291. Abu Hurayra roziyallohu anhu dedilar: Bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday bir vaqtda uydan tashqariga chiqdilar, odat sharifalari u vaqtda ko‘chaga chiqmas edilar. Va xech bir odam u vaqtda huzurlariga xozir bo‘lmas edi. Janob ko‘chaga chiqqan zamonlari ro‘baro‘laridan Abu Bakr roziyallohu anhu kelib qoldilar. Janob savol qildilar: Ey Abu Bakr nima uchun bevaqt kelib qoldingiz? Abu Bakr dedilar: Jamoli muboraklarini sog‘indim. Salom bergim keldi (Haqiqatda u zotga ochlik paydo bo‘lgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ranjimasinlar deb, izxor qilmadilar). Birozdan keyin Umar roziyallohu anhu ham kelib qoldilar. Janob sollallohu alayhi vasallam bu zotga ham yuqoridagi savolni qildilar. Lekin Umar dedilar: Yo, Rasulalloh, meni ochlik bu yerga keltirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: Ochlik menga ham biroz ma’lum bo‘lib turibdi. Keyin bu uch zot Abu Haysam Ansoriy degan bir zotning makonlariga bordilar. Abu Haysam madinalik sahobalarning boylaridan bo‘lib, katta bir xurmozor bog‘lari bor edi. Echkilari ham ko‘p edi. Lekin xizmatchilari yo‘q edi. Uning uchun uy ishlarini o‘zlari qilar edilar. Bu uylariga borganlarida uydarilarga shirin suv olib kelmoq uchun o‘zlari ketgan edilar. Janob xotinlaridan so‘raganlarida shunday javob berdilar. Keyin biroz vaqt o‘tmay, kelib qoldilar. Meshilarini suvga to‘ldirib kelibdilar. Ko‘rdilarki, Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ikki ashobi muxtaram bu zot xonalariga da’vatsiz tashrif qilibdilar. Bu holni ko‘rgach, yugurib kelib Sarvari olam sallolohu alayhi vasallamni quchoqlab olib, dedilar: Ota-onam fido bo‘lsin, yo Rasululloh, xush kelibdilar.
Keyin u zotlarni boshlab, bog‘lariga kirdilar. Va ular uchun bisotlar to‘shadilar. O’tirg‘izib qo‘yib, o‘zlari xurmo keltirmoq uchun bordilar. Bir bosh to‘da xurmoni keltirib, qoshlariga qo‘ydilar. U shohda pishgan va pishmagan har turli xurmolar bor edi. Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat kildilar: "œNima uchun butun bir boshni keltirdingiz? Bunda xomlari ham bor ekan. Bekor qoladi. Pishganlarini olib kelsangiz bo‘lmasmidi?" Abu Xaysam dedilar: "œMen shu niyatda keltirdimki, Janob xoxlaganlaridan tanovul qilsinlar. Xoxlasinlar pishganidan, xoxlasinlar g‘urasidan yesinlar". Keyin har uch mexmon mukarram xurmodan yedilar. Va suvdan ichdilar. Va Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "œJonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bugungi bu ne’mat o‘sha ne’matlardandirki qiyomat kunida undan savol qilinasizlar". (Ya’ni, bu uch ne’matki — oromlik, soya va shirin yangi xurmo va muzdek sovuq suv). Keyin Abu Xaysam mexmonlarga taom xozirlamoq uchun o‘rinlaridan turib yurib qoldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Ey, birodar, bizlar uchun jondor so‘ymoqchi bo‘lsangiz, sut berib turgan narsani so‘ymang. Keyin Abu Xaysam roziyallohu anxu bir echkining bolasini so‘yib, nihoyatda tezlik bilan taom xozirlab keldilar. Hammalari u taomdan tanovul qildilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Ey, Abu Xaysam, xodimingiz bormi? Abu Xaysam dedilar: xodimim yo‘q. Janob dedilar: Kachon bizga bir tarafdin g‘ulomlar kelsa, yodimizga soling, xojatingizni ravo qilamiz. Ittifoqo, bir tarafdin ikki adadgina g‘ulom kelib qoldi. Abu Xaysam roziyallohu anhu va’dalarini yodga solmoq uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xuzurlariga keldilar.
Janob dedilar: Bu ikki adad g‘ulomdan qaysi biri xizmatga munosib ko‘rilsa, olib boring. Abu Xaysam dedilar: Mavlomiz o‘zlari menga birini xoxlab bersinlar. Janob dedilar: Mushavvara so‘ralgan inson amin bo‘ladi. Mana bu g‘ulomni oling, uni namoz o‘qib turganini ko‘rdim. Lekin mening bu g‘ulom xususida sizga tavsiyam shuki, buning haqida xayrixox bo‘ling. Keyin Abu Xaysam roziyalloxu anhu g‘ulomni olib uylariga bordilar. Bo‘lgan voqeani va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlarini xotinlariga bayon qildilar. Xotinlari dedilar: Siz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalarining haqini ado qila olmassiz. Munosibi shuki, bu g‘ulomni ozod qilib yuboring, shoyad rizolarini topsangiz. Abu Xaysam roziyallohu anhu o‘zlariga nihoyatda zarur bo‘lgan bir g‘ulomni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xushnudliklari uchun Alloh Taolo yo‘lida ozod qilib yubordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu voqea ma’lum bo‘lgan edi, har ikkilaridan xush bo‘lib dedilarki: Alloh Taolo har nabiy va uning xalifasi uchun ikki botiniy maslaxat berguvchi va dalolat qilguvchini paydo qilgan. Ulardan birlari yaxshilikka dalolat qiladi, va targ‘ib beradi va yomonlikdan man qiladi. Ikkinchisi, barbod bo‘lmog‘i va xalokati uchun hamisha ko‘shish qiladi, va bu xususda xech sustlik qilmaydi. Har kim yomon yo‘llarga dalolat etguvchi rafiqdan saqlanib qolsa, u odam tamomi yomonlik va xalokatdan salomat qolibdi.