25. Ibn Abbos roziyallohu anhu dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avvalda sochlarini farq ochmay qo‘yib qo‘yardilar, chunki mushriklar farq ochardilar va kitobiylar farq ochmas edilar. Ilgari qaysi bir narsa haqida Allohdan amr kelmagan bo‘lsa, kitobiylarga o‘xshashlikni do‘st tutar edilar. Keyin ularga muxolifat etib, sochlariga farq ochadigan bo‘ldilar.
I z o h. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avvalda, ya’ni Islom dini tamoman nozil bo‘lmay turib, kitobiy jamoatni o‘zlariga hamdard va ko‘makchi qilmoq uchun ularga xayrixoh bo‘ldilar. Ko‘rdilar-ki, ularga ham badbaxtlik g‘olib kelib, ulfat ololmadilar. Mushriklar bilan ularning farqlari bo‘lmay qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ularga muxolifat etdilar va sochlariga farq ocha boshladilar. Haqiqatda pokizalik farq ochishda edi. Bunda isrof bo‘lmas edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xijratdan keyin muborak sochlarini avval Hudaybiyya yilida, so‘ng Umratu-l-qazo yilida, keyin Hajjatu-l-vido’ yilidagina tamom oldirganlar. Qachon sochlarini yaqin fursat ichida oldirgan bo‘lsalar, quloqlarining yarmiga tushib turur edi. Buni arablar to quloq yumshog‘iga yetguncha vafra (mo‘l, ko‘p) deydilar. Agar bundan ziyoda tushsa, limma (kokil) deydilar, agar bundan ham ziyoda uzayib ketsa, yelkalariga tegib tursa, uni jumma (uzun taralgan soch) deydilar. Oxiri uzayish shu bo‘lur. Endi rivoyatlarda xar-xil sifatlar kelishi shu holatlarga qarab bo‘lgan, ya’ni xar kim qaysi holda ko‘rgan bo‘lsa, u shu holatni rivoyat qilgan va hammalari rost so‘zlagandirlar.