Shayx Ismoil Maxdum. Toshkentdagi Usmon mushafining ta'rifi  ( 40902 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 B


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 07:16:34

USMON MUSHAFLARINING SONI, ULARNING YOZILISH USULI VA XAT TURI

Ulamolar Usmon (r.a.) turli yurtlarga yuborgan Mushaflarning soni to‘g‘risida har xil rivoyatlar aytganlar. Masalan, Hamza bin Habib Az-Zayyot ular to‘rtta edi, deydilar. Abu Hotim As-Sijistoniy esa yettita bo‘lgan deydilar. Eng to‘g‘ri rivoyat oltitadir: Makkiy, Shomiy, Basriy, Kufiy, Madina ahli uchun umumiy bo‘lgan Madaniy va xalifaning o‘zlari uchun xos bo‘lgan madaniy Mushaflardur. Oxirgisini hazrati Usmon(r.a.) o‘zlari uchun olib qolganlar. Ul zot bu mushaflarning birortasini ham o‘z qo‘llari bilan yozmaganlar, balki ularni yozishga buyurganlar, xolos.

Tarix ulamolari nazdida Qurayshlardan birinchi bo‘lib xat yozishni o‘rgangan va o‘rgatgan kishi Harb bin Umayyadir. O’sha paytdagi xat turi anboriy-himyoriy deb atalardi. U Hijozda tarqagandan so‘ng, Hijoziy deb atala boshladi. Islom dini kelgan paytda arablar orasida mana shu xat turi qo‘llanilar edi va shu yozuv bilan vahiyni, Abu Bakr sahifalarini, Usmon Mushaflarini yozdilar. Usmon Mushaflari har xil yordamchi shakl va nuqtalardan xoli yozilgan. Unga juz’lar, hizblar va boshqa ko‘rsatgichlarning alomatlari qo‘yilmagan. To Kufa yozuvi paydo bo‘lguncha Mushaf va boshqa hujjatlar ana shu xatda yozilar edi. Keyinchalik bir guruh xattotlar Kufa yozuvi bilan nusxalar ko‘chira boshladilar. Bu yozuv arab xatining tajvidini va uning yaxshilanishini ko‘zda tutar edi. Bora-bora Kufa ahli yozuvi o‘zining shakli jihatidan hijoziy xatdan qulay ekanligi ma’lum bo‘ldi va kufiy xat deb ataldi. Ana shu vaqtdan e’tiboran Qur’on va boshqa yozuv asarlari qufiy xatida bitila boshladi.

O’sha zamonda bitiklar terilarga kufiy xat bilan yozilar edi. Bundan boshqa turda xat bitishni arablar bilmas edilar. Islomdan keyin eng qadimiy yozuv bo‘lgan bitiklarni ham terilarga yozdilar. Ular matolarga, xususan, bo‘zdan to‘qilgan Misr matosiga, shuningdek taxta, suyak, tosh va sopollarga yozar edilar.

Abbosiylar davriga kelib, qog‘oz deb ataladigan yangi ashyo paydo bo‘ldi. U yuziga mum surtilgan varaqlardan iborat bo‘lib ko‘rinishidan teriga o‘xshab ketar edi. Qog‘oz yasashni arablar xitoyliklardan olganliklari haqiqatga yaqinroqdir. Chunki xitoylar miloddan oldin ham qog‘oz yasash sohasida mohir bo‘lganlar. Arablar Samarqandni fath qilganlarida bu sinoatni o‘sha yerdan o‘rgandilar, lekin, u Abbosiylar davrining birinchi asridagina keng tarqaldi. Bu paytga kelib terilar kamayib, yozishma va bitiklar uchun yetishmay qolgan edi («Qohiradagi Husayn masjidlaridagi Payg‘ambardan qolgan osorlar» kitobi.126-bet. «Muxallafatur-rasul»)

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 07:19:21

Arablar ajamlar bilan aralashib, quda-anda bo‘lib, ulardan yangi avlod paydo bo‘lganda, bu avlodning talaffuzida har-xil ohanglar vujudga keldi. Bu holat arab tilining buzilishi va Qur’on qiroatiga putur yetishi xavfini tug‘dirdi. Shuning uchun yozuvda qisqa unlilarni ifodalovchi harakat belgilarini (harakatlarni) ishlab chiqish qat’iy zaruriyatga aylandi.

Natijada, 67-hijriy yilda Iroq voliysi Ziyod ibn Abihi Abul-Asvad Ad-Duvaliyga nahv(sintaksis) darsligini ishlab chiqishni buyurdi. Buning uchun AbulAsvad i’rob (so‘zlarning jumladagi holatini ifodalash) harakatlarini bildiruvchi nuqtalardan foydalandi. U quyidagicha yo‘l tutdi. Bir kotibni olib kelib, unga: «Agar biror harfdan keyin «a» qisqa unlisini talaffuz qilsam, o‘sha harfning tepasiga nuqta k,o‘yasan(fatha), agar «u» qisqa unlisini aytsam, o‘rtasiga (zamma), agar «i» qisqa unlisini qo‘shsam, harfning tagiga nuqta(kasra) qo‘yasan»,— dedi. Bunda nuqtalar matn yozuvi siyohidan boshqacha rangdagi siyohlar bilan yozilar edi. Bu arab yozuvining takomillashtirishdagi birinchi isloh edi.

Ikkinchi isloh umaviy xalifalardan Valid bin AbdulMalik bin Marvon (86-96 h.) davrida, arab tili ona tillari bo‘lmagan ajam qoriylari ko‘payib, noto‘g‘ri talaffuz tufayli odamlarning qiroatni tushunmay qolish hollari ziyodalashganda amalga oshirildi. Ular «jim», «ho» va «xo»; «yo», «to» va «so»; «sod»va «zod»; «to»va «zo»; «sin» va «shin» kabi shakli o‘xshash harflarni birbiridan ajratishda qiynalar edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 07:23:50

Ibn Xallikon «At-Tashif» (Noto‘g‘ri talaffuz) kitobida Abu Ahmad Al-Askariydan shunday hikoya qiladilar: "œOdamlar qirq yildan ziyod, to Abdul Malik bin Marvon zamonigacha Usmon Mushaflarini o‘qishda davom etdilar. Iroqda noto‘g‘ri tallafuz qilish ko‘payib ketgandan keyin, Hajjoj o‘z kotiblarini chaqirib, ularga shakli o‘xshash harflarni birbiridan ajratish uchun belgilar ishlab chiqishni buyurdi.

«Aytishlaricha, Nasr bin Osim bu vazifani o‘z zimmasiga oldi va nuqtalar qo‘yishni odat qildi» (Marokkoda chiqadigan «Al Lisonul-arabiy»( «Arab tili») majallasi. 43-bet. 6-son, 1388 y.h.).

U nuqtalarni bitta yoki ikkita qilib, harfning ustiga yo tagiga qo‘ydi. Nuqtalar harf bilan bir xil siyohda yozilar edi, chunki ular harfning bir bo‘lagi, deb sanaladi. Bundan kelib chiqadiki, arablar nuqta va harakat belgilarini hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmidan, ya’ni umaviylar zamonida ishlata boshladilar. Abul Asvad Ad-Duvaliy harakat belgilarini va Nasr bin Osim nuqtalarni ixtiro qilmaguncha, ular arab yozuvida mavjud emasdilar.

Johiliyatdagi yoki hijriy asrning birinchi yarmidagi asarlarda harflar nuqta va harakat belgilari, shuningdek, tovushni qisqa va uzun cho‘zish (madd) alomatlaridan holi edi. Payg‘ambar (s.a.v.)ning maktublari (ularni yozishda kotiblar o‘zlarining yozuv san’ati va tajvid bobidagi bor mahoratlarini ishga solar edilar, chunki, ular payg‘ambar (a.s.) dan podshohlarga, amiru umarolarga yuborilgan bo‘lib, o‘z vazifasini to‘la ado etishi uchun xati aniq va harflarning shakli to‘liq bo‘lishi kerak edi) ham nuqta va belgilarsiz edi. Usmon Mushaflarida ham ular yo‘q («Muxallafotur-rasul», 124-bet. )

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 07:25:34

Uch harakat belgilari (i’jom)ni esa Abbosiylar davrining boshlarida yashagan arab tili fanining ustozlaridan biri Xalil Ahmad Farohidiy (vafoti 170 h. / 786 m.y.) yo‘lga qo‘ydi.

Bayhaqiy «Shu’abul-iymon»da yozishlaricha, Usmon Mushaflari keyinchalik tilshunos (nahviy) lar tomonidan ishlab chiqilgan imlo qoidalaridan farq qiladigan, o‘ziga xos shaklda yozilgan. Bu farq olti joyda namoyon bo‘ladi: hazf (yozuvda biror narsani tushirib qoldirish), ziyoda (qo‘shimcha), hamza (arab tilida o‘ziga xos tovushni ifodalovchi belgi), ibdol (bir harfni yoki so‘zni ikkinchisi bilan almashtirish), vasl (birini ikkinchisiga qo‘shib o‘qish), fasl (birini ikkinchisidan bo‘lib o‘qish) belgilari va ikki xil o‘qilishi mumkin bo‘lgan joylar. Isloh natijasida bir xil qoidaga muvofiq yozuv paydo bo‘ldi.

Natijada Qur’onning xati muqoyasa qilinmaydigan, o‘zgartirilmaydigan, ixtilof qilinmaydigan va unga qat’iy amal etiladigan yozuvga aylandi. Bu qoidalarni bilish Qur’onga taalluqli ilmlarning biridir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Iyul 2008, 08:32:59

USMON MUSHAFLARI HAQIDA XABARLAR

Yuqorida Usmon Mushaflari oltita edi, dedik. Ulardan biri Basraga, ikkinchisi Kufaga, uchinchisi Shomga, to‘rtinchisi Makkai mukarramaga, beshinchisi Madina ahliga yuborildi va oltinchisi hazrati Usmonning o‘zlarida qolgan edi. Mana shu oltinchi Mushafning ustida hazrati Usmon shahid bo‘ldilar va muborak qonlari quyidagi oyat ustiga to‘kildi, degan rivoyat mashhurdir:

Ya’ni,

فَسَيَكْفِيكَهُمُ اللَّهُ وَهُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ

«Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi va bilguvchidir», («Baqara» 137).

Hazrati Usmon (r.a.) tilovatdan bir xil ta’lim bermshni nazarda tutib, o‘sha mushaflarning xar biriga bittadan olim qo‘shib, turli o‘lkalarga yuborgan edilar. Masalan, Zayd bin Sobitga Madina ahliga, Abdulloh bin Soibga esa Makka ahliga qiroatni o‘rgatishni amr etgandilar. Mana shu yo‘l bilan bir xil qiroat hamma tomonga yoyildi va Usmon Mushaflaridan nusxalar olindi. Usmon Mushaflari bosh kitob va murojaat qilinadigan asl manba’ sifatida mo‘‘tabar va muqaddas sanalar, shuning uchun ham ular qo‘riqlanadigan joylarda, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan saqlanar edi. Bora-bora ular qimmatbaho yodgorlik sifatida xalifa va podshohlarning xazinalariga ko‘chirilib, odamlar ko‘zidan uzoqlashdi. Agar kimning qo‘liga undan biror nusxa tushib qolsa, hech kimga ko‘rsatmaslikka harakat qilar edi. Davlat to‘ntarishlari, turli ixtilof va talon-tarojlar oqibatida bu Mushaflarning ba’zilari boshqa mamlakatlarga olib ketildi. Ba’zilari har xil shaxslarning qo‘liga tushdi, taqdiri esa noma’lum bo‘lib qoldi.

Muhammad Tohir bin Abdul Qodir Kurdiy o‘zining «Tarixul-Qur’on» nomli kitobida shunday yozadi: «Biz Hijoz va Misr kutubxonalarida ko‘p izlanishlar olib bordik, lekin ularning mavjudligi haqida bizlarni qoniqtiradigan hujjatlar topmadik, faqatgina Qohirada chiqadigan «Ad-dunya va kullu shay’» («Dunyo va harbir narsa») majallasining 1937 yil 24 avgust sonida bosilgan «Olmoniya olti oy ichida Hijoz podshosi hukumati bilan tuzilgan bitimga muvofiq, xalifa Usmon Mushafining asl nusxasini qaytarib beradi», degan xabarga yo‘liqdik xolos. Bu xabarga ko‘ra, mazkur Mushaf Madinadan turk qurolli kuchlari tomonidan olib ketilgan bo‘lib, keyinchalik sobik, imperator Gilyom P ga topshirilganligi isbot bo‘lgan».( «Tarixul-Qur’on», 119-bet.)


Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Iyul 2008, 08:35:30

MADINA MUSHAFI

Usmon Mushaflarining ulamo va qoriylar tomonidan eng ko‘p zikr qilinadigani Madina Mushafidir. Uning to‘g‘risida Imomi Nofi’ ko‘p naql qilganlar.

Ibn Jubayr o‘zining sayohati pirovardida shunday yozadi (uning Madinaga qilgan ziyorati 580 hijriyda bo‘lgan): «Masjidi Nabaviyda saqlanayotgan mushaf, ustida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Mushaf emas, balki har tomonga yuborilgan Mushaflarning biridur».

Mavlono Shibli Nu’moniy aytadilar: «Madina Mushafini 735 h. yilda Madinai Munavvarada ko‘rganlar, uning orqasida shunday yozuv bor edi: «Bu Mushaf bir guruh sahobalar, shu jumladan Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr va Said bin Os qarorlari bilan yozildi». Kitobning boshqa tomonida hazrati Usmon Mushafni yozish uchun yig‘gan boshqa sahobalarning nomlari bor edi. Mana shu sanada Makka Mushafi ham mavjud edi».

Samhudiyning «Xulosatul-vafo» kitoblarida, «654 hijriyda Masjidi Nabaviyda sodir bo‘lgan birinchi yong‘in paytida yonib ketgan narsalar ichida kitob va mushaflar ham bor edi. Ba’zi bir narsalar va Usmon Mushafidan boshqa hech narsa omon qolmadi»,—deyiladi. Shunga binoan Usmon Mushafi shu sanada Madinada mavjud edi, keyinchalik qayoqqa ketgani ma’lum emas. Ba’zi bir zamondoshlarimiz: «U to turklar Madinadan 1334 yilda chiqib ketgunlaricha mavjud edi. Ehtimol, Ostona (Konstantinopol)ga olib ketilgan bo‘lsa kerak», deydilar.( «Tarixul-Qur’on» kitobi).

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Iyul 2008, 08:41:52

BOSH MUSHAF

Hazrati Usmonning o‘zlariga xos bo‘lgan Mushafga keladigan bo‘lsak, u to‘g‘rida Shotibiy Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Mazkur Mushaf g‘oib bo‘lgan, u to‘g‘rida mashoyixlardan hech bir xabar ololmadik».

Ibn Qutayba: «Usmon (r.a.) tilovat qilib turib, tepasida shahid bo‘lgan Mushaf, keyinchalik o‘g‘illari Xolidda edi, undan so‘ng uning avlodlariga qoldi, ular esa birin-ketin olamdan o‘tib ketdilar. Shomning ba’zi mashoyixlari, Mushaf Tus zaminida, deydilar»,—deb xabar beradi.

Umar Rizo hazratlari «Qur’on nima?» nomli kitoblarida shunday yozadilar: «Bir rivoyatda, Usmon(r.a.)ning xos Mushaflari umaviylar qo‘lida edi, deyilgan. Umaviylar Andalusga hijrat qilganlarida uni o‘zlari bilan olib ketgan edilar. Andalusda musulmonlar davlati ag‘darilgandan keyin Mushaf Fos (Mag‘rib)ga olib kelingan».

Ibn Batutaning aytishicha, VIII hijriy asrda u Fosda mavjud edi va unda qon dog‘lari bo‘lgan.

Samhudiy Madina Mushafining Usmon Mushafi emasligi to‘g‘risidagi rivoyatning sharhida shunday degan: «Mutaqaddim (avvalgi avlod)larning hech biri u to‘g‘rida zikr qilganini ko‘rmadim, ularning rivoyatlari o‘sha paytda Mushafning masjidda bo‘lmaganini taqozo qiladi. Hatto, mutaaxxir (keyingi avlod)lardan birinchi bo‘lib tarixni yozgan Ibn Najjor asarlarida ham u to‘g‘rida zikr qilinganini ko‘rmadik».

Barzanjiy hazratlarining «Nuzhatun-nozirin» kitobidagi «Madina tarixi» bobida shunday deyiladi: "œHozirgi kunda Madinada mavjud bo‘lgan Mushafni sayyidino Usmonga nisbat qilinganini, Al-Matariy va undan keyingilarning Masjidi Nabaviyning o‘rtasida bo‘lgan qubbaning birinchi yong‘indan omon qolganligi to‘g‘risidagi rivoyatdan boshqa rivoyatlarda uchratmadim".

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Iyul 2008, 08:43:50

SHOM MUSHAFI

Ibn Kasir o‘zining «Fazoilul Qur’on» kitobida (49-bet) «Bugungi kunda Usmon Mushaflarining eng mashhuri Shomdagi Damashq jome’ining shark tomonidagi xonada saqlanayotgan Mushafdur. U qadimda Tabariyya (Tiveriada) shahrida edi, so‘ngra, taqriban 518 yilda Damashqqa olib kelingan. Men uni ravshan siyoh va chiroyli husni xat bilan teriga yozilgan katta, ulug‘ kitob ekanligini ko‘rdim. Bu tuya terisi bo‘lsa kerak, vallohu a’lam»,— deb yozadi.

Mavlono Shibli Nu’moniy o‘zining «Tahzibul-axloq» kitobida shunday deydi: «Abul Qosim Sabtiy Shom Mushafini 657 yilda umaviylar jome’ining xonasida ko‘rgan. Shuningdek, Ibni Abdulmalik uni 725 yilda ko‘rgan edi».

Ba’zi tadqiqotchilar bu (shomiy) Mushaf bir qancha muddat Peterburgda Rusiya podshohlari qo‘lida bo‘lib, so‘ngra Angliyaga olib ketilgan, keyingi taqdiri nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, degan fikrga moyillik bildiradilar. Kimki qo‘lyozma mushaflar va ular haqida biror manba’ga ega bo‘lgan kutubxonalar to‘g‘risida chuqurroq ma’lumot olmoqchi bo‘lsalar, Shufan kitobining 10-jildiga murojaat qilsin. ( Professor Subhi Solih. «Mubohasot fi ulumil-Qur’on» (Qur’on ilmlari to‘g‘risida bahslar), 103-bet.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Iyul 2008, 08:45:39

BASRA MUSHAFI

Ibn Batutaning sayohati to‘g‘risidagi kitobda Basra shahri haqida shunday satrlar bor: "œBasra shahrida Ali ibn Abu Tolib masjidi bor. Bir paytlar u shahar o‘rtasida bo‘lib, hozirda markazdan ikki mil (1 mil - 750 metr) uzoqlikdadir. Unda jum’a namozlari o‘qiladi va ikki jum’a orasida yopiq bo‘ladi. Mazkur masjidda Usmon (r.a.) tilovat chog‘ida qatl etilganlarida qonlari tomgan Mushaf saqlanadi".

Shahobuddin Marjoniy Qozoniy hazratlari, qiroatlar xususida tasnif qilganlarning birinchisi Abu Ubayd Qosim bin Sallom Bag‘dodiydur, ikkinchisi Ahmad bin Jubayr Kufiy, deydilar. Qiroatlar xususida har bir yurtdan bittadan imomni sanab beshtaga yetkazganlar. Bular aniqlangan Mushaflar soniga muvofiqdur, chunki boshqa ikki Mushaf to‘g‘risida hech qanday xabar eshitilmagan.( "œVafiyya"ning muqaddimasi, 2-bet.)


Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Iyul 2008, 08:47:12

QOHIRADAGI USMON MUSHAFI

Qohiradagi «Sayyiduno Husayn» masjidida ikkita qadimiy mushaf bor. Ulardan biri sayyiduno Usmon (r.a.) va ikkinchisi sayyiduno Ali (k.v.)ga tegishli deb hisoblanadi. Barzanjiy aytadilar: "œQohiradagi Mushafda xuddi hozirgi kunda Madinai Munavvarada mavjud bo‘lgan Mushafdagi kabi "œfasayakfikahumulloh" oyatining ustida qon izlari bor. Makkadagi Mushafda ham shunday. Bundan kelib chiqadiki, kimdir ataylab, mazkur oyat ustiga, Bosh Mushafga o‘xshatish maqsadida, qon izlarini tushirgan. Vaholanki, hazrati Usmon qonlarining izi faqat bitta Mushafda bo‘lgan. Ehtimol bular Ibn Jubayr rivoyatida aytilgan, hazrati Usmon har xil yurtlarga jo‘natgan Mushaflarning ba’zilari bo‘lsa kerak".

Shuningdek, Berlin muzeyida ham bir qadimiy mushaf bor, yana biri Turkiyada mavjud. Mag‘rib podshohlari yurishlarda hazrati Usmon Mushaflarini qo‘shindagi birinchi tuyaga yuklab qo‘yar edilar.( «Nafxut-tiyab» 1-jild, 263-bet.)

Ba’zi sharqshunos olimlar bir qancha tarixiy rivoyatlarni to‘plaganlarki, ularni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu rivoyatlar qadimgi ulamolarning Mushaflarni yoki ularning suralarini musulmon mamlakatlarda ko‘rganliklarini ta’kidlaydi. Mazkur sharqshunos olimlarning boshida professor Kazimirovni tilga olish mumkin. Ushbu rivoyatlardan biz Usmon Mushaflaridan biri IV hijriy asrning boshlarida mavjud ekanligini bilib olamiz. ( "œMubahasot", 101-bet.)

Qayd etilgan