Shayx Ismoil Maxdum. Toshkentdagi Usmon mushafining ta'rifi  ( 61032 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 B


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 05:38:46

Qozi Abu Bakr Boqiloniy: «Qur’oni Karim arablarning hamma lahjalarida nozil bo‘lgandur», — deydilar. «Qur’onni oson va yengillik bo‘lishi uchun, shu lahjalarning hammasida o‘qilishiga ruxsat berilgan. Rasululloh (s.a.v.) har bir insonga uning tiliga va shevasiga muvofiq qiroatdan ta’lim berar, sahobalarga shu yetti qiroatning qaysinisini hohlasalar, shunda o‘qishlariga ruxsat berar edilar. Agar ixtilof qilsalar va o‘zlaridan boshqalarning qiroati xususida Rasulullohdan so‘rasalar, hammasi to‘g‘ri va Alloh tomonidan ruxsat berilgan, Qur’on xususida ixtilof va janjal qilmanglar»,— deb javob berardilar».

Rasululloh(s.a.v.) vafot qilgan vaqtlarida ham shu yetti xil lahjada qiroat qilinar edi. Abu Bakr (r.a.) jam’ qilgan Qur’on to‘plami ham shu yetti qiroatni o‘z ichiga olgan edi.

«Irshodul-qurro val-kotibin» («Qiroat qiluvchi va yozuvchilarga ko‘rsatma»)nomli kitobda, Zayd bin Sobit Qur’oni Karimning hamma juz’larini zikr qilingan barcha holatlarga rioya etgan holda va «Bu Qur’on yetti qiroatda nozil bo‘lgan, qaysinisi oson bo‘lsa, o‘sha qiroatda o‘qinglar», deb aytilgan hadisga muvofiq yetti qiroatga mos qilib yozdi, deyiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 05:40:13

Shayx Abdulaziz al-Buxoriy «Al-muntaxab al-hisomiy» kitobining sharhida aytadilarki, Qur’on avvalda arab lahjalarining eng fasohatlisi bo‘lgan Quraysh lahjasida nozil bo‘ldi, so‘ngra boshqa arablar qiynalganliklari uchun, Rasululloh (s.a.v.)ning duolari bilan yengillik nozil bo‘lib, boshqa lahjalarda ham tilovat qilishlariga izn berildi. Shunday qilib, asl qiroatga rioya qilishlikning vojibligi soqit bo‘ldi. Kengchilik shu darajada ediki, har bir jamoaga o‘z lahjalarida ham, o‘zgalar lahjasida ham o‘qishlikka ijozat berilgandi. Bunga payg‘ambar (a.s.) ushbu so‘zlari bilan ishora qildilar: «Bu Qur’on yetti qiroatda nozil bo‘lgandur, hammasi shofiyu kofiydur».

Har bir arab uchun o‘z lahjasi qolib, boshqa lahjada, masalan, Quraysh arabining Tamim lahjasida qiroat qilishligi joiz bo‘ldi. Payg‘ambar vafotlaridan keyin ko‘p joylar fath qilinib, Islom zamini kengaydi. Sahobalar va musulmonlar bir qancha mamlakatlarga tarqab ketdilar. Islom mintaqalarining har bir diyoridagi aholi Qur’on qiroatini o‘sha yerda mavjud bo‘lgan sahobalar ichidagi mashhur qoriydan olardilar. O’z navbatida bu qoriy sahoba biron bir lahjaga mansub edi. Masalan, Shom ahli Ubay bin Ka’b qiroatida, Kufa ahli Abdulloh bin Mas’ud qiroatida, yana boshqalar Abu Muso al-Ash’ariy qiroatida va hokazo qiroatlarda tilovat qilar edilar. Yuqorida zikr qilinganidek, sahobalarning qiroatlari bir biridan farq qilgani uchun ular yashab turgan joylar aholisining qiroati ham bir biridan farq qiladigan bo‘ldi. Mana shu farq turli mintaqa musulmonlari o‘rtasida Qur’on qiroati to‘g‘risida tortishuvlar kelib chiqishiga sabab bo‘la boshladi. Har bir tomon o‘zining qiroati to‘g‘ri va afzal deb, da’vo qilardi. Xuddi shunday voqea, Huzayfa bin al-Yamonning Ozarbayjonga g‘azotlari paytida sodir bo‘ldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 06:12:34

USMON (R.A.) ZAMONLARIDA QUR’ONI KARIMNI ABU BAKR SAHIFALARIDAN OLIB, BIR XIL QIROATDA YOZIB JAM’ QILINISHI VA UMMATNING SHU QIROATGA O’TKAZILISHI

Imom Buxoriy rivoyat qiladilar: Huzayfa bin al-Yamon hazrati Usmon (ikkalovlaridan Alloh rozi bo‘lsin) oldilariga keldilar. (Hijratning 25 yili va hazrati Usmon xalifaliklarining 2 yili). Bu paytda Huzayfa Shom ahliga bosh bo‘lgan holda Iroq ahli bilan Armaniston va Ozarbayjon g‘azotida ishtirok qilayotgan edilar. Shom va Irok, ahllari o‘rtasidagi Qur’on tilovati borasidagi ixtilof Huzayfani dahshatga soldi. U zot hazrati Usmonga: «Ey amiral-mu’minin, musulmonlar Qur’on xususida yahudiy va nasorolar kabi ixtilof qilmaslaridan burun ummatning holidan xabar oling», dedilar. Shunda Usmov (r.a.) Hafsa onamizga odam yuborib: «Sahifalarni bizga berib turing, undan nusxa olib, Sizga yana qaytarib beramiz», — dedilar. Hafsa onamiz sahifalarni hazrati Usmonga yubordilar. Xalifa Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr, Said bin Os, Abdurrahmon bin Horis bin Hishomlarga amr qildilar va ular sahifalardan bir necha mushaf qilib, nusxa ko‘chirdilar. Hazrati Usmon sahifalarni Hafsa onamizga qaytarib berdilar. Ko‘chirilgan nusxalardan har bir mintaqaga bitta bittadan mushaf yubordilar. Qur’ondan yozilgan boshqa har xil sahifa va mushaflarni esa kuydirishga buyurdilar.

Boshqa bir rivoyatda, Huzayfa Usmonga murojaat etib: «Odamlardan xabar oling, dedi. Hazrati Usmon : «Nima bo‘ldi?» — dedilar. Huzayfa aytdi: «Armanistonda g‘azotda edim, Shom va Iroq ahllari bilan birga edik. Qarasam, Shom ahli Ubay bin Ka’b yo‘lida qiroat qilyapti. Qiroatlarida Iroq ahli eshitmagan narsa chiqib qolsa, Irok, ahli ularni kofirga chiqarayaptilar yoki Iroq ahli Ibn Mas’ud yo‘lida qiroat qilib, Shom ahli eshitmagan biron narsa chiqib qolsa, ular Iroq ahlini kofirga chiqarayaptilar».

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 06:17:20

Huzayfa Armaniston g‘azatidan qaytib kelayotganda, unga hamroh bo‘lgan Said bin Osga aytdi:

— Ushbu safarim chog‘ida shu narsaga guvoh bo‘ldimki, agar bunga chora ko‘rilmasa, Qur’on to‘g‘risida keyinchalik hech tuzatib bo‘lmaydigan bir ixtilof chiqadi.

Said so‘radi: — Qanaqa ixtilof ekan u?

— Hums shahridan bo‘lgan odamlarni ko‘rdim, ular o‘zlarining qiroatlarini boshqa qiroatlardan yaxshi deb, Qur’onni Miqdoddan o‘rganganliklarini aytar edilar. Kufadan bo‘lgan odamlarni ko‘rdim, ular ham shunga o‘xshash gaplarni aytib, qiroatni Ibn Mas’uddan olganmiz, derdilar. Basra ahli ham ayni shu da’voni qilmb, ustozlari Abu Muso Ash’ariy ekanligini aytardilar va uning mushafini «Lubobul-qulub» deb ataydilar-, deb javob berdi Huzayfa.

Kufaga yetib kelganlarida Huzayfa odamlarga bu haqda xabar berdi va ularni o‘zini tashvishga solayotgan voqe’lik bilan ogohlantirdi. Rasululloh(s.a.v.)ning ashoblari va ko‘pgina tobiinlar uning gapiga qo‘shildilar. Ibn Mas’udning odamlari: «Biz ibn Mas’ud qiroatida o‘qishligimizni hech kim inkor qila olmaydi-ku», deganlarida Huzayfa va uning gapini ma’qullaganlarning achchiqlari chiqib ketdi. Ular: «Sizlar a’robiy (sahro odamlari) siz, sizlar xato qilyapsizlar», deyishdi. Huzayfa esa: «Allohga qasam, agar tirik bo‘lsam, albatta amirul-mu’minin oldiga borib, odamlarni bundan qaytarish kerak ekanligini aytaman», dedi. Shunda ibn Mas’ud Huzayfaga qo‘pol muomala qildi. Said g‘azablanib, o‘rnidan turib ketdi. Odamlar tarqaldilar. Achchiqlangan Huzayfa Usmon (r.a.) oldilariga borib, o‘zi shohid bo‘lgan ishlarning xabarini berdi: «Men xolis ogohlantiruvchiman, ummatni qutqaringlar»— dedi. Usmon (r.a.) sahobalarni yig‘dilar va ularga voqeani aytib berdilar. Ular bu voqeani katta xavf deb, hammalari Huzayfaning fikrini to‘g‘ri deb, topdilar. («Al-Komil» kitobi. 2-jild 55-bet.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 06:23:09

Yazid An-Naxa’iydan: «Valid bin Aqaba zamonida masjidda o‘ltirgan edim. Bu davrada Huzayfa bin Yamon ham bor edi. Bir kishi «Kim Abu Muso qiroatida o‘qisa, Kinda eshigi oldidagi burchakka kelsin, kim Abdulloh bin Mas’ud qiroatida o‘qisa, Abdulloh uyining ro‘parasidagi burchakka o‘tsin deb qoldi. (Boshqa bir rivoyatda «Ibn Ummi Abd qiroati yoki Abu Muso Ash’ariy qiroati» deyilgan.) Ular «Baqara» surasidagi oyatning o‘qilishi tug‘risida tortishib qolgan edilar. Birlari «Alloh uchun Haj va Umrani komil suratda ado qiling!» deb o‘qisa, ikkinchilari «Haramga qilinadigan Haj va Umrani komil suratda ado qiling!» deb, o‘qir edilar. (198-oyat.). Huzayfa g‘azablanganidan, ko‘zlari chaqnab o‘rnidan turib ketdi. Masjidda bo‘lishiga qaramasdan ko‘ylagini tizzalarigacha ko‘tarib: «Yo amirul-mu’minin mening oldimga kelsin yo men uning oldiga boraman, sizlardan oldin ham shunday bo‘lgan edi. Allohga qasamki, agar tirik bo‘lsam, amirul-mu’minin oldiga borib, qiroatni bir xil qilish kerakligini uqdiraman va bu mushaflarni suvga g‘arq qilib tashlaymiz», dedi. Abdulloh bin Mas’ud unga javoban shunday dedi: "œAllohga qasamki, agar shunday qilsang, Alloh seni boshqa suvga (ya’ni jahannam suviga) g‘arq qiladi", dedi».

Xuddi shunday janjal Usmon(r.a) davrlarida Madinaning o‘zida ham sodir bo‘ldi. Ibni Ashtahning Anas bin Molikdan qilgan rivoyatlarida hazrati Anas aytadilar: «Qur’on xususida Usmon zamonlarida ixtilof qildilar. Bir muallim shogirdlariga bir sohibi mushaf qiroati bo‘yicha ta’lim berar, ikkinchi muallim ikkinchi qiroat sohibi bo‘yicha. Bolalar bir joyga to‘planganlarida bir-birlari bilan shu xususida tortishar edilar. Tortishuvlar hatto muallimlar orasida ham paydo bo‘la boshladi. Muallimlar bir-birlarining qiroatlarini ayblay boshladilar. Ish hatto shogirdlar bilan shogirdlar va muallimlar bilan muallimlar o‘rtasida qon to‘kishgacha bordi. Bu xabar Usmonga yetib keldi. U kishi, hali mening yaqinimda turib bir-birlaringizni yolg‘onchi qilasizlar va Qur’on xususida ayblaysizlar, boshqa diyorlardagi ahvol qanday kechadi? Ey Muhammad (s.a.v.) ning ashoblari, yig‘ilinglar va musulmonlarga boshqa imom saylanglar» dedi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 06:32:52

Ibn Abu Dovud sahih isnod bilan Suvayd bin Hafladan rivoyat qiladilar: "œSuvayd aytdi: "œAli karramallohu vajhahu(k.v.) Usmon to‘g‘risida yaxshi gapdan boshqa narsa gapirmanglar. Allohga qasamki, mushaflar xususidagi ishni u bizning hammamizning maslahatimiz bilan qilgan. Menga ba’zi birovlaringizning "œMening qiroatim sening qiroatingdan yaxshi", degan gaplaringiz yetib keldi, bu esa salkam kufrning o‘zidir», — dedilar. "œNima qilish kerak?" deb so‘radik biz, deydi Suvayd. Ali: "œIxtilof va tafriqa bo‘lmasligi uchun musulmonlarni bitta mushafga jamlash kerak, deb o‘ylayman»,— deb javob berdilar. Biz: "œSizning fikringizni qo‘llab-quvvatlaymiz", dedik. Ali (k.v.) yana shunday deganlar: "œAgar valoyat mening qo‘limda bo‘lganda, mushaflar xususida Usmon qilgan ishlarini qilardim". («Al-Itqon» 1-jild 59-bet, «Al-Masohif» 1-bet.)

Roviylar aytadilar: "œHuzayfa hazrati Usmonga odamlarning ixtilofi to‘g‘risida xabar qilganda, xalifa dahshatga tushdilar va hamma sahobalarni to‘pladilar. O’sha kunlarda ularning soni 12 ming edi. Ular voqeadan xabardor etilganda, sahobalar uni katta xavf, deb bildilar. Ixtilof va tafriqa bo‘lmasligi uchun musulmonlarni bitta mushafga o‘tkazish to‘g‘risida ra’ylari bil-ittifoq, bir qarorga keldi. Mazkur sahifalardan bitta mushaf (muqovalangan kitob) qilib nusxa ko‘chirildi va unga Quraysh lahjasi asos qilib olindi. Odamlarni shu qiroatda o‘qishlikka buyurildi. Shunday qilib, katta bir fitnaning oldi olindi. Agar odamlar o‘z hollariga qolib, Qur’on qiroatlari birlashtirilmaganda, Qiyomatgacha tuzatib bo‘lmaydigan buzg‘unchilik va tahrif sodir bo‘lar edi. («Tarixul-Qur’on», 39-bet)

Ibni Abu Dovud ushbu rivoyatni keltirganlar: "œUsmon (r.a.) Qurayshiylar va ansorlardan 12 kishini to‘plab, ularga agar biror narsa to‘g‘risida ixtilof qilsanglar, uni Quraysh lahjasidagisini yozinglar, deb farmon berdi". Baqara surasidagi ,,tobut"(sandiq) so‘zidan boshqa narsada ixtilof chiqmadi. Zayd «ho» bilan dedilar, qolganlar «to» bilan deyishdi va «to» bilan yozdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 06:37:09

Imom Buxoriyning «Kitobut-tafsir»laridagi «Qur’on Quraysh arablari tilida nozil bo‘ldi» degan bobda Usmon ularga: «Agar sizlar va Zayd bin Sobit Qur’onning biror kalimasida ixtilof qilsalaring, uni Quraysh zabonidagisini yozinglar, chunki Qur’on ularning tilida nozil bo‘lgan», dedilar va ular shunday qildilar, deyiladi.

«Al-Fath» kitobida Abu Shommadan: «Qur’on Quraysh zabonida nozil bo‘ldi deyilganini, birinchi galda ana shu lahjada nozil bo‘ldi, so‘ngra yengil va oson bo‘lishligi uchun boshqa yetti xil qiroatga ruxsat berildi»,— deb tushunish kerak», degan rivoyat bor.

Usmon{r.a.) odamlarni bitta qiroatga o‘tkazmoqchi bo‘lganlarida, Qur’oni Karim ilk nozil bo‘lgan Quraysh qiroat boshqa qiroatlardan avlo ekanini ko‘rdilar va odamlarni shunga o‘tkazdilar.

Abu Dovud Ka’bul-Ansoriydan shunday rivoyat qiladilar: Hazrati Umar (r.a.) ibn Mas’udga xat yozib: «Qur’on Quraysh zabonida nozil bo‘lgan, odamlarni huzayl lahjasida emas, Quraysh lahjasida o‘qitgin»,— dedilar. Ibn Mas’ud Huzayl qabilasidan edilar.

Abu Qiloba rivoyatlarida: "œUsmon (r.a.) Mushafni tayyorlaganlaridan so‘ng, turli yurtlarga xat yozib, Men shunday, shunday ish qildim. O’zimizdagi boshqa nusxalarni yo‘qotdim, sizlar ham o‘zlaringizda bo‘lgan boshqa nusxalarni yo‘q qiling", deb aytdilar, deyiladi. Ibn Abu Dovud, Taboroniy va ulardan boshqalarning Shuayb rivoyatlarida: «Ularga yuborilgan Mushafga xilof bo‘lgan boshqa hamma mushaflarni yoqishga amr qildilar», deyiladi.

Hazrati Usmon Payg‘ambar (s.a.v.)ning oxirgi xatmlariga binoan Qur’onni yozdirib, undan boshqa nusxalarni tark qilishlikni buyurganlarida sahobalarning hammalari u kishini qo‘llab-quvvatladilar va da’vatlariga javoban o‘zlaridagi mushaflarini yondirib tashlab, hazrati Usmon Mushaflariga o‘tdilar. Bu Mushaf nusxalari turli Islom diyorlariga yuborilganda, ular o‘z maqomiga yarasha kutib olindi va undan juda ko‘plab nusxalar ko‘chirildi. Bosh Mushaf nusxalarining hammasi muqaddas deb bilinib, katta ehtirom ko‘rsatilar edi. Barchasi nuqta va yordamchi shakllardan xoli edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 06:51:54

Al-Olusiy o‘zining tafsirida shunday yozadi: «Usmon (r.a.)ning mazkur ishlarini bir emas, ko‘pgina tadqiqotchilar zikr qiladilar. Usmon Abu Bakr Siddiq ishlariga hech bir yangilik yoki tartibiy o‘zgartirish kiritganlari yo‘q, undan biror narsani olib tashlaganlari yo‘q, faqatgina odamlarni Quraysh lahjasidagi yagona qiroatga o‘tkazdilar xolos. Bu ishni ul zot Qur’on Quraysh lahjasida nozil bo‘ldi, degan hujjatga asosan qildilar».

Ibnut Tin va boshqalar aytadilar: «Abu Bakr va Usmonning Qur’onni jam’ qilishlari orasidagi farq shuki, Abu Bakr qoriy va sahobalarning o‘limi bilan Qur’ondan biron-bir narsa yo‘qolib ketmasin, deb jam’ qildilar, chunki, Qur’on o‘sha vaqtda sahifa shaklida jam’ qilinmagan edi. Shuning uchun Abu Bakr Payg‘ambar (a.s) o‘rgatganlaridek, Qur’onning oyat va suralarini tartibi bilan sahifalarga jam’ qildirdilar. Usmon esa qiroat xususida ixtilof ko‘payib ketganligi, har kim o‘z lahjasida o‘qiyverganligi, buning oqibatida bir-birlarini ayblash boshlangani va fitnaning kattalashib ketishidan qo‘rqqanliklaridan, mazkur sahifalardan Quraysh lahjasi asosida, bir qiroat yo‘lida, bir xil Mushaf qilib nusxa oldirdilar».

Garchi, boshida mashaqqat va noqulaylik bo‘lmasligi uchun boshqa qiroatlarga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, keyinchalik Usmon(r.a.) bunga hojat qolmaganini ko‘rdilar va bitta qiroatga o‘tkazdilar.

Yuqorida aytilganidek, Qur’oni Karim uch marta jam’ qilindi. Birinchi marta Payg‘ambar(a.s) zamonlarida, ikkinchi Siddiq (r.a.) davrlarida va uchinchi marotaba Usmon(r.a.) xalifaliklarida.

Birinchi jam’ qilish oyatlarni suralardagi o‘z o‘rinlariga qo‘yib, tartibi bilan yozishdan iborat bo‘lib, ammo, Qur’on tarqoq holda edi. Ikkinchisida esa oyat va suralarni tartibi bilan sahifalarda jam’ qilindi. Uchinchi jam’ qilishda, o‘sha sahifalardagi Qur’onni bir xil qiroat bilan Mushaf qilib ko‘chirildi va ular Islom zaminining katta—katta markazlariga ixtilof va fitnalarga barham berish uchun yuborildi. Bu Musxdflar Abu Bakr sahifalari deyilganidek, Usmon Mushaflari deb atala boshlandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 06:55:16

Abu Bakr al-Anboriy aytadilar: «Alloh taolo nozil qilgan va yozishga amr etgan, mansux hamda tilovati marfu’ bo‘lmagan Qur’onning hammasini ikki muqova orasida o‘z ichiga olgan kitob bu Usmon Mushafidir. Undan biron narsa noqis bo‘lmagan, uning tartibi va nazmi Alloh tomonidan nozil qilinib, Rasululloh (s.a.v.) shunga binoan hech narsani oldinma-keyin qilmasdan, suralarning oyatlarini tartibga solganlar. Ummati Islom suralardagi oyatlar tartibini qandoq bo‘lsa shundayligicha Payg‘ambar(a.s)dan olgan. Tilovat va qiroatlar ham ul zotdan sobit bo‘lgandur».

Bag‘aviy aytadilar: "œSahobalar shu muqovali Mushafga Qur’oni Karimni Rasululloh(s.a.v.) dan qanday qabul qilgan bo‘lsalar shundayligicha, hech bir narsani kamaytirmay, hech bir narsani ziyoda etmay jam’ qildilar va hech bir narsani oldin-makeyin qilmay yozdilar. Rasululloh (s.a.v.) o‘z ashoblariga hozirgi Qur’on kitoblarida yozilgan tartib bo‘yicha ta’lim berar va Allohning Kalomini Jabroil (a.s.) o‘rgatganlaridek ularga talqin etar edilar".

Ibn Hisor: «Ushbu tartib Rasululloh (s.a.v.)ning tilovatlaridan uzluksiz naql etilib, sahobalarning ijmo’lari bilan Mushafga joriy qilindi» — deydilar. («Safvatul bayon li ma’onil-Qur’on»( «Qur’on ma’nolariga ravshan bayon»). Shayx Hasanayn Maxluf. 1-jild, 80-bet.)

Yuqorida taqdim qilingan ma’lumotlarga izoh bo‘lsin, deb ushbularni aytish joiz. Arab jazirasidati qabilalarning lahjalari bir-biridan o‘qishda va talaffuzda farq qilsada, ular yagona tildir. Ular xuddi boshqa mamlakatlarda bir qishloqning yoki shaharning lahjasi ikkinchisidan farq qilganidek, farqlanadilar.

Qur’on avvalda Quraysh tilida nozil bo‘lib, so‘ng har bir qabila o‘zi o‘rgangan talaffuziga binoan qiroat qilishi uchun o‘sha qabila lahjasida o‘qishlikka ruxsat berildi. Chunki, bu Qur’on hukmlarining vojiblik ma’nolariga ixtilof tug‘dirmaydi, balki, tilovat qilish uchun osonlik beradi xolos.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 07:09:30

Islom futuhotlari qamrovi kengayib, arablar o‘z sahrolaridan chiqib, dunyoning bir qancha joylarini fath qilganlarida va Allohning diniga ko‘p xalqlar va millatlar kirganda, arablar bilan ajamlar aralashib ketdilar. Bu aralashuv arablarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Buning natijasida, musulmonlarning har biri o‘zi o‘rgangan lahjada Qur’onni tilovat qilishda davom etaversa, turli fitnalar kelib chiqishi mumkinligini sahobalar tushunib, xavotirlandilar. Masalan, bir kishi ikkknchi kishining o‘zi o‘rganmagan lahjada Qur’on tilovat qilganini eshitsa, ataylab Qur’onni buzib o‘qiyapti, deb o‘ylashligi va uni kofir, fosiqqa chiqarishi, oxir oqibat tilovat va so‘zlardagi ixtilof Qur’oni Karimning o‘zgarishiga yoki noto‘g‘ri o‘qilishiga olib kelishi mumkin edi. Yoki ba’zi arablarning ajamlar bilan aralashuvlari natijasida, ularning talaffuzlari va lahjalari buzilishi, bu buzilgan lahjalari bilan Qur’onni o‘qisalar, Kalomullohning fasohati va qiroatining ulug‘ligiga putur yetishi mumkin edi.

Mana shu salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida, Usmon (r.a.) Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalari bilan mashvarat qilishlikka va Abu Bakr (r.a.) zamonlarida yozilgan mu’tamad sahifalardan nusxa ko‘chirib, mushaf qilishga qaror qildilar. Mushafning nusxalarini Islom yurtlariga yuborib, undan boshqa qiroatda va xilof lahjada yozilganlarini man’ qildilar. Har bir yuborilgan Mushaf bilan birga odamlarni qiroatga o‘rgatadigan ustoz ham jo‘natdilar.

Hozirgi kunda bizning diyorimizda saqlanayotgan Mushaf o‘sha hazrati Usmon nusxa oldirgan va har xil yurtlarga yuborgan Mushaflarning biridur. E’timod qilinadigan bu nusxalar hozir dunyoning bir qancha joylarida saqlanmoqda (Mag‘ribda chiqadigan «Da’vatulhaq» majallasidan).

Qayd etilgan