Bu o'rinda adabiyotimiz tarixida maqollar asosida yaratilgan asarlar ham mavjudligini ta'kidlab o'tish zarur. Masalan, Muhammad Sharif Gulxaniyning «Zarbulmasal» asari tarkibida 300 dan ortiq maqol bor. Yoki, Sulaymonqul Rojiy o'zining «Zarbulmasal» asarida 400 dan ortiq maqolni she'riy vaznga solganligi ham e'tiborga loyiq hodisadir.
O'zbek xalq maqollariga muayyan bir tartib berib, majmua va xrestomatiyalarga kiritish, ulardan maxsus to'plamlar tuzish ishlari esa XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlandi. Masalan, venger olimi H.Vamberining 1867-yilda Leypsigda nashr etilgan «Chig'atoy tili darsligi» xrestomatiya-lug'atiga o'zbek folklori va adabiyotining ayrim namunalari qatori 112 ta maqol kiritilgan bo'lib, ularning nemis tiliga tarjimasi ham berilgan. Shundan keyin birin-ketin N. Ostroumov (1895), B. Rahmonov (1924), Sh. Jo'rayev (1926), H.Zarifov (1939, 1947), B. Karimov (1939), Sh. Rizayev, O'.Azimov, O'. Xolmatov (1941), M. Afzalov, S. Ibrohimov, S.Xudoyberganov (1958, 1960, 1965, 1978), R. Jumaniyozov (1964, 1967, 1970), E. Siddiqov (1976, 1986), B. Sarimsoqov, I. Haqqulov, A. Musoqulov, R. Zarifov (1978), B. Sarimsoqov, A. Musoqulov, M. Madrahimova (1981, 1984), Sh. Shomaqsudov, Sh. Shorahmedov (1987, 1990, 2001), T. Mirzayev, B. Sarimsoqov, A Musoqulov (1989) kabi folklorshunoslar, fan va madaniyat xodimlari tomonidan tuzilgan turli xarakterdagi va turli hajmdagi maqollar to'plamlari nashr etildi. M. Abdurahimov, X. Abdurahmonov, M. Sodiqova, H. Karomatov, K. Karomatova, H. Berdiyorov, R. Rasulov kabi olimlaming tilshunoslik va tarjtmashunoslik yo'nalishidagi to'plamlari yuzaga keldi. Shuningdek, Y. Chernyavskiy, V. Ro'zimatov (1959), N. Gatsunayev (1983, 1988), A. Naumov (1985) kabi tarjimonlarning mehnati bilan o'zbek xalq maqollari rus tilida ham ayrim-ayrim to'plamlar sifatida bosilib chiqdi.