Imom Termiziy. Shamoili Muhammadiy  ( 234758 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 33 B


Abdusalom  01 Iyul 2006, 06:57:18

BU BOBDA RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING IBODATLARI HAQIDA BAYON QILINADI

200. Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhu dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nafl namozda shu qadar uzun qiyom qilar edilarki, muborak ikki qadamlari shishib ketar edi. Savol qilindi: Alloh taolo u zotning avvalu oxir tamom gunohlarini mag‘firat qilgan bo‘lsa-yu, bu qadar mashaqqatni o‘zlariga ixtiyor qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Men Parvardigorimning shukrlik bandalaridan bo‘lmaymi?

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 06:58:42

201. Asvad ibn Yazid dedilar: Men Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kechqurundagi namozlari haqida savol qildim. Oisha roziyallohu anho dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xufton namozini o‘qiganlaridan keyin, kechaning avvalgi yarmida orom olar edilar. Undan keyin turib, tahajjud namoziga mashg‘ul bo‘lar, kechaning oxirida vitr namozini o‘qir, undan keyin joylariga kelib yotar edilar. Agar ko‘ngillari xoxlasa, axliyalari bilan shar’i suhbat qilar ham edilar. Keyin bomdod azonini eshitsalar, irg‘ib turar edilar. Agar g‘usl lozim bo‘lgan bo‘lsa, g‘usl qilar, bo‘lmasa tahorat qilib, namozga chiqib ketar edilar.

I z o h. Fan va tibbda ham suhbat uchun nihoyatda munosib vaqt kechaning oxiridir, chunki bir uxlab turgandan keyin har ikki tarafning nashoti yangi bo‘ladi. Kechaning avvalida odam taom yeb, og‘irlashgan bo‘ladi, u holda suhbat ham zarar qiladi, agar ochlik holda suxbat qilinsa ham zarar qiladi. Bular tib maslahatiga bog‘liq masalalardir.

Shariatda o‘z jufti-haloli bilan suhbat har vaqtda joizdir, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kechaning avvalida va kunduzning turli vaqtlarida suhbat qilganliklari sobit bo‘lgan. Ba’zi rivoyatlarda deyilganki, ayni namoz vaqtida suhbat qilingan bo‘lsa, vujudga kelgan farzand ota-onasiga nofarmon bo‘larkan.

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 07:35:08

202. Ibn Abbos roziyallohu anhumo dedilar: Men bolalik vaqtimda bir kecha holam Maymuna roziyallohu anho huzurlarida yotib qoldim. Men yostiqning eniga va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ahliyalari yostiqning uzunida bosh qo‘yib yotdilar. Mening boshim va ularning yuzlari qiblaga bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uxladilar, yarim kecha bo‘lganda, uyg‘ondilar. Ko‘zlaridan uyquni qochirmoq uchun qo‘llarini yuzlariga tortdilar va ishqadilar. Keyin surai Oli Imronning oxirgi oyatlari «INNAFIY XOLQIS-SAMOVOTI VAL-ARZ» oyatlarini tilovat qildilar. So‘ng turib, osig‘lik bir meshikchani olib, undagi suv bilan tahorat qildilar, nihoyatda chiroyli tahorat qildilar. Keyin namozga turdilar. Men ham tahorat qilib kelib chap taraflarida turib, iktido qildim. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ng qo‘llarini mening boshimga qo‘ydilar, va o‘ng qulog‘imni buradilar (Chunki muqtadi imomning o‘ng tarafida turishi lozim edi). Keyin ikki raka’at o‘qidilar, yana ikki raka’at o‘qidilar, ikki raka’atdan olti marta o‘qidilar.

Bu hadisning roviysi Ma’n dedilar: Ikki raka’atdan olti bor o‘qidilar. Guyo o‘n ikki raka’at bo‘libdi. Keyin vitrni o‘qidilar va yonboshladilar. Keyin muazzin namoz uchun chaqirib keldilar. Keyin u zot turib, ikki raka’at sunnatni muxtasar qiroat bilan o‘qib chiqib, jamoat bilan bomdod farzini ado qildilar.

I z o h. Ali Qoriy dedilarki, imom Abu Hanifa roziyallohu anhu tahajjud namozini o‘n ikki raka’at dedilar. Nabiyi karim sollallohu alayhi vasallamdan tahajjud haqida muxtalif - raka’atlar rivoyat qilingan. Muqarrar va muayyan bir miqdorga cheklanmagan, demak, undan ziyoda yo kami ham joiz bo‘ladi.

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 07:35:31

203. Oisha roziyallohu anho dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon uyqu g‘alaba qilib, yo uxlab qolib, tungi namozlarini, ya’ni tahajjudlarini o‘qiyolmay qolsalar, kunduz choshit vaqtida o‘n ikki raka’at o‘qir edilar.

I z o h. Bu tahajjudning qazosi u zotning xos o‘zlariga farz bo‘lganligidan, yoki ummatga fazilatini ta’lim berish uchun bo‘lgandir.

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 07:35:48

204. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Qachon sizlardan birlaringiz kechqurun tahajjud uchun tursa, avval ikki raka’at yengil namoz o‘qib olsin, keyin tahajjud o‘qisin.

I z o h. Buning sababi, birdan uzun namoz boshlasa, tabiat cho‘chib qolish mumkin, charchab qolishning ehtimoli ham bor. Ba’zilar deganlarki, bu namoz shukri vudu’dir (ya’ni tahorat shukri). Shukri vudu’ni muxtasar o‘qimoq afzaldir, shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yengil o‘qimoqqa buyurdilar, o‘zlari ham yengil o‘qir edilar.

Xofiz ibn Hajar «Sahih Buxoriy» sharxida deydilar: hadisda kelganki, inson uxlaganda, shayton uning sochiga jodugarlar kabi uch tugun bog‘lab qo‘yadi. Uning ta’sirida, qachon uyg‘onsa, hozir vaqt erta ekan, deb turgisi kelmaydi. Agar inson o‘rnidan turib, Alloh nomini yod qilsa, yo biror duo va zikr o‘qisa, o‘sha zaxoti bir tugun yechiladi. Turib taxorat qilsa, ikkinchi tugun yechiladi. Namozga shuru’ qilsa, uchinchi tugun ham yechilib ketadi. Endi bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, uchinchi tugun namoz bilangina yechilar ekan, shuning uchun ikki raka’at yengil bir namoz o‘qib olinsa, tamom tugunlar yechilib ketib, shaytonning jodusi bekor ketgan bo‘ladi. Qolgan tahajjud namozlari hammasi shayton ta’siridan pok bo‘lgan holda ado qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ALHAMDULILLOH shayton ta’siridan Xudo panohidagi zot bo‘lsalar ham ummatlariga ta’lim uchun shunday o‘qir edilar.

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 07:36:10

205. Zayd ibn Xolid roziyallohu anhu dedilar: Men bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozlarini nihoyatda extimom bilan ko‘rmoqchi bo‘ldim. Men u zotning makon yo xaymalarining ostonasiga boshimni qo‘yib yotdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avval muxtasar ikki raka’at namoz o‘qidilar. Undan so‘ng uzun-uzun ikki raka’at namoz o‘qidilar. Keyin ikki raka’at avvalgilaridan yengilroq o‘qidilar. Keyin yana ikki raka’at undan muxtasarroq o‘qidilar. Keyin yana ikki raka’at undan ham muxtasarroq o‘qidilar. Keyin yana ikki raka’at undan ham yengilroq o‘qidilar. Keyin vitr o‘qidilar. Mana bu namoz majmui o‘n uch raka’at bo‘ldi.

I z o h. Ba’zilar vitr namozini bir raka’at deydilar. Ularning nazdida olti bor ikki raka’atlik nafl bo‘lib, bir raka’at vitr bilan hammasi o‘n uch raka’at bo‘ladi. Vitrni uch raka’at deguvchilarning nazdida hammasi o‘n besh raka’at bo‘ladi. Bu tariqadagi xisobda avvalgi shukri vudu’ sanalmagan. Bir rivoyatda nafl namozlarining majmui uzun va qisqalari bo‘lib, o‘n raka’at deb kelgan. Unda ham shukri vudu’dan boshqa naflar o‘n uch raka’at bo‘ldi, deyilgan. U suratda esa vitr uch raka’at bo‘lmay, imkoni yo‘q.

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 07:36:27

206. Abu Salama ibn Abdurahmon roziyallohu anhudan rivoyatki, Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazoni muborakdagi tahajjud namozlari necha raka’at bo‘lgani haqida so‘radilar. Onamiz marhamat qildilarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ramazonda ham boshqa oylarda ham o‘n bir raka’atdan ziyoda tahajjud o‘qimas edilar (Sakkiz raka’at tahajjud va uch raka’at vitr). Avval to‘rt raka’at o‘qir edilarki, uning husni va uzunligidan so‘ramagil (ya’ni nihoyatda uzun va g‘oyatda boxushu’ bo‘lar edi). Keyin yana to‘rt raka’at o‘qir edilarki, uning ham xusni va uzunligidan so‘ramagil. Keyin uch raka’at o‘qir edilar. Men dedim: Yo Rasulalloh, vitr o‘qimay turib uxlaysizmi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: Ey, Oisha, mening ikki ko‘zim uxlasa ham, qalbim hargiz uxlamaydi.

I z o h. Ba’zi insonlar yuqoridagi hadisdan tarovih namozini sakkiz raka’at deb tushunadilar. Holbuki, bu rivoyatdan tahajjudning o‘zini ham sakkiz raka’at qilib o‘qishlik tushunilmaydi. Bu hadisning tarovix namoziga xech taalluqi yo‘qdir. Chunki "solatul-layl" ma’nosi, tungi namoz, deganidir. Lekin qarina bilan tahajjud namozi ekanligi ma’lum bo‘ladi. So‘rovchining maqsudi ham tahajjud namozining ramazoni muborakdagi adadini bilish edi. Shuning uchun Oisha roziyallohu anho ramazonda boshqa oylardan ziyoda va kam bo‘lishini nafi etdilar. Xulosa shuki, hadisi shariflarda tahajjudni "œsolatul-layl" deyiladi va tarovihni esa "œqiyomi ramazon" deyiladi. Bu ikki namoz bir-biridan tamoman alohidadir.

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 07:36:55

207. Oisha roziyallohu anho dedilar: Nabiyi karim sollallohu alayhi vasallam kechqurun o‘n bir raka’at namoz o‘qir edilar. Undan bir raka’ati vitr bo‘lar edi. Qachon bu namozdan forig‘ bo‘lsalar, o‘ng yonboshlari bilan yotar edilar.

I z o h. Bu hadis yuqoridagi hadisga muxolif ko‘rinsa-da, haqiqatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zi vaqtda unday va ba’zi vaqtda bunday o‘qir edilar.

I z o h. Bu hadisda vitr namozini bir raka’at ekanligi rivoyat qilingandir. Bu borada taxqiq shuki, vitr namozi ustida bir necha ixtiloflar bor. Birinchi ixtilof - uning hukmida. Xanafiy mazhabida vitr namozi vojib sanaladi. Ba’zi boshqa imomlar nazdida esa mustahab. Ikkinchi ixtilof - uning raka’atlarining adadida. Xanafiylar vitrni uch raka’at, bir salom bilan o‘qiladi deydilar. Boshqa ba’zi imomlar uni bir raka’at deydilar, va ba’zilari vitr bir raka’at bo‘lsa ham undan ilgari ikki raka’at bir salom bilan o‘qilishi vojib deydilar. Hadislarda bu namoz haqida turli rivoyatlar kelganligi sababidan imomlar o‘rtasida tarjih turlicha bo‘lgan.

Xanafiylar o‘z mazhablarining haqligini bir necha hadisdan dalil keltirib, isbot qiladilar.

1) Oisha roziyallohu anho Abdulloh ibn Abu Qays roziyallohu anhuning savollari ustida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kechqurundagi namozlarini bu tariqa bayon qilganlar: to‘rt raka’at va uch raka’at, olti raka’at va uch raka’at, sakkiz raka’at va uch raka’at, o‘n raka’at va uch raka’at. Mana bu rivoyatda, oxirgi uch raka’at degan kalimani to‘rt bor alohida keltirishlaridan ham ma’lum bo‘ladiki, bu namozning adadi uch raka’atdan ziyoda ham kam ham bo‘lmaydi. Aks holda, Oisha roziyallohu anho har bor uch raka’at kalimasini ifoda qilmay, yetti raka’at, to‘qqiz raka’at, o‘n bir raka’at, o‘n uch raka’at deb qo‘ya qolar edilar.

2) Ali Qoriy rahimahullohning so‘zlaricha, xanafiylarning dalillari shuki, vitr namozining uch raka’at o‘qilishini joiz va mustahsin ekanligiga sahobai kiromlar roziyallohu anhum qaror qilgandilar, va uch raka’atdan kam bo‘lishida ba’zilari joiz va ba’zilari nojoiz deb, ixtilof qilgandilar. Sahobalarning ittifoq qilgan masalalariga amal qilmoq ziyoda matlubdir.

3) Hasan Basriy rahimahullohga dedilar: Vitr namozining uch raka’at ekanligiga butun musulmonlar ittifoq qilganlar. Bu zotga bir kishi dedi: Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo uch raka’at vitrning ikki raka’atiga salom berib, qolgan bir raka’atini alohida o‘qir edilar. Unga Hasan Basriy otalari Umar roziyallohu anhu uch raka’atni bir salom bilan o‘qir edilar, va otalari u kishidan olimroq edilar, deb javob berganlar.

4) Hadisi shariflarda tanho bir raka’atlik namoz o‘qish man’ qilingan. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan bir kishi savol qilib dediki, Sa’d roziyallohu anhu vitrni bir raka’at o‘qiydilar. Abdulloh ibn Mas’ud dedilar: bir raka’atlik namoz yo‘q. Bulardan boshqa ham hanafiylarda dalillar ko‘p.

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 07:37:24

208. Oisha roziyallohu anho dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechqurun to‘qqiz raka’at namoz o‘qir edilar.

I z o h. Bu hadisdan hanafiylar olti raka’at tahajjud va uch raka’at vitr edi, deydilar.

Qayd etilgan


Abdusalom  01 Iyul 2006, 07:37:40

209. Xuzayfa roziyallohu anhu dedilar: Men bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz o‘qidim. Janob namozga kirishgach, avval bu duoni o‘qidilar (tarjimasi): "œAlloh Taolo hammadan buyuk zotdir. Podshoxligi nixoyatda ulug‘dir, hammaga g‘olibdir. Kattalik va haqiqiy ulug‘lik Uning sifatidir". Keyin surai fotixani o‘qigandan keyin zam suraga surai Baqarani o‘qidilar. Keyin ruku’ qildilar. Bu ruku’lari qiyomlariga o‘xshagan edi (Ya’ni, uzunlikda qiyom bilan barobar edi, yoki o‘sha qiyomga munosib ruku’ edi), va ruku’larining avvalidan to oxirigacha SUBHONA RABBIY AL-’AZIM deb turdilar. Keyin ruku’dan boshlarini ko‘tardilar va tikka turdilar. Ya’ni, qovma qildilar. Bu qovmalari ham ruku’lariga o‘xshagan edi. Qovmalarida avvaldan oxirigacha LIRABBIL-HAMDU deb turdilar. Keyin sajda qildilar. Sajdalari ham qiyomlari kabi edi, va sajdalarida avvalidan oxirigacha SUBHONA RABBIYaL-A’LO deb turdilar. Keyin sajdadan boshlarini ko‘tardilar. Ikki sajdalarining o‘rtasi ham sajdalari kabi edi. Bu o‘tirishda tamom RABBIG’FIRLIY deb turdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu namozlarida surai BAQARA, surai OLI IMRON, surai NISO, surai MOIDA yoki surai AN’OMni to‘rt raka’atga o‘qidilar.

Bu hadis roviylaridan imom Shu’ba oxirgi ikki surani qaysi birini tilovat qilganlarida shak qiladilar.

I z o h. Ba’zi rivoyatlarda yuqoridagi avvalgi uch surani bir raka’atda o‘qiganliklari ham sobitdir.

Qayd etilgan