘ldi varzishi,
Haq yo‘linda to‘g‘ri kezgan darvishni,
Qo‘ymaydilar o‘z holiga yotmoqqa.

Yuragim sabrdan ketdi, qarordan,
Yomon ishdir bug‘z aylamoq er, yordan,
Ko‘p bezor bo‘libman bunday diyordan,
Majbur qoldim boshim olib ketmoqqa.

Maxtumquli aytar: baxtim bevajdir,
Nasibim, taqdirim, iqbolim kajdir,
Niyatim Ka’badir, xayolim Hajdir,
Ixlosim bor haj tavofin etmoqqa.


YAXSHI QAYSI, YOMON QAYSI, BILINMAS

Dardim ko‘pdir diyorimdan, davrimdan,
Xayr qaysi, ehson qaysi – bilinmas.
Zolimlarning jafosindan, jabrindan
Islom qaysi, iymon qaysi – bilinmas.
 
Suhbatinda Haq kalomin so‘ylash yo‘q,
Majlisinda bir nasihat aylash yo‘q,
Halol qaysi, harom qaysi – saylash yo‘q,
Sud qaysidir, ziyon qaysi – bilinmas.

Xaloyiqda qiyofa yo‘q, ko‘rim yo‘q,
Boylarinda saxovat yo‘q, berim yo‘q,
Xotinlarda hayo, qizda sharm yo‘q,
Adab qaysi, arkon qaysi – bilinmas.

Kishining moliga ko‘zni soldilar,
Taassub-la dilga kiyna to‘ldirar,
Bir-birini nohaq holda o‘ldirar,
Najot qaysi, omon qaysi – bilinmas.

Maxtumquli, jon mehmondir, gavda – losh,
Yaxshiga do‘st ko‘p, yomonga yo‘q qardosh,
Bu ayyomda bosh oyog‘dir, oyoq – bosh,
Yaxshi qaysi, yomon qaysi – bilinmas.

YOMONLAR YAXSHIDAN QOCHA BOSHLADI

Endi bildim zamonaning ozganin,
Yomonlar yaxshidan qocha boshladi.
Qaytib badnasllar aslzodadan,
Pisand etmay, to‘rga kecha boshladi.

Riyo bo‘ldi ko‘pning qilgan namozi,
Tangri hech biridan bo‘lmadi rozi,
Payg‘ambar o‘rnida o‘tirgan qozi,
Pora uchun qo‘lin ocha boshladi.

Shohlarda qolmadi hukmi adolat,
Bir pul uchun muftiy berar rivoyat,
Bil, bu ishlar – nishonai qiyomat,
Zolimlar tavbasiz o‘ta boshladi.

Dodxohlar turubon, yuzin sarg‘aytib,
Kim to‘rasin topib, rangin qizartib,
Zolimlar mazlumga, sirtin qabartib,
Qamchisindan qonlar socha boshladi.

Mujtahid so‘ziga amal bo‘lmadi,
Munofiqlar Yaratganni bilmadi,
So‘filar piridan ta’lim olmadi,
Dunyo uchun dindan kecha boshladi.

Bir guruh so‘filar "so‘fiman" deydi,
So‘ramay, zolimlar taomin yeydi,
"Bizni yaxshi kishi desinlar" deydi,
Har eshikda xalqa qura boshladi.

Qariga aylandi biz ko‘rgan yoshlar,
Oyoqqa aylandi biz ko‘rgan boshlar,
Bemahal yuk bog‘lab endi qardoshlar,
Oxirat azmiga ko‘cha boshladi.

Oqil kishi g‘amda yuragin ezib,
Dardining darmonin so‘roqlab kezib,
Zamonaning fasod bo‘lganin sezib,
Foniydan boqiyga ko‘cha boshladi.

Ne asl beklarning navbati o‘tdi,
Soxtakorga, qaroqchiga so‘z yetdi,
Dunyoda kim qolib, murodga yetdi? –
Muhabbat chirog‘i o‘cha boshladi.

Qozi bo‘lgan bir javobda turmadi,
Tunlar mehnat tortib, kitob ko‘rmadi,
Shariat yo‘linda to‘g‘ri yurmadi,
Nafs uchun iymonsiz o‘ta boshladi.

Maxtumquli aytar: borho yo‘l tani,
Besh kun sinamoqqa yubordi sani,
Sendan burun o‘tgan insonlar qani? -
Har kim navbatinda o‘ta boshladi.


KELDI QIYOMATDAN NISHON

Topdi shuhrat xalq ichinda bu jaholatdan nishon,
Qoldi darvishlar dilinda dog‘u hasratdan nishon,
Qolmadi mazlumlara hech rastu nusratdan nishon,
Sarbasar to‘ldi jahona bu bad ofatdan nishon,
Tegdi olam ahliga yuz ming xijolatdan nishon,
Er bilarlar, kimda bo‘lsa ul sharoratdan nishon,
Yodga solmas xayr ishin, topgan zalolatdan nishon.
Ne muruvvatdan asar bor, ne adolatdan nishon,
Shak emasdir, do‘stlarim, keldi qiyomatdan nishon.

Qay kishi bid’atga botsa, oni, bas, er bildilar,
Mahshara munkir bo‘lib, yo‘q dunyoni bor bildilar,
Shar’ ishin bad anglayib, xo‘b ishni bad kor bildilar,
Sodiqlari xoin bilib, xoinlari yor bildilar,
Tome’lari qoni’ deya, qoni’lari zor bildilar,
Kim shariat ahli bo‘lsa, hajv etib, xor bildilar,
Munkiri murshid bilib, yolg‘onni iqror bildilar,
Gumrohni taqvo sanab, taqvoni inkor bildilar,
Shak emasdir, do‘stlarim, keldi qiyomatdan nishon.

Hurmat ahli bo‘ldi ul kimning qo‘linda sozidir,
Kim Kalom o‘qusa, xalq yonida xor ovozidir,
Virdlari darvishlaring xilvatda xalq anbozidir,
O’rtada qizu juvon, dersanki, to‘ydir, bozidir,
Sakrashar qizu kelin ustingga, go‘yo tozidir,
Haq ishindan bexabar xalq ichra ba’zi qozidir,
Tobi’i jindir aning, haqqoki, shayton o‘zidir,
Baski, do‘zax joyidur, har kim bu ishga rozidir,
Shak emasdir, do‘stlarim, keldi qiyomatdan nishon.
Tangri, Payg‘ambar so‘zindan bexabar bepirlar,

Fosiqin qozi bilib, noibni sulton derlar,
Har kishi, avval kelib ko‘rsangki, "rishvat ber"lar,
Bog‘labon bo‘hton ila faqr ahliga taqsirlar,
Salla bog‘lab boshiga, och bo‘ri – so‘fi, pirlar,
Aylabon xalq ustiga ko‘p hiylai tazvirlar,
Gar halolu gar harom topsa, tiqarlar, yerlar,
Ro‘zi mahshar Haq, Rasulga ne javobni derlar?! -
Shak emasdir, do‘stlarim, keldi qiyomatdan nishon.

Aytaver, Maxtumquli, so‘z birla darding har zamon,
Ne uchun zolimga navbat berdi bu davru zamon,
Ul sababdan ko‘z ko‘rib, eshitsa kim, kechdi gumon,
Aylabon bir-biriga da’voyi botilni hamon,
Arzimas bir mol uchun, shaksiz, berar qo‘ldan iymon,
O’zini er deb bilar, kim ortiq ish qilsa yomon,
Bu ko‘ngil yuz shavq etar, nohaq uchun to‘kmakka qon,
Gurbaning yetsa kuchi, qoplonga hech bermas omon,
Shak emasdir, do‘stlarim, keldi qiyomatdan nishon.


O’LIM BAROBARDIR SHOHU GADOGA

Muhammad ummati molsiz bo‘lmasin,
Molsiz bo‘lsa, tuqqan qardosh yot bo‘lar.
Qochar og‘ang, ining, bo‘lmas xotiring,
Quvonar dushmaning, do‘sting mot bo‘lar.

G’arib, oyoqyalang – xordir, xashakdir,
Bir ma’raka bo‘lsa, o‘rni poygakdir.
G’ariblar ot minsa, oti – eshakdir,
Davlatlilar eshak minsa, ot bo‘lar.

Bir tilak tilasang, hojating bitmas,
Do‘sting ixlos bilan marhamat etmas,
Ma’rakada aytgan so‘zing joy tutmas,
Tinglamaslar, quruq so‘zing bod bo‘lar.

Kurash bir obro‘ydir, urush bir dastdir,
Kishini kamsitgan – o‘zi nokasdir,
Bir mo‘minni g‘iybat etmoq abasdir,
G’iybatchining qozongani o‘t bo‘lar.

Maxtumquli, shukr aylagil Xudoga,
O’lim barobardir shohu gadoga.
Besabr qul tez yo‘liqar baloga,
Sabrli qul bora-bora shod bo‘lar.


KO’NGLIM

Uyg‘on xobi g‘aflatdan, ajalsiz o‘lan ko‘nglim,
Umid uzib olamdan, dargohdan tilan, ko‘nglim,
Mard kerakki, chiqarsin bu botib qolan ko‘nglim,
Tubsiz daryoga tushdi, ko‘rganga kulan ko‘nglim,
Jon foniy, jahon foniy, kafanga o‘ran, ko‘nglim,
So‘z bilan iching farqli, qabz o‘lib, do‘lan ko‘nglim.

Olimlar so‘zin tingla, nasihatin ol, ko‘tar,
Tur, Haqning dargohiga munojot qil, qo‘l ko‘tar,
Riyozatning yukini, uzun arqon sol, ko‘tar,
Bu ish mardning ishidir, mardona tur, kel, ko‘tar,
Komil poyiga bosh qo‘y, yolg‘onchidan el ko‘tar,
Tavba qilib, bir pirning xokiga bulan, ko‘nglim.
 
Ishqim bordir Majnundan oltmish hissa ziyoda,
Kuch-quvvatim bor, qirq yil dars aytarga Farhoda,
Yuragim yoqib o‘tda, Xojamga borsam doda,
Karam daryosi jo‘shib, yetkazarmi muroda? -
Qolsa, ko‘ngil topilmas, chiqsa bu jon dunyoda,
Mard kerakdir olmoqqa bu g‘arib qolan ko‘nglim.

Sahar turib, duo qil, "Omin!" desin farishta,
Ne bordir g‘ofil yotib, behuda o‘ltirishda,
Mulki jahon tutdirmas, aylasang ming sarishta,
Abdol jandasin kiyib, ket devona ko‘rishda,
Yo‘qsa, qolarsan tanho, g‘amgashtayu sargashta,
Aytgan so‘zingga fe’ling bo‘lmasin yolon, ko‘nglim.

Maxtumquli, no‘sh etdim, g‘am bodasin ikki tos,
Uch icharga rag‘bat yo‘q, chun jondan bo‘ldim xalos,
Boshimda sonsiz savdo, ichda "Vasvosil-xannos",
Keling, bir tadbir aylang, bu dardga, ayyuhannos,
Tiz cho‘kubon, dam ursa, Iyso, Xizr ham Ilyos,
Tirilmas, zinda bo‘lmas, xud murda bo‘lan ko‘nglim.


YAXSHIDIR

Odam o‘g‘li, bu olamdan o‘tguncha,
Ot chig‘arib, obro‘y olgan yaxshidur.
Quzg‘unlarning soyasida yotguncha,
Burgut panjasida qolgan yaxshidir.

Benamoz qo‘lindan taom ichmanglar,
Istanmagan yerda guftor ochmanglar,
Hargiz nomard ko‘prigidan kechmanglar,
G’arq bo‘lib, daryoda qolgan yaxshidir.

Xotiring ko‘rkidir moyalar, narlar,
Ilmning quvvati – mardona erlar,
Yolg‘onchi – Allohning dushmani, derlar,
Ammo o‘z o‘rnida yolg‘on yaxshidir.

Maxtumquli aytar: so‘zim tog‘ oshmas,
Nomard odam yo‘ldoshiga qarashmas,
Musibatxonada kulmoq yarashmas,
To‘ylar majlisinda kulgan yaxshidir.


OSHIQ AYTAR: "YO SUBHON!.."

Bani Odam surilar
Hazor ostona sari.
Falak baqqol o‘tirmish
Bozor ostona sari.

Qaro yer og‘zin ochar,
G’ofildir odam, kechar,
Bulbullar istar – ko‘char
Bog‘u bo‘stona sari.

Nur ato, Bobo Darxon,
Tegrasi daryo, qo‘rg‘on,
Bordi kori Bog‘irg‘on
Ul Turkistona sari.

Haqdan rahmat yog‘ilar,
Imoratlar yopilar,
Ketsang, Ka’ba topilar,
Ul Rumistona sari.

Kunchiqardan kunbotar -
Tarso, juhud ham totor,
Shaharlar qator-qator
Mag‘ribistona sari.

Oshiq aytar: "Yo Subhon,
Mushkulim ayla oson!"
Shafoat ayla, yoron,
Shul Dehistona sari!

Maxtumquli tillanar,
Ko‘zda yoshi sellanar,
Kunda ko‘char – yo‘llanar,
Mozoristona sari...


HOSILING NEDIR SENING?..

Bormi bormoqqa joying, boshqa – Xudodan g‘ayri?!
Bormaganing bormidir ro‘yi siyodan g‘ayri?!

Kezgancha charxning ostin jahonda jonlar chekib,
Ne talab bor senga bul jabru jafodan g‘ayri?!

Haq etib, nohaq etib, yursang ko‘zdan qon to‘kib,
O’osiling nedir sening jurmu gunohdan g‘ayri?!

Yeb-ichib, mahbub quchib, yotsang gar rohat ila,
Toating qani saning ro‘yi siyodan g‘ayri?!

Ko‘z – go‘zalda, nafs – yemak, til yana g‘iybat bilan,
Shavkating sharr, boshda yo‘q o‘ylov, havodan g‘ayri!

Avvali anglamadim, anglab so‘zga yurmadim,
Bu baloda kimsa yo‘q men benavodan g‘ayri!

Fikr, ayla Maxtumquli, foniyga boq, ne ko‘rding,
So‘ngi yo‘q, aldovi ko‘p favtu fanodan g‘ayri?!


XABAR BER!..
Turdi shoir bilan dardlashuv

Maxtumquli:
- Ul nimadir, yashil-qizil o‘sadir?
Ul nimadir, oyog‘i yo‘q kezadir?
Ul nimadir, yetti daryo suzadir?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!
 
Turdi shoir:
- Ul ekindir, qizil-yashil o‘sadir,
 Ul ilondir, oyog‘i yo‘q kezadir,
U baliqdir, yetti daryo suzadir,
Bizdan salom bo‘lsin, javob shundaydir!

- Ul nimadir, yoqasi bor, yoni yo‘q?
Ul nimadir, qanoti bor, qoni yo‘q?
Ul nimadir, odam yutar, joni yo‘q?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

- Ul kafandir, yoqasi bor, yoni yo‘q,
Kapalakdir, qanoti bor, qoni yo‘q,
Qaro yerdir, odam yutar, joni yo‘q,
Bizdan salom bo‘lsin, javob shundaydir!

- Ul nimadir, darvozasiz qal’adir?
Ul nimadir, derazasiz binodir?
Ul nimadir, bir-biridan a’lodir?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

- Ul ko‘nguldir, darvozasiz qal’adir,
Ul qabrdir, derazasiz binodir.
Ul oy-kundir, bir-biridan a’lodir.
Bizdan salom bo‘lsin, javob shundaydir!

- Ul nimadir, yemadilar, to‘ydilar?
Ul nimadir, qiyomatga qo‘ydilar?
Ul kim edi, tovonidan so‘ydilar?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

- Ul diydordir, yemadilar, to‘ydilar,
Ul namozdir qiyomatga qo‘ydilar.
Nasimiyning tovonidan so‘ydilar,
Bizdan salom bo‘lsin, javob shundaydir!

- Ul nimadir, yetti o‘lka kezadir?
Ul nimadir, belin bir zot ezadir?
Ul nimadir, odam kabi sezadir?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

- Ul cho‘pondir, yetti o‘lka kezadir,
Ul qo‘y erur, belin tayoq ezadir,
Bedov otlar odam kabi sezadir,
Bizdan salom bo‘lsin, javob shundaydir!

- Ul nimadir, tuproq uzra surinmas?
Ul nimadir, odamlarga ko‘rinmas?
Ul nimadir, hech bir to‘nga o‘ranmas?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

- Eranlardir, zalil bo‘lib surinmas,
Ul balodir, kelsa ko‘zga ko‘rinmas,
Yolg‘on gurung oshkor bo‘lar, o‘ranmas,
Bizdan salom bo‘lsin, javob shundaydir!


KIM BORDIRKI, FALAK BAG’RIN EZMAMISH!..

Sog‘-salomat, sarmast bo‘lib kezgan jon,
Dard-baloning birisindan ingrarlar.
Yo sovuqdan, yo issiqdan qurir qon,
Tan ustinda tabiblar bel bog‘larlar.

Rizq vakili kelar rizqing yo‘q etib,
Ko‘ksingni quritib, yo‘ling berk etib,
Nafas farishtasi daming tugatib,
Yiling, kuning o‘zga yurtga chog‘larlar.

O’ksiklaring soch yoyarlar, bosh to‘kib,
Yoru do‘sting yig‘lasharlar yosh to‘kib,
Qardosh-tuqqan qatnagaylar osh to‘kib,
Qo‘nsa, ko‘chmas yurtga qaror bog‘larlar.

Xabar tushar: "Falon kimsa o‘tdi" deb,
Chirog‘i o‘chdi, deb, kuni bitdi, deb,
Bu dunyodan u dunyoga ketdi deb,
"Alloh rahmat qilsin!" deya tarqarlar.

Kim bordirki, falak bag‘rin ezmamish,
Rizqini qiymamish, ko‘nglin buzmamish,
Maxtumquli, tog‘, daryolar to‘zmamish,
Bu dasturdir, ayriliqqa yig‘larlar.


OXIRZAMON ICHINDA!..

Ko‘ngil, ne ish bitirding, kelding jahon ichinda,
Qolding dunyo g‘aminda, yuraging qon ichinda,
Obod deya qo‘l cho‘zding, tagi vayron ichinda,
Tan tuproqdir, aylanmas javhari jon ichinda,
Rustam qumga qorilib, qoldi yakson ichinda,
Sen alarning yoninda qolmassan son ichinda.

Dunyolik deb choparsan, to ichingda dam bordir,
Dam ichingdan chiqqanda boshingda ming g‘am bordir,
G’am ostinda yotarsan, na anga malham bordir,
To‘ymas ko‘zing, to‘lmoqqa bir hovuch xok-qum bordir,
Bu jahonda, odamzod, sendan g‘ofil kim bordir?-
Qurtga, qushga nazar qil, kulli farmon ichinda.

Ey yoronlar, ul dunyo borgan bordir, kelgan yo‘q,
O’lik tirik holindan xabar, xotir bilgan yo‘q,
Charxi falak dastindan yig‘lagan bor, kulgan yo‘q,
Fikr qiling, qardoshlar, ko‘hnalardan qolgan yo‘q,
Yolg‘onchining vafosi yo‘qdir desam, yolg‘on yo‘q,
Dunyoga bel bog‘lagan qoldi ziyon ichinda.

Yo Iloho, Sen saqla qaroqchidan yo‘llarda,
Sog‘u so‘lda sarsonlar qoldirmagin cho‘llarda,
Ko‘ngil dunyo ishqinda, harom so‘zlar tillarda,
Men bir ojiz bandaman, kaminaman qullarda,
Ko‘p gunohlar topibman oz fursatli yillarda,
Xijolatda qo‘ymagil yaxshi-yomon ichinda!

Maxtumquli, aldaydi kelin dunyo bezanib,
Ko‘nglingni moyil qilma, unga qarshi tuzanib,
Ne farog‘at, yotarsan, qo‘l-oyog‘ing uzanib,
Ajal yotar oldingda, o‘qin, yoyin kezanib,
Mahshar kuni boraver iymoningni qozonib,
Quruq kelding, bo‘sh ketma oxirzamon ichinda!..

FONIYDIR BU YOLG’ON DUNYO

Kel, ko‘nglum, kengash qilaylik,
So‘zlamasang, fosh bo‘lmassan.
Foniydir bu yolg‘on dunyo,
Bir kun undan xush bo‘lmassan.

Bir guldirsan, ochilarsan,
Bir kun so‘lib, sochilarsan,
Ham tashlarsan, ham tishlarsan,
Yana bizdan tash bo‘lmassan.

Haqning amridir, netarsan,
Biz uchun bir yon ketarsan,
Kelganni qarshi yutarsan,
Bir dam bizdan bo‘sh bo‘lmassan.

Avval do‘stsan – kuldirarsan,
Bir oz o‘tgach, yeldirarsan,
Bir kun bosib o‘ldirarsan,
Boqiy qarindosh bo‘lmassan.

Maxtumquli bilmish holi:
Bir kun yog‘och ot minali,
Tavba deb, Haqqa do‘nali,
Bundan keyin yosh bo‘lmassan.


IYMONDAN O’ZGASI HECHDIR, YORONLAR!..

Namozxon darvishlar, davlatli boylar,
Falakning gardani kajdir, yoronlar!
Minnatli o‘g‘ilgan namoz qabulmas,
Davlatga tayanmang, puchdir, yoronlar!

Qisilsa nafaslar, sarg‘aysa yuzlar,
Qurisa dudoqlar, to‘xtasa so‘zlar,
Ko‘karsa tirnoqlar, oqarsa ko‘zlar,
Iymondan o‘zgasi hechdir, yoronlar!

Asling hovuch tuproq, dam bir nafasdir,
O’zingga bir qara, ishing xabasdir,
Jasad bir manzildir, tan bir qafasdir,
Jon bir – ko‘zi bog‘li qushdir, yoronlar!

G’ofil bo‘lmang, dunyo kelgan ketarlar,
Bunda xushvaqt bo‘lmang, bordir batarlar,
Chekilar karvonlar, yurur xatarlar,
Bir izi uzilmas ko‘chdir, yoronlar!

Ajal yoqang tutar, kuygan bag‘irdir,
Ketgan qaytib kelmas, bu bir taqdirdir,
Manzillar yiroqdir, yuklar og‘irdir,
Ertaroq qo‘zg‘oling, kechdir, yoronlar!

Qutularsan, Haq yo‘linda jon bersang,
Mulla bo‘lar, bir g‘aribga to‘n bersang,
Soya bo‘lar, bir muhtojga non bersang,
Bir ochni to‘ydirmoq – hajdir, yoronlar!

Bu dunyo deganing ikki varoqdir:
Yarmisi qarodir, yarmisi oqdir,
Bir kecha tush ko‘rding, davomi yo‘qdir,
Dunyoning timsoli tushdir, yoronlar!

Maxtumquli, bo‘yin bergil bu amra,
Molga mashg‘ul bo‘lib, qolmagil gumrah,
Yuz yillik tadorik – besh kunlik umra,
Fikr aylang, bu nechuk ishdir, yoronlar!


OQIL ULDIR, MAYL ETMASA DUNYOGA

Kech, ko‘ngil, dunyodan, aylama havas,
Foniydir, hech kimga poyoni bo‘lmas!
Jon qushi bulbuldir, taning – bir qafas,
Bir kun uchar, doim turgoni bo‘lmas.

Bir nechani shohlik bilan shod etib,
Shahriyor deb, alam ichra yod etib,
Ajalning dastidan bir kun dod etib,
Ketdilar barisi, yurgoni bo‘lmas.

Insu jinga shohlik etgan Sulaymon,
Jamshidu Iskandar, qani Nushirvon?
Qani Haq habibi – ul faxri jahon?
Ketdi bari, hargiz gumoni bo‘lmas.

Qolmadi Doroing, na Shahriyoring,
Qani ul Gulchehra, siymin uzoring?
Qani shohsuvoring, zarrin Hisoring,
Hech birining nomu nishoni bo‘lmas.

Necha mursal kechdi, necha ming nabiy,
Necha bolig‘ kechdi, necha ming sabiy,
Hosil bo‘lib har birining matlabi,
Foniy ichra boqiy qolgoni bo‘lmas.

Kimni g‘aniy qildi, kimlarni halloj,
Yo‘qsilni boylarga ayladi muhtoj,
Kelsa, ajal bodi, bo‘lar noiloj,
Ketgusidir, yaxshi-yomoni bo‘lmas.

Molu dunyo berib, necha ming g‘ani,
La’lu javohirdan bo‘lib maskani,
Ketdi, qo‘yib qasru ko‘shku ayvonni,
Borgandan so‘ng, qaytib kelgoni bo‘lmas.

Dunyoga kelganning bari yo‘q bo‘lar,
G’ofil odam bilmaslikdan aldanar,
Yiqqaning barisi dunyoda qolar,
Hech bir odam olib borgoni bo‘lmas.

Qomati sarvdek nozik badanlar,
Zebu zanaxdonli g‘uncha dahanlar,
Gul yuzli parilar, siymin zaqanlar,
Olamda shod bo‘lib kulgoni bo‘lmas.

Yo‘q vafosi, do‘stlar, foniy dunyoning,
O’lguncha tark etma xayru ehsoning,
Borgach, so‘ng kelmoqqa yo‘qdir imkoning,
Inon, bu so‘zlarning yolg‘oni bo‘lmas!

Oqil uldir, mayl etmasa dunyoga
Sidq ila sig‘insa qodir Allohga,
Maxtumquli, bir surati zeboga
Boqmagil, ularning poyoni bo‘lmas!..


AZIZ SUBHONA KELDING

Bu naqldir, odamzod, sen bu makona kelding,
Avval otang belindan sizib nihona kelding,
Otadan ena borib, bir qatra qona kelding,
Enada surat bo‘lib, bu shirin jona kelding,
To‘qqiz oyni o‘tkazib, enib jahona kelding,
Emib onang sutini, yo‘rgakli to‘na kelding.

Yaratgan qudratindan tish bilan dahon berdi,
So‘zlamoqqa so‘z bilan dahonda zabon berdi,
Ko‘ngling ketib har yona, turding, oyog‘ing yurdi,
Bilding yaqin-yodingni, ko‘zing dunyoni ko‘rdi,
Yetti-sakkiz yoshingda otang mulloga berdi,
O’qib Qur’on kitobin, ulg‘ayib o‘n-a kelding.

O’n besh yoshga borganda o‘g‘lonlikdan ajralding,
Qiz-kelinga mayl etib, ko‘ngil berib, kuylanding,
Go‘yo borib oq uyning to‘rt toshiga aylanding,
Haqning farmoni bilan oxir bir kun kuylanding,
Yigirma yoshga bording, asbob ila shaylanding,
Bedov minib, sakratib, surib maydona kelding.

O’ttiz yoshga borganda go‘yo bir olg‘ir shersan,
Dunyo g‘ami boshingda, go‘yo chopib-elarsan,
Dunyoga to‘ymoq yo‘qdir, bo‘lguncha-bo‘lsin dersan,
Ahli musulmon bo‘lsang, o‘lguncha halol yersan,
Qirqingda tavba aylab, bir murshidga qo‘l bersang! -
Ko‘nglingni birga bog‘lab, aziz Subhona kelding!

Ellik yoshga borganda to‘g‘rilikda bo‘larsen,
Go‘daklikdan ayrilding, shevalikni bilarsen,
Har necha jafo cheksang, oxir bir kun o‘larsen,
Besh vaqt namozing o‘qib, Haqqa shukr qilarsen,
Oltmish yoshga borganda qariganing bilarsen,
Ekkan ekining pishib, o‘roq-o‘rmona kelding.

Yetmish yoshga kelganda qoning qochar yuzingdan,
Oq tishlaring to‘kilar, shu’la ketar ko‘zingdan,
Quvvat sendan ayrilar, kuching qochar tizingdan,
Hech kishi hazar etmas sening aytgan so‘zingdan,
Sakson yoshga borganda ko‘ngling kechar o‘zingdan,
Ketar bo‘lsang dunyodan, yaqosiz to‘na kelding.

Maxtumquli, mehnatdir, har kim to‘qsondan o‘tsa,
Kam-kam kelar jahonga, agar yuz yoshga yetsa,
Hech kimdan madad bo‘lmas, ajal yoqangni tutsa,
Iymoningni qozonsang, yo‘lingni ravon etsa,
Oxir bo‘laring shuldir – taning yer bilan yotsa,
Eshigi, tuynugi yo‘q qoronQu xona kelding!..


BEKLAR

Mard bilan nomardning ishi teng kelmas,
Nomardlar savashda ziyondir, beklar.
Nomard bo‘z yigitning qadrini bilmas,
Nomardning har ishi vayrondir, beklar.

Komil – bo‘z yigitlar haqqini yemas,
Dunyo molin bersang, nomardlar to‘ymas,
Nomard masalahatga – kengashga uymas,
Nomardning har ishi ayondir, beklar.

Bir otada olti ota suyi bor,
Bir nodonning yuz xiyollik o‘yi bor,
Bo‘z yigitlar qayga borsa, uyi bor,
Nomardning o‘z uyi zindondir, beklar.

Davlat boshga kelsa, do‘st-yorin ko‘rmas,
Qazo kelsa, bag‘rin yerdan ko‘tarmas,
Haqdan deya hargiz iymon keltirmas,
Maxtumquli, shunday zamondir, beklar!..


AYRILSA

Qora toshli, sariq tuman bu tog‘lar
Tuproq bo‘lar, qora toshdan ayrilsa.
Sel bo‘lib, to‘lg‘onib oqar buloqlar,
Chilla to‘lib, qorlar qishdan ayrilsa.

Dunyoda bir g‘avg‘o uzoqdan bo‘lar,
Ko‘z xonasi qondan, qon yoshdan to‘lar,
Qur’on ko‘rmay kezgan pirlar och qolar,
El unutib, sari peshdan ayrilsa.

Ko‘p aytarman: dunyo qoldi yomona,
Rahm etmas bo‘ldi, boq, musulmona,
Lochinlar pir-pirab kelar osmona,
Harom o‘lgan qo‘zi-loshdan ayrilsa.

Zinokor siylamas elu yurtini,
G’ayri qochar, ko‘rsa erning mardini,
Odam o‘g‘li ayta bilmas dardini,
Yurak yonib, chashmi yoshdan ayrilsa.

Nomard juvonparast, holi zabundir,
Mardni ko‘rsa yig‘lar, ko‘zlari xundir,
Do‘sti g‘arib kelsa, mardlar majnundir,
Nomard do‘st istamas, oshdan ayrilsa.

Yurt dardiga yarar elda mardonlar,
Nomard qochib borar, boqing, yoronlar,
Mol deya yurt kezar baxil-nodonlar,
o‘amga botar, go‘zal xeshdan ayrilsa.

Nomard-zanon gapda hech turqi bo‘lmas,
Vazirlar nodondir, hech erki bo‘lmas,
Kular yuzli yorning hech ko‘rki bo‘lmas -
Siyoh zulf, qaro ko‘z, qoshdan ayrilsa.

Bozurgonlar mudom yo‘lga bel bog‘lar,
Nodon ketsa, yiroq ketsa, el chog‘lar,
Maxtumquli Haqni yodlar, qon yig‘lar,
Shoh-gadolar aqlu hushdan ayrilsa.


HAQ MAJLISI MAYDONIDIR

To‘rtdir bu jonning zillati,
         Sog‘liq aning sultonidir,
Tan mulkining sar davlati,
         tinmas, o‘tar mehmonidir.

Nafs aylabon sarkashligin,
         tan taxtining maydonida,
Ro‘zi azal ruhing, yaqin,
         shul ahdu shul paymonidir.

Bozorga bul kelgan kishi
         ixlosini pok aylasin,
Qobil esa ixlosli qul,
         mardonlaring mardonidir.

Desa bo‘lar sad ofarin,
         ruhin boqib, nafsin ezan,
Haq yo‘l aning bozoridir,
         Haq majlisi maydonidir.

Voy holiga, nafsin sevan,
         jon deb esin ojiz qo‘yan,
Ro‘zi jazo yo‘ldosh anga -
         bad ishlarin pushmonidir.

Mard topmadim, qulluq etay,
         yo‘l topmadim, hajga ketay,
Bu ikki ish bu tan aro
         bu joniming armonidir.

Maxtumquli, bir g‘amzada,
         toki bu dard birlan ketar,
Besh kun bu foniy dunyada,
         bir oshig‘ing davronidir.


HAQDAN G’AYRI TAMOM ZIYON KO’RINAR

Bu dam g‘animatdir, nechun bilmasmen,
Chiqsa dam, kirmog‘i gumon ko‘rinar.
Bizdan burun kelgan ko‘chibdir tongla,
Yo‘l uzoq, qorong‘u, tumon ko‘rinar.

Oqil bo‘lsang, ista bu yo‘lda bir pir,
Rizqingga kafildir Alloh, Muqtadir,
Oltin-kumush, olmos, yoqut ila dur,
Haqdan g‘ayri tamom ziyon ko‘rinar.

Allohni unutib, aqling yitirma,
Har nafas ogoh bo‘l, g‘aflat ketirma.
Behuda, befoyda umring o‘tirma,
Dunyo baqosizdir, ayon ko‘rinar.

Xoja, sayyid, podsho – so‘ralmas nasab,
Hashr-nashr bo‘lsa, olarlar hisob,
Haromga azob bor, shubhaga itob,
Munda yaxshi, unda yomon ko‘rinar.

Maxtumquli, o‘qib bildim Qur’ondan,
Asar yo‘qdur avval ketgan karvondan,
Go‘rda yolg‘iz yotajaging makondan,
Ey do‘st, ilon bilan chayon ko‘rinar...


ORIF BO’LSANG, SO’Z MA’NOSIN OCHARSAN

Mag‘rur bo‘lma sen bu qo‘ngan yurtingga,
Bebaqodir, aylanmassan, ko‘charsan.
Sog‘i ajal davr-davr sunular,
Sen ham borib, bir davrda icharsan.

Bu rabotda bir tingan yo‘q, oqqan yo‘q,
Butun bozor, bir mustahkam do‘kon yo‘q,
o‘amxonadir, aniq manzil-makon yo‘q,
Bu makonga kelgan bo‘lsang, kecharsan.

Ayriliq yurakda dardu dog‘ingdir,
Tavba qil Allohga, yigit chog‘ingdir,
Umring shu’la ursa, yurak yog‘ingdir,
Yog‘ tuganar, piltang yonar, o‘charsan.

Tutqun bo‘lib ilinsang gar qulloba,
Lahad qumga to‘lar, xonang xaroba.
Suyak kulga ketar, taning turoba,
To‘ymas-to‘lmas yer bag‘rini qucharsan.

Dunyo turar, hech tuganmas bir g‘alva,
Umr baqo bersa, qirqdir bir palla.
Ajal o‘tdir, tan miltiqdir, jon – qulla,
Rizq yo‘liga otash tushsa, ko‘charsan.

Yaxshi soat, ajab vaqtdir, xush ayyom,
Umr ozdir, aql – ko‘toh, ishing – xom,
Jon bir qushdir, dunyo – dona, falak – dom,
Qachon bundan qutularsan, qocharsan?!

Maxtumquli so‘zlar, so‘zin so‘nglamas,
Bedard kishi dardli so‘zin tinglamas,
Nodon so‘zdan fikr aylamas, anglamas,
Orif bo‘lsang, so‘z ma’nosin ocharsan.


BEKLAR-SHOHLAR QOLMASLAR

G’am chekma, g‘arib odam,
Beklar-shohlar qolmaslar,
Azim-azim shaharlar,
Oq saroylar qolmaslar.

Qolsa so‘zdan qizil til,
Jon javhardir, tan bir kul,
Hazor maqomli bulbul,
Ulug‘ bog‘lar qolmaslar.

Shuni anglabdir aqlim,
Yig‘ilar yetti iqlim,
Yer bo‘lar buklim-buklim,
Erir, tog‘lar qolmaslar.

Haqdan yetishsa farmon,
Ne chora bor, ne darmon,
Osmon, Quyosh, Oy larzon,
Ham yulduzlar qolmaslar.

Na yer qolar, na yurtlar,
Na turk qolar, na kurdlar,
Na qush qolar, na qurtlar,
Parrandalar qolmaslar.

Na gard qolar, na gardon,
Na mard qolar, na mardon,
Fil, pashshayu karkidon,
Darrandalar qolmaslar.

Maxtumquli, yosh surgan,
Og‘ir hangomlar qurgan,
Jo‘shqin-jo‘shqin mavj urgan
Bu daryolar qolmaslar.




UL UY ICHRA TO QIYOMAT YOTARSAN

Kelgan ketar, qo‘ngan ko‘char, odamzod,
Yurgil, sen ham bir manzilga yetarsan.
Bebaqoda xushdur, qolsa yaxshi ot,
Bu dunyoga kelmish bo‘lsang, o‘tarsan.

G’ofil odam yodga solsa o‘z aslin,
Falak qo‘ymish ajal otli masalin,
Kelgan ketsa, ekkan yig‘sa hosilin,
O’rta yerda sen ne ishlar tutarsan?!

Jafo qilma, koyitmagin bu joning,
Sarrishtasi hech tuttirmas jahonning,
Talpingancha dardi ortar dunyoning,
Qadam qo‘ysang, gavdang birlan botarsan.

Jo‘shqin keldi, haddin o‘tdi, so‘z ochdi,
Bu yo‘llardan to‘g‘ri borgan tuz oshdi.
Behuda emasdir umring guzashti,
Har shashtingga bir kuningni sotarsan.

Tuzoq turar, ol kumoshing, siym-zaring,
Guzargohin tutib turmish bu yering,
Garm aylading, falak, sen bu bozoring,
Ma’lumdirki, bu savdoda yutarsan.

Mag‘rur bo‘lib bu to‘rt kungi tirlikka,
Abad qolma qiyomat kun xorlikka,
Inonmagil bu dunyo deb borliqqa,
"Bor-bor" deya yo‘q bo‘larsan, yitarsan.

Maxtumquli, boshingda yuz o‘y bordir,
Ayri manzil, ayri maskan, joy bordir,
Lahad degan tor, to‘shaksiz uy bordir,
Ul uy ichra to qiyomat yotarsan.


ODAM O’G’LI, YOTMA G’OFIL

Odam o‘g‘li, yotma g‘ofil,
Tur-ho, tong otmasdan burun,
Yigitlikda toat qilgil,
Qarilik yetmasdan burun.

Qarilik toat qildirmas,
Ishing abasdir, bildirmas,
Falak yig‘latar, kuldirmas,
Sur davron, o‘tmasdan burun.

Bandaga aylama qasdni,
Ranjitmagil yoru do‘stni,
Bir kun kelib, ajal dasti
Yoqangdan tutmasdan burun.

Qardoshlaring yig‘lab qolar,
Yeng-yoqasiz to‘nga solar,
Bir kun omonatin olar,
Sen tavba etmasdan burun.

Bu dunyoga kelgan kechar,
Xaloyiq ul maydan ichar,
Bir ajdarho og‘zin ochar,
Vahm ayla, yutmasdan burun.

Mashg‘ulsan dunyo o‘yniga,
Kirarsen yerning qo‘yniga,
Ajal bandaning bo‘yniga,
Qayta qol, minmasdan burun.

Ajal barchani adolar,
Qolmaslar shohu gadolar,
Haromdan qoch, kadxudolar
Ro‘siyo bo‘lmasdan burun!

Saqla g‘iybatdan tilingni,
Bog‘latma ikki qo‘lingni,
Ochilgan toza gulingni
Alloh so‘ldirmasdan burun.

Bandaga etma xiyonat,
Bari jon Tangriga omonat,
Bu so‘zda bor hadis, oyat,
Fahm ayla, o‘lmasdan burun!

Tur sahar, Tangriga yig‘la,
Haq deya yuraging dog‘la,
Tavba qurin mahkam bog‘la,
Qirqingga kelmasdan burun!

Maxtumquli, to‘g‘ri so‘yla,
Umring kelib, ketar bo‘yla,
Zinhor keksalarni siyla,
Bosh go‘rga kirmasdan burun!




AYLANMAS

Bulbul navo qilgan havoli bog‘lar.
Bulbul sendan ketar, fig‘on aylanmas.
Yoqimli, yomg‘irli, umrli tog‘lar,
Sellar sendan ketar, tumon aylanmas.

Odam yaratilmish balandli-pastli,
Aqlli, fikrli, dalili-mastli,
Yigitlik bir ko‘yga – bahorning fasli,
Bahor sendan ketar, zamon aylanmas.

Kelganni qarshila, bo‘lsa majoling,
Yaxshi tutavergil niyating, fe’ling,
Dunyo davroninda ochiq tut qo‘ling,
Davr sendan ketar, davron aylanmas.

Bu dunyo g‘avg‘odir, bir qol-maqoldir,
Kimi "Berho-ber"dir, kim "Olho-ol"dir,
Yigitlar, bu dunyo shunga misoldir,
Barq urar osmonda, boron aylanmas.

Bu manzildir uch kun sen yeb-ichganda,
O’rnashib, tirmashib, beling ochganda,
Uzanging tortarlar, to‘rt kun kechganda,
Besh kundan yuqori mehmon aylanmas.

Bag‘rin ochar bir kun, yer seni gizlar,
Qaro xokdan to‘lar bu nargis ko‘zlar,
Otingga ishonma, chamanli tuzlar,
Chaman senda qurir, jayron aylanmas.

Maxtumquli aytar orif do‘stiga,
Kim qolar tushmasdan ajal dastiga? -
Falak bir kun solar yerning ostiga,
Og‘izdan til ketar, zabon aylanmas.


TOPILMAS

Duomga duch kelgan ko‘karar guldek,
Gulning mavsumidek davron topilmas.
Qahrimning otashi kuydirar kuldek,
Kul o‘rnida qaytib bo‘ston topilmas.

Ko‘ngil musofirdir, jasad yurttadir,
Jonim jo‘shqindadir, yurak darddadir,
Fikrim komildadir, ko‘zim marddadir,
Shum shartimdan hech bir mardon topilmas.

Ko‘ngil qo‘ygil go‘zal Alloh ko‘yiga,
Mashg‘ul bo‘lib yotma malo, o‘yinga,
Odamzod mehmondir dunyo uyiga,
Bir kun uy ichinda mehmon topilmas.

G’aflat ichra g‘ofil yotma, turaber,
Har ne bersang, qo‘ling birla beraver.
Tiriklikda o‘lim ishin ko‘raver,
Bir kun jasad ichra bu jon topilmas.

Ko‘ngil ovlayin deb uchrasam har yon,
Da’vodir, urushdir, koyish topar jon,
Aytilmas nasihat, o‘g‘ilmas Qur’on,
Jonga yoqar adab-arkon topilmas.

Dargohga duom ko‘p, nolishim behad,
Toleyim zabundir, tanim bequvvat,
Qochganim – anjuman, istagim – xilvat,
Menga hech bir joyi pinhon topilmas.

Maxtumquli, jon taqdirga tan berdi,
Har kim o‘zin saqlay bilsa, naf ko‘rdi,
Qanday yomon zotdir, anglamas dardni,
Johillik dardiga darmon topilmas.


BU DUNYO FONIYDIR....

Bu dunyo foniydir, tutmas binoni,
Bu dunyoga kelgan kechib boradir.
Kimdir yolg‘onchida tutgan jahonni,
Tutganning qo‘llarin ochib boradir.

Shirin-shirin solar hisobga dunyo,
Achchiq-achchiq qo‘yar azobga dunyo,
Yettirmas, tuttirmas bu gahba dunyo,
Tutdim-tutdim deysan, qochib boradir.

Davrlar aylanar, gardishlar do‘nar,
Nechalar ko‘chadi, nechalar qo‘nar,
Nechaning mash’ali yangidan yonar,
Nechaning chirog‘i o‘chib boradir.

Kimi Haqdan qo‘rqib, rangi sarQayib,
Kimi dunyo quvar, yugurib yelib,
Kimi yuz hasratda, kimisi kulib,
Kimi ko‘zda yoshin sochib boradir.

Kimi bekligida, tushmas ayvondan,
Kimi yo‘qsullikda, koyinar jondan,
Kimi harom bilib, qochadir mundan,
Kimi aroq, sharob ichib boradir.

Kimi yolg‘onchida ishratda yayrab,
Kimi halol qo‘yib, haromni saylab,
Kimi farq etmasdan, bir ishni aylab,
Ko‘zi bog‘li qushday uchib boradir.

Tushib bo‘lmas g‘addor falak olliga,
Lablaring tamshanar dunyo moliga,
Bir kun o‘rog‘ini olar qo‘liga,
Ho‘lmi-quruq, o‘rib-yanchib boradir.

Ikki kun xush bo‘lsa, uch kuni voydir,
Qandayin manzildir, qandayin joydir,
Bu dunyo ko‘hna bir karvonsaroydir,
Kelgan yuk qoldirib, ko‘chib boradir.

Maxtumquli aytar: tikandir, guldir,
Yigitdir, qaridir, xojadir, quldir,
Tilanchi, darmonda, boydir, yo‘qsuldir, -
Barchasi yer bag‘rin quchib boradir.


BIR NURI IYMON

Kerak nechun bunday, odamzod,
Uryon kelding, to‘n kerak.
Oq sut emding, ulg‘ayding,
Yig‘lagaysan: non kerak.

Otang xushnud bo‘lmoqqa,
Onang mehrin solmoqqa,
Yettingda din bilmoqqa,
O’qurga Qur’on kerak.

Saylabsan sen dilbanding,
Kuchlanar beling, banding,
O’n beshda orzumanding -
Qiz kerak, juvon kerak.

Juvon topding quchmoqqa,
Ayshu ishrat ochmoqqa,
Undan so‘ng yeb-ichmoqqa
Bir tuganmas non kerak.

Ko‘nglun injitib xalqning,
Xushnud etsang o‘z xulqing,
Rum, Farang bo‘lsa mulking,
O’anuz ozdur, kon kerak.

Yotsang to‘shakda bemor,
Qiziqtirmas molu kor,
Zar to‘ksang xarvor-xarvor,
Ko‘zga ilmas, jon kerak.

Duodan el ko‘karar,
Yomg‘irdan yer ko‘karar....
Er uldir – olqish olar,
Yerlarga boron kerak.

Ajal kelar, o‘yda yo‘q,
Ko‘rmoq yilda, oyda yo‘q,
Hech narsadan foyda yo‘q,
Bir nuri iymon kerak.

Maxtumquli, so‘zlagan,
Necha maxfiy gizlagan,
Bir ma’no fahm aylagan
Aqlli yoron kerak.


ODAMZOD

Yotsa-tursa xayolindan chiqarmas,
 Qaysi ishga moyil bo‘lsa odamzod.
Hariblikning g‘ami ko‘nglin cho‘ktirmas,
Ayol istab, soyil bo‘lsa odamzod.

Gunohdan qo‘rqmagan ro‘yi siyodir,
Buning ma’lum kuni ro‘zi jazodir,
Bu dunyo mulkinda sultondir, shohdir,
Qismatiga qoyil bo‘lsa odamzod.

Har kishikim, so‘z-ma’niga tushmondir,
Bir dardlidir, darmon unga dushmandir,
Qiyomat kun hamma ishi pushmondir,
Haq ishiga kohil bo‘lsa odamzod.

Iqbollining qilgan ishi o‘ng kelar,
Dunyo yuzi qo‘lga kirsa, teng ko‘rar,
Johillikda kechgan ishlar tang qilar,
Qirqdan oshib, oyil bo‘lsa odamzod.

Fikr ayla jahonning rohin, ravishin,
E’tibor etmagil dunyo turushin,
Maxtumquli, yaxshi ko‘rmagay ishin,
Qirqidan so‘ng johil bo‘lsa odamzod.


FONIY DUNYOGA INONMANG

Xarning ishi xardir, do‘stlar,
Ming maqtasang, otcha bo‘lmas.
Bad aslga amal tegsa,
Biling, asl zotcha bo‘lmas.

Foniy dunyoga inonmang,
Oltin-kumushga quvonmang,
Ko‘ngilsizga ko‘ngil bermang,
Bir tuqqan zuryodcha bo‘lmas.

Ko‘p yo‘llarni ko‘rsa ko‘zing,
Har ma’nidan bilsang o‘zing,
Bir nodonga aytgan so‘zing
Esib ketgan bodcha bo‘lmas.

Boshing yostiqqa yetganda
Sabru qaror bo‘lmas senda,
Kuching-quvvating ketganda
O’g‘il-qizing yotcha bo‘lmas.

Maxtumquli, ajab chog‘lar,
Kimdir kular, kimdir yig‘lar,
Turli meva bergan bog‘lar
Sovrilar, Jannatcha bo‘lmas!


BU MANZILGA KELGAN KETMAYIN QOLMAS

Ixlos bilan bir komilga qo‘l bergan,
Yetar bir manzilga, yetmayin qolmas.
Daryo ichra suzgan, cho‘llarda yurgan
Dam hisobin tugal etmayin qolmas.

Chunki kelding bu yolg‘onchi jahonga,
Oyog‘inga boqmay, boqding osmonga,
Falak bozorinda yeganing nonga,
Odam o‘g‘li umrin sotmayin qolmas.

Hamrohim yo‘q borib sirim ocharga,
Dardim tortisharga, o‘tim o‘charga,
Dunyo bir manzildir kelib-kecharga,
Bu manzilga kelgan ketmayin qolmas.

Falak – tomoshagoh, osmonga chiqib,
Odamzod mol uchun yuragin yoqib,
Dunyo ajdarhosi dam bilan chekib,
Jumla jonzod tuxmin yutmayin qolmas.

Maxtumquli, bu dunyoning davlatin,
Kelgan ko‘rar, chekar o‘lim mehnatin,
Mudom yurgizarlar ajal sharbatin,
Bu sharbatdan hech kim totmayin qolmas.


QUR’ONGA QULOQ SOLIB, FARMONGA NAZAR AYLA

Tan qafasga giriftor, kel, jonga nazar ayla,
Boq ko‘ngul ko‘zgusiga, jononga nazar ayla,
Ibrat ko‘zini ochib, jahonga nazar ayla,
Ikki kema tutmagil, bir yonga nazar ayla,
Hech kimga boqavermas, davronga nazar ayla,
Davroniga tayangan insonga nazar ayla,
Bu qo‘nib-ko‘chib borgan karvonga nazar ayla!

Bu davron ichra ko‘ngul qushlari aylar parvoz,
Go‘yo murg‘i sahardur, shab suxan aylar og‘oz,
Bog‘ ichra bulbul bo‘lib, o‘qir nag‘ma, hazor soz,
Xudoga tavba aylab, dargohiga qaytdim boz,
Umr oz, davron daroz, ne ro‘za bor, ne namoz,
Uyg‘on xobi g‘aflatdan, Hashr misol – fasli yoz,
Olimlar tasbih aytar, har yonga nazar ayla!

O’lmasman, deb tushmasin ko‘ngling bu gumon ichra,
Umrga yo‘q e’tibor o‘tkinchi zamon ichra,
Ajal qo‘ymish o‘q-paykon, kiray deb kamon ichra,
Bandaga ne armondur, jon bersa iymon ichra,
So‘zla, so‘zing yoyilsin bu yaxshi-yomon ichra,
Oz umrda og‘ir ish ko‘ribsan jahon ichra,
Muqim ishini tutgan mehmonga nazar ayla!

Voh, ne xushdir oshiqqa, xilvat, yorga ulashmoq,
O’ol-ahvolin so‘rashib, qo‘l bo‘yinga solishmoq,
Mahsharning nashri yanglig‘ tan-jon kabi bo‘lishmoq,
Bir-biriga dard to‘kib, sarguzashtin qilishmoq,
Tob berilgan rishtaday chirmashibon chalishmoq,
Do‘stlar, ne mushkul ishdir, qovushib, ayrilishmoq,
Visolga mag‘rur bo‘lma, hijronga nazar ayla!

Maxtumquli, so‘zlatmay qo‘ymas turmoqqa darding,
Yolg‘onchida aylanib, oltmish tomon qo‘l kerding,
Foniyni boqiy bilding, yelding, esding, yugurding,
Do‘stingga izo berding, dushmaningga yuz burding,
Ojiz joning fido qil soyasida bir mardning,
O’ttiz to‘rt yoshga bording, bu jahonda ne ko‘rding!? -
Qur’onga quloq tutib, farmonga nazar ayla!..


QO’YMASLAR XUSH KEZMOQQA YOLG’ON DUNYODA BIZNI

Bir tomchi pok suv aylab avval otoda bizni
Suvrat aylab, jon berding so‘ngra onoda bizni,
Xushvaqt aylab kezdirding dorul-fanoda bizni,
Har ishga moyil etding nafsu havoda bizni,
Kim bilarki, naylarsen dorul-baqoda bizni.

Goh dunyo talab aylab, ham yo‘rtarmen, yelarmen,
Goh yig‘lab o‘z holimga, goh shod bo‘lib kularmen,
Men bir ojiz bandamen, Senga arzim qilarmen,
Xudoyo, qilma rasvo, karamingdan tilarmen,
Bu dunyoyu qiyomat qo‘yma uyota bizni!

Osiy bo‘lib yurarsen ko‘p kula-kula bul dam,
Azob chekib yotarsen yerning ostinda ul dam,
Yig‘lab faryoda kelsang, kim senga bo‘lar hamdam?
Yer senga aytar shuni: "Eshit, ey G’ofil odam!
Qo‘ymaslar xush kezmoqqa yolg‘on dunyoda bizni!"

Tutsalar qilko‘prikda, turmasa anda toban,
So‘ralgan vaqt xayru sharr, yassirlana hisoban,
Mo‘minga xush vaqtidir "Va saqohum sharoban!"
Desa ul vaqt kofirlar: "Ya laytaniy turoban!"
Yo Rab, ul kun lutf aylab, otmagil o‘t-a bizni!

Haqiqatning yo‘lini rahbarsiz kezmoq bo‘lmas,
Jamol istagan oshiq ko‘rmayin qizmoq bo‘lmas,
Oshiqlikning balosin chekmayin, sezmoq bo‘lmas,
Visolga to‘ymoq bo‘lmas, hijronga to‘zmoq bo‘lmas,
O’rtama ishq o‘tida bundan ziyoda bizni!

Kel, ko‘ngil, sabr aylagil, munchalik o‘tga tushma,
Oz bilib, ko‘p so‘zlabon, g‘am chashmasini ichma,
Betob bo‘lib to‘karman ko‘z yoshim chashma-chashma,
Yaxshi-yomon ishimning hech biriga qarashma,
Gunohim guzasht aylab, yetkaz muroda bizni!

Maxtumquli – benavo, bechora andalibi,
Bir parcha Qam davroni bo‘lmish aning nasibi,
Yig‘ilsa, chora qilmas unga dahr tabibi,
Har majlisu suhbatda shod aylang biz G’aribi,
Ey yoronlar, yod eting xayru duoda bizni!..

JON ACHCHIG’IN CHEKA-CHEKA KETARSAN

Foniydan boqiyga ko‘chho-ko‘ch bo‘lsa,
Termulubon, boqa-boqa ketarsan.
Ajal jomin sunub, ichho-ich bo‘lsa,
Jon achchiQin cheka-cheka ketarsan.

O’g‘lonlaring turar zoru giryona,
Xotin-qiz soch yoyib, tushar larzona,
Moling taqsim bo‘lib, kelar talona,
Qo‘ling yuvib, chiqa-chiqa ketarsan.

Mol uchun injitib qardosh-tuqqaning,
Oz bilding tillodan sotib tugkaning,
Talasharlar halol-harom yiqqaning,
Sen azobin cheka-cheka ketarsan.

Bu dunyodan borsang ul dunyo, qardosh,
Nelar ko‘rajakdir bu shum, qora bosh?
Xayr ish qil bunda – yoningga yo‘ldosh,
Yo‘qsa, go‘rga yakka-yakka ketarsan.

Odam o‘g‘li yodga olsa o‘z aslin,
Qazo qo‘ymish ajal otli bir mislin,
Aqling bo‘lsa, oxiratning hosilin
Bu dunyoda eka-eka ketarsan.

Jahonda ayondir qudrat ishlari,
Qanoting quvvati yengar qushlari,
Yigit kuchi sindiradi toshlarni,
Qirqdan oshding, cho‘ka-cho‘ka ketarsan.

Maxtumquli, tushding ishq guzariga,
Kim bor so‘zlasharga, borib huzuriga,
Hech rivoj topmading so‘z bozoriga,
Xaridorsiz, to‘ka-to‘ka ketarsan.


G’OFIL ODAM, GO’R OG’ZIDA YOTIBSAN...

G’ofil odam, go‘r og‘zida yotibsan,
O’tdi umring, mayda-chuyda kor bilan.
Dunyo mordir, yastanibon yotibsan,
Tinch bo‘larmi, birga yotsa mor bilan?!

Iymon qozon, insofingni yutmagil,
Ko‘ra-bila o‘zing o‘tga otmagil,
Bunda bedor kechavergil, yotmagil,
Oxir to‘zib yotajaksan go‘r bilan.

Qayon ketsang, borar yering go‘r bo‘lar,
Yaxshilik qil, yotgan yering nur bo‘lar,
Yaxshi bo‘lsang, joying Jannat, hur bo‘lar,
Yomon bo‘lsang, kuydirarlar nor bilan!

Ko‘zing yumding, sendan ayrilar moling,
O’lgan so‘ng, tiriklar ne bilar holing,
Yaxshi-yomon – har ne qilgan a’moling,
Qarshi olib turar mudom bor bilan.

Aslo kufr musulmonga yarashmas,
Chin musulmon harom ishga yondashmas,
Manzil ketmas – hech bir joyga yetishmas,
Boshliq tutib, yo‘lga kirgan ko‘r bilan.

Umringga aldanma, o‘tganga yonma,
Molinga quvonma, mulkka tayanma,
Bunda bad ish qilma, unda uyalma,
O’isob kuni xayring olib bor, bilan.

Maxtumquli, to‘g‘ri so‘zga tan bergil,
Savob bundan o‘tmas, topsang, non bergil,
Ko‘ngling topgan do‘st yo‘lida jon bergil,
Ishing nedur, demas, sening Yor bilan!


ASLING NYEDIR, ETGIL NAZAR

Odam o‘g‘li, o‘zing bilmay,
Qadam-qadam o‘tajaksan.
Egangning amrini qilmay,
O’z ko‘nglingni kutajaksan.

Istarsan olamni olsang,
Qorun bo‘lib, ganjga botsang,
Halol-harom – har ne topsang,
Ko‘zing yumib, yutajaksan.

Nedan bo‘lding, bilgil borni,
Unutding Parvardigorni,
Dilga kelgan har ne korni,
Fikr qilmay, etajaksan.

Asling nedir, etgil nazar,
Tutgan ishingdan qil hazar,
Ajal senga etsa guzar,
Xabarin ber, netajaksan?

Dunyoni qizg‘onch tutmagil,
Ishing ko‘r, bekor yotmagil,
Maxtumquli, unutmagil,
Ketajaksan, ketajaksan!


DARD QAYSIDIR, DARMON QAYSI, BILMADIM

Falak menga g‘am bodasin bergaydir,
Visol qaysi, hijron qaysi, bilmadim.
Haq ishiga tan berganman, ko‘rgali,
Orzu qaysi, armon qaysi, bilmadim.

Banda bo‘lsang, ko‘zla Haqning rizosin,
Jabr aylasa, chekavergil jazosin,
Ajal otar bir kun tiri qazosin,
Paykon qaysi, kamon qaysi, bilmadim.

Bir suratman, boqmang bu kun o‘zimga,
Orif bo‘lsang, quloq solgin so‘zimga,
Dunyo tubi yo‘q ko‘rinar ko‘zimga,
Davr qaysi, davron qaysi, bilmadim.

O’z umrimni ko‘p savdoga sotibman,
O’zim bilmay, ul daryoga otibman,
Ne ummondir, ne talabdir, botibman,
Zamin qaysi, zamon qaysi, bilmadim.

Har kim kirsa ul talabga, ummonga,
Boshin olib chiqa bilmas bir yonga,
Qadam qo‘ydim ul sahroga, maydonga,
Jon qaysidir, jahon qaysi, bilmadim.

Men dunyoni osmondagi rang bildim,
QizQin-qizg‘in talashdim-u, so‘ng bildim,
Endi uning borin-yo‘g‘in teng bildim,
Sud qaysidir, ziyon qaysi, bilmadim.

Maxtumquli, yo‘lning oldi, orti bor,
Tortar yukin, har kishining mardi bor,
Yuragimda pinhon ishqning dardi bor,
Dard qaysidir, darmon qaysi, bilmadim.


EY OG’ALAR, YIG’LARMAN, KELDI, KECHDI ZAMONA

Ey og‘alar, yig‘larman, keldi, kechdi zamona,
Yaxshi qadri bilinmay, tegdi davr yomona,
Yomon oldi jahonni, kelmas tili iymona,
Ko‘p faqirlar yig‘lashib, kelar undan omona,
Istagi bor, oz vaqtdan yaxshi bo‘lsa zamona.

Ne safoli kun ko‘rdik, teng-to‘sh bilan bosh qo‘shmon,
Boshing qaro, bilmading, na do‘st bilding, na dushmon,
Ey yoronlar, sud etmas, endi etsang ming pushmon,
Dunyosiga talashmam, o‘g‘il-qizga bulashmon,
Ne huzurli kun ko‘rdik, bo‘lib ketsak devona.

Tushmagin xom xayola: "Dunyo kelgan o‘lmaslar",
Kelgan kechar dunyodan, biri omon qolmaslar,
Jonlar chekib chaqirsang, to‘g‘ri yo‘lga kelmaslar,
Har ne bo‘lsa, yutarlar, halol-harom bilmaslar,
Derlar: Haqdir Muhammad, bo‘ysunamiz Qur’ona.

Davron, nechuk davronsan, g‘arib yig‘lar, el tinmas,
Zulmi ortar zolimning, hech ko‘ngilga rahm inmas,
Jahonni yoqdi-ketdi, yomonning o‘ti so‘nmas,
Bir Muhammad hurmati, yer yorilmas, ko‘k inmas,
Charx quvonar bu ishga, bo‘lmas oxirzamona.

G’ofil qoldim, yoronlar, o‘z-o‘zimdan, rishtim yo‘q,
Haqdan Qayri hech yerda panohim yo‘q, pushtim yo‘q,
Faqr bahriga kirdim, yelkanim yo‘q, kishtim yo‘q,
Maxtumquli, men bundan chiqadigan dashtim yo‘q,
Qo‘lim bersam, tutgan yo‘q, tushdim tubsiz ummona.


KO’NGUL

Bilmasam hech, qaysi dardning mubtalosidir ko‘ngul,
Yo Rab, ul bir benavoning ko‘p havosidir ko‘ngul.

Ishq daryodir, tubi yo‘q, hijron bir o‘t – o‘chmagay,
Ishqqa mayl etgan bu o‘tlarga yonosidir, ko‘ngul.

Bilmagan otmish o‘zin ishq o‘tiga parvonadek,
Endi bilmas chorasinkim, ne qilosidir, ko‘ngul,

Iysoning dami muhol, Luqmon u yerda gungu lol,
Yo Rab, ul dardning muhol ish davosidir, ko‘ngul.

Garchi ishqning dardidir, devonai jon ofati,
Oshno ahli bu g‘amni doim egosidir, ko‘ngul.

Necha mahram benavolar topdilar andin navo,
Man’ edan andan meni, boqdim siyosiydir, ko‘ngul.

Yig‘labon, Maxtumquli, dargohga arzing aytaver,
Ne uchun, ko‘p yig‘lagan bir kun kulosidir, ko‘ngul.


HAQQA TO’G’RI BO’LSA YO’LI BANDANING

Ey yoronlar, harom ishga qo‘l urmas,
Agar durust bo‘lsa fe’li bandaning.
Haromga yondoshmas, kirga bulg‘anmas,
Haqqa to‘g‘ri bo‘lsa yo‘li bandaning.

Toza umring so‘lar ajal bodindan,
Oxir nuqson kelar dunyo sudindan,
Boshi ozod bo‘lar do‘zax o‘tindan,
Haqni yod aylasa tili bandaning.

Qabringga solmaslar dunyo molidan,
Yuzi qaro, javob kelmas tilidan,
Qiyomat kun shikva etar qo‘lidan,
Zakotsiz yig‘ilgan moli bandaning.

Nafs xayolda, ko‘ngil dunyo ko‘yinda,
Yo‘l yiroqdir, yuk og‘irdir bo‘yinda,
Oyog‘i talabda, qo‘li o‘yinda,
Ajal og‘zindadir beli bandaning.

Maxtumquli, har kim ichin sof etmas,
Ma’lumdirki, oxiratdan xavf etmas,
Ojiz tani o‘tli gurzga tob etmas,
Yo Rab, nechuk bo‘lgay holi bandaning?!.


YOR JAMOLIN KO’RMAGUNCHA KO’Z BILAN

Kimim bordir, arzim Yorga yetkazsin,
Ishq o‘tida kuydim-ketdim ko‘z bilan.
Kelib, qo‘li bilan o‘tim o‘chirsin,
Yo‘qsa so‘nmas boron bilan, muz bilan.

Kelgan kechdi, kelajakka yurt qo‘ydi,
Oshnolig‘ni nomard buzdi, mard qo‘ydi,
Yor siynamda dog‘ ustiga dard qo‘ydi,
Dard ustiga murch qo‘yibdir tuz bilan.

Ma’shuqim topdirmas, topsam, qo‘l bermas,
Iqbolim uyg‘onmas, baxtim ham kulmas,
Yuragim tinchimas, ko‘ngil tek turmas,
Yor jamolin ko‘rmaguncha ko‘z bilan.

Bir dardga tushibman, hech kimsa bilmas,
Iyso uqmas, Luqmon chorasin qilmas,
Kelgan turmas, tuman boshdan ayrilmas,
Har zamon bir dardni chekkum so‘z bilan.

Ming ishq bilan molu dunyo yig’arsan,
Bir narsa deb, yuz ko‘ngilga tegarsan,
Dunyo-daryo, tan bir soldir, agar san,
Qachongacha tay ketarsen tuz bilan?

Bu dunyo molindan kim eltdi bir zot,
Avvali – Qam-qayg‘u, oxiri – barbod,
Bo‘lajaging shudir sening, odamzod,
Yo‘q bo‘larsan tuproq bilan, tuz bilan.

Maxtumquli, ne manzilda turarsan,
Yurt kimningdir, og‘ir ishlar qilarsan,
Qismat bo‘lsa, parcha yerga kirarsan,
Nasib bo‘lsa, olti quloch bo‘z bilan.


YUZIM YUVSAM YOSHLAR BILAN

Ko‘ngil aytar: xalqdan qolib,
Kezsam tog‘lar, toshlar bilan.
Yozig‘imni yodga olib,
Yuzim yuvsam yoshlar bilan.

Har kim, ko‘rsam, bir peshada,
Mening ko‘nglim andishada.
Ko‘hisor ichra ko‘chada
O’tirsam og‘ochlar bilan.

Qari dunyo ol ichinda,
Odamzod xayol ichinda,
Jahon qol-maqol ichinda,
Har kim yuz taloshlar bilan.

Allohning ishqinda mastlar,
Bas kelolmas zabardastlar,
Ko‘ngil parvoz etar, do‘stlar,
Tinmas yuz ilojlar bilan.

Ko‘p ko‘ylar bilan o‘tirdim,
Bilmadim, ne ish bitirdim,
Gumroh bo‘lib, yo‘l yitirdim,
O’tirdim bevoshlar bilan.

Bekor qo‘yma umr taxtin,
Uyg’otsak uxlagan baxtin,
Duo qilib sahar vaqti,
Nolish qilsam qushlar bilan.

Maxtumquli, tavfiq olsam,
Bir pir topsam, qulluq qilsam,
Ko‘ngil aytar: yo‘ldosh bo‘lsam,
Dam chekkan darvishlar bilan.


OBOD QAYSI, XAROB QAYSI, BILMADIM

Abdol, menga abad jomin sungaydir,
Masjid qaysi, mehrob qaysi, bilmadim,
Ul gudozda jonim erib, yongaydir,
Obod qaysi, xarob qaysi, bilmadim.

Bir tobishga tob etmadim, to‘z bo‘ldim,
Tuproq bo‘ldim, otash bo‘ldim, so‘z bo‘ldim,
Tashdan pishdim, ichdan kuydim, ko‘z bo‘ldim,
Tano‘r qaysi, kabob qaysi, bilmadim.

Guzar etdim bir makonsiz makona,
Sayron etdim bir maydonsiz maydona,
Hayron qoldim bir jahonsiz jahona,
Bayt qaysidir, ham bob qaysi, bilmadim.

Nafsim dedim, o‘zni bildim, hirs bo‘ldim,
Aql ishin to‘g‘ri sanab, tars bildim,
Har ashyodan Yor sifatin dars oldim,
Qur’on qaysi, Kitob qaysi bilmadim.

Maxtumquli ul makonda maks etdi,
Shayxlar turdi, yigitlarday raqs etdi,
Har ashyoda Yor jamoli aks etdi,
Ob qaysidir, sharob qaysi, bilmadim.


QANOTIM YO’Q, UCHA BILMAM, NAYLAYIN

Ko‘ngil istar, kezsam dunyo-olamni,
Qanotim yo‘q, ucha bilmam, naylayin!
O’qirmen, ko‘rarmen "Favzul-kalom"ni,
Ma’nosini socha bilmam, naylayin!

Ko‘plar unda g‘avvos bo‘lib suzarlar,
Menga zohir, xalqdan pinhon kezarlar,
Gul bodada gulgun sharob ezarlar,
Qo‘l uzatib, icha bilmam, naylayin!

O’y dashtidan sharob isin no‘sh qildim,
Ketdi aqlim, o‘zim bilmay, jo‘sh qildim,
Sarmast bo‘ldim, darsiz ko‘shkka duch bo‘ldim,
Ruxsat bo‘lmay, ocha bilmam, naylayin!

Yitti yo‘lim, tog‘ qaysidir, tuz qaysi,
Bilmas ko‘nglim, ma’no qaysi, so‘z qaysi,
Fahm aylamam, yo‘l qaysidir, iz qaysi,
Umid uzib, qocha bilmam, naylayin!

Maxtumquli, bu dunyoning hammasin,
YiQib, tugib, qo‘lga berdim nomasin.
Fikr daryosiga aqlim kemasin -
Botirganman, kecha bilmam, naylayin!


TURDI SHOIR, SENDAN SO’RAB KO’RAYIN

Turdi shoir, sendan so‘rab ko‘rayin,
O’tgan Payg‘ambarning yoshi nechadir?
Hukmi, Sulaymonning yashil taxtining
Maxrajin eshigi, qoshi nechadir?

Ul kim edi, yurtdan ko‘chdi – tarqadi,
Ul kim edi, do‘stin qo‘ldan sudradi?
Ul kim edi, ishqqa sahro uchradi,
Samardan asosi, peshi nechadir?

Ul kimdir, boqiyda mubtalo qolgan?
Ul kimdir, eliga tolonlar solgan?
Qirq yil hijron chekib, sarg‘ayib-so‘lgan,
O’ziga gurz urgan kishi nechadir?

Ul ne qordir, mudom yog‘ar, erimas?
Ul ne daryo, mudom jo‘shar, horimas?
Ul ne odam, suv ichinda chirimas,
Oqar ko‘zlarining yoshi nechadir?

Ul ne daraxt, oltmish ikki butog‘i,
Qirq sakkiz ko‘z-o‘q, o‘n ikki sadog‘i,
Ul ne xondir, sakkiz erur o‘tog‘i,
O’tog‘in ichining oshi nechadir?

Ul kimdir, boqiyda bir ravshan ko‘z bor,
Oldida ma’nisi, to‘rt ming to‘rt yuz bor,
Otasi eridir, oshiq bir qiz bor,
Qo‘shilmas hurlarga, toshi nechadir?

Maxtumquli aytar: yod etgil bizi,
Yettidir qarosi, oqdir sakkizi,
Bir suratda nedir, oldir to‘qqizi,
Boshidagi aqlu hushi nechadir?


HAQ-CHUN NE ISH BITIRDING?..

Bir kun otang ishq etdi,
Sulbidan jo‘shga yetding.
Suv eding, so‘ng qon bo‘lding,
Qondan so‘ng loshga yetding.

Hukm ayladi ul Xudoy,
To‘qqiz soat, to‘qqiz oy,
O’n ikki andom joy-bajoy,
So‘nggi uloshga yetding.

Go‘sh berdi, dahan berdi,
Dahanga zabon berdi,
Aql berdi, jon berdi,
Ko‘z berdi, qoshga yetding.

Yoshding, elga yetishding,
Yurib, yo‘lga yetishding,
So‘zlab, tilga yetishding,
Non yeding, oshga yetding.

Yettingda maktab ko‘rding,
O’qiding, yo‘lga kirding,
Qiz bilan bozi qurding,
To o‘n to‘rt yoshga yetding.

Haq berganin yeb-ichding,
Har yo‘lga bir bosh qo‘shding,
Mahbub bilan suyushding,
Belga chaloshga yetding.

Yigirma yoshga kelding,
Yigit bo‘lib, sen yelding,
Ot minding, qilich olding,
Jangga-savashga yetding.

O’ttizingda yeringdan,
Tuman ketmas saringdan,
Yigitlikning zo‘rindan
Kezding, tamoshga yetding.

Surding, dunyoni surding,
Oxir vafosin ko‘rding,
Qirqingga qadam urding,
Komilsan, hushga yetding.

Bor olmading bog‘ingdan,
Xazon urdi tog‘ingdan,
Ellik, soqol oqingdan
Uyal, bir yoshga yetding.

Oltmishga yosh yetkazding,
Boshing g‘amga botqizding,
Xush kunlarni o‘tkazding,
Yozing yo‘q, qishga yetding.

Yetmishda "Haq!" deb kelding,
Quvvating yo‘q, yig‘ilding,
Qariding, ishdan qolding,
So‘yla, ne peshga yetding?

Saksonga yetganda sol,
Nechuk kechar bunday hol?
O’tdi qizg‘inli mahal,
O’roqsiz xo‘sha yetding.

To‘qsonda yanglishar so‘z,
Qora bo‘p ko‘rinar bo‘z,
Qaqshar suyak, tinar ko‘z,
Yuz ming andeshga yetding.

Maxtumquli, o‘tirding,
Umring G’ofil o‘turding,
Haq-chun ne ish bitirding,
Agar yuz yoshga yetding?!.


BO’LSAM IYMON ICHINDA

Fikr qildim yer-ko‘kni
Beaql jon ichinda.
Ko‘rdim, jon ham "Alloh!" der,
Et, tomir, qon ichinda.

Ketar yo‘ling bilmasang,
To‘g‘ri yo‘lga kelmasang,
Haqni yodga olmasang,
Qolding armon ichinda.

Yerdan chiqqan nabotlar,
Qizil gullar, ko‘k o‘tlar,
g‘ofil odam, bu zotlar
Bari farmon ichinda.

Nafsing aytar: "Jo‘sh bo‘lsam,
To‘kinlikka duch bo‘lsam,
Yesam-ichsam, xush bo‘lsam,
Yotsam alvon ichinda".

Ko‘ngil, sen bir bozorsan,
Har ishga bir yonarsan,
Tursam deya kezarsan,
Jurmu isyon ichinda.

Yoyilar qanot-parlar,
Xo‘b ochilar daftarlar,
To‘da-to‘da kaptarlar,
"O’uv!" der xirmon ichinda.

Bulbul aytar: "Kichikman,
Bahorga ko‘p intiqman,
Men gulzorga oshiqman,
Bog‘u bo‘ston ichinda".

Oshiq aytar: "Illalloh!",
Qalmoch: "Alhamdulilloh!",
Laylak der: "Qul huvalloh!",
Hannon-Mannon ichinda.

Yorqanot der: "Yo, Mavlo,
Solding meni bu yo‘lga,
Berma Oy, Kunga, yelga,
Saqla pinhon ichinda!"

Anqo aytar: "Yo‘lchiman",
O’udhud aytar: "Elchiman,
Sulaymonga sovchiman,
Yolg‘on jahon ichinda".

Bo‘zto‘rg‘aydir hayrona,
Hayron boqib har yona,
Zanbur chiqib sayrona,
Kezar davron ichinda.

Turna aytar: "Ucharman,
Bag‘dod suvin icharman,
Qish Hindiston ko‘charman,
Lolazoron ichinda".

Boyqush aytar: "Dardim bor,
Tasbihim bor, virdim bor,
Vayronada yurtim bor,
Zoru giryon ichinda".

Haqqush aytar: "Faqirman,
Qullug‘umga haqirman,
Haq yodini o‘qurman
Sham-shabiston ichinda".

Musicha der: "Ketarman,
Keldim, bildim – o‘tarman,
Uch og‘ochni chotarman,
Guzlab vayron ichinda".

Lochin aytar: "Hushimdan,
Mast bo‘ldim o‘z jo‘shimdan,
Qoldim, Tangri, ishimdan,
Bandi zindon ichinda".

Turoch tili sanoda,
O’rdak tili duoda,
G’oz qag‘illar havoda,
Ko‘zi ummon ichinda.

Qumrilar ovoz bilan,
Tovus ishi noz bilan,
Qaqnus qushi soz bilan,
Shul O’indiston ichinda.

To‘ti qushlar rozlashib,
Haq amrini ko‘zlashib,
Odam tilin so‘zlashib,
Kezar inson ichinda.

To‘rg‘ay hazor uyam der,
Ajoyib, xush Egam der,
Do‘zax o‘ti harom, der,
Oxirzamon ichinda.

Bilmas falakning farjin,
Yeldir, tutmish ko‘k burchin,
Bir to‘p kaptar-guvarchin,
"Huv!" der xirmon ichinda.

Kiyik aytar: "Yig‘larman,
Haqqa sidqim bog‘larman,
Bolam deya bo‘zlarman,
Yuragim qon ichinda".

Bo‘ri aytar: "Uzarman,
Qaydan qilsam guzar man,
Rizqim izlab kezarman,
Cho‘l-biyobon ichinda".

Ot aytar: "Aslim zo‘rdir,
Buncha qimmatim bordir,
Ustimga mingan erdir,
Tog‘u yobon ichinda".

Yobi aytar: "Men ganda,
Ustimga mingan banda,
Azobim ko‘pdir kunda,
Xizmat-imkon ichinda".

Eshak aytar: "Aslim tosh,
Xizmat bilan bag‘rim bo‘sh,
Somon topsam, ko‘nglim xo‘sh,
Bul qahraton ichinda".

Sigir aytar: "Men boshdim,
Yetmas ilojim-kushtim,
Dumim o‘ynatib qochdim,
Chibin-chirkon ichinda".

Tuya aytar: "O’tlarman,
O’tgan yerim yodlarman,
Mudom yurtga yo‘rtarman,
Yantog‘, yobon ichinda".

Yetti yer bo‘lmish bino,
Har zot o‘qir bir sano,
O’tlar ham der: "Rabbano!",
Navro‘z – boron ichinda.

Ko‘ngil aytar gadoga,
Sahar tursam sadoga,
Nolish qilsam Xudoga,
Bo‘lsam iymon ichinda.

Qiyomat kun qo‘lingdan,
Xabar yetar holingdan,
Qaytgil yomon yo‘lingdan,
Ko‘rding Furqon ichinda.

Umidli bo‘l Yusufdek,
Sabrli bo‘l Ayyubdek,
Gar uchrasang Ya’qubdek
Dardga, Kan’on ichinda.

Nafsim aytar: "Xo‘sh ayla,
Jomi jur’a jo‘sh ayla,
Karamingga duch ayla,
Tongla devon ichinda!"

Maxtumquli, o‘zingga
Boq, yosh keltir ko‘zingga,
Ayb aylamang so‘zimga,
Yoru yoron ichinda!


YIQQANING QOLDI-KETDI

Bu dunyo bozigardir,
Bozisin chaldi-ketdi.
Gumroh etib nechani,
Yo‘ldosh deb oldi-ketdi.

O’yla, fikr et har qachon,
Yuz qo‘ngan bor, yuz ko‘chgan,
Taxti osmondan kechgan
Sulaymon o‘ldi-ketdi.

Yo, muruvvatli shohim,
Umidim, qiblagohim,
Shuncha yashab Ibrohim,
Nimani oldi-ketdi?

Jigarin dog‘lay-dog‘lay,
Zunnorin bog‘lay-bog‘lay,
Nechalar yig‘lay-yig‘lay,
Nechalar kuldi-ketdi.

Nechalar gulga do‘ndi,
Gul yonib, kulga do‘ndi,
Nechalar gilga do‘ndi,
Nechalar so‘ldi-ketdi.

Qolarsan go‘rda bog‘li,
Ma’lum bir yurtda bog‘li,
Behuda, odam o‘g‘li,
Yiqqaning qoldi-ketdi.

Laqmalik bilan o‘zim,
Bilmadim aytgan so‘zim,
Maxtumquli der: "Ko‘zim
Qon yoshga to‘ldi-ketdi".


BU FONIY JAHONGA KO’NGIL BERGANLAR

Bu foniy jahonga ko‘ngil berganlar
Ishin barbod aylab, o‘tib boradir.
Qarang, Qur’on ochib, talay nodonlar
Iqbolni bir pulga sotib boradir.
 
Jafosi ko‘p, foniy, bu yolg‘on jahon,
Mard ko‘nglida tutar bo‘ldi ul makon,
Iyso eslab, Luqmon qilmas dard ehson,
Ko‘z yumib, tush kabi o‘tib boradir.

Kimlar bu jahonda bemalol yotmish,
Kimlar osmon uchib, kim loyga botmish,
Kimlardir molini baqoga otmish,
Kimlar hirsi dunyo tutib boradir.

G’avg‘odan tinmadi qanchaning boshi,
Kimi yoqar bo‘ldi padar, qardoshin,
Kimsalar har joyda tayyorlab oshin,
Kimsalar dong qotib yotib boradir.

Kimlar toju taxtda farmon jo‘natib,
Kimlar saman minib, surar sakratib,
Kimlar padarini, elni xor etib,
Gunoh zindoniga botib boradir.

Kimsalarning chiqmas aylagan zori,
Kimlarning bog‘inda bitmish anori,
Kimlarning tutashib jonida nori,
Xor-tikan taniga botib boradir.

Kimlar doim surar bo‘ldi davronni,
O’zin bilmas, kim unutar jahonni,
Kimsalarning doim do‘zax makoni,
Kimlardir behishtga yetib boradir.

Kimsalar bosh qo‘shar ajab jononga,
Kimsalar zan istab, azoblar jonga,
Kimsalar ko‘z tutib har ganji konga,
Dinu iymonini sotib boradir.

Kimlargadir bermas ul ikki ko‘zni,
Kimsa eplay olmas, so‘zlasa so‘zni,
Kimsalarning ajab ekandir yuzi,
Kimlardir ro‘yini o‘rtib boradir.

Kimlar, alam bilan o‘tibdir soli,
Kimlarni band etmish go‘zal xayoli,
Kimlardir umrinda totmaydi bolni,

Kimlar zahar-zaqqum yutib boradir.

Kimsalar Haq demas, g‘alatga do‘nar,
Kimsalar ucharu, kimsalar qo‘nar,
Nechalarning farzand-zuryodi unar,
Qanchalar befarzand o‘tib boradir.

Kimlar bu dunyoda iqbol otmishdir,
Kimdir tutgan niyatiga yetmishdir,
Kimlar Haqni chorlab, yig‘lab yotmishdir,
Bu dunyoda har kim yo‘rtib boradir.

Kimlar ojiz jonni mol deya yoqib,
Kimlar ketmish vatanini tark etib,
Kimlar elni, din-iymonni unutib,
Kimlar uni qoim tutib boradir.

Maxtumquli, kimsa dashtdadir sarbon,
Kimsa aylar bo‘ldi bir zolim farmon,
Kimlar bu dunyodan aylabon armon,
Kimlar xandon bo‘lib, o‘tib boradir.


DARDIMNING BORIN SO’YLAYIN!..

Tirik dushmanim, naylayin,
Qari falak g‘olib tushdi.
Dardimning borin so‘ylayin,
Tepa sochim bir dam uchdi.

Ayirdi ko‘zda nurimdan,
Bog‘da olma, anorimdan,
Mengli degan ul yorimdan,
Yonib yurak, qaynab toshdi.

Chiqmas bo‘ldi suhbat-sozim,
Eshitsa Alloh ovozim,
Ko‘rinmas bo‘ldi yulduzim,
Oyim botdi, kunim oshdi.

Zahardir berilgan oshlar,
Bor, so‘ra, ketdi qardoshlar,
Tarqab ko‘ngildosh, sirdoshlar,
Eron, Turon, Afg‘on oshdi.

Yot bo‘ldi Islomning yo‘li,
Hech kimning yo‘q o‘y-xayoli,
Yolg‘iz qolgan Maxtumquli,
Bas aylagil, aqling shoshdi!..


O’LSANG, SENI KIMLAR YODLAR?..

Odam o‘g‘li, falak sening
Bir kun to‘ning bichar-ketar,
Senga urar xanjarini,
Jallod qoning sochar-ketar.

Kezma dunyoga mayl etib,
Behuda yerda sayl etib,
Avval qo‘nganlaring o‘tib,
Ko‘z ochguncha ko‘char-ketar.

O’lsang, seni kiming yodlar? -
Kishnab qolar bedov otlar,
Uni mingan bo‘z yigitlar
Qora yerni quchar-ketar.

Dunyoning so‘ngi barboddir,
Benamozning joyi o‘tdir,
O’lim bir achchiq sharbatdir,
Har kim undan ichar-ketar.
 
Ko‘ngil aytadir: "O’lmasang,
Lahadda tanho qolmasang,
Egangga to‘g‘ri bo‘lmasang -
Iymon sendan qochar-ketar».

Maxtumquli, bu ne joydir,
Ajab bir karvonsaroydir,
Dunyo bir lo‘li-oroydir,
Bir kun seni quchar-ketar.


KIMDIR GADO, KIMDIR SULTON FALAKDAN

Boy o‘g‘liga aytar: "Izim tutarsan" -
Bexabar bo‘lubon nodon falakdan.
Ko‘rgan aytar: murodingga yetarsan,
Unutibdir, kelar armon falakdan.

Tog‘lar, ishonmagil toshli bo‘rkingga,
Navjuvon, tayanma yuzda ko‘rkingga,
Odam o‘g‘li, quvonmagil erkingga,
Erta vatan bo‘lar zindon, falakdan.

Umrim soli karvonini yo‘qotdi,
Kimlar folga chopib, iymon unutdi,
Falakdan mol oldi, qayta tarqatdi,
Kimsa gado, kimsa sulton falakdan.

Falak urar bo‘ldi, gar topsa evin,
Azmidan larzondir osmonu zamin,
Ul Sulaymon, Iyso, Mahdiy ham Amin -
Bari o‘tdi, ko‘rib ziyon falakdan.

Falak tashvishini kimlar bildilar,
Ko‘plar yig‘lar bo‘ldi, ozlar kuldilar,
Yo‘lbars, bo‘ri tulkilanib keldilar,
Haq qoshiga, tilab omon falakdan.

Bizning ko‘rgan do‘stlar ovvora qaytdi,
Bosh ko‘targan erlar bechora qaytdi,
Yo‘rQa arab otlar, boq, xora qaytdi,
Qimmati ayrilib yomon falakdan.

Duch kelganlar bilan ul savash qildi,
Majolsiz odamga, boq, kurash qildi,
Bir necha baxillar xunuk ish qildi,
Kelar deya qo‘lga davron, falakdan.

Aql o‘tmas, dur yasalmas ustodsiz,
Odam o‘g‘li, o‘tar bo‘lding sen otsiz,
Bunda kelib, qolar bo‘ldi qanotsiz,
Tamosho aylanglar, parron falakdan.

Poy ostinda og‘ir jisming ko‘tarib,
Fotiha olmadim, ishing bitirib,
Maxtumquli, tilga doston keltirib,
Chekar bo‘ldi ohu fig‘on falakdan.


SAYYOD DUNYODIR

Odam o‘g‘li, tingla so‘zim bir zamon,
Jon izlab sargardon, fasod dunyodir.
Bir kun yoqang tutar, bilsang, begumon,
Ammoki, bir zarur hojot dunyodir.

Kimga nasib etdi ul obi hayot,
Dardi oshib kelar bu jondan ziyod,
Bu jahonga sayr qilgan odamzod,
Umriga qilguvchi la’nat dunyodir.

Qani, boqing, Qorun fe’lin, nayladi,
O’zi o‘tar bo‘ldi, molin nayladi?
Nuh nabiyning, ko‘ring, solin nayladi,
Bahor fasli chiqqan nabot dunyodir.

Iskandar go‘lmidi jahonni olgan,
Qani, ko‘ring, ayting, kim undan qolgan?
Bu foniy jahonning tashvishi yolg‘on,
Baxillarga ulug‘ izzat dunyodir.

Rustam, Zol ne ishning boshini tutdi,
Gardishga sar soldi, ul falak yutdi,
Jon matosin borib tuproqqa sotdi,
Izinda yig‘latgan tog‘at dunyodir.

Chin-Mochinni qo‘ydi zulm ostinda,
Do‘zax ochar bo‘ldi zamin ustinda,
Hindistonni ohu zorning qastinda
Qo‘yib borgan, ko‘ring, pisand dunyodir.

Qorun kechar bo‘ldi, fe’lin ko‘zlabon,
Yusuf o‘tar bo‘ldi, kalom so‘zlabon,
Odam o‘g‘lin zamin ichra gizlabon,
Undan chiqmas qilgan lahad dunyodir.

o‘avvosni band qildi ummon ichinda,
Bulbul asir tushdi bo‘ston ichinda,
Lu’ band bo‘ldi, boqing, daryo ichinda,
Har kimga ser solgan xunbod dunyodir.

Bodi shutri minib, alvona yursam,
Ko‘zim botil bo‘lsa, jahonni ko‘rsam,
Istasa ul Yorim, bosh bilan yursam,
Dashtga tushib urgan sayyod dunyodir.

Maxtumquli aytar: majolim bordir,
Kunlar o‘tar bo‘ldi, oh-zorim bordir,
Chekkanim jabrdir, pesham ozordir,
Yolg‘iz qolib borgan oqibat dunyodir.


NODON FALAK, AMON-AMON!..

Beklarimiz qilar kengashni,
Nodon falak, amon-amon!
Boshga qo‘yarsen tashvishni,
Nodon falak, amon-amon!

Davlat qushi osmon keldi,
Haq siyladi, nazar soldi,
Oy-Kunlar ko‘rib uyaldi,
Nodon falak, amon-amon!

Yaxshilar kengashni tutgan,
Falakni keyinga otgan,
Zindon ichra G’ofil yotgan,
Nodon falak, amon-amon!

Ancha jabr qilar bo‘lding,
Omonatni olar bo‘lding,
Choh-gardishga solar bo‘lding,
Nodon falak, amon-amon!

Nomardlar yo‘lbars bo‘libdir,
Yil-kunimga hars bo‘libdir,
Zanon bari bars bo‘libdir,
Nodon falak, amon-amon!

Ko‘p chekibman jabru jafong,
Ro‘yin ko‘rmamisham safong,
Dasting tutdim, ajab turfang,
Nodon falak, amon-amon!

Maxtumquli aytar: "Amon,
Yaqin keldi oxir zamon,
Tog‘ boshinda hijron tumon,
Nodon falak, amon-amon!"


HAZRATI YUSUFNI BAYON AYLAYIN

Daftarlar ichinda bir kitob ko‘rdim,
"Qasasul-anbiyo" otli, yoronlar.
Hazrati Yusufni bayon aylayin,
Qissasi shakardan totli, yoronlar.

Ranji azim, rohati ko‘p, shuni bil,
So‘zlari hadisdir, oyati dalil,
Bani Ishoq ibni Ibrohim Xalil,
Yalovuch urug‘i, zotli, yoronlar.

O’n ikki o‘g‘li bor, aytsam zuryodin,
Xabar so‘rsang, shudir bu asl zotin,
Illalloh, Tangrining ul mo‘‘jizotin,
Ya’qubni nobino etdi, yoronlar.

Yetti yoshda ko‘rdi Yusuf bir tushni,
Yoronlar, taajjub Allohning ishi,
Sham’un, Raybil degan o‘gay qardoshi
Yusufni bir chohga otdi, yoronlar.

"Yusufjonni bo‘ri yedi", dedilar,
Bir bo‘rini tutib, bog‘lab keldilar,
Hazrati Ya’qub bir duo qildilar,
Bo‘ri o‘z holini aytdi, yoronlar:

"Bir bolam bor, yo‘qotibman yonimdan,
Uch kun bo‘ldi, istab topmam yobondan,
Tilaging qabuldir sening Subhondan,
Duo qil", deb umid etdi, yoronlar.

Yusufni soldilar tahti zaminga,
Uning dog‘i ko‘ngli bo‘ldi kamina,
Haq amr etdi ul Jabroil aminga,
Bir damda Yusufni netdi, yoronlar.

Choh ichinda yotdi uch kecha-kunduz,
Hazrati Jabroil saqladi tamiz,
Bir Oy-u bir Quyosh, so‘ng o‘n bir yulduz
Yusufga ko‘p ta’zim etdi, yoronlar.

Bir karvon kelardi Misrdan Shomga,
Nogahon yetdilar ushbu maqomga,
Bashir, Bashar degan ikki g‘ulom-a,
Quduqdan kuvini tortdi, yoronlar.

Kuvini chiqardi chohning tashina,
Yusuf chiqdi, oydek bo‘lib nishona,
Yuz ming shukr qildi ul dam Subhona,
Qullar iymon arzin etdi, yoronlar.

Allohning amriga sunib bo‘ynini,
Beklar, ko‘ring, bu shum falak o‘ynini,
Hazrati Ya’qubning nuri ‘aynini,
Qullar Xojasiga eltdi, yoronlar.

Malik tujjor olib bordi Kan’ona,
Xabar topdi qolgan o‘n to‘rt devona,
Yusuf: "Sodiq qulman" dedi mardona,
O’n sakkiz dirhamga sotdi, yoronlar.

Podshoh Ro‘yon Malik edi, ey falak,
Vazirining nomi Azizdir, beshak,
Ular Zulayxoga berdilar darak,
Malik tujjor anga sotdi, yoronlar.

Dallollar yig‘ilib, baho qo‘ydilar:
"Bo‘yiga teng oltin-kumush", – dedilar,
La’lu javohirdan ancha uydilar,
"Hali ham arzon", – deb aytdi, yoronlar.

Shahar o‘rtasinda bir taxt qurdilar,
Yusuf: "Sodiq qulman" – deya turdilar,
Qiymat qo‘yib Zulayxoga berdilar,
Oxir murodiga yetdi, yoronlar.

Oshiq bo‘ldi er Yusufning ko‘rkiga,
Soldilar yetti qat yerning berkiga,
Olti xotin qo‘ymadilar erkiga,
Yusuf ham ularga netdi, yoronlar?!

Xotinlar makridan qochdi, qutuldi,
Ko‘ylagin yirtdilar, tashda tutildi,
Necha yillar zindon ichra yotildi,
Yusufdan barchasi o‘tdi, yoronlar.

Yusuf sodiq yotar zindon ichinda,
Podshoh bir mo‘‘jiza ko‘rdi tushinda,
Munajjimlar bari qotib qoshinda,
Har qaysi bir ta’bir aytdi, yoronlar.

Alqissa, bu ta’bir Yusufga yetdi,
Yusuf ham ul tushning bayonin etdi,
Ibrat olib, podshoh ra’yindan qaytdi,
Barini musulmon etdi, yoronlar.

Yusuf taxtga minib, podshoh bo‘ldilar,
Tamom Misr xalqin sotib oldilar,
OQalari kelib, ta’zim qildilar,
Kulli gunohlarin o‘tdi, yoronlar.

Maxtumquli, so‘zlar Haqning san’atin,
Bandasan, Hotifning amriga ko‘ngin,
Kimga besh kun berar, kimgadir o‘n kun,
Suravering, davron o‘tdi, yoronlar!..


GUNOHIM GUZASHT AYLA

Ey, Karimi korisoz,
Gunohim guzasht ayla!
Ey, Rahimi chorasoz,
Gunohim guzasht ayla!

Yetmasa karam Sendan,
Ketdi ixtiyor mendan,
Jurmum chiqardim chandon,
Gunohim guzasht ayla!

Yuz g‘am birla tanda jon,
Istaydir Sendan amon,
Fazling birla, yo Subhon,
Gunohim guzasht ayla!

Garchi bo‘ldim gunohkor,
Satr ayla aybim, Sattor,
Karam ayla, yo G’affor,
Gunohim guzasht ayla!

Lutfingni izhor aylay,
Ko‘nglimni qaror aylay,
Tavfiqingni yor aylay,
Gunohim guzasht ayla!

Aql yetmas zotingga,
Fikr o‘tmas sifotingga,
Birliging hurmatiga,
Gunohim guzasht ayla!

Maliksan, bo‘lsa har na,
Kim yetdi sun’ing sirina?
Uch ming isming xotirina,
Gunohim guzasht ayla!

Biz bechora ummatning,
Ummati Muhammadning,
Hurmatiga Ahmadning,
Gunohim guzasht ayla!

Sun’ing tushib shavqiga,
Etding Ahmad zavqiga,
Osmon, zamin haqqiga,
Gunohim guzasht ayla!

Saxiylar ehsoni-chun,
Shahidlarning qoni-chun,
Junbandalar joni-chun,
Gunohim guzasht ayla!

Senga boqqan yuzlar-chun,
Sen deb yig‘lar ko‘zlar-chun,
Hamding aytgan so‘zlar-chun,
Gunohim guzasht ayla!

Ko‘kda yulduz hurmati,
Yerda navro‘z hurmati,
Kecha-kunduz hurmati,
Gunohim guzasht ayla!

Baland tog‘lar haqqiga,
Cho‘lu qirlar haqqiga,
Yerlar, suvlar haqqiga,
Gunohim guzasht ayla!

Sendan bo‘lmasa madad,
Holimga voy, yo Ahad,
Firog‘iy der: Yo, Samad,
Gunohim guzasht ayla!


"ALIF" – AVVAL IBTIDO!..

"Alif" – avval ibtido, hamding yetkaz Xudoga,
"Be" – bo‘sh yurma qullikda, tushsang dardu baloga,
"Te" – tur xobi Qaflatdan, umring kelmish aroga,
"Se" – saqar bor, hazir bo‘l,
"Jim" – jahd ayla yarovga,
"He" – hilmingning hurmati, rahm et men benavoga,
"Xe" – xasorat-alamni mendan o‘zga kim aylar,
"Dol" – dardimga davoni Sendan o‘zga kim aylar,
"Zol" – zunubu gunohga,
"Re" – rahming marham aylar,
"Ze" – zor aylasa xashming, barchasin barham aylar,
"Sin" – saharlar bedor et, ko‘zingni tik Xudoga.
"Shin" – shavqingga tushganlar,
"Sod" – sabr etib turmaslar,
"Zod" – ziyongni olganlar, hey, yurarlar hormaslar,
"To" – talabi diydoring, orom-qaror qilmaslar,
"Zo" – zohirdir
"‘Ayn" – ilming, bildirmasang, bilmaslar,
"G’ayn" – G’aflat ichinda qo‘yma meni firoQa.
"Fe" – fikringni qilganga
"Qof" – qudrating bas erur,
"Kof" – "Kun!" degan binongga
"Lom" – lam’ating bas erur,
"Mim"dan ma’no olganga,
"Nun" ne’mating bas eru.
"Vov" – vaslingga yetguncha
"Ho" – hijrating bas erur.
"Lom-alif" – yo‘q e’tibor dunyoi bevafoga.
"Yo" – yolg‘onchi dunyoning peshasi ol bilandir,
Olin ko‘rib quvonma, tubi zavol bilandir,
Charxning ishi har zamon bir ayri hol bilandir,
Maxtumquli, bir ko‘nglim yuz ming xayol bilandir,
Ishim oson etmasang, qaytar "‘alas-salo"ga.
UL MUHAMMAD AHMADI MUXTORI KO’RDIM – SHUNDADIR

Yaxshilar tutmish bino, bir shahri ko‘rdim – shundadir,
Ishq matoini sotar bozori ko‘rdim – shundadir,
Xo‘b shajarlar bo‘y cho‘zibdir, bori ko‘rdim – shundadir,
Namli gullardek pari Farxori ko‘rdim – shundadir,
Yuz karashma-shevali dildori ko‘rdim – shundadir.

Qoim o‘lsang istamaslar, ketsangki ovoz aylabon,
So‘zlasang bermas sado, so‘zlamasang roz aylabon,
Ko‘nglingni ham band aylabon, o‘zingni parvoz aylabon,
Bir pari pinhon o‘tirmish "Kelma" deb noz aylabon,
Ul pari-paykar sifatli yori ko‘rdim – shundadir.

Ul Xizr, Ilyos bilan Ahmad, Sulaymon anda bor,
Ul Salim shoh, Makka xoni – ibni Sulton anda bor,
Boyazid, Sulton Uvays, Xarqonu Sufyon anda bor,
Bir necha Majnun kabi choki girebon anda bor,
Tayanar Muso asosi – mori ko‘rdim – shundadir.

Bahr aro baliq ichinda rohat aylab uxlagan,
Imtihon uchun unga g‘urmi kalonlar beklagan,
Do‘st bo‘lib Allohiga, dushman qo‘lida saqlagan,
Manjaniqqa bog‘lanib, bir otash ichra otlagan,
Ka’ba bunyod aylagan me’mori ko‘rdim – shundadir.

Yuz yigirma to‘rt mingu yetti yuz Payg‘ambari,
Uch ming o‘n uch mursalu, ham alar – toji sari,
Yuz yigirma to‘rt ming durdonaning bosh gavhari,
Ummatining shofi’i, Maxtumqulining manzari,
Ul Muhammad Ahmadi Muxtori ko‘rdim – shundadir.


KO’NGLIM ICHRA KELDI BIR NECHA MISOL

Uchradim Ilyosga, Xizr o‘ldi visol,
Ko‘nglim ichra keldi bir necha misol.

Qo‘l ko‘tardim, turdim nazru niyozga,
Dedim: "Ruxsat bo‘lsa, aytayin savol".

Dedim: "Nedir bu dunyoning borligi?",
Dedi: "Yotsang tushdir, turganda-xayol".

Dedim: "Yo, Rab, dunyo nega o‘xshaydir?",
Dedi: "Qari kampir, yuzida yo‘q xol".

Dedim: "Nedir mulki jahon sevgisi?",
Dedi: "Dardisardir, bo‘yningga vabol".

Dedim: "Dunyo uchun nadir bahsu jang?",
"Behuda bug‘z etmoq, bekor qol-maqol".

Dedim: "Ahli zamon nega band o‘lmish?",
"O’g‘il-qiz suymoqqa, jam’ etmoqqa mol".

Dedim: "Bu sevgidan, moldan ne hosil?",
"Yig’mog’i qayg’udir, ketmog’i malol".

Dedimki: "Zulm ahli qanday zumradir?",
Dedi: "It va bo‘ri, mushuk va shoqol".

Dedim: "Andan nafsim necha ram bo‘lur?",
Dediki: "Bir qilmoq bilan go‘shimol".

Dedim: "Banda jahdi boshga yetarmi?",
Dedi: "Yetmas, istamasa Zul-jalol".

Dedim: "Yo, Rab, kadxudolik qandaydir?",
Dedi: "Yoshga – ishrat, qayg‘u – kalonsol".

Maxtumquli so‘zi durdir bilganga,
Boshda hushing bo‘lsa, so‘zga quloq sol!


SAHAR TURIB, BIRUBORGA YUZ BURSANG

Duo qilsam, dargohiga borarmi? -
Sahar turib, Biruborga yuz bursang.
Yo Rab, barhaq, do‘sti xushvaqt bo‘larmi? -
Bir ko‘ngil-chun yuz hunarga yuz bursang.

Sahar turib, nolish qilsang Xudoyga,
Kunga qo‘l ko‘tarib, yolborsang Oyga,
Davlat uchun boqsang davlat humoyga,
Ganj uchun sehr o‘qib, morga yuz bursang.

G’arq bo‘lsang daryoga, duch kelsang darda,
Tama’ uchun ochma yuzingdan parda,
Saqlan, yaqin borma nojins-nomarda,
Ishing tushib, do‘stu yorga yuz bursang.

Nomardga yuz bursang, ishing undirmas,
Itdan suyak so‘rgan bir zot tindirmas,
Tulki o‘zin kunda bir bor to‘ydirmas,
Sozdir, och bo‘lsang ham, sherga yuz bursang.

Maxtumquli, garchi baxting sho‘r bo‘lar,
Mavlom nazar qilsa, davlat yor bo‘lar,
o‘am sendan daf’ bo‘lar, darding dur bo‘lar,
Kamolxon afg‘ondek erga yuz bursang.


OSHIQLAR HAQ ISHQINDA

Oshiqlar haq ishqinda
Hayrondadir-hayronda.
Ko‘zlar zaif izinda,
Giryondadir-giryonda.

Qildi anga Haq rahmat,
Nuri tajalliy qudrat,
Xirqa kiygan Xoja Ahmad
Sayramdadir, Sayramda.

Yerdan chiqqan og‘ochlar,
Tili sanoli qushlar,
Subhon suygan darvishlar
Davrondadir, davronda.

Ayil, oshiQim, ayil,
Majnun bo‘l, xalqqa yoyil,
Xalil o‘g‘li Ismoil
Qurbondadir, qurbonda.

Tur tog‘inda turanlar,
Necha g‘oyib eranlar,
Jamolini ko‘ranlar
Farmondadir, farmonda.

To‘ldirgan bu dunyoni,
So‘zlar har du saroni,
Kulli ishning bayoni
Qur’ondadir, Qur’onda.

Maxtumquli, och tillar,
Qulluq qil oylar, yillar,
Erta qulluqsiz qullar
Armondadir, armonda.


KECHDI

Ellik ming yil davron surgan Bani jon
Dunyoda qolmadi, yerma-er kechdi.
Yuz yigirma naslu farzand keltirgan
Odam Havvo bilan sar-basar kechdi.

Haq O’zi boshlaydir yo‘lga bandani,
Yo‘lga kirib, umidli bo‘l san qani,
Shis bilan Kayumars kiygan jandani
Rustam, Zol kiyibon, qalandar kechdi.

Devlarni band etib, dinga yetkazgan,
Sura-sura, bu dunyodan ketkazgan,
Zaminu daryoga hukmin o‘tkazgan
Sulaymon sifatli Iskandar kechdi.

Yusha’ o‘g‘li Dovud olamni surdi,
Haq anga Zaburdek kalomni berdi,
Hazrati Dovudning huzzor shogirdi -
Olti ming olti yuz ohangar kechdi.

Ko‘plarni kechirmish bu ko‘hna jahon,
Oxiri insondir, oldi – Bani jon,
Maxtumquli aytar: qolmadi yakson,
Yuz yigirma to‘rt ming Payg‘ambar kechdi.


KETGUM YUSUF DEYA-DEYA
Muxammas

Hijronida haddan ortiq yongum Yusuf deya-deya,
Necha durdonadir, ko‘zdan to‘kkum Yusuf deya-deya,
Qon yig‘larman shomu sahar, netgum, Yusuf deya-deya,
Men Ya’qubman, ohu zorni chekkum Yusuf deya-deya.
Ko‘zlarimdan qonli yoshim to‘kkum Yusuf deya-deya.

Bu dunyoning jafosindan girihlar tushdi qoshima,
Dushmanim ham qon yig‘laydir ko‘zimdan oqqan yoshima,
Sirrimni izhor aylasam, olamda bir yo‘ldoshima,
Falak yig‘lar ko‘z yoshima, ne savdo tushdi boshima,
Majnun bo‘lib tog‘ boshiga chiqqum Yusuf deya-deya.

Boqmadimi Oy nozanin, gulgun yuz uzra sunbula,
Mag‘rur o‘lma bunday tila, kim, mushkin anbar kokila,
Gulning vafosi bo‘lmamish, yuz nola qilsa, bulbula,
Bir tarafdan jilg‘a-jilg‘a, bulut o‘ynar, solar ko‘la,
O’n olti tog‘, yetti cho‘lga ketgum Yusuf deya-deya.

Ishqning balosidan yetib xanjar manga, ey siymu zar,
Jonimga hajring o‘tidan bir turfa yetdi dardisar,
Bul vasfining zavqi bilan yozdim, bo‘lib xuni jigar,
Ketdi Yusuf, kelmas xabar, yig‘lab turarman har sahar,
Qal’a-qal’a, shahar-shahar kezgum Yusuf deya-deya.

Tarahhum qilmas ul dilbar, hijronida bu nolaga,
Og‘zim qurib, damo-dame Layli kabi shakarxoga,
Qilsa tabassume gar ul, men jafoli dil yaroga,
Magar Yusuf tushdi chohga, jamoling deb boqqum Oyga,
Iroq zamin, Karbaloga boqqum Yusuf deya-deya.

Bu falakning shiddatidan, kim tilimda zohir dog‘lar,
Zulmi bashar xayolikim, ko‘nglimda giribon bog‘lar,
Ko‘rsa bu holimi kishi, holima zoru zor yig‘lar,
Hasratima falak yig‘lar, oshiq bo‘ldi tilsiz zog‘lar,
Farhod bo‘lib, buyuk tog‘lar yiqgum Yusuf deya-deya.

Ko‘yingni istab, ey nigor, men bormisham yo‘ldan-yo‘la,
Berdim savtu navongni man jon birla har guldan-gula,
Qanot bog‘lab uchsam edi, men Qoz kabi ko‘ldan-ko‘la,
Yusuf kezar tildan-tila, shaydo bo‘lib cho‘ldan-cho‘la,
So‘roq solib, eldan-ela chiqqum Yusuf deya-deya.

Ichdi sening zolim ko‘zing mening qonim qona-qona,
Zulfing domiga sayd o‘ldim, ko‘rib xoling dona-dona,
Jonim fido qilsam, ozdir, sening kabi jona-jona,
O’tar kunim do‘na-do‘na, kechar bu jon yona-yona,
Ertayu kech Oy-a, Kun-a boqqum Yusuf deya-deya.

So‘rsa Nizomiy, dunyada jonlanar yaxshi so‘zidan,
Topmay kushoda baxti, ul tole’ ila yulduzidan,
Ko‘rsa mundog‘ vafolari, har kim turib o‘z-o‘zidan,
Maxtumquli, do‘st yuzidan, tinmay yosh oqar ko‘zidan,
Bulbul bo‘lib, Yor so‘zidan aytgum Yusuf deya-deya.


BIR KUN HAZRATI ALI

Ey yoronlar, musulmonlar,
Ko‘ring bu hukmi Dovari:
Ki masjidda o‘ltirmishdi
Bir kun Murtazo Ali.

Orqa qo‘ymish mehroba,
O’zin bermish Kitoba,
Katta-kichik sahoba
Yig‘ilmishdi ham bari.

Ul shohi safdar bildi,
Bir ko‘kcha kaptar keldi,
O’ltirib ta’zim qildi:
"Salom ‘alayk, yo Ali!

Sensan dinim, iymonim,
Sanga qurbon bu jonim,
Falon yerda oshyonim,
Yosh bolam bor, yo Ali!

Yeru Ko‘k orasinda,
Xirmonlar qirrasinda,
Xudoning panosinda,
Kelardim saharlari.

Tayr etardim har yona,
Shukr etardim Subhona,
Istarman, yig‘sam dona,
So‘ng eltsam oshyon sari.

Dushmandan g‘ofil edim,
Xurramu xushhol edim,
Bolamga mashg‘ul edim,
Ko‘rdim-ku, bir shohfari .

Ko‘rdim, bir lochin kelar,
Havoda havolanar,
Bildimki, jonim olar,
Omon bermas, yo Ali!

Qo‘rqib, betog‘at bo‘ldim,
Shirin jondan qo‘l yuvdim,
Sening yoningga keldim,
Qutqar meni, yo Ali!"

Ali chun voqif bo‘ldi,
Kaptarning holin bildi,
Lutf ila karam qildi,
Dedi: "Kaptar, kel beri!"

Kaptar keldi yoniga,
"Bermam lochin changiga" -
Qo‘l uzatdi, yengiga
Soldi kaptarni Ali.

Shul damda lochin keldi,
Hazratga arzin qildi,
Lutf ila ta’zim qildi:
"Salom ‘alayk, yo Ali!

Har saharlar ovlardim,
Tog‘u dashtni poylardim,
Bir kaptarni quvlardim,
Kelibdir sizning sari.

Dardmondaman, muhtojman,
Sharmandaman, g‘allojman,
Bu kun uch kundir, ochman,
Ovim bergil, yo Ali!"

Ul sheri Parvardigor,
Ul sohibi zulfiqor,
Ul shohi duldulsuvor,
Nido qildi Qambari.

Qambar chun zohir bo‘ldi,
Lutf ila karam qildi,
Dedi: "Xizmat, ne bo‘ldi,
Chaqirdingiz bizlari!"

Dedi charxi chambara,
Mushk qo‘shilgan anbara,
Ali dedi Qanbara:
"Olib kelgin xanjari!"

Ko‘ring, endi ne qilar,
Istar – ul karam qilar,
Lochin dedi Aliga:
"Siz netarsiz xanjari?"

"Ey lochin, men Haydaram,
Sohibi lutfu karam,
O’z tanamdan et beram,
Sen tilama kaptari!"

Xanjar chiqdi qinidan,
To et kesgay yonidan,
Lochin tutdi qo‘lidan,
Dedi: "Kesma, yo Ali!

Sening ishing karamdir,
Qo‘llaring muhtaramdir,
Bu et bizga haromdir,
Ey sen, Sog‘i kavsariy!

Lochin deb bilmang mani,
Kaptar demanglar ani,
Sinamoq uchun sani,
Kelgandik sizning sari!"

Shohdan ruxsat oldilar,
Oyoq uzra turdilar,
Uchib, parvoz qildilar,
Ketdilar osmon sari.

Tamom bo‘ldi bu so‘zlar,
Etsa kerakdir asar,
Maxtumquli xokisor -
Shohimardon chokari !..


BU QURUMSOG’ KIMGA VAFO AYLADI

Vasfin bayon aylay Xo‘tan shohining,
O’z yuzin olamga jilo ayladi.
Barcha malak chiqarmoqqa jahd etib,
Birdan tasbih aytib, sado ayladi.

Xudoning amrini shayton tutmadi,
Odamni tuproq deb, qabul etmadi,
Hammasi bosh qo‘ydi, shayton egmadi,
Sajda qilmoqlikdan ibo ayladi.

Xazina o‘rniga to‘ldirib toat,
Umrining boricha qilmay farog‘at,
Oxir tushdi unga bir tavqi la’nat,
Alloh mehnatlarin bejo ayladi.

Yoronlar, aytayin yangi hikoyat,
Nusxalarda ko‘rdim shunday rivoyat,
O’zi eshon edi – piri hidoyat,
Zamonida bir ish bino ayladi.

Qirq ming muridi ham bor edi, komil,
O’zi bir eshondir – piri mukammil,
Oxirida bir ish qildi ul johil,
Alloh uning yuzin qaro ayladi.

Bo‘lib erdi o‘zi vosili dargoh,
Nomi erdi aning Shayxi Barsiso,
Oxirida bir ish qildi ul gumroh,
O’zi o‘zin ro‘yi siyoh ayladi.

Shahri Madinaga shuhrati ketib,
Uning ovozasi olamni tutib,
Navbat Hasan otli yigitga yetib,
Muxosim qo‘ymayin, rizo ayladi.

Hasanda bor edi bir toza xohar,
Mohi tobon erdi, husni munavvar,
Kimga topshirmoqni aylab muqaddar,
O’z ko‘ngliga shayxni barjo ayladi.

Singlisining qo‘lin tutibon yurdi,
Yugurib ul shayxning yoniga bordi,
Singlisining holin shayxiga yordi,
Shayx o‘zini unga panoh ayladi.

Shayx ul nozaninning jamolin ko‘rib,
Unga ko‘p oshiqi nigoron bo‘lib,
Oshiqlik sharbati shayxni mast qilib,
Shayx Tangridan qo‘rqib, ibo ayladi.

Bir kuni yo‘liqdi ul shayxga shayton,
Shayton o‘zin yasab bir azim eshon,
Shaytonga inondi ul shayxi nodon,
Shaytonga ixlosin bajo ayladi.

Shayx dedi: "g‘am bilan oqar ko‘z yoshim,
Aning uchun doim yig‘lamoq ishim,
Bir gunoh qilibman, to‘zmaydir boshim",
Shaytonni shayx oxir rizo ayladi.

Dedi: "Ishq dardining davosi uchun,
Alloh tutmas aning gunosi uchun,
Haqqa ibodat qil rizosi uchun" -
Shayton mal’un so‘zin ado ayladi.

Barsiso shaytonning so‘ziga kirib,
Ham sharob ichib, ham zinoga yurib,
Mast bo‘lib, ul qizning yoniga borib,
Nolishiga boqmay, zino ayladi.

Ul qizning bo‘yida homila qoldi,
Shayx qizni o‘ldirib, dashnovga soldi,
Singlisini istab og‘asi keldi,
Shayx dedi: "Qardoshing qazo ayladi".

Hasan yig‘lab ketdi, uftona-xezon,
Banogoh oldiga uchradi shayton:
"Singlingni o‘ldirdi ul shayxi nodon" -
O’asanning ko‘nglini taboh ayladi.

Hasan qaytib, shayxning uyiga yurdi,
Singlisin o‘ligin dashnovda ko‘rdi,
Shayxni olib, shohning yoniga bordi,
Hasan arzin shohga bayon ayladi.

Shoh buyurdi: "Shayxni osinglar dora!"
Shayx suvsab, tilini qildi ming pora,
Suv uchun iymonin, ul yuzi qora,
Shayton suvga ani taboh ayladi.

Maxtumquli, besh kun sog‘ bo‘lsin joning,
O’lguncha tilingdan qo‘yma ehsoning,
Qanchasini ko‘rdim foniy dunyoning,
Bu qurumsog‘ kimga vafo ayladi!..


KIM FONIY DUNYODA QOLAR, YORONLAR?..

Kel, ko‘nglim, azm ayla boqiy dunyoga,
Kim foniy dunyoda qolar, yoronlar?!
Bu dunyo mulkinda Mulki Mavloga,
Ne kufrdir, munkir bo‘lar, yoronlar.

Kim qolar o‘lmasdan, ajal yetgan so‘ng,
Qo‘ymaslar kezmoqqa, yaqo tutgan so‘ng,
Iyso bilan Mahdiy kelib yetgan so‘ng,
Isrofil bir sayha qilar, yoronlar.

Haqning qudratiga boqsin ko‘zlaring,
Yuzlari cho‘l qolar tog‘u tuzlarning,
Ucharning, yurarning, tili so‘zlarning,
Azroil jonini olar, yoronlar.

Azroil qahr ila kelar shaytonga,
Shayton ojizlanib, qochar har yonga
Bilarki, qutulmas, qochib bir yonga,
Sarandibga borib o‘lar, yoronlar.

Ul kunning dahshati kechar fardoga,
Osmonni sust aylar, zaminni zoya,
G’azab to‘nin kiyib, kelar daryoga,
Daryolar qo‘rqibon, qurir, yoronlar.

Yig‘ilar, yo‘q bo‘lar tog‘lar, saroylar,
Yulduzlar to‘kilar, ketar bu joylar,
Quyosh nursiz chiqar, tutilar Oylar,
Tog‘lar qo‘rg‘oshindek erir, yoronlar.

Odamning jonidek yog‘ar boroni,
Maysadek tuproqdan chiqar insoni,
Azroil ham berar omonat jonni,
To‘rt farishta tiriladur, yoronlar.

Isrofil sur chalar, chinqirib har yon,
Yo‘q bo‘lgan jasadlar, ayrilishgan jon,
Kesilgan tomirlar, quruq ustuxon,
Aksirib-aksirib turar, yoronlar.

Bir yondan so‘roq bor, bir yondan javob,
Bir yondan otash bor, bir yondan azob,
Bir yondan mezon bor, bir yondan hisob,
Qilgan ishing bir-bir so‘rar, yoronlar.

Dinga quvvat derlar farzni, sunnatni,
Yetmish firqa turar, ko‘ring millatni,
O’n ikki guruhda Rasul ummati,
Har biri bir jinsda turar, yoronlar.

Qo‘lsiz turar "qo‘shnim yomon" deganlar,
To‘ng‘iz bo‘lib turar namoz qo‘yganlar,
Zakotsizning qorni ilon, chayonlar
To‘lubon, qozonday qaynar, yoronlar.

Erta ochiladi berkilgan sirlar,
Yolg‘ondan guvohlik bergan esarlar,
Ensadan bo‘g‘izga qadar kesarlar,
O’tli gurzi bilan urar, yoronlar.

Jabr etgan hokimlar bo‘larlar ko‘zsiz,
Ko‘rib, aytmaganlar qolarlar tilsiz,
Zinokorlar boshi qornida, qo‘lsiz,
Oyog‘i boshida bo‘lar, yoronlar.

Mahshar xalqi bad bo‘ylardan irganar,
Gunohlari yerdan ko‘kka yuksalar,
Sudxo‘r ichaklari yerda sudralar,
Qorni otash-o‘tdan to‘lar, yoronlar.

Bu dunyoda "manim-manim" deganlar,
Jabr qo‘lin xalq ustiga qo‘yganlar,
Bir o‘t bo‘lur yetim molin yeganlar,
Ro‘siyo, sharmanda bo‘lar, yoronlar.

Poraxo‘rning ko‘zi bo‘lmas o‘rnida,
Tishi – sigir shoxi, turar burnida,
Labi ko‘kragida, tili qornida,
Yegani og‘zidan kelar, yoronlar.

Ota-ona ranjitganning kunlari –
Ichi-tashi o‘tdan bo‘lar to‘nlari,
Xalqqa rasvo, ola bo‘lar tanlari,
Suv o‘rniga zahar berar, yoronlar.

O’n ikkinchi guruh, ko‘ringlar, netar:
Masjid tuya bo‘lib, minibon ketar -
Imom boshlab borar, muazzin haydar,
Yuzlari oy kabi porlar, yoronlar.

Bular chaqmoq kabi Sirotdan kechar,
Yugurik otdek yo par bog‘lab uchar,
Egni yetmish to‘nli hur qizni quchar,
Hasrat ketib, ishrat kelar, yoronlar.

Kalomda ko‘rganin so‘zlar tilimiz,
Axir, ajal ustidadir yo‘limiz,
Maxtumquli aytar: bizning holimiz,
Yo Rab, ul kun qanday bo‘lar, yoronlar?!.


UL NE ODAMZOTDIR, BIR OT MINARLAR?..

Ne o‘n besh ayoldir, ortmas farzandi,
Ul o‘n besh ayolning uchi avloddan.
Uchi egiz, o‘n to‘rt erur payvandi,
Ul na, jimo’ aylar, na, chiqar yotdan?

Ul ne xalqdir, ko‘k-falakka qo‘narlar,
Gohi tushib, yer yuzinda tinarlar?
Ul ne odamzoddir, bir ot minarlar -
Uzangisi suvdan, jilovi boddan?

Mudom sayron kezar ul to‘rt tengu to‘sh,
Bo‘lar undan jumla olam yuzi xush,
Ul to‘rtning biridir mudom sabzapo‘sh,
Kallasi muzdandir, oyog‘i o‘tdan?

Ul kimdir, yalong‘och, g‘arib o‘tirmish,
Ovozsiz olamga so‘zin aytarmish,
Og‘zin ochib, o‘zin ya’sga botirmish? -
So‘rasang, xabar bor senga har zotdan.

Maxtumquli, solma elga ovoza,
Bular ayon turgan narsadir ko‘z-a,
Oqil erning fahmi yetar bu so‘z-a,
O’ojat ermas, borib so‘rmoq ustoddan.


BARI OXIRATGA O’TDI, YORONLAR

To‘rt ming to‘rt yuz yashar Luqmon Hakimning
Boshi qaro yerga botdi, yoronlar,
Kark bedovli, og‘ir gurzli Rustamning
Ajal jilovidan tutdi, yoronlar.

Yusufning armoni Ya’qub yoninda,
Suygani bag‘rinda, dardi joninda,
Kimning qadri bordir charxning yoninda,
Yusufni qul deya sotdi, yoronlar.

Olamga hukm etgan Iskandar sulton,
Ajal tadbiriga topmadi darmon,
Taxtin yel ko‘targan hukmi Sulaymon,
Qolmadi dunyoda, ketdi, yoronlar.

Uch yuz o‘n uch mursal, qolmadi biri,
Qani Osaf, Sulaymonning vaziri?
Qani ul Haq Rasul, Haqning o‘z sheri?
Bari oxiratga o‘tdi, yoronlar.

Maxtumquli aytar: G’ofil o‘tirmang,
Qilcha jonni uzun Qamga botirmang,
Yolg‘onchini hasrat bilan o‘tkarmang,
Bir fasl davrondir, o‘tdi, yoronlar!..


HAQ MANZIL BERDI JONA

Yo‘q yerdan surat aylab,
Haq manzil berdi jona.
To‘qqiz oylab o‘tirding,
Inib kelding jahona.

Doyasiga mindirdi,
Quchdi, bo‘ynin sundurdi,
Suyub, mehrin indirdi
Harib ota, ham ona.

Haris nafsing tindirmas,
Qochar dunyo, yetdirmas,
Umring o‘tar, tutdirmas,
Bu bozingar zamona.

Ishqimning yeli jo‘shar,
Aqlim tumani shoshar,
So‘z bordir: haddan oshar,
Ketsang, bundan u yona.

Necha jahon yayrarmen,
Bu jahonni naylarmen?
Ayb aylamang, so‘ylarmen,
Har so‘z kelsa zabona.

Maxtumquli: Yo Jabbor,
O’zing bo‘lgil madadkor,
Ko‘hna ishqqa yangi yor
Dardin qilding bahona.


SHUNDA JAHONA KELDIM

Ota belindan tushdim, ona rahmina keldim,
Qirq quvan bilan chiqib, bir zarra qona keldim,
Bir mohiyi bejonman, daryo-ummona keldim,
To‘rt oy, o‘n to‘rt soatda tirildim, jona keldim,
To‘qqiz oy tamom bo‘ldi, shunda jahona keldim.

Otam, onam suydilar, ko‘tardilar quchoqqa,
Kiyimlarim kiydirib, beladilar qo‘ndoqqa,
Gohida emaklardim, goh turardim oyoqqa,
Ona sutin emardim, qayrilib so‘lu Sog‘qa,
Ikki yoshga yetganda, yemakka-nona keldim.

Uch yoshimga yetganda men o‘ynabon kulardim,
Besh yoshimda onamdan ul-bul narsa tilardim,
Yetti yoshga yetganda do‘st-dushmanim bilardim,
To‘qqiz yoshga yetganda besh vaqt namoz qilardim,
O’n yoshimga yetganda adab-arkona keldim.

O’n ikkida har kimga men biyron so‘z qotardim,
O’n uch yoshga yetganda og‘ir majlis tutardim,
O’n beshimga yetganda tiyru to‘fang otardim,
O’n yettiga borganda ishq savdosin ko‘tardim,
Ishqning savdosi bilan surib, maydona keldim.

O’n yettidan o‘tganda shuhrat uyiga kirdim,
Oldim bir nozaninni, zavq ila safo surdim,
Bu g‘unchai gulzorning alvon gulini terdim,
Yigirmaga yetganda falak jabrini ko‘rdim,
Falak oldi yorimni, ajal-Qamxona keldim.

O’ttizga yetdi umrim, kirdi tiyru kamona,
Ko‘ngil xuruj ayladi, bo‘ldim dali-devona,
Ot minib, yaroq bog‘lab, surib kirdim maydona,
Rustami doston kabi savash qildim mardona,
Qirqqa yetganda umrim, o‘qib, Qur’ona keldim.

Qirqdan o‘tar bo‘lganda, ketdim ellik yoshimga,
Keldi o‘lim nishoni, raxna kirdi tushimga,
Har kim qari deyardi, hayron qolib ishimga,
Keksaydim, tushkun bo‘ldim, g‘avg‘o keldi boshimga,
Qo‘lga aso ko‘tarib, to‘g‘ri makona keldim.

Oltmishga yetdi umrim, ko‘rmas bo‘ldi ko‘zlarim,
Keksaydim, g‘amgin bo‘ldim, qishga do‘ndi yozlarim,
Mening so‘zim tutmaslar, ham o‘g‘il, ham qizlarim,
Olamga xush kelmadi mening shirin so‘zlarim,
Olamga yolbormoqdan toldim, amona keldim.

Yetmishga bordi umrim, yig‘lar edim zoru zor,
Ko‘zimdan yosh ketardi, misli abri navbahor,
Quloqlarim berkilib, ko‘zlarim tutdi g‘ubor,
Hovlimga yig‘ildilar qavmu qarindosh – kim bor,
Kiyimlarim yechildi, taxti ravona keldim.

Yotar edim bistarda, nogoh Azroil keldi,
Bulbul tilim bog‘lanib, qizil yuzlarim so‘ldi,
Yuz ming jafo-jabr ila jismimdan jonim oldi,
Dunyoni puch kechirdim, barcha armonim qoldi,
Keldi o‘lim nishoni, ajal-g‘amxona keldim.

G’assol qo‘lin o‘rabon, jasadim yuvdilar pok,
Yog‘och otga mindirib, eltdilar ul so‘yi xok,
Azroilning changidan ruhim bo‘libdi chok-chok,
Ikki gurzili keldi, sahmnoku g‘azabnok,
Ruhim taslim etdilar, tirildim jona keldim.

So‘radilar: "Ey odam, ayt, ko‘ray holing nadir?
Dunyoda xayr etmading, bu qiylu qoling nadir?
Ketding shayton royiga, javob-savoling nadir?
Endi tuproq ostida ilmu kamoling nadir?"
Gurzi soldi tepamdan, cho‘kib xamona keldim.

Jondan dedim: "Yo Ali!" – Topildi Shohimardon,
Og‘oyi mushkilkushod, ul amiri mo‘‘minon,
Maxtumquli der: jonim aylayin unga qurbon,
Ul Munkaru Nakirlar turmadilar bir zamon,
Shul yerda Rabbim asrab, to‘g‘ri makona keldim.


MAShG‘UL BO’LING TOAT BILAN

Umr besh kun, manzili uch,
Davroning bir soat bilan,
Yurar karvon, chekilar ko‘ch,
Yotibsan farog‘at bilan.

Sen dema: birov qo‘l cho‘zar,
Oqillar munda ish ko‘rar,
Beaqllar hangom qurar,
Ishrat istab, rohat bilan.

Kofir nafsu, shaytondir shum,
Ishlar tutar, aylab hujum,
Bir kun chiqarsanku mahrum,
Kezma xush qanoat bilan.

Jonga jafo ber, nafsga hay,
Ish qil, oxirat g‘amin ye,
Payg‘ambarga salovat de,
Shavq etsang shafoat bilan.

Banda bo‘lsang, odamzod bo‘l,
Jabbor demabdur: "Jallod bo‘l",
Xayr ishlab bor, ozod bo‘l,
Uyalma xijolat bilan.

Odam o‘g‘li o‘zin bilmas,
Nafs payinda bekor bo‘lmas,
Qismatindan qarich qolmas,
Kezsang yuz xayolot bilan.

Maxtumquli der: ey yoron,
Xalq tutgan ishga men hayron,
Kechar fursat, o‘tar davron,
MashQul bo‘ling toat bilan!


YIG’LAMASDAN,  KULGAN BORMI?..

Ey yoronlar, musulmonlar,
Yig‘lamasdan, kulgan bormi?
Yolg‘onchi – foniy dunyoda
Ketgach, qaytib kelgan bormi?

Falak, kimlarni shod etding,
Kimni g‘amdan ozod etding,
Bir nechalarni mot etding,
Sendan rozi bo‘lgan bormi?

Kimdir vafo tuxmin ekar,
Kimdir ajal zaxmin chekar,
Kimni g‘amdan ozod etar,
Sarg‘aymasdan so‘lgan bormi?

Bildim bu dunyo chog‘ligin,
G’am-g‘aflatda turmoqligin,
Xasta bo‘lmasdan, Sog‘ligin
o‘animatin bilgan bormi?

Bu dunyo ikki bo‘lakdir,
Biri qaro, bir oqdir,
Manzil ikki, yo‘l yiroqdir,
Uning fikrin qilgan bormi?

Maxtumquli, kelar, kechar,
Bu guzarda qo‘ngan ko‘char,
Yigitlik chirog‘i o‘char,
Bul so‘zimda yolg‘on bormi?..


HAQNING YODIN AYTGAN ODAM, BIL, O’LMAS

Har nokasga jon chekmog‘ing abasdir,
Qayt himmatdan, senga hargiz el bo‘lmas.
Bo‘ston sayri har odamga havasdir,
Har sabzadan, har rayhondan gul bo‘lmas.

Muxannasning hargiz bo‘lmas ko‘ngli sof,
Mardning ishin ko‘rib, aylarmiz insof,
Behudadir ani tutganing muof,
Nomardga mard bo‘lgan kishi el bo‘lmas.

Boshingga kelganin bandadan bilma,
Agar odam bo‘lsang, behuda yelma,
Yaxshilarga ergash, izidan qolma,
Bu yo‘lda tog‘ bilgan hargiz cho‘l bo‘lmas.

G’iybat bilan yuzing terisin shilma,
Hargiz shayton bilan nafsingga uyma,
Zinhor, ersen, Haqning yodini qo‘yma,
Haqning yodin aytgan odam, bil, o‘lmas.

Maxtumquli, tushni yaxshi qil ta’bir,
Rozi bo‘l, nominga ne yozsa taqdir,
Odam bo‘lsang, berma holingga tag‘yir,
Kishiga bu yo‘ldan yaxshi yo‘l bo‘lmas.


ODAMDAN DUNYODA QOLSA BIR NISHON

Odamdan dunyoda qolsa bir nishon,
O’chmas oti uning shul bunyod bilan,
Xarob bo‘lmay qolmas bunyodi makon,
Ne sud yetar unga quruq ot bilan.

O’limning fikridan bo‘lmagin G’ofil,
Ko‘p ani fikr etgay, kim bo‘lsa oqil,
Dunyo bunyodiga qo‘ymagil ko‘ngil,
Yiqar ajal, bir puflasa bod bilan.

Umring bo‘lsin besh yuz yildan ziyoda,
Rikobingda dushman yursin piyoda,
O’zing ham savsandan bo‘lgil ozoda,
Safar qilgung bir kun yog‘och ot bilan.

Bir kun qabring ko‘rib, hasrat aylarsen,
Dunyoning ishratin nechun tilarsen?
Falakning o‘yinin bir kun ko‘rarsen,
Qarindosh etganda seni yot bilan.

Oqil kishi qo‘ymas Tangrini yoddan,
E’tibor aylamas hazinu shoddan,
Maxtumquli, bir kun ketgung hayotdan,
"Vodarig‘o, darig‘!" ham "Hayhot!" bilan.


HAQ UChUN

Ey Yaratgan, murodimga yetkazgil,
Yo jamoling, Jalilulloh, Haq uchun.
Karamingdan iqbolingga dast bergil,
Avval Odam Safiyulloh, Haq uchun.

Odobi-arkoni, sharmu hayosi,
Dalilu burhondir uning guvosi,
Olamni g‘arq etdi Nuhning duosi,
Do‘sting Nuhi Nabiyulloh, Haq uchun.

Baytul Muqaddasda, Imron elinda,
Otasiz bor bo‘lgan ona belinda,
Qudrating mashhurdir Maryam o‘g‘linda,
Yo Rab, Iyso ul – Ruhulloh, Haq uchun.

Kofirlar boqqandir yoshlik chog‘inda,
Bir o‘tga yo‘liqqan Do‘st firog‘inda,
Borib roz aytishgan Sino tog‘inda,
Turi Muso Kalimulloh, Haq uchun.

O’tlabon suvlagan Arshi A’loda,
Qo‘chqorlar yuborib, qilding ozoda,
Ismoil qurboning bo‘ldi Minoda,
Yo Ibrohim Xalilulloh, Haq uchun.

Bu yo‘lda farq qilmas beklar, sultonlar,
Ey Qoyiblar, to‘g‘ri yo‘lga eltganlar,
O’n ikki imom, yetti valiy, chiltonlar,
Xizr, Ilyos – Hikmatulloh, Haq uchun.

Yetib bordi ul Me’roj qal’asiga,
Buroq minib chiqdi Arsh pallasiga,
Boshmog‘i toj bo‘lmish Ko‘k kallasiga,
Yo Muhammad Rasululloh, Haq uchun.

Yod aylashib, o‘qidilar Qur’onni,
"Alhamdu" surasi, "Yosin", "Toho"ni,
Abu Bakr Siddiq – Rasul yoroni,
Umar, Usmon, Asadulloh, Haq uchun.

Maxtumquli, chorla Rabbul-ibodni,
Dunyoyu oxirat bergil murodni,
Rasululloh qo‘ymish otin Ozodni,
Otam – Davlat Muhammad mullo, Haq uchun.


KIM ALLOHGA O’G’LIN KAFFORAT ETDI?

Fahm ayla so‘zimni, oshiqlar boshi,
Kim Allohga o‘g‘lin kafforat etdi?
Xalilulloh Haqning Ka’bataroshi,
Kim undan so‘ng Ka’ba imorat etdi?

Oziq yuklatilmas – uloqsiz ko‘ch ne?
Olti ne, yetti ne, to‘rt nedir, besh ne?
Oqdan qora bo‘lgan sharafli tosh ne,
Oti nedir, har kim ziyorat etdi?

Bilarmisen, qanday yo‘ldir, solindi
Avval qaysi Muxtor bo‘ldi, olindi?
Sham’i shu’la urdi, yondi, bilindi,
Ul sham’ni Haq kimga karomat etdi?

Kimdir, Xotam ismin ko‘rib Tavrotda,
Yo‘liqibdir tosh oyoqlar Barotda,
Bilarmisen, hayot oqar zulmatda,
Xizr bilan, kimdir, tahorat etdi?

Suvratparast nedir, vafosi hechdir,
Xabar bergil, Nuh qayig‘i ne ishdir?
Ozganga, to‘zganga dastgir ne qushdir,
Kimning turbatini ziyorat etdi?

Ul ne to‘rtdir, inib keldi sultondan,
Xalqlar shuhrat topdi, bil, necha jondan,
Qaysi malak inib tushdi osmondan,
Qay Odam o‘g‘liga inoyat etdi?

Maxtumquli, kimdir, bir joyga tushdi,
Ul kimdir, bir kecha dev olib qochdi,
Necha yildan so‘ngra keldi, qovushdi -
Tangri panohida salomat etdi?


BIZDAN SALOM O’ROZMENGLI SHOIRGA

Bizdan salom O’rozmengli shoirga,
Musulmon, kufforning farqi kimdadir?
Ul ne qushdir, qo‘nar odam boshiga,
Uning qo‘nar, qo‘nmas erki kimdadir?

Qay bandadir, qulluq etar, zot bo‘lmas,
Ne oshnodir, ming yil ketar, yot bo‘lmas,
Ul kimdirki, yig‘lar, kezar, shod bo‘lmas,
Qayda suhbat qurar, rizqi kimdadir?

Idris shunda qayda qurar suhbati,
Bil, kimdadir yerning-ko‘kning quvvati,
Ul ne qushdir, olti mingdir qanoti,
Oy-Kunning, yulduzning erki kimdadir?

Bosh uzra osdilar qaysi og‘ochni,
Haq qaysi do‘stiga berdi Me’rojni,
Bizning Payg‘ambarga berilgan tojni,
Xabar bergil, shunday bo‘rki kimdadir?

Beklar, Maxtumquli, lison jo‘sh keldi,
Ayt, Iyso ko‘kda ne shaharga yeldi,
Payg‘ambar qay zotga vasiyat qildi,
Asosi, xirqasi, bo‘rki kimdadir?


GO’ZAL HAQNING FALAGIDIR

Boshimizga savdo solgan
Go‘zal Haqning falagidir,
Shayton chiqar tinglamoqqa,
Yulduzlar uning o‘qidir.

Qalam yozganda sarxatni,
Osiy yozmish biz ummatni,
Odam Atoning sulbati
Yetti yerning tuprog‘idir.

Agar so‘zga bersang quloq,
Farishtalar turar lak-lak,
Ko‘k ko‘targan sakkiz malak,
"La ilaha!" tilagidir.

Xalil keldi tig‘ chekmoqqa,
O’g‘lini qurbon etmoqqa,
Qo‘ymagan qonin to‘kmoqqa,
Jabroilning yelagidir.

Gurg yig‘lar Ya’qub yoninda,
Duldul Alining shoninda,
Iyso eshagin minganda,
Sigir Muso ulovidir.

Tangri yaratdi hayvonni,
Behisht ko‘rmas mahshar kuni;
Sakkiz hayvonning maskani,
Derlar, jannat bulog‘idir.

Ajab yerlar, ajab joylar,
Kun qizdirmas, botmas oylar,
Behisht o‘tlog‘ini saylar,
O’avzi Kavsar suvloQidir.

Namrud Haqqa o‘q tashladi,
Shaddod bir jannat boshladi,
To‘rt yuz yillik bog‘ ishladi,
Nomi ham Eram bog‘idir.

Maxtumquli, so‘z boqiysi,
Ko‘zinda g‘aflat uyqusi,
Qarshida ajal sog‘iysi,
G’ofil odam tuzog‘idir.


QODIR HAQQA ARZ EMASMI?

Zaboniya malaklari,
Qo‘llarinda gurz emasmi?
Sakkiz Arshni ko‘targan,
"La ilaha!" varz emasmi?

Bilmas, kechar ahmoqlik,
Qayg‘u, g‘ussa chekmoqlik,
Ko‘zda yoshin to‘kmoqlik
Qodir Haqqa arz emasmi?

Umidin uzmasin deya,
Behuda kezmasin deya,
Mo‘minlar ozmasin deya,
Shariat bir marz emasmi?

Etmagil xiyonatni,
Yutmagil diyonatni,
Tangrining omonati -
Jon taningda qarz emasmi?

Maxtumquli, g‘avg‘omiz,
Boshdan oshar savdomiz,
Qiyomat kun guvohimiz -
Sunnat bilan farz emasmi?


AVVAL ODAM INDI DUNYOGA

Avval odam indi dunyoga,
Bu dunyoni ekib kechdi.
Har Payg‘ambar bir kasb etib,
Kasbin mudom etib kechdi.

Balo keldi lanbar-lanbar,
Duo qildi anbar-anbar,
O’z davrida Nuh Payg‘ambar,
Najjor ishin tutib kechdi.

Azroilga jonin bergan,
Uning bilan suhbat qurgan,
Jannat ichra tirik kirgan,
Idris ko‘ylak tikib kechdi.

To Iyso kelguncha, doim
Ashobi Kahf yotar qoim,
Haqning yo‘lida Ibrohim
Jonin o‘tga yoqib kechdi.

Zoti egri tuzalmadi,
Asli to‘g‘rilar qaytmadi,
Qurt Ayyubning tanin yedi,
Iblis shuncha nuqib kechdi.

Sulaymonning oliy johi,
To‘rt yuz qurular borgohi,
Insu jinning podshohi,
U ham zanbil to‘qib kechdi.

Tur tog‘i deb tushar yo‘lga,
Roz aytishar Alloh bila,
Asosini olib qo‘lga,
Muso qo‘ylar boqib kechdi.

Qobus tog‘ining burninda,
O’g‘lin topmadi o‘rninda,
Yunus baliqning qorninda,
"Anta subhon!" o‘qib kechdi.

Kan’on ichinda qirq yillab,
Kecha-kunduz duo aylab,
Yusufning hidini poylab,
Yo‘l ustida Ya’qub kechdi.

Xurmo terib xushk og‘ochdan,
Oyni ikki bo‘ldi Arshdan,
Rasululloh ul qurayshdan,
Ne jafolar chekib kechdi.

Oldilar jannat ayvonin,
Haq yo‘ldosh etdi iymonin,
Bir necha imomlar qonin
Karbaloda to‘kib kechdi.

So‘zim yoqar Haq do‘stiga,
Kor etmas dunyo mastiga,
Dushman jafosi do‘stiga,
O’ysiz yerda bukib kechdi.

Maxtumquli, har kim xosdir,
Ishi dargohga ixlosdir,
Bizga ulardan merosdir,
Har do‘stiga tegib kechdi.


KUNLAR, HEY!..

Bilmadim, yig‘ildim, turdim yerimdan,
Boshimga o‘y kelib, jo‘shgan kunlar, hey!
Aql-fikrim toshdi yeri-erindan,
Sarimdan oqibon oshgan kunlar, hey!

Qulluq aylab, qoim xizmatda turdi,
Malaklar sayrinda unga yer berdi,
Odam sajdasinda takabbur qildi,
Azozilga tavqi tushgan kunlar, hey!

Ummati Payg‘ambar yurdi Qur’onga,
Habibim nur soldi olam-jahonga,
Buroq otni mindi, keldi osmonga,
Raf-raf minib, Me’roj oshgan kunlar, hey!

Haribam, oshiqam, musohib dardam,
O’tganni yod etib yig‘larman har dam,
Jannat armoninda otamiz Odam,
Havvo aytar: "Shayton tushgan kunlar, hey!"

Yetti kunda Haqdan ulush oldilar,
Ibrohim Payg‘ambar bo‘lib keldilar,
Manjaniqqa bog‘lab, o‘tga soldilar,
Ibrohim der: "O’tga tushgan kunlar, hey!"

Nohaq jabri ko‘pdir ko‘hna jahonning,
Haq ishiga sarf et, bo‘lguncha joning,
Uhud urushida ul Mustafoning
Ikki tishi shahid tushgan kunlar, hey!

Kofirlar qasd etdi Rasul joniga,
Rasul duo qildi dunyo moliga,
Tog‘lardan ikki tog‘ Rasul yoniga
Oltin-kumush bo‘lib tushgan kunlar, hey!

Yusuf – sohibjamol, Ya’qub o‘g‘linda,
Ojiz qoldi qardosh tuqqan elinda,
Og‘alari ozib shayton yo‘linda,
Yusuf der: "Zindonga tushgan kunlar, hey!"

Maxtumquli, dardda qoldim tilimdan,
Kelgan miqdorini yozdim elimdan,
Hazrati Payg‘ambar tutib qo‘limdan,
Sahobalar bilan qo‘shgan kunlar, hey!


SHUKR HAQQA, BIZ HAM BU YO’LGA TUSHDIK

Shukur Haqqa, biz ham bu yo‘lga tushdik,
Kechirdim, bir necha ayyomni ko‘rdim.
Ma’rifatning daryosiga yetishdik,
Oriflar tortarlar, yuz g‘amni ko‘rdim.

Xizr sayron etar qudrat olamin,
Muso o‘qir haqiqatning kalomin,
Yetti kun olmamish Tangri salomin -
Qutbul-aqtob nomli badnomni ko‘rdim.

Toza tobon bo‘lgan umrim chirog‘i,
Qish ayozi tegsa, ko‘karmas bog‘i,
Ko‘z solib qarshida bir necha sog‘iy,
Har biri o‘ynatar yuz jomni ko‘rdim.

Yig‘ladim, yig‘ildim, tutdim qo‘lini,
To‘rt peshvosi bilan hazrat Alini,
Sanjar Xon, Salim Shoh, yetti valiyni,
Bir sahar o‘n ikki imomni ko‘rdim.

Sulaymonni ko‘rdim, yotur ayvonda,
Bir necha g‘oyiblar jam bo‘lmish onda,
Qulzum daryosida, tubsiz ummonda,
Ali, Xotam solgan lijomni ko‘rdim.

Qorun bu dunyoni oldi mol bilan,
Iblis osiy bo‘ldi, kelmas yo‘l bilan,
Samangan shahrida botir Zol bilan,
Dev bilan jang solgan Rustamni ko‘rdim.

Maxtumquli, farmon bo‘ldi Allohdan:
Yerga inib keldi Arshi A’lodan -
Jabroil keltirmish ulug‘ dargohdan,
Muhammadga ingan Kalomni ko‘rdim.


IKKI DUNYONING SULTONI

Ey yoronlar, musulmonlar,
Ikki dunyoning sultoni,
Ro‘zi azalda yaratdi
Rasul jasadinda jonni.

Yerda Musoning Turidan,
Ko‘kda bihishtning huridan,
Yaratdi Rasul nuridan,
Oy-Kunni, Yeru Osmonni.

Orzu aylab gul ruxsoring,
Kezdim tog‘inda abrorning,
So‘rog‘ini solib yorning,
Gasht etdi ko‘nglim dunyoni.

Aqlim hayron bo‘lib shoshdim,
Oxir bir yerga yetishdim,
Oltmish olti tog‘dan oshdim,
Kechdim o‘n ikki daryoni.

Maxtumquli, beqarorsan,
Bu ne o‘tdir, sen yonarsan,
Har narsadan bekanorsan,
Bilmassan sudu ziyonni.


O’LMOQ HAQ, TIRILMOQ HAQDIR

Ey yoronlar, Odam o‘g‘li
Bo‘z tuproqdan bo‘lmoq haqdir.
Asli xokdan ungan odam,
Yana xokka bormoq haqdir.

Kalomda har ish bayondir,
Barcha ish Haqqa ayondir,
Inonsang, sanga iymondir,
O’lmoq haq, tirilmoq haqdir.

Ayyub bo‘lmading sabrda,
Tog‘ating yo‘qdir jabrda,
Munkar, Nakirlar qabrda
So‘roq-savol qilmoq haqdir.

Qilgan ishlaring so‘rarlar,
Kun qizir, mezon qurarlar,
Tug‘ chekilar, alam o‘rlar,
Yovuz kunlar kelmoq haqdir.

Maxtumquli, ozsang yo‘ling,
Ul kun nechuk kechar holing?
Bu kun zo‘rlab olgan moling,
Erta qaytib bermoq haqdir.


NE SAVDOLAR KO’RAJAKDIR!..

Odam o‘g‘li, bu dunyoga
Qo‘ymas seni, olajakdir.
Halol-harom yiqqan moling
So‘ngra sendan qolajakdir.

Harchandki yashasang uzun,
Yaxshi-yomon qolar so‘zing,
Xumor ko‘zing, guldek yuzing
Xazon urib, so‘lajakdir.

Tandan judo bo‘lar qoning,
Bekor qolar ustixoning,
Shuncha yilki turgan joning,
Ayri-boshqa bo‘lajakdir.

O’tdi yozing, keldi qishing,
Namoz, ro‘za bo‘lsin ishing,
Bu dunyoda sulton boshing
Ne savdolar ko‘rajakdir.

Bu dunyoga kelgan jonlar,
Biri biriga mehmonlar,
Xo‘ja-sayyid, beku xonlar,
Oxir so‘ngi o‘lajakdir.

Xizmat qil Qodir Xudoga,
Umringni o‘tkazma zoya,
Eshiksiz, tuynuksiz joyga
Bir kun eltib solajakdir.

Barham bo‘lar, qolar joying,
Buzilar ko‘shku saroying,
Yaratgan qodir Xudoying
Tanho O’zi qolajakdir.

Maxtumquli – osiy quling,
Kufr so‘zdan saqla tiling,
Qiyomatda to‘g‘ri yo‘ling,
Sirot ko‘prik bo‘lajakdir.


MAKKADAN CHIQDI BIR GO’ZAL

Makkadan chiqdi bir go‘zal,
Madinaga ravon bo‘ldi.
Ko‘rgan toj etdi sariga,
Ko‘rmagan bag‘ri qon bo‘ldi.

Haqdan unga indi Kalom,
Oti – Shamchirog‘ul-Islom,
Mute’ bo‘ldi jumla olam,
Shunday sohibzamon bo‘ldi!

Do‘stga yetdi bora-bora,
Yetti ko‘kni yora-yora,
Kimki munkirdir ul yora,
Kofirdir, begumon bo‘ldi.

Qo‘l ko‘tarib, Rasul yig‘lar,
Qaqshadi Qunchalar, bog‘lar,
Badr urushinda tog‘lar
Yetti oylab tumon bo‘ldi.
 
Saf qurdi botir jangchilar,
Savashga chiqdi zanjilar,
Qonga botdi uzangilar,
Alining dasti qon bo‘ldi.

Muqotil etmadi tashvish,
Ali bilan soldi do‘vush,
Tuproq, temir, po‘lat, kumush
Qal’alari vayron bo‘ldi.

Maxtumquli, Rumistonga,
Chaldi qilich, Hindistonga
Badaxshonu Turkistonga,
Yetti iqlimga xon bo‘ldi.


MEN ANDA QULING BO’LDIM

Yo‘qdan borga keltiring, men anda quling bo‘ldim,
"Alastu bi Rabbikum?" deganda quling bo‘ldim,
Iroda diyorinda, adamda quling bo‘ldim,
Gar foniy-u gar boqiy – har qanda quling bo‘ldim,
Mushti xokka jon berding, bir zinda quling bo‘ldim,
Jonni tandan ayirsang, bir murda quling bo‘ldim,
Har hafta, har soatda, har damda quling bo‘ldim,
Har yildayu har oyda, har kunda quling bo‘ldim,
Gar ishrat bila yurdim, gar g‘amda, quling bo‘ldim,
Xudoyo, men ne osiy, sharmanda quling bo‘ldim!

Ushbu dorul-fanoda yo‘qdir manimday badkor,
Bari Senga ayondir, ne hojat qilmoq izhor,
Yaxshidan yiroq qolib, yomon bilan bo‘ldim yor,
Bormi gunoh dardiga, yo Rab, menday giriftor,
Bu jurm ila kelibman, dargohingga, yo o‘affor,
Yuzim yo‘qdir aytarga holimni men sharmisor,
Sen bo‘lmasang nigohdor, kimdir manga madadkor? -
Saningday o‘afforim bor, jahonda ne g‘amim bor,
Yuragimda ne orim, ne ko‘nglim ichra qaror,
Xudoyo, men ne osiy, sharmanda quling bo‘ldim!

Go‘yoki men sarbonmen, karvon izin yitirgan,
O’ngu so‘lim bilmayin, yo‘l ustinda o‘tirgan,
Yo Rab, meni, bormikin, bir manzilga yetirgan,
Boshim yo‘linda ko‘rsin bu ishlarni bitirgan,
Men ermasmen Xojamga qulluq bajo ketirgan,
O’zi erur bandani uyg‘otganu yotirgan,
ShinovarliQ bilmasmen, teran daryo botirgan,
Yo Rab, tanib aytgaymu bir kanorda o‘tirgan,
Yo‘qmish menday jahonda umrin g‘ofil o‘turgan,
Xudoyo, men ne osiy, sharmanda quling bo‘ldim!

Dunyo qayg‘usi birla bo‘ldi qaro bag‘rim qon,
Oxiratni unutdim, yeldim, yugurdim har yon,
Bir dardga duchormanki, siynamda erur pinhon,
Topilgaymu so‘ratsam, yo Rab, bu dardga darmon,
Bilgan davosin etdi har bandai musulmon,
Bildim, qilmas ilojin yuz yil urinsa Luqmon,
Tilim bormas tilakka, ko‘ngil yuz ming parishon,
Lutf aylagin, yo Subhon, hasrat bila bordi jon,
Barcha mushkul ishlarim Sen O’zing ayla oson,
Xudoyo, men ne osiy, sharmanda quling bo‘ldim!

Maxtumquli, xatodan g‘ayri qo‘ldan ish kelmas,
Cho‘mdim gunoh chashmiga, yurak qaynab jo‘sh kelmas,
Xayr yiroq xayoldan, sharr ko‘nglimdan tash kelmas,
Masti dunyo bo‘libman, aql ketar, hush kelmas,
Qo‘rqarman, ul dargohga zori qilsam, xush kelmas,
Bag‘rim andoq qiymadir, uhdasindan tosh kelmas,
Toshdan batar qotibmen, ko‘zlarimdan yosh kelmas,
Ijobat nishoniga niyoz o‘qim duch kelmas,
Ixlos bilan tilangan dargohingdan bo‘sh kelmas,
Xudoyo, men ne osiy, sharmanda quling bo‘ldim!


HAYRONDA QO’YMAGIL, YO ZULJALOLIM!..

Yo yaratgan Qodir, qudratli Jabbor,
Armonda qo‘ymagil, yo Zuljalolim!
Nafsimning ra’yinda, karamli G’affor,
Farmonda qo‘ymagil, yo Zuljalolim!

Tanim dardli qilma, o‘zimni Halloj,
Ko‘nglim keng et, qo‘yma ochu yalang‘och,
Zolimga duch etma, nomardga muhtoj,
o‘ammonda qo‘ymagin, yo Zuljalolim!

Saqlagil qayg‘udan, g‘amdan, mehnatdan,
Xoli qilma dunyolikdan, davlatdan,
Navmid etma shafoatdan, rahmatdan,
Darmonda qo‘ymagil, yo Zuljalolim!

Ayo Qodir, Sendan qudratli kim bor,
Karaming kuchlidir, gunohim bisyor,
Bir zolim qo‘linda aylab giriftor,
Hayronda qo‘ymagil, yo Zuljalolim!

Maxtumquli, sharr ham bo‘lsa shonimda,
Xayr-a qaytar, armon qo‘yma jonimda,
Avval-oxir, do‘st-dushmanning yoninda
Sharmanda qo‘ymagil, yo Zuljalolim!


EGAM, SEN LUTF ETIB, QUTQARGIL UNDAN

Jalil-ey, Jabbor-ey, O’zing bilarsan,
Jahon ichra jurmim chiqardim chandon.
Bandaman, ne qilsang, O’zing qilarsan,
Gunohim kuch olib, bosdi kun-kundan.

Dargohingdan darmon tilanay necha,
Uzun umrim sa’yin sarf etdim hecha,
Yuk og‘ir, yo‘l yiroq, qorong‘u kecha,
Jon ham javlon urar chiqmoqqa tandan.
Rohrav edim, monda bo‘lib o‘tirdim,
Karamingga sig‘inib, panoh o‘tindim,
Yo‘ldoshim yo‘qotdim, yo‘lim yitirdim,
Nafs insofdan ketdi, shum shayton – dindan.

Hosilim isyondir gandaligimdan,
O’lim oson erur zindaligimdan,
Sharmanda-osiyman bandaligimdan,
Senga loyiq amal kelmadi mendan.
Hasrat bilan kechdim, hayronda qoldim,
Dargohing daldadir, sig‘inib keldim,
Nafs ila shaytonning poymoli bo‘ldim,
Egam, Sen lutf etib, qutqargin undan.

Ixlosimni sof qil, yolg‘onim yo‘q et,
Tilimni daroz qil, yuzimni oq et,
Xatardan hifz ayla, haromdan pok et,
Tavfiqing yor aylab, tavba ber chindan.
Maxtumquli, oshnoliq ber ishq ila,
Siynamga sir bila, ko‘zga ashk ila,
A’molim anglasam, qoldim mushkila,
Joyim yo‘q, ayrilib bororga Sendan.


OZODIY BILAN AYTIShUV
(Ota-o‘g‘il musohabati)

Ozodiy:
- Shaytonning qaysi o‘g‘lidir,
Odam Ato bilan tushdi?
Haqning Rasuli – Payg‘ambar
Xaybarda qancha urushdi?

Maxtumquli:
- Shaytonning Xannos o‘g‘lidir,
Odam Ato bilan tushdi.
Xaybar tog‘inda Payg‘ambar
Chun yetti oylab urushdi.

- Hozir egasi Duldulning,
Bilarmisen, kimdir, biling?
Qaysi kun Qobil Hobilning,
O’ldirib, qonini ichdi?

- Hozir egasi Duldulning,
Malak farishtadir, biling.
Shanba kun Qobil Hobilning,
O’ldirib, qonini ichdi.

- Nedir, qalqib, havo uchdi,
Nimasindan yerga tushdi?
Necha kunda Nuhning kishti
Junud tog‘iga yetishdi?

- Daryo qalqib, havo uchdi,
Ko‘pigindan yerga tushdi,
Yetmish kunda Nuhning kishti
Judiy tog‘iga yetishdi.

- Rum shahrining sardori
Qayda soldirmish gulzori?
Qaysi qal’aning devori
Muhammad-la me’roj oshdi?

- Shaddod Rumning sardori,
Shomda soldirmish gulzori,
Muqaddas shahar devori
Muhammad-la me’roj oshdi.

- Ozodiy aytadir; yetmish
Nedir, bu dunyoni tutmish?
Qaysi Payg‘ambardir yitmish,
Qayda qardoshina tushdi?

- Maxtumquli aytar; yetmish
Iqlimdir, dunyoni tutmish,
Yusuf Payg‘ambardir yitmish,
Misrda qardosha tushdi.


MASJID ICHRA BILOL BOR

Sahar turdi Payg‘ambar,
Masjid ichra Bilol bor,
Chiqdi Bilol ichkaridan,
Ko‘rdi ikki xalal bor.

Dovud qo‘linda po‘lat,
Yumshab-qotar, ne holat,
Ul yetmish ikki millat,
Yuzda o‘n to‘rt dalol bor.

Chorang yo‘q, betobdirsan,
Tongla ne javob dersan,
Ne uchun harom yersan? -
Haq bergani halol bor.

Yetti darvish – ahli hol,
Isfandiyor, Rustam, Zol,
Qirq oshiq bor, qirq abdol,
Har boshda bir xayol bor.

Maxtumqulining bandi
Dashtdir, eshit bu pandi,
Barcha ishning sarbandi -
Yaratgan Zul-jalol bor.


TURDI SHOIR BILAN MAXTUMQULI AYTISHUVI

Turdi shoir:
- Bizdan salom Maxtumquli ustoda,
Otamiz Odamning to‘nin kim bichdi?
Tumanli boshingga qurbon bo‘layin,
Taqdirdur, bas, hiyla mayin kim ichdi?

Maxtumquli:
- Bizdan javob bo‘lsin Turdi shoirga,
Jabroil keltirdi, rizvonlar bichdi.
Qudrat bilan, ul shaytonning sharbatin
Odam Ato, Havvo Onamiz ichdi.

- Olamning tegrasi ne rangli tog‘dir?
Ul ne qushdir, doim anda tuzoqdir?
Oshiqlar sevguvchi bu ne buloqdir,
Haftayil abvobin borib, kim ochdi?

- Qof tog‘i zabarjad, rang-barang tog‘dir,
Qaqnus bir qush, doim unda tuzoqdir,
Muqosot deydilar, ajab buloqdir,
Haftayil abvobin oshiqlar ochdi.

- Ta’lamun tog‘ida kimlar kezdilar,
Mo‘‘min munda, Barot unda yozdilar,
Shomixotda Buroq oti tuzdilar,
Necha yilda yerdan ko‘kka yetishdi?

- Ta’lamun tog‘inda zohid kezdilar,
Mo‘‘min munda, Barot unda yozdilar,
Shamixotda Buroq oti tuzdilar,
Har qirq yilda Zuhro ko‘kka yetishdi.

- Tangrining jahonda, bil, tog‘i necha,
Behishtda Tuboning butog‘i necha,
Yuzining mashqining varog‘i necha,
Behishtning kaliti, ayt, kimga tushdi?

- Yetti iqlim bordir, yettidir tog‘i,
Yetmish mingdir ul Tuboning butog‘i,
"La ilaha" bo‘lar mashqin varog‘i,
Behisht kaliti Rasulullohga tushdi.

- Bil, qayda yaratdi sakkiz jannati,
Necha binosi bor, necha gumbadi,
Necha arig‘i bor, nimadir oti,
"Toyron abobil"lar kimga qovushdi?

- Osmonda yaratdi sakkiz jannati,
Olti ming binodir, birdir gumbadi,
Ichinda to‘rt ariq, Musavvar oti,
"Abobil" "Ashobil" bilan qovushdi.

- Bil, qayda yaratdi Saqar do‘zaxi,
Necha qudug‘i bor, necha bulog‘i,
Ichinda bir ilon, nedir so‘rog‘i,
Qudrat bilan ul mor kimga do‘lashdi?

- Yetti qat yerdadir Saqar do‘zaxi,
"Vayl"dir qudug‘i, "Sijjiyn" bulog‘i,
Qarich ilon, g‘iybatchidir so‘rog‘i,
Yolg‘onchi, zinokor, o‘g‘ri do‘lashdi.

- Turdi shoir aytar: Yo‘llar uzoqdir,
Men bilmayman, foniy kimga tuzoqdir,
Sharhini bilmasang, joying do‘zaxdir,
To‘qson to‘qqiz ming er qayda qovushdi?

- Maxtumquli, ishq maydoni uzoqdir,
Foniy dunyo mo‘‘minlarga tuzoqdir,
Alloh bilar, kimning joyi do‘zaxdir,
To‘qson to‘qqiz ming er Surda qovushdi.


MAXTUMQULI BILAN ZUNUBIY AYTISHUVI

Maxtumquli:
- Ul ne gavhar, bo‘lsin aning bayoni,
Yo muallim, bizga shundan xabar ber!
Ne sandiqdir aning manzil-makoni,
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

Zunubiy:
- Iymon gavhar, shuldir aning bayoni,
Ustod desang, bizdan xabar shundaydir.
Ko‘ngil sandig‘idir manzil-makoni,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Ne tovusdir, aning bo‘lsin bayoni,
Qaysi manzil erdi aning makoni,
Ul ne ustod erur, nedir do‘koni,
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

- Rasul nuri – tovus, bo‘ldi bayoni,
Shajaratul-yaqiyn erdi makoni.
Qodir Alloh – ustod, qudrat – do‘koni,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Necha ayyom o‘shal manzilda bo‘ldi?
Fahm aylabon so‘zla, necha ish qildi?
Besh vaqt namoz asli ne beshdan keldi?
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

- Yetmish ming yil o‘shal manzilda qoldi,
"Mir’ot al-Hayga" ul bir nazar soldi,
O’z suratin ko‘rib, besh sajda qildi,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Necha ma’bud bir Ma’buddan bosildi?
Qaysi isbot bo‘ldi, qaysi "Lo" bo‘ldi?
Islom dini nedan quvvatli keldi?
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

- "La ilaha illalloh" deb bitildi,
Uch yuz oltmishta but Ka’bada o‘ldi.
Islom dini so‘ngra quvvatli keldi,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Ul ne daryo, kirgan chiqmagay zinhor?
Ne manzardir, Haqning nazar-nuri bor?
Fahmi shumor ila qilib ixtiyor,
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

- Ont – bir daryo, kirsa chiqmas har banda,
Nazargoh bor har mo‘‘minning ko‘nglida,
Uch yuz oltmish nazar aylar Haq kunda,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Ul ne bog‘dir, anda meva topilmas?
Ne bulutdir, aning boroni bo‘lmas?
Ne zulmatdir, qamar shu’lasin solmas?
Ustod bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

- Amalsiz olimlar – bog‘dir samarsiz,
YoQmas bulut – osiylardir xabarsiz,
Kuffor ahli bir zulmatdir, qamarsiz,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Ne yerdan qildi Haq Odamning boshin?
Ne manzil xokindan ayladi tishin?
Ne yerdan ayladi bu ko‘ngil xushin?
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

- Baytul Muqaddasdan qildi boshini,
Kavsar tuprog‘idan qildi tishini,
Firdavsning xokidan – ko‘ngil xushini,
Bizni ustod bilsang, xabar shundadir.

- Oyoqlarni bir-bir ayon aylagil,
Suyaklarni bir-bir bayon aylagil,
Chashmi ne yerdandir, bayonin degil,
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

- Oyoqlarin Hindistondan ayladi,
Suyaklarin Dog‘istondan ayladi,
Chashmin Havzi ul bo‘stondan ayladi,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Muborak jamoli, ayt, nedan bo‘ldi?
Qo‘llarining xokin ne yerdan oldi?
Bayon ayla, tilin ne yerdan qildi?
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

- Jannat tuprog‘idan qildi jamolin,
O’ng qo‘lin Ka’badan, Forsdan chap qo‘lin,
Toif tuprog‘idan ul shirin tilin,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Ne xuqqadir, ne barradir jihori?
Ne bulbuldir, ne ajdardir, ne bo‘ri?
Ne cho‘pondir, boqar laylu nahori?
Ustod bo‘lsang, bizga shundan xabar ber!

- Ko‘ngil huqqasinda barra iymondir,
Nafsing ajdarhodir, bo‘ri shaytondir,
To’ating bulbuldir, aqling cho‘pondir,
Bizni ustod bilsang, xabar shundaydir.

- Ne quyoshdir, hisobini qilaylik?
Necha yildir ko‘zdan nihon, bilaylik?
Nechuk sirdir, sizdan xabar olaylik?
Maxtumquli aytar: shundan xabar ber!

- Rasul – quyosh, hisobini tutaylik,
Ming ikki yuz o‘n bir yil deb bitaylik,
Ajal – ko‘prik, kel, diydorga o‘taylik,
Zunubiy der: bizdan xabar shundaydir.


OXIRAT YO’LDOSHING –IYMON, DEDILAR

Yotib erdim g‘amda, keldi eranlar,
Turgil, ho, o‘rningdan, uyg‘on! – dedilar,
Ko‘zim ochib, ko‘rdim jumla jahonni,
Shul turgani Shohimardon, dedilar.

Eranlar jam bo‘lib, bozor etdilar,
Munofiqlar turib, hazar etdilar,
Ali bobom bizga nazar etdilar,
Bir kosa may berib, ichgin, dedilar.

Uyg‘onib g‘aflatdan, ochdim ko‘zimni,
Eranlar poyiga surdim yuzimni,
O’qitdilar, haq so‘zladim so‘zimni,
Sakson ming kalomi bayon, dedilar.

Eranlar jam bo‘lib, bundan ko‘chdilar,
Sirot ko‘prigidan bir-bir kechdilar,
Ul Havzi Kavsardan sharob ichdilar,
Ichgan shahbozlarni sulton, dedilar.

Maxtumquli, so‘zla bu shirin tilda,
Umidim ko‘pdurur shul turgan yo‘lda,
Besh vaqt namozingni o‘qi har kunda,
Oxirat yo‘ldoshing – iymon, dedilar.


RASUL SO’ZI BIR-BIR KELDI, YORONLAR!

Zamon oxir bo‘ldi, alhazar aylang,
Rasul so‘zi bir-bir keldi, yoronlar.
Qolmadi adolat beku xonlarda,
Yurtda zulmu sitam to‘ldi, yoronlar.

Olimlar ilmiga amal etmadi,
Qur’on o‘qib, ma’nosiga yetmadi,
Elga aytib, o‘zi birin tutmadi,
Eldan pinhon gunoh qildi, yoronlar.

Qozilar hukmini riyo ayladi,
Rishvat olib, yuzin qaro ayladi,
O’zining joniga balo ayladi -
Go‘rga ilon-chayon to‘ldi, yoronlar.

Bir necha gumrohlar iymon aytdilar,
Iymonini qo‘y-qo‘ziga sotdilar,
Bo‘yni yo‘g‘onlarni murid tutdilar,
Yolg‘on so‘z iymonin oldi, yoronlar.

Bir necha kofirlar tarozi tortar,
Nafsining izinda it kabi yo‘rtar,
Ortiq aylab, o‘tga jonlarin otar,
"Vayl" degan chohda qoldi, yoronlar.

"Vayl" degan bu choh do‘zax ostinda,
Na’ra tortar tarozibon qastinda,
Ochilar eshigi do‘zax ustinda,
Tarozibon holin bildi, yoronlar.

Bechoradir sudxo‘r, bir necha ahmaq,
Ul ish bilan bo‘lar kofiri mutlaq,
Go‘rindan o‘t chiqar, nechog‘li bu haq,
Sudxo‘r zamonasi keldi, yoronlar.

Tavba qil, Firog‘iy, oxirzamondir,
Bu ishlar har kimda bo‘lsa, yomondir,
Iymonli qul ikki dunyo omondir,
Gul ochilib, chaman so‘ldi, yoronlar.


TANGRI SEVGAN MUHAMMADNING UMMATI

Tangri sevgan Muhammadning ummati:
"Bismilloh" deb avval Haqni yor chekar.
Beiymonlar hargiz ko‘rmas jannatni,
Do‘zax ichra ko‘p azoblar bor, chekar.

G’am chekib, oxirat uyin tuzganlar,
Haqaqatni, shariatni tuz tutar,
Jafo chekib, Haq yo‘linda kezganlar,
Sahar turib, toatlarin ir chekar.

Odam o‘g‘li, qiyomat kun bo‘lganda,
Mo‘‘minning gunohi qolmas taninda,
Pulsirot ustinda, xayhot kuninda,
So‘fiylarni karomatli Pir chekar.

Tar ochilgan toza gullar so‘lganda,
Azroil odamning jonin olganda,
Qiyomat oxiri mahshar bo‘lganda,
Sudxo‘rlarni, g‘iybatchini nor chekar.

Safarkashlar yiroq yo‘ldan qaytganda,
Og‘ir yukli shuturlari hayronda,
Log‘ar cho‘kib, yuki qolsa maydonda,
Muzlamasdan, qatordagi nor chekar.

Maydon ichra borib savash qurilsa,
Toblantirib, arab otlar surilsa,
Bir bo‘z yigit qolib, bo‘yni burilsa,
Uning orin ot yurakli sher chekar.

Kimlar kezar Biru Borga yolborib,
Kimlar kezar haqaqatda yo‘l yurib,
Bir bechora ko‘rsa – turgan termulib,
Uning ishin bir haqiqiy er chekar.

Maxtumquli, ishing tushsa mard bilan,
Nomard botir bo‘lmas, jadal-shart bilan,
Duch kelganda hamroh bo‘lsang gurg bilan,
Harchand bo‘lsa, ot ustinda or chekar.


DOD ETIB, SIRDOSHING QOLAR

G’ofil odam, ketar bo‘lsang,
Karamli yo‘ldoshing qolar.
Jallod kelib jon olganda,
YiQlashib qardoshing qolar.

Tanda mehmon – aziz joning,
Qozongil nuri iymoning,
Sufra yoyib, to‘kkil noning,
Bu dunyoda oshing qolar.

Jallod xanjarin solganda,
Azroil joning olganda,
Ikki so‘roqchi kelganda,
Boshda aqlu hushing qolar.

Bu dunyoni tutma qizg‘in,
Yo‘ldan chiqib, bo‘lma ozg‘on,
Bevafodir, umid uzgin,
Xok quvonar, loshing qolar.

Nomahram ko‘rgan ko‘zlaring,
Shul G’iybat qilgan so‘zlaring,
Bo‘zlashar o‘g‘il-qizlaring,
Go‘rga kirib, go‘shing qolar.

Borsang iymoningni olib,
Ul besh gaz bo‘zga o‘ralib,
Qora tuproqqa belanib,
Zamin ichra boshing qolar.

Ajal keldi, navbat yetdi,
Kim ham bu dunyoni tutdi,
Maxtumquli, umring o‘tdi,
Dod etib, sirdoshing qolar.


CHIN ERLAR IBLISNING YO’LIGA KETMAS

Kel, ko‘ngil, boshingni chiqar tumandan,
Yakka qolding g‘am uyingda dard bilan.
Nomard bilan uzoq yo‘lga ketmagil,
Bosh qo‘shaver bir tavakkul mard bilan.

Chin erlar iblisning yo‘liga ketmas,
Munofiqlar Haqning amrini tutmas,
Iymon bilan shayton bir uyda yotmas,
Nechuk mador topar, qo‘ylar gurg bilan!

Jon shahrinda ajal qushlari yayrar,
Ko‘nglimning daryosi mavj urib qaynar,
Gavdor o‘g‘li, to‘ng‘iz bilan it o‘ynar,
Bek bolasi shatranj o‘ynar nard bilan.

Chin oshiqlar bo‘lmas tilda ziyoni,
Buni bilgil, iqror saqlar iymonni,
Yaqin kelsa, oxirzamon ayyomi,
Da’vo ortar, ont icharlar shart bilan.

Firog‘iy der: yetti iqlim cho‘l qolar,
Na xon qolar, na bek qolar, qul qolar,
Na tog‘ qolar, na tuz qolar, el qolar,
Dajjol chiqar, tarso, juhud, kurd bilan.


RABBIM JALIL

O’n sakiz ming olam ahlin bor edan Rabbim Jalil,
Qaytarib dargohiga ham zor edan Rabbim Jalil,
Qudrati-la Arsh uyin davvor edan Rabbim Jalil,
Haybati-la farsh uyin hamvor edan Rabbim Jalil,
Amr etibon, bayzani anvor edan, Rabbim Jalil.

Ayri savdoga solibon, royini har bandaning,
Xush ajab sarrishta birla murdaning ham zindaning,
Beshalar ichra ul arslon, yirtqichu darrandaning,
Yer yuzinda har naki bor, mo‘ru mor – junbandaning,
Rizqini taqsim etib, tayyor edan Rabbim Jalil.

Necha Payg‘ambarga Sen qilding atoyi davlati,
Imtihon aylab necha qullarga dardu mehnati,
Lutf etibon bergach ul Musoga fathu nusrati,
Dinga da’vat aylagach, Fir’avn ortib shirkati,
Bu jahonda barchani xor-zor etan Rabbim Jalil.

Kimni sulton aylamish, kimning tanida joni yo‘q,
Kim esa ishrat bilan, kimni yemoqqa noni yo‘q,
Kimlari Qorun kabi yig‘mish, xayr-ehsoni yo‘q,
O’am bu dunyo, ham u dunyo kimlaring armoni yo‘q,
Kimlaring o‘rnin azobun-nor edan Rabbim Jalil.

Ey Xudo, Maxtumquliga lutfu ehson aylagil,
Barcha ummat jurmini afvingda yakson aylagil,
Maqsudi dunyoyu oxirni Sen oson aylagil,
Kashf etib ilmi ladunni, ahli irfon aylagil,
Bexabarlarga sirin oshkor edan Rabbim Jalil.


BARCHANING BOSHIGA YETAR BU DUNYO

Xush qol endi, yoru do‘stlar, yoronlar,
Ishonma, hammadan o‘tar bu dunyo.
Chora topmadilar o‘tgan valiylar,
Barchaning boshiga yetar bu dunyo.

Birovni shoh etar, berar ko‘p rivoj,
Bir nechalar yig‘lar, bir pulga muhtoj,
Kimlar chora topmas, o‘tar noiloj,
Har kimga yuz alam tutar bu dunyo.

Nazar qilsa, pora etar toshlarni,
Bir nechaga og‘u etar oshlarni,
Bir nechalar olib aziz boshlarni,
Bir yot o‘lkalarga ketar, bu dunyo.

Nurindan yaratdi Iysoni Jabbor,
Erk O’zingda, har na qilsang, Biru Bor,
Bir G’aribman, Sendan o‘zga kimim bor,
Meni ko‘p qimmatga solar bu dunyo.

Hazrati Odamni aylading hayron,
O’avvo judo tushdi, ko‘zlari giryon,
Xudoga roz aytdi hazrati Luqmon:
«Nomardga etmasin duchor bu dunyo!»

Qani ul Iskandar, qani Sulaymon,
Oxirinda bo‘ldi joyi go‘riston,
Qani Suhrob, Barzu, Rustami doston,
Biridan qoldirmas asar, bu dunyo.

Maxtumquli, ko‘nglingda yuz kulfat bor,
Qazoning damiga bo‘ldik giriftor,
Yaratgan, xor etma, bo‘lgil xabardor,
Yo‘qsa, ishim armon etar bu dunyo.


HECH KIM BILAN YO’LGA KETMADING, DUNYO!

Bir aybing bor, aytay sening yuzingga,
Hech kim bilan yo‘lga ketmading, dunyo!
Oldin kelganlarga muhabbat etding,
So‘nggi kelganlarga etmading, dunyo!

So‘zla endi, kimni barqaror etding,
Necha kadxudoni xoru zor etding,
Sulaymon taxtini toru mor etding,
Yusufni qul qilib, sotdirding, dunyo!

Naylading sultonni, o‘ldirding xonni,
Shohi Kaykovusni, Rustamu Zolni,
Devlarga hukm etgan Sulaymon qani? -
Ular bilan birga ketmading, dunyo!

Yigit kerak, maydon ichra tik bo‘lar,
Yigitga o‘q bilan yoylar otilar,
Bobo Umar ketdi, qayda qutular,
Uni quva-quva sen tutding, dunyo!

Maxtumquli, Sendan qo‘rqar yuragim,
Haq yoninda qabul bo‘lsin tilagim,
Hasan, Husayn, Arshu Kursi keragim,
Karbaloda shahid sen etding, dunyo!


BIR ZAMON XUSH BO’LIB, G’ANIMAT YURING

Bir zamon xush bo‘lib, g‘animat yuring,
Dunyoning vafosi bo‘lmas, yoronlar.
Qutulgan yo‘q ajal changidan, ko‘ring,
Jonli Zotdan jon qutulmas, yoronlar.

Dunyo avval-azal makkor, qallobdir,
Charxi chambar bozingari kazzobdir,
Dunyo bir daryodir, odam hubobdir,
Hubob suvda boqiy qolmas, yoronlar.

Mushkul safar bo‘lar o‘lim safari,
Vahimi ko‘p bo‘lar, ko‘pdir xatari,
Qaytmasdir chopari, kelmas xabari,
Bu safarga ketgan kelmas, yoronlar.

Dunyo yolg‘onchidir, hirsu havasdir,
Yolg‘onchiga bel bog‘lamoq abasdir,
Haromidir, haromzoda, nokasdir,
Bir ahdu paymonda turmas, yoronlar.

Maxtumquli, dunyo foniydir, foniy,
O’asrat manzilidir, o‘limning koni,
Bozorinda mato – odamning joni,
Undan boshqa mato bo‘lmas, yoronlar.


BU DUNYONING G’AVG’OSIGA BOSH URMA

Bu dunyoning g‘avg‘osiga bosh urma,
Ul g‘avg‘oga kirsang, chiqa bilmassan.
Mal’un shayton kabi bezab, tosh urma,
So‘ngra mahkam bo‘lar, yiqa bilmassan.

Tilingga o‘rgatmish Haqni, sanoni,
Ranjitmagil ota birla ononi,
Tog‘lardan, toshlardan ulug‘ gunohni,
Og‘irdir gunohing, cheka bilmassan.

Qorningni to‘ydirma harom ne’matdan,
Tilingni saqlagil turli g‘iybatdan,
Olimlarga qilma yovuz tuhmatdan,
Qorning o‘tdan to‘lar, to‘ka bilmassan.

Darveshlarning boshlarini xor etma,
O’ksiklarni yig‘latibon zor etma,
Yetimlarning molin olib, zo‘r etma,
Gunohni g‘ayriga taqa bilmassan.

Ishq daryosi jo‘shar – kelar saxodan,
Ko‘nglingni saqlagil yolg‘on vaqodan,
Ajal kelar, tutar bir kun yaqodan,
Sog‘ingga, so‘lingga boqa bilmassan.

Yaxshi niyat ayla, yaxshi pesh ayla,
Yaxshilarning so‘zin jonga no‘sh ayla,
Safar qilsang, oziq kerak, do‘sh ayla,
Yer ostinda ekin eka bilmassan.

Miskin Maxtumquli, yoqang tutaver,
Xayr aylabon, ul sharobdan yutaver,
Ummat bo‘lsang, Biruborga ketaver,
Rasulning yuziga boqa bilmassan.


KO’RING ODAMZODNI, NE XAYOL ETAR!

Do‘stlar, bel bog‘lamang ko‘hna dunyoga,
Bu dunyo bozingar, biling, ol etar.
O’zingni tashlayur daryo tubiga,
Olar joning, so‘zlar tiling lol etar.

Xush so‘zlagil, bir musofir duch kelsa,
Xursand bo‘lar, g‘arib ko‘ngli bo‘sh kelsa,
Mard yigitga yomon xotin duch kelsa,
Yigit yoshda soch-sog‘olin chol etar.

Kamollik so‘zindan jon bo‘lar toza,
Beg‘amlarning shakli o‘xshar to‘ng‘izga,
Bu dunyo aylanmish bir chirik xasga,
Ko‘ring odamzodni, ne xayol etar!

Yigit bor – qarasang, cho‘lning hayvoni,
Yigit bor – qarasang, jonning darmoni,
Mardlardan dunyoga kelgan kayvoni,
O’zi yil-kun xizmatingda yo‘l etar.

Bir pisand ish chiqmas undan hech so‘zda,
Yaqinu yotini bilar bir ko‘zda,
Ikki xasm shayton solsa angizda,
Aro tushsa, zahar og‘zin bol etar.

Maxtumquli aytar: dunyoning ishi,
So‘zning ma’nosiga yetmas har kishi,
Har kishining o‘lsa tuqqan qardoshi,
Falak uning alif qaddin dol etar.


ODAM HAVVOSIDAN AYRILMADIMI?!.

Nurindan yaratdi ikki azizni,
Bug‘doy yeb, Behishtdan ayrilmadimi?
Uch yuz yil axtarib, sargardon bo‘lib,
Odam Havvosidan ayrilmadimi?

Odam Ato haj ayladi bosh bilan,
Yuzin yuvdi ko‘zdan oqqan yosh bilan,
Qobil urdi ul Hobilni tosh bilan,
Ini og‘osidan ayrilmadimi?

Vo-vaylo, yer yuzi kufrda bo‘ldi,
Nuhning azob suvi jahonga to‘ldi,
Musulmon bo‘lganlar kemaga mindi,
Nuh ham o‘z o‘g‘lidan ayrilmadimi?

Payg‘ambar, podishoh, xalifa bo‘lib,
Qo‘liga muhr olib, nasihat qilib,
Bir kuni ko‘ngliga manmanlik kelib,
Dovud qirq o‘g‘lidan ayrilmadimi?

Dovud o‘tdi, farzandiga yer qoldi,
Xudoyimdan unga bir uzuk keldi,
Nurdan bo‘lgan ul uzukni dev oldi,
Sulaymon taxtidan ayrilmadimi?

Haqning O’zi bilan so‘zlashgan Muso,
Ul vaqtda yo‘q edi uningdek raso,
Bibi Maryam o‘g‘li – hazrati Iyso,
Qochib, kofirlardan ayrilmadimi?

Ibrohim Payg‘ambar dunyoga keldi,
Orzu-armon bilan Hojarni oldi,
Ko‘p o‘t yoqib, Namrud ul o‘tga soldi,
Namrud o‘z qizidan ayrilmadimi?

Ya’qub yig‘lab, ojiz bo‘ldi ko‘zidan,
Hech foyda topmadi aytgan so‘zidan,
Orzuli yoridan, guldek yuzidan -
Yusuf Zulayxodan ayrilmadimi?

Chahoryor yosh to‘kib, ul Payg‘ambardan,
Shayxlar murididan, shohlar navkardan,
To‘ti hamrohidan, zanbur shakardan,
Bulbul gulistondan ayrilmadimi?

Maxtumquli, ta’lim olgil ustoddan,
Bu dunyoda har kim kechar bir otdan,
Layli Majnunidan, Shirin Farhoddan,
Vomiq Uzrosidan ayrilmadimi?



SENDAN AVVAL KELIB, KO’P JON KECHIBDIR

Nodon ko‘nglim, o‘lim uchun g‘am yema,
Sendan avval kelib, ko‘p jon kechibdir.
Yolg‘on dunyo poyon beribdir kimga,
Qancha yaxshi, qancha yomon kechibdir.

Qani Odam Ato, Havvo onosi,
Qani din bobomiz – Xalilullohsi,
Qani Muso Kalim, mo‘‘jiz asosi
Gohi ko‘prik, gohi ilon kechibdir.

Iskandar, Sulaymon shahanshoh bo‘ldi,
Xizmatinda dev-parilar yig‘ildi,
Ne g‘ulg‘ula ham devonlar qurildi,
Qancha shohu sohibqiron kechibdir.

Iyso kechdi, damdan jon kirib murda,
Agar ochsa Yusuf yuzindan parda,
Ko‘rgan behush bo‘lib yotar shul yerda,
Shunday husni mohitobon kechibdir.

Onhazrat – haq Rasul Me’rojga oshdi,
Osmonlar dar-badar eshigin ochdi,
"Qoba qavsayn" borib, Haqqa qovushdi,
Shul sarvari ikki jahon kechibdir.

Abu Bakr kechdi riyozat bilan,
Umar podshoh bo‘ldi adolat bilan,
Usmon kechdi Qur’on tilovat bilan,
Din qilichin chalib, Arslon kechibdir.

Hasan, Husayn – dinning anvori, mohi,
Qani Fotima Zahro, hurlarning shohi,
Qudrat bilan yoqqan nuri ilohiy,
Shunday mo‘‘jizalar chandon kechibdir.

Ko‘ring, ne jononlar ishqqa yetishdi,
Umrin zoe qilib, xorlik topishdi,
Oh urib, ayriliq dardindan kechdi,
Termula-termula, giryon kechibdir.

Ne go‘zallar kechdi, husni hur oliy,
Go‘yo o‘n to‘rt kunlik oydir misoli,
Ne oshiqlar o‘tdi – aftoda holi,
Ularning ishqida hayron kechibdir.

Ne o‘lkalar qoldi vayron bo‘lishib,
Elu xalqi zer-zabaron bo‘lishib,
Boyqushlar sayrashib, itlar hurishib,
Na sherlar qolibdir, jayron kechibdir.

Qani hiyla bilan mollar yiqqanlar,
Qani uylar to‘la siym bilan zarlar,
Qani sandiq, huqqa, la’lu gavharlar,
Barin solib, oshkor, nihon kechibdir.

Ne yaxshilar kechib, suhbatlar tutdi,
Ne davronlar kelib, xush bo‘lib o‘tdi,
Umring o‘tdi, yoshing yetdi, hol ketdi,
Maxtumquli, sendan davron kechibdir.


SAHAR VAQTI YOTMANG, TILAK CHOG’IDIR

Sahar vaqti yotmang, tilak choQidir,
Umr yeldek kelib-kechar, yoronlar,
Ajal-sog‘iy yurar, qo‘linda jomi,
Ul maydan xaloyiq ichar, yoronlar.

Umr kelib-kechar, besh kun davrondir,
Besh vaqt namoz Haqdan bizga farmondir,
Jon qushi bu tanda besh kun mehmondir,
Parvoz etib, bir kun uchar, yoronlar.

Odamning aslini so‘rsangiz, loydir,
Yuz ming yil yashasang, bir kuni voydir,
Bu dunyo, bilsangiz, ko‘hna saroydir,
Xaloyiq karvondir, ko‘char, yoronlar.

Doimo Haq yodi bo‘lsin so‘rog‘ing,
Safar qilmoq kerak, tutgil yarog‘ing,
Bu dunyoda qancha yonsa chirog‘ing,
Ajal yeli tegib, o‘char, yoronlar.

Bu dunyo, bilsangiz, hoyu havasdir,
O’larsiz, oqibat barcha abasdir,
Bu dunyo mo‘‘minga zindon-qafasdir,
Qaro yer barchani quchar, yoronlar.

Sen o‘lgandan keyin qolgan zuryodlar,
O’g‘il-qizing, barcha qilar "Hayhot!"lar,
Kafaning bo‘yingga bichar hayotlar,
Oxirat uyini ochar, yoronlar.

Maxtumquli, tahqiq, bilgil o‘larni,
Chunki ko‘rgan yo‘qdir o‘lmay qolarni,
Tangrining haqiqat sevar qullari
Dunyoni ko‘rganda, qochar, yoronlar.


QARO YER BARCHANI YUTIB BORADIR

Do‘stlar, bu dunyoga yo‘qdir e’tibor,
Kimdir kelib, kimdir ketib boradir,
Xush kechar kimlardir, kimlar xoru zor,
Qaro yer barchani yutib boradir.

Kimlardir qaridir, kimlardir yoshdir,
Kimlardir tavongar, kimlar Hallojdir,
Mahsharga borguvchi bir ulug‘ ko‘chdir,
Ortimizdan ajal yetib boradir.

Falak bir baqqoldir, dunyo – bir bozor,
Kimdir yaxshi yo‘lda, kimlardir ozar,
Kimlardir Allohdan qilmaslar hazar,
Kimdir Haq buyrug‘in tutib boradir.

Kimlardir baxshidir, kimlar mullodir,
Kimlarning tilinda ismi Allohdir,
Barchasindan Alloh zikri avlodir,
Kimdir shayton so‘zin bitib boradir.

Maxtumquli, umid etmoq Xudodan,
Yolbormoq gadodan, muruvvat – Shohdan,
Naf yo‘qdir senga hech mosivallohdan,
Kimdir uyg‘oq, kimdir yotib boradir.


OG’ALAR, BUROQNING VASFIN SO’ZLAYIN

Og‘alar, Buroqning vasfin so‘zlayin,
Arab tilin so‘zlar o‘zi Buroqning.
Bo‘yni uzun, ko‘ksi yassi, rangi oq,
Odamzodga o‘xshar yuzi Buroqning.

Olamga ravshandir peshona oqi,
Yo‘g‘ondir bo‘yni-yu, yupqa dudog‘i,
Yashil zabarjaddir ikki qulog‘i,
Misli tong yulduzi ko‘zi Buroqning.

Yildirimdek bo‘lar qanot qoqishi,
Sigir sifatlidir quyruq chiqishi,
Orqasi tekisdir, bo‘lmas o‘xshashi,
Tushishi, chiqishi, tuzi Buroqning.

O’t yemas, rahmatdan to‘ladir ichi,
Qizil yoqutdandir manglayin sochi,
Eshakdan kattadir, xachirdan kichi,
Yurganda bilinmas izi Buroqning.

Maxtumquli aytar: Alhamdulilloh!
Davlat boqiysini O’zing ber, Alloh,
Uni mingan Ahmad ibni Abdulloh,
Keldi zabonimga so‘zi Buroqning.


DEDIM: "FALAK, SAVOL BOR!.."

Dedim: "Falak, savol bor!". Dedi: "Adolat bizdan!".
Dedim: "Dunyo keng bo‘lar". Dedi: "Xabar yo‘q sizdan".
Dedim: "Ul ne to‘n erur?". Dedi: "Kafandir bizdan".
Dedim: "Tanda yaram bor". Dedi: "Gizlab yur ko‘zdan".
Dedim: "Ishqqa devona". Dedi: "Yuz tut farmona".
Dedimki: "Ne farmondir?". Dedi: "Keldi Tabrizdan".

Dedim: "Ne charx aylanar?". Dedi: "Dunyo elidir".
Dedim: "Odam ne kulmas?". Dedi: "Jonli o‘lidir".
Dedim: "Ul ne qayrilmas?". Dedi: "Islom yo‘lidir".
Dedim: "Oldim farmona". Dedi: "Yuz tut Qur’ona".
Dedim: "Ul ne eshiksiz?". Dedi: "Qabr xilidir".
Dedim: "Rasul yo‘li ne?". Dedi: "Chiqma ul izdan»".

Dedim: "Ul ne shahardir?". Dediki: "Yolg‘on jahon".
Dedim: "Kimlar shoh erur?". Dedi: "Quruq jasad, jon".
Dedim: "Ul kim, yig‘laydir?". Dedi: "Ulug‘ Sulaymon".
Dedim: "Haq ne istaydir?". Dedi: "Bog‘da gul-rayhon".
Dedim: "Bog‘bon yig‘laydir". Dedi: "Bag‘rin dog‘laydir".
Dedimki: "Iloj ayla!". Dedi: "Luqmon azizdan".

Dedim: "Bir go‘zal ko‘rdim". Dedi: "Mohitobondir".
Dedim: "Kimdir jon bermas?". Dedi: "Bir Haq omondir".
Dedim: "Kim surar jahon?". Dedi: "Shoh hukmi ravon".
Dedim: "Farzand o‘ladir". Dedi: "Haqqa ravondir".
Dedim: "Bizga yetirgil". Dedi: "Haq deb o‘tirgil!"
Dedim: "Kimdan or ketdi?". Dedi: "Juvondan, qizdan".

Dedim: "FiroQiy ismim". Dedi: "Furqat chekarsan".
Dedim: "Qo‘l-oyoq tinmas". Dedi: "Tog‘lar chiqarsan".
Dedim: "Nomard o‘zadir". Dedi: "Morsen, chaqarsan".
Dedim: "Ketdi a’molim". Dedi: "Harib, cho‘karsan".
Dedim: "Haqqa arzim bor!". Dedi: "Uldir senga yor!"
Dedim: "Qishim kechadir". Dedi: "Ogoh bo‘l kuzdan".



SIYNAMIZGA ISHQDAN BIR DOG‘ YETISHSA...

Yo Xudoyo, bizga bir tavfiq bersang,
Siynamizga ishqdan bir dog‘ yetishsa.
Sidq ila tilimga tavba yuborsang,
Sahar diydalarim uyg‘oq yetishsa.

Sahar turib, ishqing kitobin ochsam,
O’qib-o‘qib, durri ma’nolar sochsam,
Qirqlar-la jam bo‘lib, piyola ichsam,
Kunji mayxonada ayog‘ yetishsa.

Bir murshid etagin tutsam, yig‘lasam,
Ishq o‘tiga jonu jismim dog‘lasam,
Sidqi dildan Haqqa ko‘ngil bog‘lasam,
Qiyomat zoyirdan bir sog‘ yetishsa.

Yaxshilar izinda yursam davomat,
Farzu vojib tark etmasam, ham sunnat,
Eranlar yo‘linda tortib mashaqqat,
"Shafoat, Rasul!" deb sadoq yetishsa.

Ilmi qol, ilmi hol – barin jam etsam,
Shariat yo‘linga doim ko‘z tutsam,
Nafsu shayton – dunyo hirsin tark etsam,
"Sharoban-tahuron" buloq yetishsa.

Necha yildir yurdim hoyu havasda,
Barcha qilgan ishim bo‘ldi abasda,
G’arq bo‘lib dunyoga, qoldim qafasda,
To‘ti kabi tarki tuzoq yetishsa.

Qodir Egam bu g‘amlardan qutg‘arib,
Xatarli joylardan omon o‘tkarib,
Fazli bilan barcha ishim bitkarib,
Huru hilmon ichra farog‘ yetishsa.

Isrofil sur chalib, xalqlar tirilsa,
Ahli olam arosatga surilsa,
Shafoatxoh Rasul munodo qilsa,
"Maxtumquli!" deya so‘roq yetishsa!..


KO’CH KETAR, KARVON AYLANMAS

Ey yoronlar, musulmonlar,
Omonatdir, jon aylanmas.
Sog‘liqqa yo‘qdir e’tibor,
Tut misol, mehmon aylanmas.

Kimdir sahar turar birdan,
Kimdir bosh ko‘tarmas yerdan,
Shaydo dilli go‘zallardan
Tish ketar, zabon aylanmas.

Baland tog‘dan haybat ketar,
Yerlardan barokat ketar,
Rum shahrindan quvvat ketar,
Ustoda do‘kon aylanmas.

Azroil yo‘l ochar bir kun,
Jon sharbatdan ichar bir kun,
Erdan davron kechar bir kun,
Ot o‘lar, maydon aylanmas.

Shariatdan ayri qolmang,
Haq ishiga sustkash bo‘lmang,
Odam o‘g‘li, g‘ofil yurmang,
Ko‘ch ketar, karvon aylanmas.

Benamoz, uchrarsan g‘amga,
Unda doding yetar kimga?
Unda zo‘r bersang chilimga,
Jasadda iymon aylanmas.

Maxtumquli, budur iqror,
Haq yo‘linda turar chin yor,
Kimning izinda o‘g‘il bor,
Kimdadir nishon aylanmas.


BIZDAN SALOM BO’LSIN UL O’ROZ XONGA
(Maxtumquli bilan O’roz Xon aytishuvi)

Maxtumquli:
- Bizdan salom bo‘lsin ul O’roz Xonga,
Taxt ustinda kim borivoj o‘tirmish?
Qirq kosa may quyib tillodan jomga,
Ul kim edi, barin boshga ko‘tarmish?

O’roz Xon:
- Bizdan salom bo‘lsin ustoz Firog‘a,
Sulaymon er – taxtda rivoj o‘tirmish.
Bilqis quyib qirq kosa may ul jomga,
Eranlar yig‘ilib, boshga ko‘tarmish.

- Ne oshiqdir, yig‘lar, ko‘zda yoshi yo‘q?
Ne gavdadir, ikki kiftda boshi yo‘q?
Ul ne ko‘zdir, kiprigi yo‘q, qoshi yo‘q,
Ko‘zlilardan yaxshi narsalar ko‘rmish?

- Mashrab yig‘lar, ko‘zlarinda yoshi yo‘q,
Ul zamindir gavdasi bor, boshi yo‘q,
Oftob erur, kiprigi yo‘q, qoshi yo‘q,
Jahona aylanar, ko‘p narsa ko‘rmish.

- Ul ne qushdir, hech qanotsiz uchadir?
Ul ne soldir, ummonlardan kechadir?
Ul ne kishi, yetti daryo ko‘chadir,
Sakkizin ko‘zlabon, mastona bormish?

- Jonsiz qushlar hech qanotsiz ucharmish,
Dengiz suzib, ummonlardan kecharmish,
Yurolmas, joni yo‘q, ko‘r, suv icharmish,
Birin olsa, sakkiz mastona bormish.


TIG’ YARASI BITAR-KETAR

Ko‘nglim, past tutgil o‘zingni,
Foniy dunyo o‘tar-ketar.
Har kim qadamin tuz qo‘ysa,
Guzardan bexatar ketar.

Bilsang, xush guftor ochaver,
Bilmasang, jimjit kechaver,
So‘z yarasindan qochaver,
Tig‘ yarasi bitar-ketar.

Asli dilda chekma jafo,
Bad aslda yo‘qdir vafo,
Har kishi bo‘lsa besafo,
Obro‘yini to‘kar-ketar.

Yo‘ldosh bo‘lsang kishi bilan,
Qulluq aylar boshi bilan,
Ishing tushsa noshiy bilan,
Tog‘u toshga otar-ketar.

Maxtumquli, borsang mundan,
Xayru sharr so‘rarlar sendan,
Shirin jon ayrilsa tandan,
Qum-tuproqqa botar-ketar.




ZAMONA OXIR BO’LGANDA

Ko‘kdan yerga fayz to‘kilmas,
Zamona oxir bo‘lganda.
Bir necha urug‘ ekilmas,
Zamona oxir bo‘lganda.

Olimlardan ketar izzat,
Shohlardan ketar adolat,
Zulmi ortar soat-soat,
Zamona oxir bo‘lganda.

Bug‘doy urug‘ ko‘kka uchar,
Olimlardan ilm qochar,
Jahondan barakot ko‘char,
Zamona oxir bo‘lganda.

Odam o‘g‘li tiyra-tiyra,
Bir-biridan bo‘lar xira,
Murid xizmat etmas pira,
Zamona oxir bo‘lganda.

So‘zing boshga balo bo‘lar,
Dunyong to‘la g‘alva bo‘lar,
El og‘zi ham ola bo‘lar,
Zamona oxir bo‘lganda.

O’g‘il ota yo‘lin ko‘zlar,
Qiz onadan avval so‘zlar,
Ajdod aynib, nasl to‘zar,
Zamona oxir bo‘lganda.

Podshohdan adolat ketar,
Darvishdan qanoat ketar,
Zanondan xayolat ketar,
Zamona oxir bo‘lganda.

Ota o‘g‘ildan tash bo‘lar,
Tuqqan tuqqanga qast bo‘lar,
Shoshqin bachchalar bosh bo‘lar,
Zamona oxir bo‘lganda.

Maxtumquli, bo‘l kamina,
Shukr ayla o‘tgan daminga,
Haqqa ixlosing kam etma,
Zamona oxir bo‘lganda.



DUNYO YASANIB, BOSHIMA SOYA SOLIB O’TDI

Dunyo yasanib, boshima soya solib o‘tdi
So‘z navbatida kosai davron to‘lib o‘tdi,
To mag‘ribu mashriq batamomin olib o‘tdi,
Bir nag‘machisi necha navolar chalib o‘tdi,
Majnunni ko‘ring, choki giribon bo‘lib o‘tdi,
Laylini ko‘ring, g‘unchayi xandon bo‘lib o‘tdi.

Bir nechalaring oshiga gar og‘u qotildi,
Taqdiri azal kotibidin bo‘yla yozildi,
Mansur "Anal Haq" deya, ko‘r, dorga osildi,
Mag‘rib shohining ul qizi Kan’onga chatildi,
Yusufni ko‘ring, qul dedilar, anda sotildi,
Oxirda ko‘ring, Misrda sulton bo‘lib o‘tdi.

Dunyoi falokat qo‘lidan dod ila bedod,
Sen misli o‘shal jilvagaru aldar parizod,
Fir’avnu Yazid o‘tdi, surib Namrudu Shaddod,
Xusrav o‘qidi necha g‘azal, bir necha abyot,
Shirinni deya chekdi jafo oshiqi Farhod,
Tog‘lar yuzini lola-yu rayhon qilib o‘tdi.

Men g‘amzadaning ko‘kka chiqib, dud ila ohi,
Yuz jabru jafo qildi mening rangimi oqi,
Bir nag‘magari, kishvari jon buzdi sipohi,
Sharhiga qalam yozdi murattabki siyohi,
Zebo bo‘yiga kiygizibon xil’ati shohi,
Ba’zini ko‘ring, besaru somon bo‘lib o‘tdi.

Hayf o‘tdi umr, bolaligim – fasli guliston,
Hay-hay, bu ne to’at edi, to‘ti shakariston,
No‘shirvoni odil, Hotami Toy, Rustami doston,
Ul parilar maskanidir, bu shahri Shabiston,
Bas, qarilik ofatidir bu qahri zimiston,
Har kimsa bir ish birla pushaymon bo‘lib o‘tdi.

Maxtumquli, do‘st tutmaki sen dunyani, yolg‘on,
O’olo kulasen, tongla qilarsen ne pushaymon,
Oldingda xavotiri Sirot ko‘prigi, mezon,
Sen etma jahon nafsiga hech aqlingi hayron,
Oxirda ajal qo‘ymadi, ko‘p yashadi Luqmon,
Ko‘p bandalaring mulkini vayron qilib o‘tdi.


QAYG’U CHEKSA, YIGIT KISHI CHOL BO’LAR

Odam o‘g‘li, bu dunyoda kezarsen,
Bir kun sening alif qadding dol bo‘lar.
g‘ofil bo‘lma, to‘g‘ri yo‘ldin ozarsen,
Bulbul kabi sayron tiling lol bo‘lar.

Oxirzamon bo‘lsa, fitnalar tursa,
Zolimlar yomonlik majlisin qursa,
Podshohlari rishvat deya dam ursa,
Faqirlarga kun-nafaqa xor bo‘lar.

Yaxshi-yomon izzat qilar boylarga,
Faqiru benavo qolar voylarga,
Har yigitkim, g‘arib tushsa joylarga,
Hasrat chekar, har bir mohi sol bo‘lar.

Har kimsa shariat yo‘lin bilmasa,
Olimlarning so‘zin ko‘zga ilmasa,
Qirq yoshinda kishi tavba qilmasa,
Uning ishi hiyla, makr, ol bo‘lar.

Har yigitkim, g‘arib tushsa vatandan,
Xabar so‘rar har bir yo‘ldan o‘tgandan,
Telmuribon hojat tilar yetgandan,
Hojati bitmasa, qiylu qol bo‘lar.

Kel ey, do‘stim, chekma qayg‘u-g‘amni sen,
Oqtirmagil ko‘zlaringdan namni sen,
Bu dunyoda g‘animat bil damni sen,
Qayg’u cheksa, yigit kishi chol bo‘lar.

Maxtumquli, nasihatlar tuzarsan,
Xaloyiqning yurak-bag‘rin ezarsan,
Lekin o‘zing to‘g‘ri yo‘ldan ozarsan,
Rustam bo‘lgan, bir kun piri Zol bo‘lar.


KEL, MA’RUFIY, JAVOB BER

Maxtumquli:
- Kel, Ma’rufiy, javob ber, ul nadir, devoni to‘rt?
Ochiq yerda qurilgan ul nadir, ayvoni to‘rt?
Ul ne yoydir, chekilar, aning o‘q-paykoni to‘rt?
Ul qay kimsa o‘tgandir, ahd ila paymoni to‘rt?
Ber javobin bu so‘zning, hafta-yu qurboni to‘rt?

Ma’rufiy:
- Topdim javobin, shoir, umringdir devoni to‘rt,
Ochiq yerda qurilgan majlisning ayvoni to‘rt,
Iymon o‘qdir, otilar, aning o‘q-paykoni to‘rt,
Shohimardon Alining ahd ila paymoni to‘rt,
Bir oyning to‘rt haftasi, jum’adir – qurboni to‘rt.

- Choy bilan non ustida qaysi Payg‘ambar turdi?
Ul kim edi, qo‘ylarga bo‘rini cho‘pon qildi?
Ul kim edi, guliston – Eram bog‘iga kirdi?
Ul kim edi, dunyoda Rashid pirini ko‘rdi?
Ul kimdirki, o‘tgandir ham tig‘, ham burroni to‘rt?

- Choy bilan non ustida Muso Payg‘ambar turdi,
O’zi edi, qo‘ylarga bo‘rini cho‘pon qildi,
Sheri Xudo guliston – Eram bog‘iga kirdi,
Ali edi, dunyoda Rashid pirini ko‘rdi,
Sheri Xudo Alining ham tig‘, ham burroni to‘rt.

- Qaysi malik dunyodan o‘g‘ilsiz o‘tdi-ketdi?
Ul ne narsa, bir kecha erini yutdi-ketdi?
Ul kim edi, dunyosin aboga sotdi-ketdi?
Ul kim edi, ganj-moli tuproqqa botdi-ketdi?
Ul ne sadaf, ochilmish – gavhari g‘altoni to‘rt?

- Sulaymondir, dunyodan o‘g‘ilsiz o‘tdi-ketdi,
Ul himmatli Oy edi, erini yutdi-ketdi,
Xizr bani dunyosin aboga sotdi-ketdi,
Qorunning ganji-moli tuproqqa botdi-ketdi,
Sadaf gavhar ochilmish, ham durru g‘altoni to‘rt.

- Ul kim edi, dunyoda Qulzum daryodan kechdi?
Ul kim edi, Norinjda ajab gulzora tushdi?
Ul kim edi, saxovat, jannat eshigin ochdi?
Ul kim edi, barchaga o‘lim to‘nini bichdi?
Ul kim erur, o‘ltirar, jannatda mehmoni to‘rt?

- Hamza edi, dunyoda Qulzum daryodan kechdi,
O’zi edi, Norinjda turli gulzora tushdi,
Shohi odil saxovat, jannat eshigin ochdi,
Sayyod ajal dunyoda barchaning to‘nin bichdi,
Rasululloh o‘ltirar, yonida mehmoni to‘rt.

- Ul ne chokar, azalda xizmat etar ustoda?
Ul ne shahri zinodir, bari ketar barboda?
Ul ne bulbul sayraydi, fayzi ketar samoda?
Qaysi Payg‘ambar edi, bordi Allohga doda?
Qaysi Payg‘ambar edi, tilinda sanosi to‘rt?

- Ruhul Amin – Jabroil, xizmat etar ustoda,
Lutning shahri zinodir, bari ketdi barboda,
Hamrohning bulbulidir, fayzi ketar samoda,
Ul Ibrohim Payg‘ambar, bordi Allohga doda,
Haqqa qildi munojot, tilinda sanosi to‘rt.

- Maxtumquli, xabar ber, ul kim daryoga kirdi,
Har dam na’ra chekkanda, daryoni to‘fon qildi?
Ul kim edi, bir nazar Ko‘himorona soldi?
Aning vahimasiga Eron Turona keldi?
Ul ne qushdir, uchadir osmonga, parvozi to‘rt?

- Ma’rufiy der: Zulfiqor erdi, daryoga kirdi,
Har dam na’ra chekkanda, daryoni to‘fon qildi,
Ali edi, bir nazar Ko‘himorona soldi,
Eron, Turonni kezib, azmi Xuroson keldi,
Ul ko‘ngildir, uchadir osmonga, parvozi to‘rt.


TASHLAB QOCHMALI DUNYODIR

Ey yoronlar, musulmonlar,
Kelib-kechmali dunyodir,
Qurbi yetgan bo‘z yigitlar
To‘kib-sochmali dunyodir.

Hech kim bunda tutmas o‘rin,
Sog‘likda to‘kib-soch barin,
Shuncha yig‘nab, netdi Qorun? -
Tashlab qochmali dunyodir.

Bu dunyoning g‘amin yersan,
Odam o‘g‘li, bil, o‘lursan,
Par to‘shakni qattiq dersan,
Yerni quchmali dunyodir.

Zulm yog‘ar boshlaringga,
OQu qotar oshlaringga,
Bunda qilgan ishlaringga
O’isob kechmali dunyodir.

Maxtumquli, o‘qib Qur’on,
Allohdan tilagil iymon,
Har yigit o‘lsa benishon,
O’rni o‘chmali dunyodir.


HAR KIShIKIM, HAQ ZIKRINDAN ZINDADIR

Binoyi Behishtda ul kun xush kezar,
Dunyoda hamxona bo‘lgan g‘am bilan.
Ne xalqqa birikar, ne ayri kezar,
Chin darvish xalq ichra kezar xam bilan.

Kimga shaqovatdan qurilsa bunyod,
Olam tarbiyati aylamas obod,
Har kimniki dardi bo‘lsa modarzod,
Afsun o‘qib, ora kelmas em bilan.

Qaysi qul dargohga xolis bandadir,
Sevgisi yurakda, dardi jondadir,
Har kishikim, Haq zikrindan zindadir,
Ko‘ngli tag‘yir topmas, bo‘lsa jam bilan.

Haq do‘sti kamaymas ko‘hna jahondir,
Lekin jahon ichra do‘sti pinhondir,
Do‘st bo‘lganga bu ikki ish nishondir:
Yurak ishqdan to‘la, diyda nam bilan.

Davlating qushini qochirma dastdan,
Yaxshilik istama anglamas mastdan,
Zinhor qo‘l uzmagil din bilgan do‘stdan,
Obro‘ying saqlanar yaxshi nom bilan.

Garchi tilda do‘st ham bo‘lsa shoningda,
Bir it bilib, yog‘och saqla yoningda,
Bir kun bo‘lar, illat qo‘yar joningda,
Umringda to‘qnashib kezsang shum bilan.

Firog‘iy murdadir, yellar yel cheksa,
Oylar abr solsa, kunlar kun cheksa,
Ilyos obni to‘ksa, Xizr el cheksa,
Zinda bo‘lmas, Iyso ursa dam bilan.


SAHAR VAQTI G’OFIL BO’LMANG YORONLAR!..

Sahar vaqti g‘ofil bo‘lmang, yoronlar
Dargohlar ochilar chog‘dir bu chog‘lar.
Rahmatga duch keldi bul vaqt eranlar,
Haq nuri sochilar chog‘dir bu chog‘lar

Osiy bo‘lma, gunohingdan tina qol,
O’zni tani, menligingdan ina qol,
Yaxshi vaqtdir, tavba qilib do‘na qol,
Yoziqlar kechilar chog‘dir bu chog‘lar!

Haq seni saqlasin hijron yelindan,
Adashmagil yo‘lchilarning yo‘lindan,
Muhabbat jomlari do‘stning qo‘lindan,
Hazir bo‘l, ichilar chog‘dir bu chog‘lar!

Ming yil kezsang yolg‘onchini surubon,
Tan tuproqqa do‘nar bir kun chiribon,
Yo‘g‘lik maydonida majlis qurubon,
Menlikdan kechilar chog‘dir bu chog‘lar!

Maxtumquli, ketding dunyo ko‘yina,
Johillikdan ko‘ngil qo‘yding o‘yina,
Endi oyoq bosding o‘ttiz uyina,
Ko‘z yoshi sochilar chog‘dir bu chog‘lar,


O’N SAKIZ MING OLAMNI BIR DAMDA BOR ETGAN KARIM

O’n sakiz ming olamni bir damda bor etgan Karim,
Yetti Qufrona falakni barqaror etgan Karim,
Bandalarga rahmatin har dam nisor etgan Karim,
Ul maloyiklarni ko‘kda beshumor etgan Karim,
Qudratin ikki jahonda oshkor etgan Karim.

Kimlari gumroh qilib, berdi anga rohi zalol,
Kimlari mo‘min qilib, O’zin tanitdi bemisol,
Har kimi bir ko‘ya soldi Ul Karimi loyazol,
Nechalar toat bilan umrin o‘turdi mohu sol,
Nechalarni ma’siyatda sharmisor etgan Karim.

Anbiyolar afzali ul Mustafo – xayrul-bashar,
Ham maloyiklar ko‘rib, qildi boshiga toju zar,
Yo shafi’al-muznibin! – deb yod etarman har sahar,
Qudratidan ul Masihoni yaratdi bepadar,
O’tni Ibrohim Xalilga lolazor etgan Karim!

Kimlara berdi Xudoyim ayshu ishrat behisob,
Kimsalar hasrat bilan non topmayin bag‘ri kabob,
Kimlara rohat bag‘ishlab, kimlara berdi azob,
Dunyo bir karvonsaroydir, o‘tdi mundan subhu shab,
Har kima taqdiru qismat ro‘zigor etgan Karim.

Kimlari shoh aylabon, berdi murassa’ toj anga,
Kimlari faqru fanoda ayladi muhtoj anga,
Nechalarga berdi davlat, nechalar Halloj anga,
Do‘st deya lutf ayladi laylatul-me’roj anga,
Mustafoning do‘stlarini Chor yor etgan Karim!

Avvalo ikki jahonni bor edan qodir Xudo,
Necha qullar Haq yo‘linda ayladi jonin fido,
Nechalar fisqu fasodda qildilar umrin ado,
Dunyoga kelgan ketar, boyu faqir, shohu gado,
Barcha qulni shum o‘lim qo‘linda zor etgan Karim.

Maqsuding, Maxtumquli, sen Haq taolodan tila,
g‘ofil o‘lma, kecha-kunduz bo‘l Xudo zikri bila,
Bizdek osiy qullara shoyad Xudo rahmat qila,
Umringni zoe kechirma, hosiling berma yela,
Barchalarning joyini oxir mazor etgan Karim!..


JAHON BO’LDI MUNAVVAR

Chiqdi mag‘rib tarafdan,
Ul mehribonim keldi,
Yuz ishvayu noz bilan,
Joni jahonim keldi.

Men Yorning sarniguni,
Bog‘labon bu oyinni,
To‘kdi jigardan xunni,
Shohu sultonim keldi.

Olamga shohiparvar,
Bo‘ldi ummatga sarvar,
Jahon bo‘ldi munavvar,
Durri g‘altonim keldi.

Qomati sarvu tubo,
Qaddi, o‘zi Muntaho,
Vajhi-ro‘yi – "Vaz-zuho",
Sarvi ravonim keldi.

Niqobin yuzga solgan,
Yuz ko‘rsatib, jon olgan,
Hamma orzulab, yongan,
Ohu fig‘onim keldi.

Malak farmona boqqan,
Sidrati sahro chiqqan,
Oh ursa, Arshni yoqqan,
Sohibqironim keldi.

Maxtumquli, benavo,
Ko‘zlama sanad sivo,
Ummatim! – deb doimo,
Hazrat Eshonim keldi.


BAHOUDDIN OTLI DEVONA KYeLDI

Bir kecha yotardim, sahar vaqtinda,
Bahouddin otli devona keldi,
Asosin suyanib, kelmish Buxordan,
Haq ishqinda mastu mastona keldi.

Bir necha ul yoru, yoron turdilar,
Majlislar tuzildi, halqa qurdilar,
Na’ralar chekdilar, samo’ urdilar,
Sadolar tuzildi, jon-jona keldi.

G’avg‘o qo‘pti, rahmat qozondi tuzlar,
Sochildi qon yoshlar, ochildi ko‘zlar,
Yig‘ildi darvishlar, to‘kildi fayzlar,
Go‘yo dersan: oxirzamona keldi.

O’qir bo‘lsa, ilmi ladun ochiqli,
Ham devona, ham sarxush, ham ishiqli,
Qo‘linda kosasi, boshdan kechikli,
Siynamga qo‘ydilar bir shona, keldi.

Maxtumquli aytar: Qur’onga uydim,
o‘iybatni tashladim, haromni qo‘ydim,
Yashira bilmadim, sirimni yoydim,
Saqlana olmadim, zabona keldi.


SHOH NAQSHBANDIY

Bir kecha yotardim , Shohi Naqshband.
Karami jo‘sh aylab, bir non ketirdi.
O’ngi qo‘lida boda – gulgun sharobi,
Chap qo‘lida toza biryon ketirdi.

Uyg‘ondim uyqudan, qoldim tushimdan,
Hayron qoldim devonaning ishindan,
Bodasin no‘sh aylab, ketdim hushimdan,
Hamdiydadan ashki giryon ketirdi.

Jon xurujga keldi qaynab jo‘shmoqdan,
Yuragim mavj urdi to‘lib-toshmoqdan,
Bir ishorat bo‘ldi unga tushmoqdan,
Fahm etmadim, jonga armon ketirdi.

Anglamadim, ishqqa bo‘ldim xaridor,
Bilmadim, istadim dilbardan diydor,
Ishq dardiga tushdim, qoldim giriftor,
Kim ham bu dard uchun darmon ketirdi?

Maxtumquli, turdim tavof etmoqqa,
Til farmon bermadi javob etmoqqa,
Ishq ahlining holin xarob etmoqqa,
Aqlim olib, mastu hayron ketirdi...

DARVISHLARNING DUOSIDIR

Odam o‘g‘li, fikring-zikring
Yolg‘onchining havosidir,
Hozircha shul fikrdasan,
Bir kun dardga qo‘yosidir.

Bir kun kirar yerga boshing,
Unutar qavm-qarindoshing,
Namozing, ro‘zang – yo‘ldoshing,
Tiling hamdu sanosidir.

Chalg‘iltarlar sog‘da, so‘lda,
Shayton yo‘l kesar bu yo‘lda,
Erkli qo‘rg‘on, ulug‘ dalda -
Shariatning qal’asidir.

Bu jahonning sarmoyasi,
Rizq sababi, Haq soyasi,
Yer tiragi, Ko‘k poyasi -
Darvishlarning duosidir.

Kechar umr, o‘tar bu dam,
Ne yurarsan qadam-qadam,
Filni yo‘lga solgan odam,
Seni qurtcha yeyosidir.

Tog‘lar bordir, toshlar bordir,
Yozlar bordir, qishlar bordir,
Yomon-yovuz ishlar bordir,
Boshga kelgan ko‘rosidir.

Maxtumquli, ishq maydondir,
Bu maydonga kirgan jondir,
Joning ham tanda mehmondir,
Bergan bir kun olosidir.


JISMI QONUNDAN NAFAS TORI UZILMASDAN BURUN

Jismi qonundan nafas tori uzilmasdan burun,
Boshingga davri qazo bazmi qurilmasdan burun,
Jubbai jon tiri rihlatdan so‘kulmasdan burun,
Ey ko‘ngul, qasring asosi – tan buzilmasdan burun,
Toki obro‘y qo‘rasi – dandon to‘kulmasdan burun;

Qil nazar osori sun’ullohga chashmi did ila,
Kir haqiqat yo‘liga, bu jazbai tahmid ila,
Qurbi vahdat istasang, bo‘l vasfi ul tamjid ila,
Uqdai labdan girih och nuqtai tavhid ila,
Ko‘z ochib sanga deyin man, harza kulmasdan burun.

Bebaqodir qolibi tan, bog‘lama iqbol anga,
Bo‘lma g‘arra oriyat, dunyoda mulku molinga,
Yod etib go‘ru qiyomat, yig‘la doim holinga,
Bir nazar sol, moumandan voz kechib, ahvolinga,
Och ko‘zing ibrat bilan, tuproqqa to‘lmasdan burun.

Boqi umringni ki sarf et, marduming fahminda bo‘l,
Maqdamida bosh qo‘yub, ma’yusi mardumdiyda bo‘l,
Sarf qil pok tilingniki, xulqi xush bingzida bo‘l,
Sidq ila qilgil amalni, beriyo subhida bo‘l,
O’ashrda mezon tarozusi qurilmasdan burun.

Bebaqo, foniy jahonni bilmaki sen joyi bud,
Ertayu oqshom ketarsan selu barqu bodi zud,
Qil bukun tongla ishin, qilmas pushaymon anda sud,
Qil duto pushtung ruku’da, jabhai jondan sujud,
To ajalning bodidan qadding bukulmasdan burun.

Sindirib isyon tuxumin, to‘k nadomat ashkini,
Keltir Allohga bu kun beqadru qiymat ashkini,
Joriy aylab borho chashmi davomat ashkini,
Ko‘zlaringdan oqizib sho‘ri qiyomat ashkini,
Tavba jomin no‘sh qilg‘il, paymon to‘lmasdan burun.

Kechalar, Maxtumquli, yurgil qidirib rohbar,
Qo‘yma beyo‘ldosh qadam, manzil uzoq, yo‘l purxatar,
Ko‘zlaringdan yosh o‘rniga to‘kubon xuni jigar,
Sa’y qil, olgil bahori fayzi Haqdan bir samar,
Bodi rihlatdan niholing bargi so‘lmasdan burun.


O’QIDIM QUR’ON ICHINDA

Ey yoronlar, musulmonlar,
Bir kecha sayron ichinda,
O’ttiz ikki kishi ko‘rdim,
Ul Shohi Mardon ichinda!

Ularga berdim salomni,
So‘rdilar Sog‘lik kalomni,
Shayxi Said, Mavlo Jomiy -
Ul yetti sulton ichinda.

Sulton Vays pahlovoni,
O’akim Ota, Sulaymoni,
Xoja Yusuf O’amadoniy,
Shul Shohi Kan’on ichinda.

Turkiston egasi-sarvar.
Imom Qosim, Imom Ja’far,
Yahyo bilan Nuh Payg‘ambar,
Boyazid Sulton ichinda.

Go‘zal pirlar, go‘zal yorlar,
Chekdilar bu yo‘lda zorlar,
Imom Rizo, Shohu pirlar,
Necha go‘zal jon ichinda.

Maxtumquli, sirim ko‘pdir,
Men naylayin, ochgan yo‘qdir,
O’lmoq haq, tirilmoq haqdir,
O’qidim Qur’on ichinda!..


BIR ALLOHGA AYTAY HAMDU SANOLAR

Bir Allohga aytay hamdu sanolar,
Bir qisim tuproqdan inson yaratdi.
Tan kapasin qilmoq uchun munavvar,
Jon nuridan sham’i tobon yaratdi.

Ko‘rmoqqa ko‘z berdi, tilga maqolat,
Jonni qo‘ydi tanda besh kun omonat,
Azalda har kimga qilsa inoyat,
Ko‘kraginda nuri iymon yaratdi.

Avvalo yaratdi Odam Atoni,
Unga juft ayladi O’avvo anoni,
Firdavsi a’loda edi makoni,
Anga dushman mal’un shayton yaratdi.

Haqdan nuzul bo‘ldi Musoga Tavrot,
Injil vasfin Iyso ayladi isbot,
Dovud Zabur o‘qib, qildi munojot,
Muhammad sha’ninda Furqon "yaratdi".

Muhammadni sarvar aylab jahona,
Dedi: "Payg‘ambari oxir zamona".
Jabroildan vahiy aylab ravona,
Kofirlarga Shohimardon yaratdi.

Birni past ayladi, birni sarbaland,
Birni faqir aylab, birni davlatmand,
Birni xor ayladi, birni arjumand,
Birni gado, birni sulton yaratdi.

Ovozasi tushub Rum-u Yamanga,
Misr, Shomu Hindistonu Dakanga,
Dong‘i ketib Xitoy bilan Xo‘tanga,
Bir amiri Sohibqiron yaratdi.

Jasorati beglar ichra shohona,
Shijoat bahrida durri yagona,
Ermuhammad Shohdan qoldi nishona,
Tangrim uni mardi maydon yaratdi.

Qaro yerdan yashil sabza ko‘kartib,
Har daraxtdan turluk meva chiqartib,
Kundan-kun bog‘larning mevasi ortib,
Gul ochilib, bog‘u bo‘ston yaratdi.

Maxtumquli aytar Haqqa sitoyish,
Har mushkul ishimga sensan kushoyish,
Kechayu kunduzga berib namoyish,
Xurshid bilan mohi tobon yaratdi.


YER QAVATLARI

Birinchi qat yerning oti Ramqodir,
Iqlim otli yovuz ellar anda bor.
Yetmish ming farishta unda sog‘chidir,
Ming qoim burunduq bog‘lar anda bor.

Ikkinchi qat yerning oti Haldadir,
Quyrug‘i nayzadek kajdum andadir,
Osiy odam uchun ko‘zi yo‘ldadir,
Nor, bug‘ro sifatli mo‘ylar anda bor.

Olti yuz oltmishdir ungurga toshi,
Har birin olti yuz oltmishdir boshi,
Har boshda olti yuz oltmishdir tishi,
Tog‘ chidamas bad oQular anda bor.

Uchinchi yer oti Harqayi ofoq,
O’tini temirdan, tob bermas tuproq,
Do‘zax unguri bor, tog‘dan ulug‘roq,
Haqiqat, iymonsiz qullar anda bor.

To‘rtinchi qat yerning otidir Xarfo,
Ilonlarning tishi – daraxti xurmo,
Issig‘i kuydirib, o‘ltirar Tir, Moh,
Tan-jon to‘zmas, tinmas "voy"lar anda bor.

Beshinchi yer oti Log‘ar zamindir,
Olmos tosh urarlar, har kim bedindir,
Oltinchi qat yerning oti Sijjiyndir,
Do‘zaxiy bo‘lajak jonlar anda bor.

Yettinchi yer oti Haribo, dalda,
Do‘zaxdan vahm ayla, Xudoni bil-da!
Shayton anda inib chiqar har yilda,
Firog’iy der: yomon kunlar anda bor.


YARATGAN ALLOHDAN FARMON YETISHSA

Yer ostinda maskan tutgan sirotga,
Tog‘lar kabi yuz ming resmon taqarlar,
Azob bermoq uchun har bir nomardga,
Yetti yer ostindan uni chekarlar.

Yaratgan Allohdan farmon yetishsa,
Yetmish ming saf malak chekar g‘am-g‘ussa,
Har saf insu jinga yetmish ming hissa
Olib kelib, yer yuzinda cho‘karlar.

To‘rt sutun, har sutun o‘ttiz ming boshli,
O’ttiz ming dahanli, o‘ttiz ming tishli,
Har tishi bu baland tog‘lardan kuchli,
Har tishdan o‘ttiz ming zanjir taqarlar.

Tog‘lardan quvvatli, daryo haybatli,
O’tkir olmos tishli, nahang sifatli,
Mahshar kun Haq yonida bo‘lsang uyatli,
Fil, govmish bo‘yinli mo‘ylar suqarlar.

Maxtumquli, bo‘yin bergil farmona,
Qiyomat kun hayfing kelsa bu jona,
Jahannam qahrindan tortsa ziyona,
Nor, bug‘ro sifatli uchqun chiqarlar.


BIZDAN SALOM BO’LSIN TURDI SHOIRGA

Bizdan salom bo‘lsin Turdi shoirga,
Qay mehrobdan so‘zlab chiqqan o‘t nadir?
Kimdir, o‘lib, bir yildan so‘ng bilindi?
To‘qqiz yuzda tuqqan nim zuryod nadir?

Sen Ko‘zli otasan, biz – Karkaz eli,
Cho‘l yerda kezarsan, yod etib xayli,
Bildingmi, tamug‘ning chekilgan mili,
Xabar ber aslini, Pulsirot nadir?

Aslinga yetishgil, yolg‘onda, chinda,
So‘z qisqadir, ma’ni ko‘pdir ichinda,
Bilarmisan, qaysi daryo ichinda,
Odamzod jigarli yotgan hut nadir?

Ne og‘ir sarpodir, qaysi avjida,
Olam halok bo‘lar necha tovushda,
Qudrat bilan, to‘rt yuz nadir bir boshda,
Tebranganda undan chiqqan o‘t nadir?

Ne siyna, ne jondir, so‘yla bu sirdan,
Belidan pastrog‘i bo‘lmish hajrdan,
Oshiq, bayon ayla, qaysi shajardan
Ham jonli, ham jonsiz tuqqan zot nadir?

Ul kimdirki, ko‘z yoshini toshdirdi?
Necha yilda ijobatin tushdirdi?
Ul kim edi, zalolatin jo‘shtirdi?
Murod qo‘lda turib, nomurod nadir?

Maxtumquli aytar: oshiq, bu sirda,
Kalovlanmay, to‘g‘ri so‘yla bu yerda,
Shuni bilarmisan, qaysi shaharda,
Tarki qulluq etgan ikki zot nadir?


MIFTOHUL-JINON

Ey ahli darvish, bilgil,
As-sabru miftohul-jinon.
Sabr ila amal qilgil,
As-sabru miftohul-jinon.

Besabr bo‘lgan xunob ichar,
Bo‘lar balolarga duchor,
Yopuq eshikni sabr ochar,
As-sabru miftohul-jinon.

Shoshmoq erur ul shaytondan,
Sabr aylamoq – Rahmondan,
Ma’rifat yetar jonondan,
As-sabru miftohul-jinon.

Zikr aylaganlar zavqlanar,
Shukr aylaganlar shavqlanar,
Besabrlar barham bo‘lar,
As-sabru miftohul-jinon.
Besabrning ishi yitar,
Sabr aylasa – ishi bitar,
Nogoh Xudoyim el tutar,
As-sabru miftohul-jinon.

Besabr ko‘rgaydir ozor,
Boshi bilan bo‘lar bezor,
Shayton bilan yo‘ldan ozar.
As-sabru miftohul-jinon.

Haq zikrini ko‘p aylagil,
Jahd aylagil, jahd aylagil,
Sabr aylagil., sabr aylagil,
As-sabru miftohul-jinon.

Maxtumquli, bilgil ayon,
Pandu nasihatdir hamon:
As-sabru miftohul-jinon,
As-sabru miftohul-jinon!..


 
HAJVIYOT

CHILIMKASH

Haq seni ra’yingga qo‘ymish jahonda,
Qila bilganing qil bunda, chilimkash.
Devon qurilgan kun hisob joyinda,
Javobing nimadir unda, chilimkash?!

Quvvating kamayar, kuching oz turar,
Kayfi boshga ursa, aqling ozdirar,
So‘ngaging qaqshatib, eting qizdirar,
Bir nishona budir senda, chilimkash!

Qo‘lingni tort bunday noqaq taloshdan,
Puling kuyar, iching yonar bu ishdan,
Erta qorning to‘ldirarlar otashdan,
Zaxmi chiqmas, qolar jonda, chilimkash!

Ikki dunyo yaxshilik yo‘q egriga,
Erkak bo‘lsang, qadam qo‘ygil to‘g‘riga,
Benamozga, g‘iybatchiga, o‘g‘riga
Yo‘ldosh bo‘lar yovuz kunda chilimkash!

Maxtumquli, Mavlom jondan yaqindir,
Chilim achchiq tutun, tan bir zamindir,
Iymon bir qushdir-u, gavda bir indir,
Qush turmagay buzuq inda, chilimkash!


NOSKASH

Avvalo Haq amridan ovvora bo‘lgan noskash,
Sho‘r bo‘lib peshonasi, yuz pora bo‘lgan noskash,
Fe’li shaytonga asiru qora bo‘lgan noskash,
Chun azalda Vohidul-Qahhora bo‘lgan – noskash,
Nafs uchun jondan kechib, bemora bo‘lgan noskash.

Noskash ikki jaqonda bo‘lmas aslo shodmon,
Burnidan zardob ila sassiq suv oqgay qar zamon,
Ko‘p alam tortar, bilinglar, bang, chilimdan nos yomon,
Nos chekmoqlik xos yomondir, chun zino, g‘iybat, yolon,
Yuz dalil, sad makr ila oshkora bo‘lgan noskash.

Ko‘p hadis aytdi Muqammad: nos haromdir, nos harom,
Kim haromni odat etsa, nosga qilsa eqtimom,
Jon chiqib, bul xonadan ul xonaga bosganda gom,
Ixlos etmay, to‘g‘ri ketmay, egri ketsa subqu shom,
Xonai islomu din kuffora bo‘lgan noskash.

Tongla maqshar noskashi bir yerga eltar, benavo,
Oqibat etgay uni dardu baloga mubtalo,
Bandasidan qilgusi bir-bir savolini Xudo,
Telmurib turmoqdan o‘zga chora toptirmas ango,
Yuzlari misli qozonday qora bo‘lgan noskash.

Burnin eshak burniday tilgay farishta noskashing,
Aytur: «Ey farzandi Odam, boshga tushdi tashvishing,
Qaydadir, uqbo yo‘liga taqdim etgan peshkashing,
Dunyoda ravshan ko‘zing, anduqgin bo‘ldi boshing» –
Degach ul kun, oq urib, afkora bo‘lgan noskash.

Nos halol deb ba’zilar, bunday xayolni xom etar,
Yo‘q qilib qancha pulin qam, ko‘nglini orom etar,
Burnidan oqsa najas, har dam qusuli kom etar,
Bas, o‘zi bilmay, jaqonda o‘z-o‘zin badnom etar,
O’zni bilmay, ushbudek raftora bo‘lgan noskash.

Bir so‘mi bir ajdaho bo‘lgay qiyomatning kuni,
Aytishur: «Kayf yo‘liga sen nega sarf etding muni?»
Qech ilojin topmayin, ohziga tutgay dastini,
Qichqirib faryod etar, zaqrini solgay dushmani,
Naylar, ul kun do‘zaxa nazzora bo‘lgan noskash.

Ajdaqoning zaqridan ul noskash g‘amnok bo‘lur,
Kayfni qol bilgan kishining diydasi namnok bo‘lur,
Shiddatidan o‘t ichinda noridan ko‘ylak bo‘lur,
Ko‘rsa ul qar ne alomat, qar qachon muqlak bo‘lur,
Topmayin qargiz iloj, bechora bo‘lgan noskash.

Mujtaqid qavli, hadisi anbiyodir: noskash,
Har qachon kelsa boshiga qaddi nayza ul quyosh,
Tashnalikdan og‘zin ochib, it kabi bo‘lgay atash ,
Har nafasda nafti nos birla bo‘lolmas chorakash,
Aytadir Maxtumquli: «Xunxora bo‘lgan noskash!»


G’IYBATCHI

Mahshar kuni shikoyat bor tilingdan,
Rasvoliging shudir sening, g‘iybatchi!
Umring yelga berma, ozma yo‘lingdan,
Ranjitmagil eling, kuning, g‘iybatchi!

Bulutdek o‘kirib, chaqindek gurlar,
Goqi muzdan taxtlar, olovdan yerlar,
Xachirdek chayonlar, bug‘rodek morlar,
Badaningdan so‘rar qoning, g‘iybatchi!

Qoling ko‘rib, qayron bo‘lib yig‘larlar,
Seni Sijjiyn otli joyda bog‘larlar,
Tiling tortib, temir bilan dog‘larlar,
Qora bo‘lar ul Kun kuning, g‘G’iybatchi!

Yomon so‘z ajratar yaxshi do‘stingdan,
Gunoqing yuklari bosar ustingdan,
Jaqannam ichinda tamug‘ ostindan
Falaklarga chiqar uning, g‘iybatchi!

Malaklar, ko‘tarib gurzi urarlar,
Andomingdan suvdek oqar zaqarlar,
Vashillab turgaydir yoningda morlar,
Qaqshatib so‘rilar taning, g‘iybatchi!

Bir dam qutulmassan do‘zax norindan,
Taningga o‘ralgan ilon zaqrindan,
Shul azobda qasratingdan, zoringdan
Falaklarga uchar uning, g‘iybatchi!

O’rin berar senga, eltib bir joyda,
Kuning kechar kecha-kunduz oq-voyda,
Azobing orttirar sening har oyda,
Chilimkash hamrohing – yoning g‘iybatchi!

Ro‘siyosan mahshar kuni Karimga,
Alloh savobingdan olar jarima,
Iymonsizdek ko‘rib, eltar jaqimga,
Gila etar sendan joning, g‘iybatchi!

Maxtumquli aytar: elning – ko‘zindan
Qolib, gar xor bo‘lsang, ko‘rgil o‘zingdan,
Tilingni tiymasang harom so‘zingdan,
Butkul barbod bo‘lur dining, g‘iybatchi!


VASIYAT

KO’Z YOSHIN TO’KMAGAN ERDAN…

Qech ko‘ngul shodligi chiqmas
Bir ko‘ngul yoqmagan erdan.
Yaxshilik tama’sin qilmang,
Yomonlik chekmagan erdan.

Kimsa bilan beklik etar,
Bir to‘p bilan bir yo‘l tutar,
Kadxudolik yiroq ketar,
Yomon so‘z chekmagan erdan.

Yaxshi er - el aybin ochmas,
Ko‘rib-bilib, harom ichmas,
Yaratgan gunohin kechmas,
Ko‘z yoshin to‘kmagan erdan.

Turmagay, ayyom evrilar,
Zamon o‘tar, charx chevrilar,
Ulug‘ davlatlar ayrilar,
Yakdillik tutmagan erdan.

Qochoqlarga yasoq kuni,
Sher qurtga bermas ovini,
Payg‘ambar bezor, yov kuni –
Yo‘ldoshga boqmagan erdan.

O’z-o‘zidan aqli yetmas,
Oqillarning so‘zin tutmas,
Yo‘qsillik yo‘q bo‘lib ketmas,
Bad ish tark etmagan erdan.

Maxtumquli, yongil, o‘chgil,
Yo jim o‘ltir, yo dur sochgil,
Bir dumsiz it erur, qochgil –
Nasihat yoqmagan erdan.


UMMAT YAXSHIDIR

Savdogarlik qilib, bozor kezgandan,
Olsang nasiqatim, qimmat yaxshidir.
Qotam bo‘lib, ammo riyo qilgandan,
Ko‘ngilda qilingan qimmat yaxshidir.

Bir mard yaxshi, muxannasning yuzindan,
Hisob kuni oqar qoni ko‘zindan,
Har kim boshqa bo‘lsa aytgan so‘zindan,
Undan dinga qaytgan Yazid yaxshidir.

Xayr ishin tark etib, bad ish izlasa,
Do‘st bo‘lib, do‘stidan sirin gizlasa,
Alloqni unutib, yolg‘on so‘zlasa, -
Undan jim o‘ltirgan beqad yaxshidir.

Qodir Egam - jismimizni bor etgan,
Aqlsizdir, Qaq ishiga or etgan,
Bemaqal qurilgan buzuq ko‘prikdan
Jaqannam ustida sirot yaxshidir.

Besh vaqt namoz o‘qi, musulmon bo‘lsang,
Bilib, oxirating g‘amini qilsang,
Joning borligida xayr qozonsang,
Roqat yotar yering – laqad yaxshidir.

So‘z ma’nosin chiqar bir yaxshi joydan,
Bexabarlar ayro tushar Xudoydan,
Besh vaqt namoz qilmas bexabar boydan,
Yurtsiz, pirsiz lo‘li-arvat yaxshidir.

Maxtumquli, ko‘rding yaxshi yomonni,
Yolg‘onchining bo‘lmas onti-iymoni,
Bir oq uyga borsang, olmas meqmonni,
Har kimning o‘z eli – ummat yaxshidir.


NUQSONA KELGAY

Musulmonlar yovlashsa bir-biriga,
Davlat qaytib, dinlar nuqsona kelgay.
Zulm aylab, bir-birin olsa asirga,
Falak bu ishlardan pushmona kelgay.

Bir-birini chopmoq emas erlikdan,
Bu ish shaytondandir, balki ko‘rlikdan,
Manmanlik ayirgay elni birlikdan,
Davlat ketib, navbat dushmona kelgay.

Yaxshilik kamayib, iymon qisilsa,
Yomonlar quturib, yo‘llar kesilsa,
Shariat bo‘shashib, nomus ezilsa,
Zamonaning izni shaytona kelgay.

Tingla, maskan tutgan kishi cho‘llarda,
Sadaqa kamaysa ulug‘ ellarda,
Xalq ustiga qaqat tushib, yillarda,
Xastalik ko‘payib, hast jona kelgay.

Musulmonsan, xabardor bo‘l zuloldan,
Haromdan qoch mudom, izla haloldan,
O’lchovdan ursalar, yurtning vaboldan,
Barakati ko‘chib, osmona kelgay.

So‘zimni olgaylar bilganlar halqa,
Murodim – nasihat aylamoq xalqqa,
Qozisi gap uqmas, begi past o‘lka,
Yomg‘ir yog‘may, yeri qizmona kelgay.

Sharrga shuhrat bermoq - shaytonning kori,
Qahrin yutmoq erur Rahmonning kori,
Ko‘paysa har elning boshliq-sarkori,
Nizomi buzilib, vayrona kelgay.

Parvardigor O’zi - faqirga panoq!
Ul kimdir, bo‘lmagay tilida sano?!
Qaysi yurtda agar ko‘paysa zino,
Yerlari qimirlab, larzona kelgay.

Maxtumquli, tursam so‘zim sochmoqqa,
Anglamaslar shaylanadi qochmoqqa,
Qaysi xalq ko‘niksa sharob ichmoqqa,
Yurtda o‘lat tarqab, vayrona kelgay!..


KO’ZDAN YOSH KELSA

Dunyoda necha ish bordir – yomondir,
Biri shuldir – nohaq qahri jo‘sh kelsa.
Oshiqqa qar kuni oxirzamondir,
Yordan yiroq tushib, aro tosh kelsa.

Do‘stingni ushlama, nafdan qolmasin,
Dushmaning saqlama, siring bilmasin,
Ochda – olging, bekka berging bo‘lmasin,
Ish mushkuldir, anglamasga duch kelsa.

Zamin seni qali zamon yutarmi,
Oqil bunda bunday beg‘am yotarmi,
Qech bir masxaralik bundan o‘tarmi –
Ketgan quruq ketib, kelgan bo‘sh kelsa.

O’n qat uying bo‘lsa temir qal’adan,
Ajal topar, amr bo‘lsa Allohdan,
Haqiqat, er yuz qaytarmas balodan,
Haq rizosi bilan boshga tosh kelsa.

Oshiqman deb lof urarlar yolg‘ondan,
Bilganini aytar, so‘rsang bilgandan,
El ko‘zicha yuz yil toat qilgandan,
Yaxshidir, bir saqar ko‘zdan yosh kelsa.

Boylar bog‘lab saxovatning yo‘lini,
Ko‘paytirar do‘zax moyi-xilini
Ko‘ring, bu zamonning so‘fi, pirini,
Tinmay olaverar, tekin osh kelsa,

Maxtumquli, so‘yla, aqling yetguncha,
Oxirating qozon, bekor yotguncha,
Do‘zaxdadir, to dunyodan o‘tguncha,
Yaxshi erga yomon xotin duch kelsa.


QIZIL TILING SO’ZLAR EKAN, O’LDIM DE!..

Dunyo ko‘rmay, tutqun qolsang bir burchda,
Bodipoydek yer yuziga yeldim, de!
Chin-Mochinda, Rumda, Hindda, Habashda
Turli-tuman qunarlarni bildim, de!

Och qam bo‘lsang, borma elga tilakka,
De: «Ko‘shkdaman, boshim yetar falakka!»,
Cho‘lda qolsang, qech topmayin ko‘lanka,
Eram bog‘i ichra soya topdim de!

Osh ko‘rganda, o‘zing otma turlanib,
Och bo‘lsang qam, viqor saqla, sirlanib,
Zar to‘kibon, chin qullardek orlanib,
Yosh o‘lsang ham, Nuh yoshiga keldim de!

Muqtojliging Haqdan o‘zga bilmasa,
O’shal ro‘zg‘or basdir, ochdan o‘lmasa,
Hindi kabi usti boshing bo‘lmasa,
Podishohlik libosini oldim de!

Suvga, yelga qukmi o‘tgan Sulaymon,
Boq, ulardan ne nom qoldi, ne nishon,
Tashna qolib, joying bo‘lsa cho‘liston,
Daryo ichra men Iskandar bo‘ldim, de!

Yo‘ldosh bo‘lsang til tushunmas mo‘r bilan,
Joy topolmay, birga yotsang mor bilan,
O’ttiz qavat to‘shak, yuz ming er bilan –
Qorun xazinasin qo‘lga oldim, de!

Maxtumquli, cheksang jafo-jabr, bil,
Allohga xush kelar, shukru sabr qil,
Qilcha jonga qizil tanni qabr bil –
Qizil tiling so‘zlar ekan, o‘ldim de!


KETIB BORADIR

Dunyoga e’timod etmang, yoronlar,
Kimga kelib, kimdan ketib boradir.
Misoli Iskandar, shoqlik surganlar
Bir-bir navbatinda o‘tib boradir.

Birovni boy qilar, birovni gadoy,
Ne qilsa, erki bor, ul qodir Xudoy,
Birovning murodin berib, hoynahoy,
Birov g‘am sharbatin yutib boradir.

Birovga beribdir qayg‘u-g‘am, mehnat,
Umrida bir soat ko‘rmadi rohat,
Birovga etibdir nomardni ulfat,
Uning umri «Oq!» deb o‘tib boradir.

Birovning boshida ko‘pdir tumoni,
Qayg‘u-alam bilan chiqadir joni,
Bir yaxshiga duch etibdir yomonni,
Noiloj dunyodan o‘tib boradir.

Kimlardir yig‘laydi, maqsadin topmay,
Nechalar oq urar, og‘zini yopmay,
Bir olg‘ir bayroqni oladir, chopmay,
Bir bedov kezolmay qaytib boradir.

Dunyo uchun chekma qayg‘u, andisha,
Sabr et balosiga, rozi kelmisha,
Yig‘labon, g‘am bilan tolma hamisha,
Ajal qo‘li yoqang tutib boradir.

Maxtumquli aytar: barcha nasiqat –
Allohga qul bo‘ling, Rasulga – ummat,
Bilsangiz, dunyoning barchasi hasrat,
Hasrat bilan bir-bir ketib boradir.



 
TARJIMON HAQIDA

Mirzo Kenjabek 1956 yilda O’zbekiston janubi – Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. O’rta maktabdan so‘ng, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetida, keyinchalik Imom Buxoriy nomidagi Oliy Islom institutida ta’lim olgan. Toshkent shahrida yashab ijod qiladi.

She’riy kitoblari:

«Maktublarim» – , «Quyoshga qaragan uy» – , «Munojot» – , «Sharq tili» – , «Bahorim yellari».

Ma’rifiy kitoblari:

«Termiz tazkirasi», «O’zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2001.
«Dunyoning murshidi»: Hazrati Xoja Ubaydulloh Ahrorning «Risolai Volidiyya» nazmiy tarjimasi qisqa sharhi. O’zR FA «Fan» nashriyoti, 2004.

Tarjimalari:

Hofiz Sheroziy (Eron): G’azallar; «Munojot» kitobida.
Sa’diy Sheroziy (Eron): G’azallar; Lirika kitobida.
I.V.Gyote (Olmoniya): she’r; «Maktublarim» kitobida.
A.S.Pushkin: «Yevgeniy Onegin», she’riy roman tarjimasi.
Nikolas Gilen (Kuba): she’rlar; «Asr ovozi» (XX asr jahon she’riyatidan) kitobida.
Gvorg Emin (Armaniston): she’rlar; Do‘stlik kutubxonasi seriyasida.
O’ljas Sulaymon (Qozog‘iston): she’rlar; «Aylanayn» kitobida.
Loyiq Sherali (Tojikiston): she’rlar. Lirika kitobida.
Jeyms Oldrij (Angliya): «G’aroyib mo‘g‘ul oti», qissa. Rizoqul Usanov bilan birga tarjima qilingan. «Cho‘lpon» nashriyoti, 2004.
Farididdin Attor: «Tazkirat ul-avliyo» («Valiylar yodnomasi»), 1997.
Mahmud As’ad Jo‘shon: «Haqiqiy sevgi», ma’rifiy-tasavvufiy kitob. 2001. «Tasavvuf va go‘zallik», «Adolat» nashriyoti, 2004.
Abu Iyso Muhammad at-Termiziy: «Sunani Termiziy» («Al-jomi’ as-saqiq»), «Adolat», 1999.
Muhammad Zohid Qo‘tqu ibn Ibrohim al-Bursaviy: «Aqli sunnat val-jamoat aqoidi» (Sog‘lom islomiy aqida). «Movarounnahr», 1998, 2001, 2004. «Sharhi Omoliy» (Omoliy» dostoni sharhi), .
Qutbiddin Iznikiy: «Murshidi mutaahhiliyn», (Yosh kelin-kuyovlarga maslaqatnoma). 2002.
Hoji Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiy: «Risolai sujudi sahv», «Adolat», 2004.
Maxtumquli (Turkmaniston): Saylanma. «Fan» nashriyoti, 2004.

Ba’zi publisistik asarlari:

«Dildoshlik», «Til erki – el erki» - o‘zbek tili ahvoli va unga davlat maqomini berish xususida;
«Har kuning bo‘lsin navro‘z» - xalq an’anasini qayta tiklash haqida;
«Inson qalbi bilan hazillashmang» - Abdulla Oripov bilan suhbat;
«She’r va shoir dunyosi» - Erkin Voqidov bilan suhbat;
«Yuragimda oyoq izi bor», «Xalq nomidan yolg‘on so‘zlamang» - mustamlaka zulmlari, O’zbekistonda huquqiy, ekologik va ma’naviy xarobliklar haqida;
«Xilma-xillik tengsizlik emas» - tarix darsliklaridan xudosizlik mavzularini yo‘q qilish haqida;
«Fitna san’ati» - qonli Farhona voqealari va uni sobiq sho‘ro davlati maxsus uyushtirgani haqida;
«Ikki daryo oralig‘ida» - doktor, professor Nurislom To‘xliev bilan suhbat. O’zbekistondagi ma’naviy-iqtisodiy muammolar xususida.
«Shukrona tuyg‘usi omonmi?» - ma’naviyat ag‘voli haqida.

Qayd etilgan